"Xudo xohlasa, sizga ko'p ziraklar olib beraman, ona", Odil Ahmedov yoshligidagi voqeani esladi
23 dek 2021 12:51
Yangiliklar
"Xudo xohlasa, sizga ko'p ziraklar olib beraman, ona", Odil Ahmedov yoshligidagi voqeani esladi
***
Kechki ovqatdan so'ng yotoqxonaga qaytayotsak guruhimizdagi bir bola qo'lida bir juft butsini menga ko'rsatib so'radi:
- Odil, kiyilgan bo'lsa ham zo'r butsi, olasanmi?
Yangisi yigirma besh ming so'm turadi, bunisini besh mingga berib yuborarkan.
Butsini qo'limga oldim. “Puma”, bus-butun, pishiq. Havasdan ko'zlarim yonib ketdi. U yoq-bu yog'ini aylantirib ko'rdim.
- Kiyib ko'rsam bo'larmikin?
- Mayli.
Yo'l chetidagi o'rindiqqa o'tirib shoshganimcha butsini kiyib ko'rdim. Lop-loyiq! Xuddi o'zimga tikilgandek.
- Oshna, shuni men olmoqchiman, uydagilar bilan gaplashib ko'ray, maylimi?
- Gaplashib ko'r!
Butsani echib, istar-istamay qaytardim. Kun kech bo'lgan, uydagilar bilan gaplashishni ertaga qoldirdim.
Ertasi kuni yana Qo'yliqqa oshiqdim. Telegrafdan uydagilar bilan bog'landim. Dadam bilan gaplashib bo'lib, onamni chaqirib qo'yishlarini so'radim. Hol-ahvol so'rovidan so'ng ko'nglimdagini asta tilimga chiqardim:
- Ona...internatga butsa olib kelishgan ekan. Kiyilgan-u, lekin pishiq, kiysa bo'ladi. Arzonga beraman, deyapti. Kiyib ko'rsam mos tushdi. Nima deysiz, olaveraymi?
- Olaver o'g'lim, biz ham dadanglar bilan seni ko'rgani bormoqchi edik.
Juda xursand bo'lib ketdim.
- Qachon kelasizlar, ona? – negadir sabrsizlandim. Tezroq kelishsa darrov butsilarni qo'lga kiritsam. Xuddi birov ilib ketayotgandek.
- Dadanglar bilan maslahat qilib boramiz-da, o'g'lim.
- Xo'p...
Internatga ko'nglim to'lib qaytdim. Butsi sotadigan bolaga aytib, birovga sotmaslikni tayinlab qo'ydim. U rozi bo'ldi.
Haftaning oxirida uydagilar – dadam, onam va akam kelishdi. Onam menga pul uzatarkanlar, tuyqus ularning qo'loqlariga ko'zim tushdi. Onamning ziraklari yo'q edi. Hayron bo'ldim. Ziraklarsiz ko'chaga – to'y-hashamlar, biror nozikroq joyga bormasdilar.
- Ona, ziragingiz qani?
- Zirakni sotdik, o'g'lim, seniyam kam-ko'stlaring ko'payib ketdi, - dedilar onam.
G'alati ahvolga tushdim. Pulni olish-olmaslikni bilmay qoldim. O'zimdan-o'zim uyalardim ham.
- Ma, o'g'lim olmaysanmi pulni?
Onamning ovozi bu g'alati ahvolimdan qutqardi. Juratim etib-etmay pulni oldim. Bundan bir necha soniyalar avval pulni olaman-u anov bolaning qo'liga tutqazaman, degan o'yda edim. Endi esa o'rnimda bo'shashib o'tirardim.
- Xudo xohlasa, sizga ko'p ziraklar olib beraman, ona! - ovozim chiqdimi-yo'qmi, bilmadim.
Onamning jilmayganlarini ko'rib gapim etib borganini tushundim. Butsini qaytarib bergim va pulni olib onamdan iltimos qilgim kelardi: "adashibman, o'sha ziragingiz yaxshi edi..." Lekin tilimni nimadir bog'lagan edi. Uyatmi, xijolatparastlikmi...bilmayman, eslolmayman.
Uydagilar ko'p turishmadi. Namanganga etib olishimiz kerak, deb men bilan xayrlashishdi. Ularni internat darvozasigacha kuzatib chiqdim.
Tuni bilan uyqu kelmadi. Faqat yig'lardim. Bitta eski butsini deb onam yaxshi ko'rgan ziraklarini sotdilar. Olaman deb turib olmaganimda sotmas edilar. Uni endi qanday qaytaraman? Qaytara olamanmi?...
***
Odil Ahmedovning "Orzuning shonli yo'li" nomli kitobidan
Fikrlar