Xayriya uchrashuvida jangavor durang qayd etildi
13 noy 2013 19:07
Yangiliklar


Xayriya uchrashuvida jangavor durang qayd etildi
SHuningdek og'ir jarohat olib, majburiy ravishda safdan chiqqan Dmitriy Kraev uchun xayriya uchrashuvi bo'lib o'tdi. SHuning uchun xayriyadan tushgan mablag' futbolchining davolanishi uchun sarf etiladi. Unda bevosita ishtirok etish uchun mamlakat chempioni “Bunyodkor” vodiyga safar uyushtirdi.
Mazkur uchrashuv boshlanishi oldidan o'zbek futbolining tirik afsonasi bo'lmish Birodar Abduraimov so'zga chiqdi. – Avvalo “Bunyodkor”ning yaqinda mamlakat chempioni bo'lganligi bilan samimiy muborakbod etaman. Qolaversa “Andijon”ning ham yana kuchlilar safiga yo'l olgani bilan tabriklayman – deya qisqacha o'z fikrini bildirib o'tdi, Birodar Hasanovich.
SHundan so'ng Birodar Abduraimovga tashkilotchilar tomonidan zarbof to'n qiydirildi. Katta Abduraimov o'zi bilan birga Andijonga nabirasini ham olib kelgan ekan, u kishi aynan ushbu tahminan 3-4 yosh bo'lgan nabirasi bilan maydon markaziga chiqib, “Andijon” – “Bunyodkor” jamoalari o'rtasidagi o'yinni boshlab berdi.
“Bunyodkor”ning terma jamoaga taklif etilgan futbolchilaridan tashqari qolgan barcha asosiy futbolchilar Andijonga tashrif buyurdi. Mavsum-2013 to'purari bo'lgan Olkesandr Pishur vataniga ketgani bois, xayriya uchrashuvida qatnasha olmadi.
Aytgancha, “qaldirg'ochlar”ning murabbiylar shtabi shu kuni bir qator yoshlarga imkoniyat berdi. Bosh murabbiy Mirjalol Qosimovning kenja o'g'li, Mirjamol shu kuni otasi kabi 4-raqamli libosda maydon markazida o'ynadi. Darvoqe, ikkinchi bo'limda Anvar Berdiev aynan Mirjamolning to'p oshirishidan so'ng raqib darvozasini ishg'ol etdi.
Zabihillio O'rinboev, Kamoliddin Tojiboev hamda Javlon Mirabdullaev singari zaxirada o'z vaqtini kelishini kutib o'tirgan o'yinchilar ham shu kuni boshlang'ich tarkibdan joy egalladi.
Bunday shouda asosiy maqsad muxlislarga quvonch ulashish bo'lganligi uchun ham o'z-o'zidan natija keyingi o'rinda qoladi. Andijonga birgina darvozabon Akbar To'raev bilan kelgan “Bunyodkor” ikkinchi taymda mezbonlarning iqtidorli posboni Akmal Tursunboevning xizmatidan foydalangani ham muxlislar etiborini tortdi.
Ikkinchi bo'limning o'rtalariga kelib esa “burgutlar” ustozi Azamat Abduraimov maydon markazida katta hajmdagi ishni bajargan Asqar Jadigerov o'rniga taniqli xonanda DJ Piligrimni maydonga chiqardi. 9-raqamli libosda maydonga tushgan Ilhom Yo'lchiev asosan hujum chizig'ida harakat qildi.
Uchrashuvda birinchi bo'lib hisobni mehmonlar ochdi. SHundan so'ng esa andijonliklar ham raqib darvozasi tomon ikki bor yo'l topa oldi. Lekin bu uzoqqa cho'zilmadi. Boisi asli andijonlik bo'lgan Oleg Zoteev Yuriy Coy darvozasiga javob to'pini kiritib, muvozanatni tikladi.
SHu tariqa xayriya o'yinida jangavor durang qayd etildi.
Bahs poyoniga etgach, tashkilotchilar har ikkala jamoaning eng yaxshi o'yinchilariga estalik sovg'alarni ulashdi.
“Andijon” – “Bunyodkor” 2:2 (0:0).
Andijon. “Sog'lom avlod” stadioni.
Hakamlar: Temur To'xtasinov, Ulug'bek Karimov, Anvar Marajabov.
Gollar: Sardor Soibov (pen), Akmal Jo'raboev - Anvar Berdiev, Oleg Zoteev.
“Bunyodkor”: Akbar To'raev (Akmal Tursunboev), Xayrulla Karimov (Akrom Komilov), Anvar G'ofurov, Kamoliddin Tojiboev, Javlon Mirabdullaev, Oleg Zoteev, Javlon Ibrohimov (Igor Taran), Mirjamol Qosimov, Zabihillo O'rinboev, Anvar Berdiev, Alibobo Rahmatullaev.
“Andijon”: Sergey Smorodin (Yuriy Coy), Afzal Azizov, Rahim Qodirov (Davron Tursunov), Ikrom Ibrohimov (Tohir Mahmudov), G'iyos Komilov (Artur Mamatkazin), Alisher To'xtasinov (Sardor Soibov), Bahrom Abdurahimov, Asqar Jadigerov (DJ Piligrim), Rasul Rahmonov (Ulug'bek Usmonov), Lochin Soliev (Akmal Jo'raboev), Bekzod G'oziev.

Fikrlar