So’nggi yangiliklar

16:58Икки турда максимал натижа: Эрон устидан тарихий ғалабага эришамиз(ми)?  2 16:36"Барселона" Войцех Шенснини Чемпионлар Лигаси учун рўйхатдан ўтказди  1 16:07"Коринтианс" молиявий муаммолар гирдобида: Депай Бразилияни тарк этиши мумкин  0 15:38"Бавария" Мусиала билан шартномани янгилаб қўймоқчи  0 15:07"Ливерпуль" ҳимоячиси билан шартномани узайтиради  2 14:40"Арсенал" "Лейпциг" ҳужумчисини сотиб олиш режасидан воз кечмаган  0 14:14Хавига МЮда ишлаш варианти таклиф этилмоқда  8 13:49"Байер" ярим ҳимоячиси "Бавария"га ўтмоқчи  1 13:21Амир Ғаленои: "Биз дастлабки икки учрашувда гол ўтказиб юбормаган ягона жамоамиз. Эрон – дунёдаги энг яхши мамлакат"  15 12:55Германия дарвозабони терма жамоага чақирувдан бош тортди  0 12:25Клопп футболга қайтмоқда!  4 11:53Жалолиддин Машарипов: "Эроннинг кучсиз томонлари ҳақида эронлик журналистлар олдида гапиришим тўғри эмас"  7 11:42Владо Радманович: "Катанец билан ўйин давомида доимий алоқада бўламиз"  15 11:20Ўзбекистон Эронга қарши қандай либосда ўйнаши маълум  4 10:55"Ливерпуль" ёзда Салоҳнинг ўрнига бошқа бир мисрлик футболчи билан шартнома тузмоқчи  1

"Yil o'yini-2" Yangiliklar

"Yil o'yini-2"

Ertaga "Yil o'yini-2".

Bu jumla Qarshida kechgan Oliy liga 29-turi doirasidagi "Nasaf" - "Paxtakor" uchrashuvida ishlatilgan edi. Ertaga esa muxlislar yana bitta ana shunday uchrashuvga guvoh bo'lishadi.

O'zbekiston kubogi
Final

04.12.2017, 15:00
Toshkent, "Bunyodkor" stadioni
"Bunyodkor" - "Lokomotiv"


Uchrashuvning muhimlik darajasi

Ertangi bahs mamlakatimizdan kelasi yil Osiyo CHempionlar ligasida ishtirok etuvchi uchinchi jamoa nomini aniqlab beradi. SHuning o'ziyoq unga bo'lgan qiziqish va etiborni keskin oshirib yubordi. Bellashuvni barcha intiqlik kutmoqda. Ochig'ini tan olish kerak bir tomonda kubok bo'lsa, ikkinchi tomonda OCHL yo'llanmasi turibdi. Ayni paytda mamlakatimizda kuzatilayotgan sovuq ob-havoga qaramay stadionga tushgan muxlislar yakunda bundan afsuslanmay ketadilar.

"Lokomotiv" ketma-ket ikkinchi yil oltin dubl qayd etish uchun maydonga tushsa, "Bunyodkor" bir o'q bilan ikki quyonni qo'lga kiritish maqsadida maydonda saf tortadi. Yani, ham kubok, ham OCHL saralash yo'llanmasi cho'ntakda bo'ladi. Ayni paytda, "qaldirg'ochlar" finalda g'alaba qozonib xalqaro o'yinlarda ishtirok etishadimi yoki "temiryo'lchilar" ertaga ham zafar quchishadi-yu, shu bilan OCHLda O'zbekiston nomidan qatnashadigan uchinchi jamoa "Paxtakor" bo'ladimi degan savol ko'pchilikni o'ylantirmoqda. Mana savollar ham uchrashuvga bo'lgan keskinlikni oshirib yubormoqda.


Taxminiy tarkiblar

"BUNYODKOR"


"Qaldirg'ochlar" darvozasini katta ehtimol bilan Murodjon Zuhurov qo'riqlaydi. Himoyaning o'ng qanotida Dilshod Ahmadaliev, chapda esa Akromjon Komilov. Markaziy himoyada esa Anvar G'ofurov va Rustam Ashurmatov juftligini ko'rsak kerak. Katta va muhim o'yinlarda tajriba juda ham muhim, shu bois Anvar G'ofurovning asosiy tarkibda tushishiga hech qanday shubha qilmayapman. Zero, o'yin davomida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan har qanday holatda sheriklarini boshqaradigan futbolchi aynan G'ofurov bo'lishi kerak. Unga sherik sifatida Ashurmatov tushsa kerak. "Lokomotiv"ga qarshi Oliy liga oxirgi turidagi o'yinda hisob 1:1 bo'lib turgan pallada o'z darvozasiga penalti belgilanishiga sababchi bo'ldi. O'sha vaziyatda Sardor Mirzaev simulyaciya ishlatdi deb hisoblagan himoyachi 11 metrlik belgilanganidan keskin g'azablandi va o'zini qo'yarga joy topa olmay qoldi. Jamoaning eng tajribali o'yinchisi Anvar G'ofurov va bosh murabbiy Mirjalol Qosimov o'sha vaziyatda eng to'g'ri qarorga kelishdi. Birinchisi juda ham asabiylashayotgan sherigini borib uzoq vaqt ovutgan bo'lsa, ikkinchisi o'sha onda shogirdining ruhiyati muvozanatdan chiqib ketganini ko'rdi va uni darhol almashtirdi. Yosh himoyachi o'sha holatida uchrashuvni ko'ngildagidek davom ettirishi qiyin edi. Maydonni ko'zda yosh bilan tark etgan futbolchini bosh murabbiy qo'llab-quvvatladi. Ochig'i, bu holat Ashurmatovga salbiy tasir qilmasligiga umid qilgan edim. Kecha "Bunyodkor" mashg'ulotini kuzatish va yoritish uchun saytimiz xodimlari bilan "Bunyodkor" akademiyasiga qarashli maydonga borganimizda o'zaro suhbat chog'ida Mirjalol Qosimovga bergan birinchi savolim Rustam Ashurmatov haqida bo'ldi. Murabbiyning so'zlariga ko'ra, shogirdi u holatni allaqachon unutib bo'lgan va finalda o'ynashga mutlaqo tayyor. Aksincha, o'sha kichik epizod Rustamni yanada kuchli qilganini bugun bo'lib o'tgan matbuot-anjumanida ham takidlab o'tildi.


Tayanch yarim himoyasida jamoa sardori Javlon Ibrohimov tushishi deyarli aniq. Maydon markazida esa Mirjamol Qosimov hamda joriy mavsumni juda yaxshi o'tkazgan Otabek SHukurovlar harakat qilishsa kerak. O'ng qanot vingeri vazifasini Dostonbek Hamdamov bajaradi. CHap qanotda esa SHohrux Gadoev o'ynashini taxmin qilayapman. Gadoev "Lokomotiv"ga qarshi chempionat so'nggi turida zaxiradan maydonga tushgan va keyinchalik jarohat olib almashtirilgan edi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Qosimov yarim himoyachining holati haqidagi savolga javob bergan va SHohruxning ko'zlari yonib turibdi, nasib qilsa u kubok finalida o'ynaydi deb aytib o'tgan edi. Va nihoyat, markaziy hujumchi rolini SHohruz Norxonov bajarsa kerak. Aslida, "Bunyodkor" tarkibini taxmin qilayotgan eng katta ikkilanish aynan hujumchi masalasi bo'ladi. CHunki, jamoadagi forvardlar orasida kimdir yaqqol ajralib turmaydi va hammaga birdek imkoniyat berib kelinmoqda. Norxonov tezlik borasida qolgan raqobatchilaridan biroz ustun, kamiga havodan uzatiladigan to'plar uchun kurashda ham yaxshi harakat qiladi.

"Bunyodkor"ning taxminiy tarkibi:

Murodjon Zuhurov - Akromjon Komilov, Rustam Ashurmatov, Anvar G'ofurov, Dilshod Ahmadaliev - Javlon Ibrohimov, Otabek SHukurov, Mirjamol Qosimov - SHohrux Gadoev, Dostonbek Hamdamov, SHohruz Norxonov.



"LOKOMOTIV"

"Temiryo'lchilar" darvozasini kim qo'riqlashi borasida hech qanday shubha bo'lishi mumkin emas. Ayni paytda mamlakatimizdagi eng kuchli kiper hisoblangan Ignatiy Nesterovga gol urish oson bo'lmaydi. Himoyaning o'ng qanotida SHuhrat Muhammadiev, chapda esa Oleg Zoteevning tushish ehtimoli katta. Markazda esa Islom To'xtaxo'jaev va Kaxi Maxaradze juftligi to'p tepsa kerak. Zero, finalda Mirko Yelichichda bundan ishonchliroq variant ko'rmayapman. Kaxi chempionatning so'nggi turida dam oldi va finalga mutlaqo tayyor.

Tayanch yarim himoyasida Sadriddin Abdullaev o'ynaydi. U ikkinchi davrada juda yaxshi harakat qildi. Ikki nafar markaziy yarim himoyachi rolini Timur Kapadze hamda Ikrom Aliboev bajarsa kerak. Aliboev yaqindagina jarohat olib qaytganini hisobga oladigan bo'lsak, balki u jismonan asosiy tarkibda tushishga tayyor bo'la olmasa, unda biz markazda Sanjar SHoahmedovni ko'rishimiz mumkin. Lekin, uchrashuvga tayyor bo'lsa Ikrom tushadi. Timur Kapadzening o'ynashiga esa mutlaqo shubha yo'q. Kapadze bugungi kunda Oliy ligada hamma taraflama professionalizmi eng yuqori futbolchi hisoblanadi. Katta o'yinlarda aynan undagi tajriba juda asqotadi. Mirko Yelichich bunday ishonchli va xavfli "quroli"dan foydalanmasligiga ishonmayman. Kamiga, ertangi bahs Timur Kapadze uchun futbolchilik faoliyatidagi so'nggisi bo'lishini oldinroq klub matbuot xizmati malum qilgan edi.

Ikkita qanot vingerlari joyida Jaloliddin Masharipov hamda Sardor Mirzaevlar maydonga tushsa kerak. Ular o'zaro qanotlarni almashtirib o'ynashlari ham mumkin. Markaziy hujumda esa ayni paytda mamlakatimizdagi eng kuchli forvard Marat Bikmaev to'p tepadi. Bosh murabbiy Bikmaevni qanotga, Mirzaevni esa markazga olib, hujumda Murod Bobojonovni ham tushirishi mumkin. Lekin, finalda o'z chizig'ida eng yaxshilar to'p tepishi kerakligini inobatga olgan holda bu variant haqiqatdan yiroq bo'lsa kerak.

"Lokomotiv"ning taxminiy tarkibi:

Ignatiy Nesterov - Oleg Zoteev, Kaxi Maxaradze, Islom To'xtaxo'jaev, SHuhrat Muhammadiev - Sadriddin Abdullaev, Ikrom Aliboev, Timur Kapadze - Sardor Mirzaev, Jaloliddin Masharipov, Marat Bikmaev.



Tajriba vs Jo'shqinlik

O'zbekiston kubogi finalida tajriba va jo'shqinlik kurashiga guvoh bo'lamiz. "Lokomotiv" ayni paytda tajribali va eng ishonchli tarkibga ega. Jamoadagi futbolchilarning tajribasiga hech qanday shubha yo'q, bunday o'yinchilar uchun qo'shimcha so'zlar shart emas, shunchaki maydonga tushishadi va har doimgi ishlarini bajarishadi. "Loko" uchun qati tartib va vaziyatlarni golga aylantirish oddiy hol bo'lib qolgan. Yelichich yaxshi jamoa shakllantirdi va ularni taslim etish uchun ikki hissa kuch bilan to'p tepish talab etiladi.

Mirjalol Qosimov oldidagi vazifa esa birmuncha murakkabroq. Jamoa tarkib borasida raqibdan biroz orqada. Futbolchilarning ko'pchiligi nisbatan yosh. Yoshroq o'yinchilar ko'p bo'lgan jamoaning kamchiligi tajriba etishmasligi bo'ladi, ustunligi esa kerak darajada ruhiy tayyorgarlik ko'rilsa istalgan raqib taslim etilishi mumkin. "Qaldirg'ochlar" uchun joriy mavsumdagi eng muhim bellashuvda ko'p narsani bosh murabbiyning o'yindan oldin kiyinish xonasida gapiradigan nutqi belgilab beradi nazarimda. Mirjalol Qosimovning shogirdlarini qay darajada ruhlantira olishi natijaga katta tasir ko'rsatadi. Yosh futbolchilarni maksimal ruhlantira olsangiz, istalgan jamoaga muammo tug'dirib bera olishadi. O'zbekiston kubogi finalida shiddatli, keskin, ochiq va hujumkor futbol ko'rishimizga ishonyapman.

Ertaga, "Bunyodkor" stadionida ko'rishguncha.


Tolibjon Qosimov

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика