So’nggi yangiliklar

14:56Беллингемнинг "Ливерпул"даги дўсти кейинги йил "Реал"га ўтади  1 14:22"Фиорентина" ярим ҳимоячи Андреа Колпанини ўз сафига қўшиб олмоқчи  0 13:58"Бавария" уч нафар футболчиси билан хайрлашишга тайёр  1 13:37Ла Лига энг кўп маош олувчи футболчилар ТОП-10 — рўйхатда "Атлетико"дан битта футболчи бор  0 12:53"Бавария" ва "Ювентус" Англия термаси марказий ҳимоячисини ўз сафига қўшиб олмоқчи   0 12:32Миллатлар Лигаси доирасидаги баҳсда Бельгия Исроилни Венгрияда қабул қилади  3 11:56"Интер" "Зенит" ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  0 11:27Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон бугун Қирғиз Республикасига қарши кураш олиб боради  2 10:53МЮдан навбатдаги юриш. Инглизлар 90 миллион евролик трансферни амалга оширишга тайёр  10 10:25«Барселона» Дани Ольмо бўйича музокараларни бошлади. Каталонияликлар қанча таклиф қилгани маълум  11 09:57«Атлетико» икки нафар Европа чемпионлари билан шартнома тузмоқчи  0 09:28Месси ХХI асрнинг энг яхши спортчилар рейтингининг ТОП-3лигидан жой олди. Роналду эса…  28 09:00Слот «Ливерпуль» бошқарувидаги дебют ўйнида Чемпионшип вакилига мағлуб бўлди  2 08:31«Пахтакор»нинг яна бир футболчиси «Металлург»га ижарага берилди  2 08:05АПЛ. Ким энг кўп ойлик олади?  1

"Tottenxem"ning so'nggi kubogini boshi uzra ko'targan futbolchilarning taqdiri qanday kechdi? Yangiliklar

"Tottenxem"ning so'nggi kubogini boshi uzra ko'targan futbolchilarning taqdiri qanday kechdi?

"Tottenxem" ajoyib tarixga ega bo'lgan juda katta klub bo'lishiga qaramay, so'nggi yillarda sovrinsiz qolmoqda, oxirgi 13 yil davomida "shporlar" birorta ham kubokka ega chiqa olishmadi.

Ammo klub muxlislarining faxrlanishi uchun sabab bor: 2019 yilda jamoa o'z tarixida ilk marta CHempionlar ligasi finaliga yo'l oldi, hal qiluvchi bahsda esa "Liverpul" "shalpangquloq"ni o'ziniki qildi. 

Hozir esa tarixga sho'ng'ib, 2008 yilgi Angliya liga kubogi finalining g'oliblarini yodga olamiz va XXI asrda klub muzeyiga yagona kubokni olib kelgan futbolchilarning keyingi faoliyatiga nazar tashlaymiz.

O'shanda "shporlar" darvozasini Pol Robinson himoya qilgan, u o'z yillarida hatto Angliya terma jamoasining asosiy darvozaboni bo'lgan. "Tottenxem"da to'rt yil faoliyat olib borgach, Pol "Blekbern Rovers"ga ko'chib o'tdi. 2016 yilda u "Byornli"ga o'tdi, u erda bir yillik o'yin amaliyotidan so'ng yosh bilan bog'liq hamda beldagi muammolari tufayli futbolchilik faoliyatini yakunladi, chunki 2017 yilda darvozabon 38 yoshni qoralardi.

O'ng qanot himoyachisi Alan Xatton Pol Robinsondan ilgariroq butsalarini mixga ildi. Angliya Liga kubogidagi zafardan so'ng, shotlandiyalik futbolchi yana bir necha yil "Tottenxem"da qolib, "Sanderlend"ga ijaraga berildi. Keyin u "Aston Villa"ga ko'chib o'tdi, u erdan ham bir necha bor ijara asosida sayohat qildi ("Nottingem", "Malorka" va "Bolton"). U "Villa"ni 2019 yilda tark etdi.

Jonatan Vudgeyt "Tottenxem"dan keyin faoliyatini yakunlagunga qadar "Stok Siti" va "Midlsbro"da to'p surishga muvaffaq bo'ldi. Vudgeyt ayni damda CHempionshipdagi "Bornmut" klubini boshqarmoqda.

Ledli Kingga esa olqishlar yog'dirsak arziydi, chunki himoyachi butun faoliyatini "Tottenxem"da o'tkazgan hamda jamoa sardori bo'lgan. Ammo Kingning karerasi qisqa muddat davom etdi: professional darajada atigi 13 yil. 32 yoshida angliyalik futbolchi tizzasidagi surunkali jarohatdan so'ng faoliyatini yakunladi hamda klub elchisi lavozimini egalladi, u hozir ham shu lavozimda ishlaydi. Aytgancha, u biror marta qizil kartochka olmagan, bor-yo'g'i 8 ta sariq kartochka olgan - o'sha paytdagi Angliya Premer-ligasining shiddatkor himoyachisi uchun qoyilmaqom natija.

Paskal SHimbonda (chap qanot himoyachisi) hech qachon top darajadagi futbolchi bo'lmagan. SHu tariqa, SHimoliy Londondagi safarini yakunlagach, avvaliga "Sanderlend", keyinchalik "Blekbern", so'ngra "Kuinz Park Reynjers"ga ko'chib o'tdi. Agar ingliz futbolining ashaddiy muxlislari bo'lmasangiz, uning qolgan klublari haqida deyarli eshitmagansiz: "Donkaster Rovers" va "Karlayl Yunayted". SHimbonda yashil maydondagi faoliyatini 2016 yilda tarqatib yuborilgan va professional maqomdan mahrum qilingan havaskorlar klubi — "Arl-Avinon"da yakunladi.

Aaron Lennon hamon professional darajada, hozirda Premer-liga vakili hisoblangan "Byornli"da to'p suradi. "Manchester Yunayted"ga qarshi o'yinda u etiborga molik gol muallifiga aylandi. "Lids Yunayted" tarbiyalanuvchisi "Tottenxem"da 10 yil o'ynagach, "Everton" va Turkiyaning "Kayserispor" klublarida to'p surdi. Aytgancha, Lennon Premer-liga tarixidagi eng yosh debyutantlardan biriga aylandi: u 16 yoshu 129 kunligida APLdagi ilk uchrashuvini o'tkazdi. Ajablanarlisi shundaki, o'sha kuni "Spurs" aynan "Lids"ga qarshi maydonga chiqqandi.

8 yil davomida "Tottenxem" libosida ter to'kkan Jermeyn Jenas "Aston Villa"da ham, ijara asosida o'ynagan "Nottingem"da ham asosiy tarkib azosiga aylana olmadi. 32 yoshida KPR futbolchisi sanalgan Jermeyn Jenas tizzasidan olgan jarohati tufayli faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Hozirda u BBCda ekspert sifatida ishlaydi.

Dide Zokora "Tottenxem"dan keyin "Sevilya"da o'ynashga muvaffaq bo'ldi, ammo 2011 yilda uning faoliyatida pasayish boshlandi: "Trabzonspor", "Akxisar Belediespor", "Puna Siti", "Nort-Ist Yunayted" (ikkalasi ham Hindiston klubi). Zokora faoliyatini "Semen Padang" (Indoneziya)da yakunladi. Aytgancha, "Sent-Eten"dan "Tottenxem"ga o'tish uchun ivuarlik futbolchi 2006 yilgi jahon chempionatidagi munosib ishtirokidan so'ng uni sotib olmoqchi bo'lgan "Arsenal", "CHelsi" va "Manchester Yunayted" singari klublarning takliflarini rad etgandi.

SHu kungacha o'ynab kelayotgan yana bir futbolchi - Stid Malbrank. Uning "Tottenxem"dan keyingi faoliyati unchalik muvaffaqiyatli bo'lmadi: "Sanderlend" va "Sent-Eten"dagi muvaffaqiyatsiz o'yinlar. Keyinchalik Stid "Lion"ga qaytib, u erda 4 yil klub sharafini himoya qildi hamda Franciyaning quyi divizionlariga sho'ng'ib ketdi: dastlab "Kan", 2017 yildan "SHasle" libosida maydonga tushadi.

Robbi Kin - Britaniya futbolining afsonasi. U Irlandiya terma jamoasida o'yinlar va gollar soni bo'yicha rekordchi hisoblanadi. Ammo uning faoliyatida noxush voqea yuz berdi: 2008 yilda garchi "Tottenxem" rahbariyati bunga qarshi bo'lsa ham, Kin "Liverpul"ga o'tdi, futbolchining "Liverpul"ni sevishi haqida serenadalar kuylay boshlandi. Ammo bir yildan so'ng u o'sha paytda mersisaydliklarni boshqarib kelayotgan Benites bilan til topisha olmagani sababli "shporlar" lageriga qaytdi. "Tottenxem"ga qaytach, darhol sardorlik bog'ichini o'ziniki qildi, biroq oradan ko'p vaqt o'tmay, Krauch uni tarkibdan surib chiqardi, Kin esa ijaraga sayohatini ola boshladi: avvaliga "Seltik", keyin esa "Vest Xem". 2011 yilda u "Los-Anjeles Gelaksi"ga ko'chib o'tdi, ammo ijara asosida yana bir yilni "Aston Villa"da o'tkazdi. Afsonaviy irlandiyalik futbolchi faoliyatini Hindistonning "Atletiko Kalkutta"sida yakunladi. U murabbiylik faoliyatida ham muvaffaqiyat qozona olmadi. Darvoqe, Kin ajoyib karerasiga qaramay, uning Evropadagi yagona sovrini 2008 yilgi Angliya Liga kubogi bo'lib qolgan. SHuningdek, u Edgar Devidsni mashg'ulotlarda nokautga uchratgan, chunki u futbolchilik faoliyatidan oldin bokschi bo'lgan.

Berbatov haqida ko'p malumotlarni bilsangiz kerak. Bolgariyalik forvardning mashhurlik cho'qqisi "Manchester Yunayted"da o'ynagan yillarga to'g'ri keladi, u Fergyuson qo'l ostida ikki marta Angliya chempioni bo'lgan. "Qizil iblislar"dan keyin u "Fulxem", "PAOK", "Monako" va Hindistonning "Kerala Blasters" klublarida to'p surgan. O'sha vaqtdagi "Tottenxem" jamoasining eng nomdor o'yinchisi hatto bolgar filmida bosqinchi rolini o'ynashga muvaffaq bo'lgan.

O'sha o'yinda zaxiradan maydonga tushgan Yunes Kabul, Temu Tainio va Tom Xaddlstounlar "Tottenxem"da o'ynaganidan boshqa narsa bilan maqtana olmaydi. Darvoqe, Xaddlstoun hozirda "Derbi Kaunti" sharafini himoya qiladi.

Jamoa bosh murabbiyi Xuande Ramos bo'lib, u "shporlar"dan tashqari "Elche", "Alkoyano", "Levante", "Logrones", "Barselona B", "Lerida", "Rayo Valekano", "Betis", "Espanol", "Malaga", "Sevilya", "Real", "CSKA" va "Dnepr" klublarini boshqarishga ulgurdi. Hozirda u hech qaerda ishlamayapti, aftidan, u ishlamagan klublar qolmadi.

Umuman olganda, bu yigitlar Drogba, CHex, Terri, Karvalyu, Lempard, Essen va Anelka kabi futbolchilarni o'zida jamlagan "CHelsi"ni qay tariqa mag'lub eta olgani hayratlanarli: dastlab qabul qilib olingan gol, keyinchalik Berbatovning penaltidan hisobni tenglashtirishi hamda qo'shimcha taymlarda Vudgeytning g'alaba goli.

"Tottenxem" muxlislariga jamoasining yana kuboklarni boshi uzra ko'targanining guvohi bo'lish nasib etishini tilab qolaman.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика