So’nggi yangiliklar

02:55Париж-2024. Франция Мисрни енгиб, финал йўлланмасини қўлга киритди  5 01:28"Атлетико" "Манчестер Сити" футболчиси учун 75 млн. евро таклиф қилди  0 01:11Саидазамат Мирсаидов: “Навбаҳор”га соврин ютиш учун келганман”  7 23:51Нико Уильямснинг "Барселона"га ўтишига унинг акаси қаршилик қилмоқда  2 23:10Париж-2024. Испания олимпия ўйинлари финалига чиқди  16 22:24Грузия терма жамоаси вакили "Ливерпуль"га ўтиши мумкин  2 21:54"Вест Хэм" 27 млн. еврога 31 ёшли ҳужумчи сотиб олди  1 21:23Марокаш - Испания ўйинида Илгиз Танташев алмаштирилди. Нега?  4 20:45ПСЖ 60+10 млн. еврога 19 ёшли футболчини сотиб олди  1 20:16"Барселона" Негрейрага пора бергани исобтини топмади, аммо...  10 19:59Ҳоланд: "Тез орада барчамиз энг яхши спорт формамизда бўламиз"  2 19:39ПСЖ "Айнтрахт" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  1 19:18"Барселона" собиқ ҳимоячиси фаолиятини А Серияда давом эттириши мумкин  2 18:57"Байер" "Ливерпуль" собиқ ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  1 18:34Ўзбекистон Кубоги. Чорак финал учрашувларида ишлайдиган расмийлар  3

Vadim Abramov O'zbekistonga qanday kelib qolgan edi va u erishgan muvaffaqiyat haqida Yangiliklar

Vadim Abramov O'zbekistonga qanday kelib qolgan edi va u erishgan muvaffaqiyat haqida

Teglar :  Vadim Abramov
2013-14 yillarda “Kecha, Bugun, Ertaga” loyihasini yuritgan edim. Unda asosan o'zbek futbolida rosmana o'z o'rniga ega bo'lgan shaxslar bilan suhbatlashganman.

Vadim Abramov bilan uyushtirgan suhbatimni yodga olishga qaror qildim.

O'shanda Vadim Karlenovich OAVdan uzulib qolgan va Jamoliddin Bobojonov yordamida ofisga taklif qilgan edim.

“Men Ozarbayjonda oddiy oilada tavallud topdim. Otam ham futbolga juda qiziqqanligi bois o'zi ham to'p tepardi. Sobiq Ittifoq CHexoslavakiyani egallaganidan keyin u harbiy xizmatni o'sha erda o'tagan. Harbiy xizmatni Ukrainada davom ettirayotganida mahalliy jamoaga taklif qilishgan. U "Tomer" jamoasi to'purari bo'lgan. Harbiy xizmat vaqti yakuniga etishiga qaramay, futbolni deb ortga qaytmagan. Undan xavotirga tushgan buvim, Sobiq ittifoqning o'sha davrdagi harbiy kuchlar raisi bo'lgan Jukovga xat yozadi va otamni orqaga qaytarishadi. Uyga kelgan otamga Ukrainaga qaytib ketishga ruxsat berishmadi. Katta farzand bo'lganligi uchun oilaga yordam berishi kerak edi. Keyin u zavodda ishlay boshladi. Bobom urushdan jarohat bilan qaytganligi uchun otam 14 yoshidanoq zavodda ishlagan. Umri davomida xizmat daftarchasida faqat bitta joy qayd etilganligi bilan doimo faxrlanib yurardi”.

“Onam rus millatiga mansub, tabiiyki otam arman. Ularning ikkisi ham Bokuda tavallud topishgan. Qizig'i ular Celenoda (hozirgi Astana hududi yaqinida joylashgan) tanishishgan. 1962 yilning 5 avgustida men tavallud topdim. 8 yoshimda onamdan futbol maktabiga olib borishlarini so'ragandim. Bokuning "Neftchi" jamoasiga olib borishdi. Eduard Oganesov Grigorievich qo'l ostida "Neftchi-2" jamoasi safida futbolning dastlabki sir-asrorlarini o'rgana boshladim. 1976 yil Ozarbayjon o'smirlar terma jamoasi safidan joy oldim va 1979 yilgacha o'smir va yoshlar terma jamoalarida mamlakat sharafini himoya qildim. Terma jamoaning sardori edim. 5 avgustda tavallud topganim uchun 1963 yilda tavallud topgan terma jamoa sharafini ham himoya qilish imkoniyatiga ega edim”.

“Terma jamoa safida "Nadejda" Kubogida o'ynaganimda "Tavriya" bosh murabbiyi Anatoliy Zayaev men jamoasiga taklif qildi. Bokuga qaytganimdan keyin harbiy xizmatga yo'l olib, Boku harbiy kuchlari jamoasida to'p tepishim mumkin edi. Otam bilan maslahatlashib Simferopolga borishga qaror qildim. Ammo Zayaev «Atlantika» (Sevastopol, bugungi "CHayka") jamoasiga ketdi. Bu jamoa ikkinchi ligada ishtirok etardi. Zayaev meni u erga olib ketdi. U paytda ikkinchi ligada bitta yosh futbolchi maydonga tushishi kerak edi. Mening yoshligim Zayaevga qo'l keldi. Mavsum boshida g'alati bir jarohatga yo'liqdim. O'zimni yaxshi xis qilardim-u, ammo ko'p o'ynamay oyog'imda og'riq turardi”.

“SHikoforlar ham bunga aniqlik kirita olmadilar. Murabbiy esa meni o'ylab topyapti degan fikrga ham keldi. Xullas, mavsum yakuniga etdi. Aslida men bu paytda harbiy xizmatga borishim kerak edi. Mahalliy qismni ogohlantirmay boshqa shaharga ketayotganimda, bu erda institutga kirishni maqsad qilgan edim. Sababi institut talabani harbiy xizmatdan ozod etardi. Ammo o'yin bilan bo'lib o'qishga vaqt bo'lgani yo'q. Mavsum tugagach, harbiy xizmatga borishga qaror qilib Odessaga uchdim. U erda SK "Odessa" safidan o'rin olishni rejalashtirgan edim. Jamoa safida aka-uka Malovlar harakat qilardi. Jamoa bosh murabbiyiga mening kelishim haqida xabar berishgan edi. CHempionat boshlanib ulgurganligi uchun "SK Odessa" safar o'yiniga ketishi kerak bo'lgan. 1-ligada jamoa safarda ketma-ket ikkita o'yin o'tkazib qaytardi”.

“Men esa hali tarkib azosi emasman. Bazada qolay desam, baza bir o'zim uchun ishlamaydi. SHunda jamoa boshlig'i meni sport rotaga joylab ketdi. Ertasi kuni rotada kichik janjal chiqdi. Men yaxshisi jamoa qaytgunicha Bokuga borib kelaman dedim-da, uyga ketdim. Bokuga qaytganimdan keyin "SK Boku"ga borishni maqul ko'rdim. Jamoa rahbarlari menga qaydnoma bilan kelishimni aytishdi. Qaydnomani esa tuman harbiy xizmatining tuman bo'limidan olishim lozim. U erda meni necha yillardan beri kutib turishgan edi (kuladi). Meni tibbiy ko'rikdan o'tish uchun olib qolishdi. Sog'ligim joyida. Keyin o'zim haqida so'ray boshladilar. Oilam, ota-onam. Ularning barcha savollariga qoniqarli javob berdim va meni so'roq qilgan harbiy "afsuski, siz bizning talabimizga ko'ra, Afg'onistoga ketadigan ro'yxatga to'liq to'g'ri kelasiz", dedi”.

“SHunday qilib 1981 yil 100 nafar askar bilan Qobulga uchdim. Urush 1979 yil boshlangan, men borgan davr esa urush ancha qizigan yillar edi. Ikki yil davomida harbiy xizmatni o'tadim. Katta-kichik ordenlarni qo'lga kiritdim. Uyga qaytganimda 85 kg vaznga ega edim. Futbol o'ynagim keldi va yana Zayaevning oldiga bordim. Harbiy xizmat davomida bir marotaba Toshkentga kelgandim. O'shandayoq menga O'zbekiston yoqib qolgan. SHuning uchun o'zimga O'zbekistondan jamoa qidira boshladim. Tanishim orqali Evgeniy Valickiy bilan bog'landim. 1984 yil unga qo'ng'iroq qildim. U kishi "Narimonov" jamoasi bosh murabbiyi edi. Menga "O'zbekiston" mehmonxonasiga kelishimni aytdi. Toshkentga dam olgani kelganimda, Toshkent viloyatida "Narimonov" degan taxtachani ko'rgandim. SHuning uchun jamoa Toshkentda faoliyat olib boradi deb o'yladim”.



“Mehmonxonaga keldim, maoshim ham zo'r edi. Bunday maoshni oliy liga futbolchilari olishmasdi. Jamoaning "Ikarus" rusumdagi avtobusi bor edi. Toshkentga tashrif buyurgan kunimning ertasiga mashg'ulotga borish uchun ko'chaga chiqsam, avtobusimizni o'g'irlab ketishibdi (kuladi). Keyin uni CHinozdan topib kelishdi. O'g'rilar CHinozgacha haydab borib, u erda avtobus ichidagi qimmatbaho narsalarni echib olishgan ekan. SHundan keyin haydovchimiz tunni ham avtobusda o'tkazadigan bo'ldi. Debyutim "Celinograd" jamoasiga qarshi bo'ldi. Ular Qozog'istonda birinchi o'rinni olgan edilar. Biz 2:0 hisobida g'alaba qozondik. Balki ishonmaysiz, Evgeniy Borisovich hayotlar, o'zidan so'rab olishingiz mumkin. O'sha yili meni "Paxtakor"ga chaqirishdi. SHunda murabbiyim "Vadim, bilasanmi, to'g'ri "Paxtakor" oliy liga jamoasi, lekin sen bizda 500 so'm maosh olasan, mukofot pulimiz ham bor. "Paxtakor"ga borsang 160 so'm. Farqini ko'ryapsanmi?", - dedi”.

“SHu tariqa "Paxtakor"ga borganim yo'q. Toshkentdagi mashg'ulotlar yakuniga etdi. Avtobusga chiqib yo'l yuryapmiz, yo'l yursak ham mo'l yuryapmiz (kuladi), ammo manzil ko'rinmaydi. Jamoadoshimdan yana qancha yuramiz desam, tunni ham avtobusda o'tkazishimizni aytdi. Men shundan keyin bildim-ki, "Narimonov" Xorazm jamoasi ekan. SHu tariqa 1984 yilni "Narimonov"da o'tkazdim. Bir yil o'tib Valickiy o'rniga Pshenichnikov keldi. Men esa Tojikistonning "Leninobod" jamoasiga bordim. Pshenichnikov "Narimonov"da yordamim tegishini aytdi, ammo 1-turdan keyin menga ketishimni aytdi. Afsuski, endi biron jamoada o'ynashim mumkin emasdi. SHuning uchun yanada quyiroq ligada o'ynashga majbur bo'ldim”.

“Keyin Aktobedagi mahalliy jamoa safidan joy oldim. SHundan so'ng "Sohibkor"ga keldim. Bu paytda jamoani Grigoriy Ceytlin boshqarardi. Aynan uning qo'lida men futbolchilik faoliyatimga yakun yasadim. "Paxtakor"ning o'sha yillardagi jamoa boshlig'i bo'lib faoliyat olib borgan Sergey Docenko meni klubga chaqirdi. 1987 yil "Paxtakor" birinchilardan bo'lib professional klub maqomini oldi. Endi jamoa o'zini-o'zi taminlashi kerak edi. Docenko prezident, men vice-prezident lavozimiga tayinlandim. Pul ishlab topish uchun biz O'zbekistonning turli hududlarida turnir tashkil etib, u erga Sobiq ittifoqning turli jaomalarini taklif etdik. U paytlar hozirdagidek Turkiyaga hech kim bormasdi. Jamoalar uchun esa O'zbekistonning iqlimi ayni muddao bo'ldi. O'sha yili klub ishlagan pulni bugunga "chaqadigan" bo'lsak, 1 million AQSH dollariga teng edi. SHu erda bitta muammoga duch keldik. Garchand pulni o'zimiz ishlab topsak-da, prezident va vice-prezident katta maosh hamda mukofot puli ololmasdilar”.

“SHunda men mamurlik lavozimiga o'tdim. Bugun ko'pchilik o'ylaganidek, men o'sha paytlar formalarni yuvmasdim. Ularni yuvdirishga aqlim etardi. Mamurni ishi keng edi. Barcha tashkiliy ishlar, jamoani safarga yuborish va kutib olish. Xuddiki, bugungi menejerning vakolati. Ishim qiziq edi. O'zimga ham yoqardi. "Paxtakor" oliy ligaga chiqqanidan keyin meni Yuriy Vazgenovich "Neftchi"ga chaqirdi. U erda selekciya bo'yicha murabbiy etib tayinlangan bo'lsam-da, boshqa ishlarni ham bajardim. 4 yil davomida mustaqil O'zbekiston oliy ligasida chempionlikni qo'lga kiritdik. Keyin esa futboldagi faoliyatimda tanaffus paydo bo'ldi. O'zimning shaxsiy biznesimni boshlab yubordim”.


- "Neftchi"da Nematullo Quttiboev va Andrey Fyodorov uzoq muddatga futboldan chetlatilgan edilar. Aynan shu yili Siz Farg'onada faoliyat olib borgansiz. Mana shu davrni eslasak...
- OFK o'shanda bizning futbolchilarga nisbatan adolatsizlik qilgandi. U paytlarda OFKning tajribasi ham katta emas edi. OFKning yangi azolari bo'lgan O'zbekiston va Qozog'iston futbolni tushunish va o'ynash borasida ulardan bir kalla ustun turardi. Ammo ular bizni nazarga ilmay boshladilar. Bir safar O'zbekistondagi o'yinga anchagina ortiqcha vaznga ega bo'lgan BAAdan hakam kelgan. 1994 yili "Neftchi" Osiyo CHempionlari Kubogi saralash musobaqasining birinchi bosqichida "Elimay" klubiga qarshi bahs olib borishi kerak edi. Bu juftlik g'olibi "Al Nasr" bilan o'ynashi kerak bo'lgan. Hali qozoqlar bilan o'ynamay turib, bizga "Al Nasr" vakili mehmon bo'lib kelgan va keyingi bosqichdagi ikkita o'yinni ham Ar Riyodda o'tkazish taklifi bilan chiqdi. Buning uchun ular barcha sharoitlarni muhayyo qilishlari, hattoki charter reys tashkil qilib berishga vada berishdi. Ammo "Neftchi" bunga rozi bo'lmagan. Biz uchun o'z maydonimizda muxlislarning tutgan o'rni katta bo'ldi. "Al Nasr" vakilidan nima uchun bizga murojaat qilyapsizlar, hali o'yin bo'lmagan bo'lsa, balki "Elimay" keyingi bosqichga chiqishi mumkin degan savolimizga, ular "Neftchi"ni keyingi raundga chiqishiga shubha qilmayotganliklarini aytishdi. Keyin bilsak, ular xuddi shunday taklif bilan Qozog'istonga ham borgan ekanlar.

"Elimay"ni o'z maydonimizda 3:1 hisobda mag'lubiyatga uchratdik. Javob uchrashuvida tojikistonlik hakam o'yinni “buzib” yubordi. Asosiy daqiqa 3:1 hisobida yakuniga etdi. Qo'shimcha daqiqada esa penalti o'ylab topildi. Bundan g'azabga kelgan futbolchilarimiz, Quttiboev va Fyodorov hakamni urib, nokdaun holatiga tushirdilar. Keyin maydonda janjal chiqdi. Ko'p o'tmay bu ikki futbolchimizni 2 yildan 3 yilgacha futboldan chetlatishdi. SHunda men o'yin kassetasini olib OFK general sekretari Peter Velappan bilan uchrashdim. Ammo u o'yin kassetasini ko'rishni istamadi, uchrashuv komissarining arizasining o'zi etishini aytdi. SHu tariqa futbolchilarimiz uzoq muddatga safdan chiqdilar”.




- So'ngra kasbingizda tanaffus bo'ldi va bir necha yil o'tib "NBU-Osiyo" jamoasida faoliyatingizni tikladingiz?
- Tanishlarim bilan hamkorlikda jamoa tuzishga muvaffaq bo'ldik. Ikkinchi ligada muvaffaqiyat qozondik va birinchi ligaga chiqdik. Jamoa yomon emasdi. Idiatulin, Solomin, Navkarov va Ayzatulov katta futboldagi dastlabki qadamlarini "NBU-Osiyo" orqali boshladilar. Toshkentda juda ko'p istedodlar bor, faqat ular hech kimga kerak emasdek. Aniqrog'i, ularni tanlab olish qiyindek. Bu futbolchilar klub ochilganligi haqidagi xabarni eshitib, bizni topib kelishgan. Keyinchalik barchasi oliy ligada o'ynab ketishdi.

- Keyin "Traktor"...
- "Traktor" oliy ligadan chiqib ketishga yaqin turgan paytda meni jamoaga taklif etishdi. SHu tariqa ancha yil davomida hayotim shu klub bilan bog'landi.

- Bugungi kun futbolida biron narsani o'ylab topish shart emas. Barcha "ixtirolar" qilinib bo'lingan, faqatgina ish to'g'ri yo'lga qo'yilsa bo'lgani. Sizning qo'l ostingizda MTJ "Barselona" uslubida to'p tepdi, lekin hamma ham bilmaydi, o'z paytida "Traktor" Londonning "Arsenal" jamoasi uslubidan foydalanar edi. O'sha yillari "Arsenal" Evropaning eng kuchli klublari qatoridan joy olardi. SHaxsan o'zimga "Traktor" g'alaba qozonadimi yoki yo'q, mazza qilib futbol ko'rardim...
- Ko'rganmisiz yoki yo'q "NBU-Osiyo" ham "Traktor"ga o'xshab o'ynar edi. Men ishimni bu erda davom ettirdim. 2003 yilni ikkinchi davrasida "Traktor"ga keldim. Ko'plab futbolchilar jamoani tark etishni istashdi. Men bolalarni yig'dim-da, kim jamoada qolishni istasa xursand bo'lishimni aytdim, xolos. Avvaldan hamma bilardi, "Traktor"da pul yo'q. Jamoa bilan xayrlashishni istaganlarni bepul qo'yib yuborishimni aytdim. Ketadiganlar ketishdi.

- Jamoani tark etgan futbolchilar keyinchalik o'z o'rinlarni topib ketishdimi, sir bo'lmasa o'sha futbolchilar kim edi?
- Buning hech qanday siri yo'q. Bular - G'ulom Halimtoev va Akmal Risqullaev. Risqullaev bilan qiziq holat yuz bergan. Risqullaev 2000 AQSH dollari miqdorida ko'tarma puli berishga vada qilinganligini eslatdi. SHu kungacha u 3ta gol urgan edi. Agar mavsum yakuniga qadar 10ta to'p ursa, 10 000 AQSH dollari berishimni aytdim, rozi bo'lmagach 5ta golga tushdim. U "Dinamo"ga o'tdi. Qizig'i shunda-ki, "Dinamo" - "Traktor" uchrashuvida biz 1:0 hisobida yutqazdik, yagona golni o'sha o'yinda Risqullaev kiritdi. Mavsum davomida u jami 6ta gol urdi va keyinchalik himoyachi ampluasida harakat qila boshladi.

- Uslubingizdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, siz uchun futbolchining yoshi ahamiyat kasb etmaydi. 2006 yil "Traktor"da Oybek Qilichev 17 yoshida debyut qilib, deyarli barcha o'yinlarda maydonga tushardi. No'mon Hasanov esa ikkinchi yoshligini aynan sizning qo'l ostingizda o'tgazgan. 2007 yil u 36 yosh edi.
- Gap pasportdagi yoshda emas, uning istedodida. Murabbiyning istedodi esa futbolchini ko'ra bilishda. Masalan, siz o'z gavdangizdan kelib chiqib, ming mashg'ulot qilmang 3-4 smga o'sa olasiz. Tabiatni aldab bo'lmaydi. Har bir insonning o'z yuqori cho'qqisi bo'ladi. CHo'qqidan yuqorisini esa talab qilib bo'lmaydi. Biz futbolchilik faoliyatini tugatishni istayotgan Hasanovni juda katta summaga "SHo'rtan"ga sotganmiz. Meni asosiy mijozim "Paxtakor" edi, ularda ko'plab futbolchilar bo'lsa-da, doimiy ravishda "Traktor"dan futbolchi sotib olishardi.



- "Traktor" futbolchilar uchun tramplin vazifasini bajarardi...
- Birovga kerak bo'lmay qolgan futbolchilar "Traktor"ga kelishardi. Qishki mashg'ulotlarda 100dan ortiq futbolchilar sinovimizdan o'tardilar. Bir kunda "Traktor" uchtagacha o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazardi. Bazilar kulardi.

- Aslida bunday o'yinchilar yuz emas, minglab. Afsuski murabbiylarimiz ko'rishmaydi...
- Bo'lmasam-chi? Futbol - bu jamoaviy o'yin. Agar siz o'yinni to'g'ri yo'lga qo'ya olsangiz, tarkibdagi ikki nafar o'ynashni bilmaydigan futbolchi ham umumjamoa ichida ko'rinmay ketadi. O'z paytida bir nechta chempion jamoalarning safida ham zo'r bo'lmagan o'yinchilar bo'lgan.

- Nima uchun bugungi kunda murabbiylarimiz yoshlarning imkoniyatidan unumli foydalana olmayaptilar?
- Murabbiy aqlli bo'lish bilan birga o'z nomiga ham ega bo'lishi kerak. Ronaldu uchun Anchelotti shaxs. Kuchli, ammo nomi chiqmagan murabbiy "Real"ga kelsa, u Ronalduni zaxiraga o'tkazib qo'ya oladimi, yo'q. Xerardo Martino Messidagi charchoqni ko'rib jamoa va uning o'zini foydasi uchun zaxira futbolchisiga almashtirdi. Messi - yulduz. Uning o'ynagisi keladi, lekin murabbiy futbolchi manfaati yo'lida shunday qarorni qabul qildi. Ammo Messi bundan xafa bo'ldi. Agar vaziyat shunday davom etsa, klub prezidenti kimning foydasiga qaror chiqaradi, millionlab pul olib kelayotgan futbolchimi yoki murabbiy? SHuning uchun murabbiy nom jihatidan futbolchidan ustun bo'lishi kerak.

- Ro'yxatimda shu mazmundagi savol bor edi. O'zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganingizdan keyin aksar futbolchilarimiz, avvaliga sizni mensimadilar. Keyin esa barchasi o'z iziga tushib ketdi. Hattoki OAV va mutaxassislar ham sizga past nazar bilan qaragan edilar.
- Terma jamoa bilan birinchi ishim Armanistondagi o'yinga tayyorgarlik ko'rish bilan boshlandi. Bir epizodni aytib beraman. SHunga o'xshash holat bo'lgandi. Yigitlarga yuzlanib aytdim: siz men boshqargan "Traktor"ni yutgansizlar. Lekin bu "Traktor" edi. Halqaro maydonda bironta yutuqqa ega chiqmadinglar, to'g'rimi? Biron bir katta titulingiz ham yo'q. SHunday ekan, meni eshitganingiz maqul. Dastlabki o'yinlar o'xshamadi. Armanistonga yutqazdik, keyin Saudiya Arabistoniga. Arablar bilan bo'lgan o'yinda hakamlar bizga qarshi ishladilar. Keyin esa hammasi o'z iziga tushib ketdi. Biz uchun bitta g'alaba kerak edi va Bahrayn bilan o'yinda bunga erishdik.

- Nima deb o'ylaysiz, yoshlarga etibor beradigan mutaxassis sifatida oliy ligada yosh futbolchini tushirishni majburiy qilib qo'yish vaqti kelmadimi?
- Foydasi ham, zarari ham bor. Bu yo'lni suniy amalga oshirish kerak deb o'ylamayman. Yaxshi murabbiy, har doim yaxshi yosh futbolchini topa oladi. Uning uchun majburiy qoida shart emas. Yaxshi murabbiy ertani o'ylasa, u albatta yosh futbolchini qidiradi. Agar murabbiy yosh futbolchini ko'ra olmasa, u majburan bitta futbolchini doimiy ravishda maydonga tushiradi. U esa tabiiyki asosiy tarkibda maydonga tushishini bilib buzilishi mumkin.

- Balki yoshlar ligasini jiddiy nazoratga olish kerakdir?
- Menimcha murabbiylarni tarbiyalashni to'g'ri yo'lga qo'yishimiz kerak!

- Sizning eng kuchli jihatingiz futbolchilar bilan yaqin munosabatda bo'la olishingizdami?
- Ko'pchilik meni murabbiy emas, psixolog tashkilotchi deb aytishadi. Lekin men futbolni ham yaxshi tushunaman. Menga bir narsa alam qildi. Nima uchundir hech kim O'zbekiston terma jamoasini yanvar oyida muvaffaqiyat qozonganini yozmadi. Aslida martgacha bo'lgan vaqt o'zbek futboli uchun og'riqli oylar hisoblanadi.

- Osiyo Kubogidan yorqin xotiralar qolgan bo'lsa kerak?
- Albatta. Yodimda, Qatar bilan bo'lib o'tgan o'yindan oldin bizni mag'lubiyatga uchratib bo'lishgandi. TVda bizga sharh berishar ekan, gol o'tkazib yuborsak g'alaba qozona olmasligimizni aytishardi. Qatar bilan o'yindan avval jurnalistlar Qatarga qarshi qanday himoyalanmoqchisiz degan savolni berishdi. Men esa O'zbekiston emas, yaxshisi Qatar himoya haqida o'ylasin, biz hujum qilamiz dedim. Bu esa ularning kulgusiga sabab bo'ldi, yakunda esa... Afsuski, ular bizni Tunisda o'tkazgan mashg'ulotlarimizni ko'rishmagan edi. U erdagi o'rtoqlik uchrashuvlarida biz bir qator uchrashuvlarni o'tkazgan edik. Ularning barida o'yinlarimiz kundan-kunga takomillashib borgan.

- Ishonch futbolchining hayotida qanday rol o'ynaydi? Osiyo Kubogida Baqoev ko'proq o'ziga ishonchi borligi uchun Krushelnickiyga almashtirganmidingiz?
- Futbolchining o'ziga bo'lgan ishochi katta rol o'ynaydi. Lekin Krushelnickiyni almashtirishimga sabab bu emasdi. So'nggi kungacha men Yaraslovga imkon berdim. Ammo men istagan holatga chiqa olmadi. Uni zaxirada ushlab o'tirishdan naf yo'q edi. Qolaversa, biz chempionatda hujumkor o'yin ko'rsatishni rejalashtirayotgandik. SHu sabab uni Baqoevga almashtirishga qaror qildim. Baqoev esa bizga nimchorak finaldan boshlab yordam berishi lozim bo'lgan. Keyin rejamga ko'ra, yarim finalda Galiulindan umidim katta edi. Afsuski, u musobaqa boshlanishi bilan jarohat oldi.

- Osiyo Kubogida himoya chizig'imizdan asli yarim himoyachi bo'lgan Andreev, Ahmedov va Karpenko joy oldilar. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad hujumni himoyadan boshlash edimi?
- SHubhasiz. Futbolni futbol o'ynashni biladiganlar o'ynashi kerak. Bizdagi eng katta muammo himoyachilarni tarbiyalamayotganimizda. Maktablarda gol urishni bilmaydigan futbolchini himoyaga qo'yib muammoni echishyapti. Aslida himoyachiga alohida talim berish kerak. Himoyachi o'z ampluasidan hujumni boshlay olishi kerak.

- Bir voqea yodimda. Qatarda Ismoilovga qarata, mana endi sen futbol o'ynashni o'rganding deb aytgan edingiz. Anzur o'z paytida "Traktor" jamoasidan chiqqan edi...
- Afsuski, u men "Traktor" bosh murabbiyi bo'lganimdan ko'p o'tmay "Paxtakor"ga o'tib ketdi. Bu uning faoliyatidagi eng katta xatosi. O'zbek futbolida himoyachiga mos bunday ko'rsatkichga ega futbolchi 100 yilda bir marotaba tug'iladi. Agar u o'ziga mos murabbiyga uchraganida, O'zbekistonning bugungi kundagi birinchi raqamli futbolchisi bo'lgan bo'lardi.

- Sizning o'z o'yin uslubingiz bor. O'z ustingizda qanday ishlaysiz?
- Har bir jamoada o'zim uchun katta maktabni o'taganman. Mana endi Qozog'istonga ketayapman, balki u erda ham nimanidir o'rganaman. TV rivojlangan davrda ko'rib o'rganish oson bo'lyapti. CHet el jamoalarining o'yinlarini ko'rish orqali biron narsa olishga harakat qilaman.


- O'zbekiston - BAA olimpiya terma jamoalari o'rtasidagi o'yindan keyin, o'yin natijasi shubha ostiga qo'yildi...
- Zamonaviy futbolda hech nimani sir saqlab bo'lmaydi. Iroqqa qarshi pley-off o'yini oldida shunga o'xshash maqola chiqdi. Avvalo hammaga Xudo hakam. Agar biz Olimpiadaga yo'l olganimizda, meni O'zbekistonda hozirgidan ancha ko'proq hurmat qilishgan bo'lardi. Futbolchilarimizni dunyo tanirdi. Buni butun jamoa bo'lib tushunib turgandik. O'yinni sotib olgan kishi bir kun kelib bu haqda hisobot beradi. U esa do'stiga aytadi va bu xabar butun dunyoga chiqadi. SHunday bo'ldimi? CHunki bizni muxlislar oldida vijdonimiz toza. Hamma g'alaba qozonishni istagan edi.

Yana bir holat haqida aytib beraman. Yaponiya bilan o'yindan keyin 4 kun o'tib O'zbekiston olimpiya terma jamoasi muhim o'yinga tayyorgarlik ko'rish uchun Turkiyada yig'in o'tkazishi kerak edi. BAA bilan o'yinga qadar 16 kun vaqt bor edi. Yaponiyadagi futbolchilarning bazilari bilan men jamoani kutib turgan futbolchilar bilan Turkiyaga uchishim kerak edi. Ammo Tokioda menga xabar keldiki, yig'in bekor qilindi. Bundan men g'azablandim. Xullas O'zbekistonga qaydtik, 4 kun davomida Turkiyaga uchib ketish uchun shaylanib turgan futbolchilarni uylariga qo'yib yubordik. Kim "Paxtakor"ga, kim "Olmaliq"qa ketdi. 2 haftadan keyin futbolchilar mashg'ulotga kelishdi. BAA bilan o'yinga 3 kun qolgan. Malum bo'ldiki, bazi futbolchilarimiz, bo'lganda ham asosiy tarkib azolari hattoki o'z klublarining asosiy tarkibida mashg'ulot o'tkazishmagan. Bazilari esa bu vaqt oralig'ida 3ta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan edilar.



- Murabbiyning xabarisiz futbolchini o'zi o'yin natijasiga tasir ko'rsatishi mumkinmi?
- Futbolda 5ta futbolchi o'yinni kelishsa, undan xabari yo'q 6 futbolchi natijani jamoasi foydasiga hal qila oladi. Bizdagi eng katta muammo, aksar murabbiylarning hamkasbi haqida yaxshi gapirmasligi. Murabbiylar ko'p, jamoa esa kam. SHundan keyin turli mish-mishlar chiqaveradi. Agar g'alaba qozonsak, sotib oldik, mag'lubiyatga uchrasak, sotdik. Bir tarafdan to'g'ri, katta pul to'lab PRO olgandan keyin klubda bosh murabbiy bo'lging keladi. Klublar esa kam...

- Haqiqatdan ham bizda murabbiylar inoq emas. Aksar murabbiylar o'z hamkasbining ishdan ketishidan manfaatdor.
- Nima uchun dunyo bo'ylab serb murabbiylari ko'payib boryapti? Siz bitta serbdan ikkinchisi haqida so'raysiz. U o'ylab turadi-da, ha men uni bilaman. U ajoyib mutaxassis deydi. Nima uchun bunday qilishadi? Ular biladi-ki, o'sha mutaxassisni Xitoy klubi oladi, uni hozir egallab turgan o'rni unga o'tadi. Undan keyin o'zi ketadi va boshqa serbga joyini qoldiradi. SHu tariqa ular dunyo bo'ylab ko'payib borayapti. Zo'r-a!? Bizda esa birorta murabbiy, ikkinchisining orqasidan yaxshi gap gapiryaptimi?

- Faoliyatini yakunlayotgan futbolchi murabbiy bo'lsam deydi. Lekin futbolda murabbiydan boshqa kasblar qancha? Men harchand urinmay, 20 yil to'p tepgan futbolchi kabi uni his qila olmayman. Klub va federaciyalarda boshqa ishlar ham ko'p-ku!?
- Har doim ham xobbi uchun pul to'lashmaydi. Futbolchilar shunday baxtli inson toifasiga kiradilarki, o'z xobbilari uchun juda katta pul oladilar. Nima uchun ular kichik ishdan ish boshlamaydilar? CHunki ular katta pulga o'rganib qolishgan, ozginasidan boshlagilari kelmaydi. Bazilarda esa bunga istedod etmaydi. Futbolda istedod katta rol o'ynaydi. Men Ibrohim Rahimovni 4 marta sotganman. Har bir futbolchining kuchli tomonlaridan foydalana olish murabbiy uchun muhim.  

- O'zbek futbolidagi qaysi mutaxassisni alohida hurmat qilasiz?
- Menga Dilshod Nuralievning ish uslubi yoqadi. Murabbiyga ming o'qitib, 10ta PRO dasturidan talim bermaysizmi, agar unda istedod bo'lmasa foydasi yo'q. Bu Xudo tomonidan beriladigan istedod. SHu bilan birga zo'r murbbiy bo'lish uchun kishi avvalo murabbiylik kasbiga "fanat" bo'lishi kerak. Fedunning intervyusini o'qigan edim. Uning aytishicha, murabbiyning futboldagi o'rni 10 foiz ekan. Balki shuning uchun anchadan beri "Spartak" chempionlikka erisha olmayotgandir? Men Beskovni juda hurmat qilardim. Agar imkoni bo'lganida, hozir uning oldiga piyoda yurib borgan bo'lardim. Uning qo'l ostida hamma o'ynab keta olardi. Uni kumirim deb ayta olaman. Boshqa jamoalarda o'ynab keta olmagan futbolchilar Beskov qo'l ostida muvaffaqiyatli to'p tepardilar.


Abramov intervyu so'nggida o'zi bilan ishlagan futbolchilardan ramziy terma jamoa tuzib berdi:

Darvozabon: Ignatiy Nesterov
Himoyachilar: SHavkat Mullajonov, Odil Ahmedov, Islom To'xtaxo'jaev, Vitaliy Denisov.
Yarim himoyachilar: Sanjar Tursunov (zaxirada Viktor Karpenko), Aziz Haydarov, Temur Kapadze, Server Jeparov.
Hujumchilar: Aleksandr Geynrix, Ulug'bek Baqoev.


Arxivdan. 2013 yil, noyabr.


Mazkur loyihani noyabr oyidan boshlab yana qayta boshlashni maqsad qilganman. Qahramon kim bo'lishini istaysiz?

Reyting: +53   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика