So’nggi yangiliklar

15:16Суперлига. ОКМК - "Олимпик": Асосий таркиблар маълум  0 15:15ОФК Чемпионлар лигаси-2. 4-турдан сўнг ғарбий минтақадаги ҳолат  1 14:54ОФК Чемпионлар Лигаси-2. "Чонбук Моторс" - "Селангор": Умар Эшмуродов асосий таркибда  0 14:44"Бетис" "Барселона" ҳимоячисига қизиқмоқда  1 14:19"Локомотив" сўнгги бор Самарқандда "Динамо"ни қачон ютган?  0 13:56"Барселона" XX асрда қайд этган ажойиб бир натижасини яхшилади   1 13:27Артета: "Футболчиларим билан фахрланаман"  1 12:25"Олимпик" бугун тарихий натижа қайд этиши мумкин   2 12:18U-20 Осиё кубогига қуръа ташланди. Ўзбекистон Эрон билан ўйнайди  15 12:04U-20 Осиё кубоги. Ўзбекистонга аввалги мусобақаларда гуруҳда қайси терма жамоалар рақиб бўлган?  3 11:51Луис Энрике: "Натижа адолатли бўлмади. Биз "Атлетико"дан кучлироқ эдик"  4 11:30Катанец нега айнан Адҳамзодани чақирди?  33 11:10Ришарлисон жароҳат сабаб "Тоттенхэм"нинг бўлажак ўйинларини ўтказиб юборади  0 10:45"Манчестер Сити" захира дарвозабони Ортега илк бор Германия термасидан чақирув олди  1 10:24Суперлига. Абрамов бугун собиқ жамоасига қарши, "Олимпик" Олмалиқда меҳмон   0

To'labek Akramov: Biz murabbiy ishiga umuman aralashmaymiz Yangiliklar

To'labek Akramov: Biz murabbiy ishiga umuman aralashmaymiz

Biz "Lokomotiv" klubi bosh direktori o'rinbosari To'labek Akramovdan davralar oralig'idagi tayyorgarlik, tarkibdagi o'zgarishlar, mavsum uchun qo'yilgan vazifalar hususida eksklyuziv intervyu oldik.
SHu kunlarda oliy liga jamoalari ikkinchi davra o'yinlariga tayyorgarlik ko'rishyapti. Davralar oralig'idagi tanaffusdan unumli foydalangan holda klublar o'z tarkiblarini kuchaytirib olishyapti. Nazorat uchrashuvlari orqali jamoaviy o'yin yanada shakllantirilyapti. CHempionlik uchun asosiy davogarlardan biri xisoblangan Toshkentning "Lokomotiv" klubi davralar oralig'idagi yig'inni Avstriyada o'tkazdi. Yig'in doirasida 4ta o'rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Temiryo'lchilar Isroil, Turkiya va BAA klublari bilan nazorat o'yinlarida maydonga tushishdi.

- Jamoamizning Avstriyadagi yig'ini muvaffaqiyatli o'tdi, - deya so'z boshladi T.Akramov.  Yig'in doirasida 4ta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. Ilk o'yinimiz Isroilning "Makkabi Xayfa" klubiga qarshi o'tkazilib, unda jamoamiz 0:2 hisobida yutqazib qo'ydi. Keyingi ikkita bahs Turkiya Superligasi jamoalari bilan tashkil etildi. Avvaliga "Akhisar Belediyaspor"ni Dilshod Rahmatullaevning ikki goli evaziga 2:1 hisobida mag'lub etdik. Keyin esa "Konyaspor" klubi bilan 1:1 hisobida murosaga keldik. Lutfulla To'raev jamoamizning yagona goliga mualliflik qildi. So'nggi o'yinimiz BAAning "Al Ayn" klubi bilan o'tkazildi va unda Sardor Mirzaevning birgina aniq zarbasi evaziga 1:0 hisobida zafar quchdik. Raqib jamoa tarkibida ko'zga ko'ringan mashhur futbolchilar etarlicha edi. Ular bilan o'tkazgan o'yinlarimiz biz uchun faqat foyda bo'ldi. Ana shunday nomdor futbolchilardan biri Yossi Benayundir. Bundan tashqari, Turkiya klublarining tarkibi ham juda kuchli edi. Bu yildan Turkiya Superligasi juda ham kuchayib ketdi. Jamoalar o'z tarkiblariga yulduz futbolchilarni qo'shib olishdi. SHunday ekan, tanlagan raqiblarimizdan ko'nglimiz to'ldi. SHu tariqa jamoamizning Avstriya yig'ini nihoyasiga etdi. SHaroitlarga kelsak, bundan ko'nglimiz to'q. Barchasi yuqori saviyada, alo darajada tashkil etilgan. Evropada bu masalada muammo bo'lmaydi. Umuman olganda, rahbariyat, futbolchilar uchun Avstriya yig'inida nimalar kutilayotgani malum edi. Yodingizda bo'lsa, o'tgan yili ham davralar oralig'idagi tayyorgarlikni aynan Avstriyada, Alp tog'lari bag'rida o'tkazgan edik. Kuniga ikki mahaldan o'tkazilgan mashg'ulotlar ikkinchi davra o'yinlarida o'z samarasini beradi, degan umiddaman. Jismoniy tayyorgarlikka ham katta etibor qaratildi.

- Jamoani tark etgan va aksincha taklif etilgan futbolchilar haqida qanday fikrdasiz? Davralar oralig'idagi selekciyadan qoniqdingizmi?
- Davralar oralig'ida "Navbahor" jamoasidan Mo'ydin Mamazulumov kelib qo'shildi. SHuningdek, Quvaytning "Al Qodisiya" jamoasidan hujumchi Ivan Nagaev ham safimizga kelib qo'shildi. Nagaevning olti oylik ijara shartnoma muddati yakunlandi va u yana "Lokomotiv" ixtiyoriga qaytdi. Jamoadan rasman Alisher SHog'ulomov, Ruslan Koryan va Damir Koyashivechlar ketishdi.



- Milliy terma jamoamizning birinchi raqamli darvozaboni hozir avvalgi holatda emas. SHu manoda, Ignatiy Nesterovning bugungi holati haqida qanday fikrdasiz?
- Jarohati tufayli yil boshida bir nechta tur o'yinlarini o'tkazib yubordi. Lekin Nesterovning nimalarga qodir ekanligini hamma biladi. Ignat ayni paytda sekin-asta avvalgi sport formasini qayta tiklab boryapti. Umid qilamizki, u terma jamoa va klub manfaati yo'lida hali ancha foydasi hamda yordami tegadi. Ishoning, yaqin 10-15 yil ichida O'zbekistondan boshqa bunday  darvozabon chiqmaydi. Bejizga O'zbekiston Professional futbol ligasi kelasi mavsumdan legioner darvozabonlar uchun cheklov elon qilmadi. Barcha yosh toifasidagi terma jamoalarimiz malakali darvozabonlar yo'qligidan aziyat chekmoqda. Menimcha, bu qaror o'z vaqtida va juda to'g'ri qabul qilindi.

- Jamoaning birinchi davradagi o'yinlari haqida nima deya olasiz? Klub rahbariyati birinchi davra yakuni bo'yicha qanday xulosa chiqardi?
- Birinchi davra boshida jamoamiz o'zi istagan futbolni ko'rasata olmadi. Biroq keyin hammasi sekin-asta o'z joyiga tusha boshladi. Ketma-ket g'alabalarni qo'lga kiritdik. Umuman olganda, klub rahbariyatining birinchi davra yakunlaridan ko'ngli to'q. Yo'l qo'yilgan ayrim xato va kamchiliklarni ikkinchi davrada qayta takrorlamaslik oldimizda turgan eng muhim vazifa. Nasib qilsa, bu yil albatta chempion bo'lamiz. Bu maqsadga erishish esa o'z qo'limizda. To'g'ri, qolgan jamoalar ham qarab turishmaydi. Oltin medal uchun keskin kechishini oldindan taxmin qilish qiyin emas. "Paxtakor"dan tashqari, "Nasaf", "Bunyodkor", "Neftchi" jamoalari ham oxirigacha kurashishadi. Kuchli raqobat bo'lishiga qaramay, mavsumni chempion sifatida yakunlamoqchimiz.

- Jamoa ikkinchi davraning uy uchrashuvlarini qaysi stadionda o'tkazadi?
- Ikkinchi davraning dastlabki o'yinlarini TTYMI, Toshkent temiryo'l muhandislari instituti stadionida o'tkazamiz. Sentyabr oyi o'rtalaridan esa TTZ dahasidagi "Lokomotiv" stadioniga ko'chib o'tamiz.

- TTYMI stadionida matbuot uchun sharoitlar unchalik yaxshi emas. Bu holat inobatga olinadimi?
- Bu yil Lokomotiv stadionida OAV hodimlari uchun ishlashga qulay sharoitlar qilindi. Nasib qilsa, kelasi yili TTYMI stadionida ham xuddi shunday sharoitlar yo'lga qo'yiladi. Nafaqat matbuot, balki muxlislar uchun ham qulayliklar yaratiladi. Endi ikkita stadionni ham bir xilda ushlab turish qiyin. Buni bilasiz. SHuning uchun, navbatma-navbat mavjud kamchiliklarni bartaraf qilib kelyapmiz. To'g'ri, siz aytgandek TTYMI stadionida sharoitlar, yaratilgan qulayliklar professional darajada emasdir, lekin maydonning holati O'zbekistondagi eng yaxshisi. Buni bemalol, hech ikkilanishsiz ayta olaman. Bu fikrimga hech kim qarshi chiqmasa kerak.  

- Jamoaning bugungi kundagi moliyaviy holati qanday? Maoshlar bo'yicha birinchi davradan qarzdorlik yo'qmi?
- Hozirda jamoamizning moliyaviy holati yaxshi. Eng muhimi, futbolchilarning bundan ko'ngli to'q. To'g'ri, hamma jamoalarda bo'lgani kabi, bizda ham maoshlarning berilishida biroz cho'zilish holatlari bo'lib qoladi. Lekin berilmay qolmaydi. SHuni aniq ayta olamanki, bugungi kunga kelib birinchi davradan na futbolchilardan va na murabbiylar shtabidan qarzimiz yo'q. Barcha bilan hisob-kitob qilingan.



- Ivan Nagaev ikkinchi davrani "Lokomotiv"da boshlaydimi?
- Nasib qilsa shunday bo'lishi kerak. Nagaevning potenciali yuqori. Faqat undan to'g'ri va unumli foydalanish kerak. Futbolchining o'zi ham o'yinini topib olsa, undan kuchli hujumchi bo'lmaydi. Bemalol terma jamoada ham o'ynashish mumkin. Bu esa faqat uning o'ziga bog'liq.

- Mamazulumov bilan shartnoma imzolanibdi, deb eshitdik. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
- Mamazulumov bilan shartnoma bandlari kelishib olingan. Ammo hali uni ikkinchi davra o'yinlari uchun zayavkadan o'tkazmadik. Futbolchi tibbiy ko'rikdan o'tishi bilan u bilan rasman shartnoma imzolaymiz.

- Mo'ydin Mamazulumov "Lokomotiv" darajasidagi hujumchimikan? Uni jamoada ko'rishni bosh murabbiy xohladimi?
- "Lokomotiv" rahbarlari bosh murabbiy ishiga umuman aralashmaydi. Vadim Abramov Mamazulumovga ishonch bildiryaptimi, demak undan nimadir kutsak bo'ladi. Bejizga futbolchini jamoaga chaqirmaydi. Umuman olganda, ayni paytda O'zbekistonda hujumchilar muammosi kun tartibida turibdi. Avvalgidek taran hujumchilar yo'q.



- Ikkinchi davradan nimalarni kutyapsiz?
- Ikkinchi davradagi har bir tur uchrashuvlari shiddatli o'tishini taxmin qilyapman. Zero, to'rtinchi o'rinni egallagan jamoa ham kelasi mavsumda OCHLda ishtirok etishi mumkin. Yuqorida aytganimdek, chempionlik uchun kurash ham avjiga chiqadi. Davralar oralig'idagi tanaffus chog'ida chempionlik uchun kurash olib boradigan jamoalar o'yinini kuzatib bordim. Jamoalarning niyati jiddiy. Lekin oldindan aytish mumkin, hech bir jamoaga oson bo'lmaydi. Oltin medallar uchun kurash so'nggi turgacha davom etadi va 30-turda chempion nomi aniqlansa, bunday hecham ajablanmayman. Bundan tashqari, oliy ligada jon saqlab qolish uchun ham kurash avjiga chiqadi. Birinchi ligaga tushib ketishni hech kim istamasa kerak. SHaxsan men ikkinchi davra o'yinlari boshlanishini sabrsizlik bilan kutyapman.

- "Lokomotiv"ning o'rinbosalar jamoasi kattalar bilan taqqoslaganda juda ham yomon natija qayd etmoqda...
- Afsuski shunday. Jamoamiz o'rinbosarlari ham ikkinchi davraga qizg'in tayyorgarlik ko'rishyapti. Tegishli xulosalar chiqarildi. O'rinbosarlar jamoasi bilan alohida uchrashib, yaxshigina gaplashib oldik. O'z o'rnida ular ham klub rahbariyatiga vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirish bo'yicha vada berishdi. Ayni paytda o'rinbosarlarimiz safida bir necha nafar yangi futbolchilar ham ko'rikdan o'tmoqda. Yaqin 2-3 yil ichida futbol maktabimizdan ham istedodli yoshlar etishib chiqishiga ishonaman.

  Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика