Yorqin Nazarov: "Hozir futbolda bir oyoqda o'ynab ochko olish qiyin"

Aslanov Jasurbek
18 may 2026, 22:11
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Yaypan" - "Kattaqo'rg'on" (1:0) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.

Bunda "Kattaqo'rg'on" bosh murabbiyi Yorqin Nazarov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor "Yaypan" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Bugungi yutuqdan keyin guruhdagi vaziyat intriga tusini oldi. O'yinga keladigan bo'lsak, yigitlarga uchrashuvdan oldin rosa tayinlagan edik. Hozir futbolda bir oyoqda o'ynab ochko olish qiyin. Proligadami, Kubokdami hammasida qiyin bo'lib qoldi. Tezroq bu mag'lubiyatni unutib keyingi bahsga hozirlik ko'ramiz.

- O'z paytida Yaypanda ishlagan mutaxassis sifatida hozirgi "Yaypan"ning tarkibi haqida fikringiz qanday?

- To'g'ri, o'z vaqtida shu yerda ishlaganman. Vodiyda futbol e'tibor yuqoriligidan doim futbolchilar yetishib chiqqan. Vodiydan Superligada, Proligada va Birinchi ligada bir nechta jamoa bor. Shunga ham e'tibor yuqori. "Yaypan"ning tarkibi yoshlardan iborat, lekin tajribali o'yinchilari ham bor. Yaxshi jamoa deya olaman.

- Bugun legionerlar zaxiradan maydonga tushdi. Bunga sabab nima?

- Zich taqvim asosida o'yinlarni o'tkazdik. Bir oyda ettita o'yin o'tkazdik. Kimnidir Proligada, kimnidir Kubokda sinab ko'ryapmiz. Rotaciya bo'lyapti. Legionerlarimiz saviyasi past emas, shunchaki hammaga asosiy tarkibda birma-bir imkon berib boryapmiz.

- Fransis Narxning nega o'yini qovushmadi?

- Birinchi navbatda raqib futbolchilari unga o'yin bermagan bo'lishi mumkin. Adashamasam, bugungi tarkibdan faqat shu futbolchimiz avvalgi ettita uchrashuvning hammasida ishtirok etdi. Narxning toliqib qolgani ko'rindi. Balki keyingi bahsda dam berarmiz.

- Jamoangiz keyingi turda "Paxtakor" bilan bahs olib boradi.

- Bugungi uchrashuvni hal qilishni maqsad qilgandik, lekin o'xshamadi. Endi "Paxtakor"ga qarshi hal qiluvchi bahsni o'tkazamiz. Guruhdan chiqishimiz uchun "Paxtakor"ga qarshi ijobiy natija qayd etishimiz lozim. Bu o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'ramiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia