Xurshid G'iyosov: "SHukurov va Hamdamov "Bunyodkor"ning yuragi edi"
28 mar 2018 17:43
Yangiliklar
Xurshid G'iyosov: "SHukurov va Hamdamov "Bunyodkor"ning yuragi edi"
Jamoa ilk turda o'z uyida AGMK bilan durang o'ynadi, so'ngra Toshkent derbisida "Paxtakor" dog'da qoldirildi. 3-turda esa "qaldirg'ochlar" Farg'onada "Neftchi"ni mag'lub etdi. Ushbu uchrashuvda "Bunyodkor"ning yagona goliga yarim himoyachi Xurshid G'iyosov mualliflik qildi. Bu G'iyosov uchun O'zbekiston chempionatidagi ilk gol bo'ldi. Biz yarim himoyachi bilan bog'lanib u bilan suhbatlashdik.
- Dastlab futbolga qay tarzda kirib kelganingiz haqida gapirib bering.
- Otam tufayli futbolchi bo'lganman. Yoshligimda dastlab o'zlari menga murabbiylik qilganlar. Keyin "CHilonzor" jamoasiga olib borgandilar. U erda Murod Roziev qo'l ostida shug'ullanishni boshlaganman. Fursatdan foydalanib u kishiga alohida rahmat aytmoqchiman.
- "Bunyodkor"ga o'tishingiz qanday amalga oshgan?
- "Bunyodkor"ga 15 yoshimda kelganman. Murabbiy Dmitriy Makarovich Kim meni "Bunyodkor"ga o'tishimga sababchi bo'lgan. SHundan buyon ushbu klub azosi hisoblanaman.
- Malum muddat "Obod" klubida ijarada o'ynadingiz...
- O'yin amaliyotini ko'paytirish uchun "Bunyodkor" murabbiylari shunday qarorga kelishgan. Bu to'g'ri qaror bo'lgan desam yolg'on bo'lmaydi. Ushbu jamoada o'sishga erishdim. "Obod"dagi faoliyatimdan juda yaxshi xotiralar qolgan. U erdagi muhit, yigitlarning bir-biri bilan inoqligi, kuchli jamoalarga qarshi o'yinlar...Barchasi ajoyib edi. Biz xuddi bir oiladek edik. Afsuski shunday klub faoliyatini butkul yakunladi.
- Bu yilgi mavsum qanday boshlandi?
- Ushbu mavsum yaxshi boshlandi. Yangicha ko'rinishdagi chempionat, yangicha talablar, barcha klublar deyarli bir xil kuchga ega. Ko'rayotgan bo'lsangiz hech bir o'yin oson o'tmayapti. Jamoalarning soni kamaygani sifatning oshishiga xizmat qildi.
- "Neftchi"ga qarshi o'yinda gol urdingiz. Bu O'zbekiston chempionatidagi birinchi golingiz bo'ldi. Ushbu uchrashuv haqida nimalar deya olasiz?
- "Neftchi" bilan o'yin juda yaxshi o'tdi, sababi biz g'alaba qozondik. Stadiondagi muhit o'zgacha edi. Vodiylik futbol muxlislariga hurmatim baland. Vodiydan ijobiy natija bilan qaytish juda qiyin, buni hamma yaxshi biladi. SHu bois biz o'sha kuni bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz talab etilardi. SHukurki bizni qo'llash uchun Farg'onaga borgan muxlislarimizning yuzini erga qaratmadik. Ilk golimni urganimdan ham xursandman, albatta. Eng asosiysi jamoaning g'alabasi.
- Superliga o'yinlari kechki vaqtlarda boshlanishi futbolchilarga qanchalik foyda keltirmoqda?
- Evropada ham o'yinlar kech boshlanadiku. Bu menimcha yaxshi emas, ajoyib-ku. Futbolchilar uchun ham, muxlislar uchun ham, umuman har tomonlama foydali. Issiqda emas, salqin havoda futbol o'ynash sog'liq uchun ham foydali. Bundan tashqari odamlar ish va o'qishdan so'ng bemalol stadionlarga kelib Superliga bahslarini tomosha qilishmoqda.
- "Bunyodkor" bu mavsumda nechanchi o'rinni egallaydi deb o'ylaysiz?
- "Bunyodkor" oldin ham, hozir ham o'z mavqeini yanada mustahkamlashga urinib keladi. Futbolchilarning vazifasi maydonga tushib borini berib g'alaba qozonishdan iborat. Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo'ladi.
- "Neftchi"ga gol urgach Ronalduga o'xshab nishonladingiz. Uning muxlisimisiz?
- SHunday desa ham bo'ladi. Madridning "Real" klubiga yoshligimdan muxlislik qilaman. Ronaldu juda kuchli futbolchi. Lekin shu bilan birga Lionel Messiga ham tan beraman. Ularning ikkisi ayni paytda dunyoning eng kuchli futbolchilari hisoblanadi.
- Ravshan Haydarov boshchiligidagi O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Keniya bilan o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazdi. Siz ham shu terma jamoaga nomzodsiz, lekin bu o'yinlarga chaqirilmadingiz...
- Savolingizni tushundim. Buni faqat murabbiylar hal qilishadi. SHaxsan meni terma jamoaga chaqirishsa bundan faxrlanaman hamda vatanim sharafini bor kuchim bilan himoya qilishga so'z beraman.
- Siz maydonda turli joylarda o'ynagansiz. Aniq bir poziciyangiz bormi? O'zingizni qaysi joyda yaxshi his qilasiz?
- Mirjalol Qosimov shunday degandilar: "Futbolchi hamma joyda o'ynashni bilishi kerak. Universal bo'lish lozim". Ayni paytda menga shunchalik ishonch bildirishayotganidan xursandman. Murabbiylarning ishonchini oqlashga butun vujudim bilan harakat qilaman.
- Otabek SHukurov va Dostonbek Hamdamovning ketib "Bunyodkor" kuchsizlanib qoldi deganlarga qanday javob berasiz?
- Bu tabiiy. Albatta Hamdamov ham, SHukurov ham "Bunyodkor"ning yuragi bo'lib qolishgandi. Ularning keyingi faoliyatlarida alohida omad tilab qolaman. Bu futbolchilarning o'rnini bosishga harakat qilamiz. Baribir futbol jamoaviy sport turi, unda bir yoki ikki futbolchi o'ynamaydi. SHu bois almashtirib bo'lmas o'yinchilar yo'q.
- So'nggi savol yozda bo'ladigan Jahon chempionatida qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?
- Jahon chempionatida amaldagi Jahon chempioni Germaniya terma jamoasiga muxlislik qilaman. Rossiyadagi mundial qiziqarli o'tishini kutayapman.
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar