So’nggi yangiliklar

18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  2 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  4 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39Суперлига. "Андижон" - "Динамо" 2:0 (матнли трансляция)  10 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  26 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18

Ulug'bek Baqoev: “Faoliyatimni hali beri yakunlamoqchi emasman” Yangiliklar

Ulug'bek Baqoev: “Faoliyatimni hali beri yakunlamoqchi emasman”

O'zbek futbolida o'z o'rniga ega bo'lgan futbolchilardan biri Ulug'bek Baqoev o'tgan mavsumning ikkinchi yarmini “Buxoro”da o'tkazib jamoaning oliy ligada jon saqlab qolishiga o'z hissasini qo'shgandi.
Lekin mohir hujumchi o'zi uchun qadrli bo'lgan klubni tark etishga qaror qildi. Ayni paytda u Toshkentda “SHo'rtan”ning mashg'ulotlarida qantashyapti. Aslida Ulug'bek bilan suhbatlashishni anchadan beri rejalashtirib qo'ygandik. “Buxoro”ni tark etib “SHo'rtan”da shug'ullanayotgani esa biz uchun ayni muddao bo'ldi va suhbatni ham aynan shu haqida boshladik. 

- O'tgan mavsumda “Buxoro”da o'ynadingiz. Lekin mavsum tugagach klubni tark etdingiz. Buning sababi nima bilan bog'liq? Murabbiyning almashinuvimi yoki o'z ixtiyoringiz bilan shunday qarorga keldingizmi?

- Hozir bu masalada ko'p narsani aytib berishim mumkin. Lekin buni istamayman.

- Ulug'bek aka, siz bilan oldin suhbatlashganimda faoliyatimni “Buxoro”da tugataman degan gapni aytgandingiz...
- Avvaliga o'zim ham shunday fikrda edim. Kuchim bor, o'ynashga qurbim etadi. Ishtiyoqim ham chakki emas. Faoliyatimni hali beri tugatishni istamayman, boz ustiga raqib jamoa himoyachilariga ancha tashvish tug'dirishim mumkin, deb o'ylardim. O'zimni futbolsiz tasavvur qila olmayman. Futbolni juda yaxshi ko'raman. Bundan keyin ham faoliyatimni davom ettirishni xohlayman.



- ”Buxoro”dagi o'yinlaringizni kuzatdik. Doimgidek maydonda yomon ko'rinmadingiz. Ammo, nazarimda, uchrashuvlar chog'ida asabiylashgan holda harakat qilganingizdek taassurot qoldi. Qolaversa, jamoaning chempionatdagi natijasi ham yaxshi bo'lmadi.  

- “Buxoro”ga kelgan paytimda klub oldiga qo'yilgan vazifa oliy ligadagi o'rinni saqlab qolishdan iborat edi. O'ylaymanki, jamoaga qo'limdan kelganicha yordam berdim. Agar “So'g'diyona”ga qarshi o'yinni esga oladigan bo'lsak, men gol kiritdim. Bundan tashqari gol bilan yakunlangan to'p oshirishni uddaladim. “Andijon”ning darvozasiga ham chiroyli to'p kiritdim. Umuman, maydonga tushgan paytlarimda jamoaga yordamim tegishga harakat qildim. Uchinchi golimni “Olmaliq” darvozasiga kiritdim va o'sha bellashuvda ham 2:1 hisobida g'alaba qozondik. “Lokomotiv”ga qarshi kechgan bellashuvda esa golga assistentlik qildim. Jamoa uchun muvaffaqiyatli kechgan bellashuvlarda foyda keltirdim deb hisoblayman. Qisqasi, hujumchi sifatida mendan nima talab qilingan bo'lsa, uni bajarishga harakat qildim.

- Ayni paytda “SHo'rtan” ishtirokidagi yig'inlarda qatnashmoqdasiz. Ko'pchilikning nazarida “SHo'rtan” siz uchun yangi jamoa sanaladi. SHunday fikrda yurganlarga qanday javob bergan bo'lardingiz?

- Ayni chog'da hamma yangi mavsum taraddudiga tushib qolgan. Jumladan men ham hozirdan jismoniy holatimni yaxshilashga kirishdim. Boz ustiga Muxtor Qurbonov bilan munosabatim do'stona. Undan ixtiyoridagi jamoa tarkibida shug'ullanib turishimni so'radim. Hozir ular bilan mashg'ulotlarda birga ishlash menga yoqyapti. Birgalikda amalga oshirayotgan mashg'ulotlarimizdan huzur olyapman, jismoniy holatim ham yaxshilanib bormoqda. Keyinchalik nima bo'lishi hozircha aniq emas. Bu masala ochiq turibdi, desam ham bo'laveradi. Bilasiz, ayni chog'da bir qancha jamoalar tayyorgarlik ko'rish uchun boshqa joylarga ravona bo'lganlar. Men esa “SHo'rtan”da mashq qilib turishimni iltimos qildim va shu jamoa bilan mashg'ulotlarda qatnashyapman. Bu orqali “formam”ni tiklab boryapman. Mashg'ulotlarga har kuni qatnayapmanmi? Ha, bu futbolchi uchun oddiy hol sanaladi.  

- Agar sir bo'lmasa yangi mavsumda sizni qaysi klubda ko'rishimiz mumkin?  
- Yuqorida aytib o'tganimdek, hozircha bu masala ochiq turibdi. Faoliyatimni qaerda davom ettirish borasida bir qarorga kelmadim. Hozircha shunchaki mashg'ulotlarda qatnashyapman xolos. Qisqasi, bu masalada hali yakuniy to'xtamga kelmadim.

- Adashmasam, yoshingiz 36 da. Ulug'bek aka, faoliyatingizni yakunlanayotganini tan olish qiyinmi?
- Bu haqida o'ylashni istamayapman. CHunki maydonda to'p surish uchun menda kuch-quvvat, ishtiyoq va xohish etarli. Asosiysi, o'zimni yaxshi his qilyapman.

- U holda muxlislar Ulug'bek Baqoevni maydonda yana necha yil ko'rishlari mumkin?

- Xudo xohlasa, bu yil albatta o'ynayman. Kelgusi yili esa bilmadim...



- Siz tajribali hujumchisiz. SHu yoshda hujumchilar uchun gollar kiritish ancha mushkul bo'lsa kerak? Bu borada o'zingiz nima degan bo'lardingiz?
- Bugungi kunda futbol taktik jihatdan ancha kuchayib ketdi. Ko'plab jamoalar himoyada juda uyushqoqlik bilan harakat qilmoqdalar. SHu sabab yildan-yilga o'tib borgani sayin hujumchilar uchun gollar kiritish tobora qiyinlashib bormoqda. Masalan, avvallari Qozog'istonda dastlabki mavsumda 22 ta gol urgan bo'lsam, keyingi yillarda samaradorligim pastlab boravergan. 18, 15 va 14 ta gol kiritgan paytlarim ham bo'lgan. Boshqacha aytganda, futbol o'sishda davom etmoqda. Bu o'yinning barcha jabhalarida ko'zga tashlanyapti. Himoyachilar ham o'z o'rinlarida yaxshi harakat qilayotganlari bois, hujumchilar uchun gol kiritish tobora qiyinlashib bormoqda. Agar etibor berib kuzatayotgan bo'lsangiz, bugungi kunda faqat hujumchilargina emas, balki yarim himoyachi va himoyachilar ham gol kiritmoqdalar. Hatto darvozabonlar gol kiritgan holatlarga guvoh bo'lyapmiz. Futbolda har tomonlama rivojlanish kuzatilmoqda. Nima desam ekan, futbolchi uchun to'p surayotgan jamoasining g'alaba qozonishi boshqa masalalardan ko'ra muhimroq. Asosiysi, o'yinchi jamoasiga foyda keltirsa bo'lgani. 

- Yuqorida ham aytib o'tganimdek, o'yiningizni imkon qadar muntazam ravishda kuzatib boraman. Butun faoliyatingizni oladigan bo'lsak, uning ko'p qismini Qozog'iston chempionatida o'tkazgansiz. U yurtda juda yaxshi o'ynagansiz va siz uchun katta o'rin tutadi. Ochig'ini aytganda, O'zbekiston chempionatiga nisbatan u erda yaxshiroq to'p surgansiz. Buning sababini qanday izohlagan bo'lardingiz?

- Buning sababi nimada ekanligini qanday tushuntirsam ekan? Faoliyatimni shu erda boshlaganimda hali juda yosh edim. Keyinchalik Rossiyaga ketdim, u erdan Qozog'istonga kelgan paytimda ancha shakllangan futbolchiga aylangandim. Aynan faoliyatimning o'sha yillarida yaxshi o'yin ko'rsatdim, bir qancha sovrin va unvonlarga ega chiqdim. Agar yaxshi eslasangiz, keyinchalik O'zbekistonga qaytgan mahalimda ham ancha yaxshi to'p surganman. “Quruvchi” (hozirgi “Bunyodkor”) safida Osiyo CHempionlar ligasida 5 ta gol urgandim. Keyinchalik yodingizda bo'lsa, terma jamoa safida Iordaniyaga qarshi o'yinda jarohat olgandim. Keyin sog'ayib maydonga qaytganimdan ko'p o'tmay tizzamdagi paylarimni shikastlab olgandim. SHuning evaziga faoliyatimdagi o'sha davr asosan jarohatdan tiklanishga sarflangan. Keyin yana ketib qolgandim. Qozog'istondagi bu safargi faoliyatim ham oldingisiga nisbatan yomon kechmagan. Ko'rib turganingizdek, yana O'zbekistonga qaytdim. 

- Yuqoridagi fikrimga isbot tariqasida shuni aytishim mumkinki, Qozog'iston chempionatida o'ynab yurgan paytingizda to'rt marta eng yaxshi to'purar bo'lgansiz. Adashmasam, Qozoq futbolida ikki marta eng yaxshi o'yinchi deb topilgansiz. SHuning evaziga bo'lsa kerak, Qozog'istonda hurmatingiz juda yuqori. Aksiga olib O'zbekistonda bunday natija ko'rsata olmadingiz. Nima, qozoq birinchiligida bizga nisbatan gollar kiritish osonroqmi?

- Nima desam ekan... Ehtimol, o'shanda voqealar rivoji men uchun juda ko'ngildagidek kechgan bo'lsa kerak. Uzr, bu savolingizga tayinli javob bera olmasam kerak. Futbolda shunday holatlar ham uchrab turadi: o'yinchi bir jamoada zo'r ko'rinishi, boshqasiga o'tgan paytda esa oldingi darajada o'ynay olmasligi mumkin. Esingizda bo'lsa, O'zbekiston chempionatida o'ynab yurgan kezlarimda ham mavsum davomida 22 ta gol kiritgan paytim bo'lgan. Bu chamamda, 1999 yoki 2000 yilda kuzatilgandi. O'shanda Jafar Irismetov 45 ta gol kiritgandi. U mendan ikki barobar ko'p gol urgan. Agar o'shanda Irismetov bunchalik ko'p gol kiritmaganida balki chempionatdagi eng yaxshi to'purar men bo'larmidim... Oxirgi yillarda chempionatimizdagi to'purarlar qancha gol kiritayotganlarini uncha yaxshi bilmayman. Mavsum davomida eng yaxshi hujumchi 15-16 ta gol kirityapti shekilli, to'g'rimi? Bundan ko'rinib turibdiki, futbol o'sishda davom etmoqda. Hozirda hujumchilarga gollar kiritish oson emas. Endi raqib jamoalar himoyada yaxshi harakat qilmoqdalar. SHuning evaziga uchrashuvlar chog'ida yirik hisoblar kamdan-kam qayd etilmoqda. 



- Ulug'bek aka, Qozog'istonda ham, O'zbekistonda ham ishqibozlaringiz ko'p. Futbolchi sifatida ancha narsalarga erishdingiz. Qanchalik qiyin bo'lmasin endi faoliyatingizning oxirgi yillarini o'tkazmoqdasiz. Futbolni tamomlaganingizdan so'ng xuddi o'yinchilik chog'ingizdagi kabi ishqibozlaringizning o'zingizga nisbatan bo'lgan munosabatini o'zgartirmasdan saqlab qolish uchun nima qilgan bo'lardingiz?
- Faoliyatimni tugatganimdan so'ng o'zbek futboliga foyda keltirsam deyman. Futbolimizning yanada rivojlanishi, jamoalarimizning natijalari yaxshilanishi uchun qo'limdan kelgan yordamni berishni istayman. Umuman aytganda, faoliyatimni tamomlaganimdan keyin ham futbolda qolmoqchiman. 

- Adashmasam, ancha yillar oldin “Buxoro” tarkibida “Temiryo'lchi”ga (hozirgi “Qo'qon-1912”) qarshi bahsda oltita gol urgandingiz. O'sha o'yin esingizdami? Qo'qonda o'ynagan holda mezbonlar ustidan 6:1 hisobida zafar quchgandinglar. Ulug'bek aka, buni fantastikaga qiyoslash mumkin. Axir bir o'yinchi uchrashuv davomida oltita gol kiritmoqda!

- Agar shu voqea yuz bergan bo'lsa, endi bu fantastika emas, bu fakt. O'sha o'yinni yaxshi eslayman. Uchrashuv chog'ida hammasi men uchun ko'ngildagidek kechgani kechagidek yodimda. Raqib darvozasi tomon bergan har bir zarbam aniq mo'ljalga etib borgandi. Vaholanki, bir o'yinda shuncha gol kiritishim mumkinligini o'zim ham o'ylamagandim. Bilmadim, bugungi kunda biror-bir o'yinchi o'sha natijani takrorlay olganmikin? Ammo hozir oltita gol tugul, o'yin chog'ida bitta to'p kiritish ham o'ziga xos natija hisoblanmoqda. SHunday ko'rsatgich qayd etganimni eslash yoqimli. Ammo bu faqat mening natijam emas. Axir futbol sportning jamoaviy turlaridan biri hisoblanadi. SHeriklarimning yordamisiz bunga erisha olmasdim. To'g'ri emasmi? Uchrashuv chog'ida futbolchiga maydondagi sheriklari katta yordam beradilar. Boz ustiga murabbiylar shtabi, shifokorlar va jamoadagi boshqa xodimlarning ko'magi ularnikidan kam bo'lmaydi.

- O'sha natijangizdan keyin o'zingiz ham nafaqat O'zbekiston, balki boshqa chempionatlarda shunday ishni amalga oshira olgan ijrochilarni kuzatib bordingizmi? Bir o'yinda oltita gol kiritish – bu juda mashaqqatli ish hisoblanadi. Aytmoqchimanki, shunday natijalarni kuzatib borasizmi? O'ylaymanki, siz O'zbekistonda bir uchrashuvda oltita gol kiritgan yagona futbolchi bo'lsangiz kerak?

- Nima desam ekan, buni muntazam ravishda kuzatib bormayman. Albatta, futbol yangiliklaridan xabardor bo'lib turaman. Agar shunga o'xshash voqea qayd etilgan bo'lsa, unga etibor qarataman. Menimcha, qaysidir chempionatda bir o'yinda hujumchining 8 yoki 9 ta gol kiritgan payti ham bo'lgan. Lekin aniq qaysi birinchilikda kuzatilgani esimda yo'q.

- Baribir Qo'qondagi o'sha bellashuv faoliyatingizda eng yoqimli xotira bo'lib qolganmi yoki boshqa o'yinlar ham bormi?

- Faoliyatimda eslash yoqimli bo'lgan o'yinlar albatta uchraydi. Masalan, Erondagi bellashuvni olaylik, o'shanda terma jamoamiz kuchli raqib ustidan g'alaba qozonib qaytgan va o'yin taqdirini hal etgan yagona golni aynan men kiritgandim. O'shanda bu yutuqdan so'ng jahon chempionatiga borish imkoniyatimizni 99 foizga etkazdik, degan to'xtamga kelgandim. Ammo aksiga olib yakuniy pallada hammasi salbiy ko'rinish olgandi. Albatta, bu juda alam qiladigan voqea bo'lgan. Vaholanki, jahon chempionatiga borishimiz uchun atigi bir qadam qolgandi xolos. SHuningdek, Osiyo CHempionlar ligasida yarim finalda o'ynaganmiz. O'shanda “Quruvchi” “Sepahon” bilan to'qnash kelgandi. Qozog'istonda ham eslash yoqimli bo'lgan bir qator uchrashuvlar kuzatilgan. Umuman, eslashga arzigulik bunday uchrashuvlar talaygina. Ahamiyatlisi, o'sha bahslarda gollar kiritishga muvaffaq bo'lganman. Masalan, Qatardagi Osiyo Kubogi chorak finalida Iordaniyaga qarshi bellashuvda dublga erishgandim. 



- 36 yoshingizda ham jamoalardan munosib taklif olishingiz mumkinligiga ishonasizmi?

- Juda qiyin savol berdingiz. Hali futbol o'ynashda davom etaman. SHu yoshimda ham gollar kiritib o'zim o'ynaydigan jamoaga foyda keltira olishimga ishonaman. Ha, javob berish juda qiyin bo'lgan savol bilan murojaat qildingiz. Munosib taklif olishdan umid qilib qolaman.  

- Baribir bir kun kelib faoliyatingizni yakunlaysiz. Meni qiziqtirayotgan narsa shuki, butsalaringizni mixga ilganingizdan so'ng qanday ish bilan shug'ullanmoqchisiz? Odatda futbolchi faoliyatini tugatganidan so'ng murabbiylikka o'tadi yoki hakam va agent sifatida o'zini sinab ko'radi. Bu borada hozirdan qandaydir reja tuzib qo'ydingizmi?
- Yo'q, hozircha bu masalada o'ylab ko'rmadim. Ammo bundan keyin ham futbolda qolish haqida albatta o'ylayman. Yosh avlodga o'z tajribamdan kelib chiqqan holda yordam berishni istayman. Avvalo faoliyatimni tugatganimdan keyin ham futbolda qolmoqchiman. Lekin bu savolingiz ham ancha og'ir. Unga jo'yali javob berish amrimahol. 

- Faoliyatingiz davomida ko'plab klublarda to'p surgansiz. Aytingchi, o'yinlardan keyin boshqalar bilan futbolkalarni almashtirish odatingiz bormidi? Agar shunday qilgan bo'lsangiz, sizda qaysi o'yinchilarning futbolkalari bor?
- Futbolchilar o'yin chog'ida bir-biriga qarshi tursalar-da, undan keyingi munosabatlari do'stona bo'ladi. Ular uchun shunday bellashuvlarni eslash yoqimli. Odatda ko'pchilik esdalik sifatida o'yindan keyin almashtirgan futbolkalarni yig'adi. Men ham imkoniyat tug'ilgan paytda shunday qilardim. Kamtarona kollekciyamda bir nechta futbolkalar joy olgan, albatta. Adashmasam, bunday futbolkalar soni 10 tacha bo'lsa kerak. 

- Aksariyat ishqibozlar terma jamoamizda yaxshi hujumchilar yo'qligi haqida gapiradilar. SHunday gaplarga qo'shilasizmi?
- Har kimning o'z fikri bo'ladi. Mening bu boradagi fikrim shunday: terma jamoa tarkibiga munosib hujumchilar jalb etilgan. Albatta, har kimga birdek yoqishning iloji yo'q. Ammo terma jamoaga jalb etilganlarni yomonlash ham to'g'ri emas. Aksincha, ularni qo'llab-quvvatlash darkor. Ishqibozlardan bundan keyin ham terma jamoamizni olqishlab turishlarini so'rayman.  


FIRDAVSXON suhbatlashdi.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика