Vagiz Galiulin: “Ikki qadam oldinga bosish uchun avval bir qadam orqaga yurish kerak”
16 apr 2016 12:00
Yangiliklar
Vagiz Galiulin: “Ikki qadam oldinga bosish uchun avval bir qadam orqaga yurish kerak”
O'z vaqtida “Rubin” tarkibida o'ynab etibor qozongan o'yinchimiz keyinchalik jarohatlar girdobida qolib ketdi. Ayni paytda u Rossiya birinchi divizionidagi “Tosno” klubi sharafini himoya qilmoqda. Hamma ham uning qaerda o'ynayotganidan boxabar bo'lmasa kerak. Galiulin bilan bir necha bor suhbatlashishga urindik. Nihoyat, bu safar intervyu uchun bildirgan taklifimizni qabul qildi.
“Eng muhimi, o'yin amaliyotiga ega bo'lyapman”
- Vagiz, avvalambor taklifimizni rad etmaganingiz uchun rahmat. Faoliyatingizni “Tosno” klubida boshlaganingizdan xabardormiz. Lekin Galiulinni ushbu jamoada to'p surayotganidan bexabar bo'lgan muxlislar ham bor. Dastlab, mazkur klubga ko'chib o'tishingiz sabablari haqida to'xtalib o'tsangiz?
- Ha, jamoamni almashtirganman. “Ufa”da oxirgi paytlarda zaxirada qolib ketdim. SHu sababli jamoani o'zgartirdim. “Tosno”dagi ishlarim joyida, bu erda meni iliq kutib olishgan. Ular bilan may oyigacha shartnoma tuzganman. Men uchun eng asosiysi, bu o'yin amaliyotidir. Hayriyatki, bu erda barcha uchrashuvlarda maydonga tushyapman.
- “Tosno” ayni paytda Rossiya birinchi divizionida 12-o'rinni egallab turibdi. Klubning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
- “Tosno” uch yildan beri premer-ligaga chiqishga harakat qilyapti. Lekin bu vazifani bajara olmayapti. Keyingi yili ham klubning maqsadi yana premer-ligaga yo'l olish bo'ladi. Buning uchun jamoada hamma sharoitlar bor. Ayni paytda esa qolgan barcha o'yinlarda imkon qadar g'alabalar qozonishga harakat qilamiz.
- Adashmasam, ushbu jamoaga qish faslida qo'shilgandingiz. Lekin shartnomangiz faqat maygacha tuzilgan ekan. Nima uchun qisqa muddat?!
- Bu erga fevral oyida kelganman. Men “Tosno”ga qo'shilganimda ikkita o'quv-mashg'ulotlarini o'tkazib bo'lishgandi va uchinchi yig'indan tarkibda shug'ullanishni boshlaganman. SHartnoma masalasiga kelsak, klubning o'zi menga ikki yillik shartnomani taklif qilgandi. Ammo o'zim hozircha may oyigacha bitim tuzib turaylik dedim. Avvaliga vaziyatni o'rganyapman va keyin bir qarorga kelaman. Kelasi yili ham jamoa yuqori maqsadlar uchun kurashadi. Hammasi joyida bo'lsa, bitimni uzaytiramiz. Balki menga yana boshqa takliflar bo'lishi mumkin.
- Tushunarli. Rossiya chempionatida o'ynayverib bunga ko'nikib ketdingiz. Ammo o'zingizni boshqa xorij chempionatlarida ham sinab ko'rishga qanday qaraysiz?
- To'g'ri aytasiz, Rossiya futboliga moslashib ketganman. SHuning uchun bu erdan ketishim qiyin bo'lyapti. Bu yil menga boshqa joylardan chaqiruvlar bo'ldi. Masalan, Qozog'iston jamoasidan aniq taklif bo'ldi. Biroq Rossiyaga ko'nikkanim uchun bu erni tashlab keta olmayapman. Ammo yana xorij mamlakatlaridan qiziqishlar bo'lsa, buni o'rganib chiqaman. Faqat hammasi qanday klubdan va qanday taklif tushishiga bog'liq. Ko'ramiz, avval chempionat oxirigacha o'ynab turaychi, keyin agentlar yordamida takliflarni o'rganib chiqamiz.
- Bu borada ishonchli agentingiz bormi? CHunki bazida futbolchilar yaxshi agent yo'qligidan va aldanib qolishayotganidan nolishadi.
- Menda ishonchli agentlar bor, ular yaxshi insonlar. Anchadan beri birga ishlab kelyapmiz. Ammo fikrim shundayki, ko'p narsa agentdan ko'ra futbolchiga bog'liq. Agentning ishi boshqa. Maydonda esa futbolchi o'ynaydi.
- Vagiz, sizni muxlislar eslab turishadi va sog'inishgan. Faqat birinchi divizionda o'ynayotganingiz sizga bo'lgan etiborni qisman pasaytirishi mumkin...
- Barcha muxlislarga rahmat. Bizning ishqibozlar eng zo'ri. Lekin tan olaman, birinchi divizionga o'tishim, bu men uchun orqaga tashlangan qadam edi. Ammo endi ikki marta oldinga yurish uchun harakat qilyapman.
“Irodali bo'lishni bolalagimdanoq o'rgandim”
- Sizni yaxshi tushunib turibman va faoliyatingizda og'ir damlarni ham o'tkazgansiz. Tushkun holatga tushib qolgan kezlaringizda undan qanday qilib chiqib keta olasiz?
- Oxirgi 3-4 yil men uchun juda qiyin bo'ldi. “Rubin”da endi o'zimni ko'rsatayotgan chog'imda jarohat oldim va bir yarim yil futbol o'ynay olmadim. Har bir o'yinchi uchun og'ir jarohatdan keyin avvalgidek o'yin amaliyotiga qaytishi qiyin kechadi. Lekin men yana futbolga qayta oldim va bir yil “Ufa”da to'p surdim. Faqat ikkinchi yili jamoaga yangi murabbiy kelganidan keyin meni zaxiraga o'tkazib qo'ydi. O'zim esa o'ynashni juda xohlayman. Endi “Tosno” klubidaman va kayfiyatim yaxshi. Bu – futbol. Har doim yaxshi niyatlar qilaman.
- Mana shunday og'ir paytlarda insonga ruhiy madad kerak. Siz esa ushbu qiyin damlarda kimlarning qo'llab-quvvatlashini his qildingiz?
- “Rubin”da oxirgi marta jarohat olganimdan keyin Germaniyada operaciya qildirgandim. U erga muolaja uchun borganimda shifokor menga yana futbol o'ynay olish imkoniyating 50x50 deb aytgandi. Men uchun eng asosiy qullab-quvvatlovchim bu dadam – Iskander Sayfievich Galiulin! Har doim telefon orqali gaplashamiz. Menga nima qilishim kerakligini tushuntiradi. Doim uning aytganlarini bajaraman. SHuningdek, rafiqam bilan farzandim ham asosiy suyanchiqlarimdir. Ular meni oldinga undashimga sabab bo'lishadi. To'g'risi, o'zbekchada nima deyishimni ham yodimdan chiqarib qo'yyapman (kuladi).
- Nazarimda, anchadan beri o'zbek tilida intervyu bermagandingiz-a?
- O'zbek tilida intervyu berishim biroz qiyin. Ammo bemalol gaplasha olaman. Do'stim Bekzod Karimov bilan ham har kuni gaplashib turaman. Qolaversa, Qozonda ham o'zbek do'stlarim ko'p.
- Siz irodali insonsiz. Agarda o'rningizda boshqasi bo'lganida bunday vaziyatda o'zini o'nglay olmasligi ham mumkin edi. Siz esa qiyin vaziyatda xarakteringizni ko'rsata oldingiz.
- To'g'ri aytasiz, men irodali insonman. Bolalik paytimdanoq ana shunday xarakterga ega bo'lganman. Nimaga, bilasizmi? Men tug'ilgan chog'imda onam vafot etgan. Onasiz ulg'aydim. Dadam ishga ketgan paytlarida bir o'zim maktabga ketardim. Mashg'ulotlarga ham faqat yolg'iz borardim. Yoshlik chog'imda mustaqil yashashga o'rgandim va tinmasdan harakatda bo'ldim. Rossiyaga 18 yoshimda kelganman va bunday katta mamlakatda bir o'zim qolganman. Dadamning maslahatlari bilan hamma narsa joyiga tushgan. Yaqinlarimning juda yaxshi qo'llab turishi mening ustun tomonlarimdan biridir.
- Bir necha yildan beri Rossiyada o'ynayapsiz. Oila-azolaringiz, yaqinlaringizdan tashqari u erda siz uchun eng qadrli inson kim va nima uchun?
- SHuncha yildan buyon Rossiyada o'ynayman va yashayman. Yaqinlarimdan tashqari u erda men uchun eng qadrli inson yo'q. Ammo do'stlarim juda ko'p. Biroq men uchun Rossiyada eng aziz inson bo'lmasa kerak.
- Qurbon Berdiev hayotingizda qanday o'rin tutadi?
- Ooo, Qurbon Bikeevich Berdiev! U mening faoliyatimda muhim rol o'ynagan. Meni katta futbolga kiritgan shu inson bo'ladi. SHuning uchun bu murabbiyga doim rahmat aytaman. “Rubin” tarkibida har doim endi o'ynashni boshlaganimda jarohatga uchrayverdim. Ochig'i, shu jarohat haqida gapirgim ham kelmay qolgan. Aynan shu narsa u erda menga o'z o'yinimni ko'rsatishga imkon bermadi. Ammo Qurbon Berdiev jarohat olgan chog'larimda ham baribir menga ishonardi. Uning o'zi yaxshi davolanib kelishim uchun Germaniyaga jo'natardi. Buning uchun Berdievga alohida minnatdorchilik bildiraman.
- Ushbu murabbiy bilan hali ham munosabatingiz bormi? Oxirgi marta qachon gaplashgansiz?
- Yo'q, u bilan hozir gaplashmayapman. Faqat tug'ilgan kunida telefon raqamiga tabrik so'zlari yozilgan smsni jo'nataman.
“Yana termaga taklif qilishlariga ishonaman”
- Terma jamoamizning o'yinlarini ham kuzatib boryapsizmi?
- Ha, terma jamoamizni kuzatyapman va o'yinlarini ko'raman. Ko'z tegmasin, hozircha yaxshi natijalar ko'rsatishyapti.
- Terma jamoadagilar bilan hali ham aloqangiz bormi?
- Termada faqat futbolchilar bilan aloqam bor xolos.
- Sizni ham yana terma jamoaga taklif qilishlariga ishonasizmi?
- Albatta, meni ham chaqirishlariga ishonaman. Hammasi o'zimga bog'liq. Lekin termadan taklif olishimni doim kutaman.
- So'nggi bor O'zbekistonning qaysi uchrashuvini tomosha qildingiz?
- Bahraynga qarshi o'yinini ko'rdim. Asosan ikkinchi bo'limni ko'rishga ulgurdim. G'alaba qozonishganidan xursand bo'ldim.
- Nima deb o'ylaysiz, ayni paytda birinchi divizionda o'ynayotganingiz bu terma jamoaga chaqirilishingizga to'sqinlik bo'lmasmikin?
- To'siq bo'lmadimi-yo'qmi, to'g'risi, bilmadim. Hammasini vaqt ko'rsatadi.
- Vagiz, qachondir O'zbekistonga qayish niyatingiz bormi?
- Oldindan bir nima deya olmayman. Futbolda hamma narsa bo'ladi. SHu bois yo'q yoki ha deya olmayman.
- Umuman, “Tosno” jamoasi faoliyatingizda ko'tarilishga qanchalik yordam beradi deb o'ylaysiz?
- Bilmadim. Buni ham vaqt ko'rsatadi. Hozir eng asosiysi o'ynash kerak. “Tosno” klubi shu narsani menga bera olyapti.
- Andijonga oxirgi bor qachon keldingiz?
- O'tgan yilning dekabr oyida keldim. Yaqinlarimni ko'rib dam oldim. Andijon oshini ham sog'ingandim.
“Barsa” muxlisi bo'lganim uchun Xedira bilan rasmga tushmaganman”
- Futbolimiz haqidagi yangiliklarni qaysi sayt orqali kuzatib boryapsiz?
- Championat.asia sayti orqali O'zbekiston chempionati o'yinlarini kuzatib boraman. “Andijon” jamoasining natijalarini ham ushbu saytdan bilib turaman.
- “Andijon” klubida yuz bergan o'zgarishlardan xabaringiz bo'lsa kerak?
- Ha, klubda qanday o'zgarishlar bo'lganini bilaman. “Andijon” haqida nima desam bo'ladi? Ochig'i, jamoada har yili o'zgarishlar bo'ladi. Biroq natija o'sha-o'sha bo'lib qolyapti. Adashmasam, uch yildan beri pastki pog'onalarda yuribdi. Demak, ayb bunday o'zgarishlarda ham emas, balki boshqa narsadadir.
- Esimda, yoshlik chog'ingizda “Andijon” o'rinbosarlarida o'ynab yurganingizda hech kim sizni keyinchalik faoliyatingizda ko'tarilishga erishishingizni kutmagandi...
- Ha, hammasi esimda bor. SHuningdek, birinchi ligada AOZSK jamoasida ham o'ynagandim. Aynan ushbu klubda o'ynab yoshlar terma jamoasiga chaqirishgan. Futbol shunday o'yinki, bir yildayoq yulduz o'yinchiga aylanib ketish mumkin yoki aksincha. Baribir sportchi harakat qilishda davom etaverishi kerak.
- Nima deb o'ylaysiz, bundan keyingi faoliyatingizda yana syurprizlar ko'rishimiz mumkinmi?
- Bu hayotning o'zi syurpriz. Ko'ramiz, hamma narsa bo'lishi mumkin.
- Qaysidir yili Serbiyaga davolanish uchun borganingizda “CHelsi” futbolchisi Branislav Ivanovich bilan tanishib qolgandiniz, shundaymi?
- Ha, shunday. Serbiyaga birinchi marta borganimda Ivanovich “CHelsi”da qaysidir o'yinchi bilan davolanish uchun kelgandi. O'shanda Branislav bilan birga o'tirib gaplashgandik. O'z vaqtida Moskvaning “Lokomotiv” klubida o'ynagani uchun rus tilini yaxshi bilardi. Uning o'zi qiziqib qaerdansan, qaerda o'ynagansan va hozir qaerda o'ynayotganimni so'ragandi. O'sha paytda Yuriy Jirkov “CHelsi”da to'p surardi va men undan Jirkov haqida so'ragandim.
- Yana shunga o'xshash qiziqarli holatlar ham bo'lganmi?
- Ha, bo'lgan. Navbatdagi jarohatimdan keyin Germaniyaga realibitaciyadan o'tish uchun borgandim. O'shanda kutilmaganda Sami Xedira bilan bitta muolajadan o'tgandik. U paytda bu futbolchi “Real”da o'ynardi. Mendan tashqari Rossiyadan yana boshqa o'yinchilar ham kelishgandi. Ular esa Sami bilan birga rasmlarga tushishgan va dastxatlar olishgan. Men esa “Barselona” muxlisi bo'lganim uchun atayin Xedira bilan rasmga tushmaganman. CHunki u “Real”da o'ynardi. To'g'risi, bunday o'yinchi bilan uchrashib qolishimni kutmagandim.
- “Barselona” ishqibozi bo'lsangiz, unda aytingchi, “Rubin” CHempionlar ligasida “Nou Kamp”da sevimli jamoangizni 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchratgan. Siz esa o'shanda “Rubin” azosi edingiz. Bu natija sizga qanday tuyulgan?
- O'sha o'yin haligacha yodimda. Men ham “Rubin” bilan birga “Nou Kamp”ga borganman. Faqat ro'yxatga kira olmaganim sababli o'yinni tribunada kuzatganman. Albatta, “Rubin”ning g'alabasidan xursand bo'lganman. Axir bu mening jamoam-ku! Undan keyin “Nou Kamp”ga boshqa bormaganman.
FIRDAVSXON suhbatlashdi.
Fikrlar