So’nggi yangiliklar

12:58"Реал" тарихда 20-бор мавсумни дуранг билан бошлади. Улардан нечтасида "Мадрид" чемпион бўла олган?  2 12:35Салоҳ — "1-турлар қироли"  0 12:09Бугун у "Бунёдкор"га қарши  2 11:43"Манчестер Сити" "Олтин тўп"га даъвогар футболчисининг маошини икки баробар оширмоқчи  0 11:15"Барселона" ярим ҳимоячиси жамоадан кетмоқчи  0 10:41Криштиану Роналду фаолиятини қайси клубда якунлаши маълум. У "Ал Насср"дан кетади  14 10:08Sofascore. Кечаги учрашувда Аббосбек Файзуллаевнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  6 09:36"Рома" ёзда етти нафар футболчини сотиб юбормоқчи. Номлар маълум…  8 09:01Мбаппе Ла Лигадаги илк учрашувидан сўнг ўз фикрларини билдириб ўтди  7 08:30ЦСКА бош мураббийи нима сабабдан учрашув сўнггида Аббосбек Файзуллаев ва яна икки нафар футболчини захирага олганини тушунтириб берди  2 08:02Футзал. Бугун терма жамоамиз Францияга қарши баҳс олиб боради  1 07:31Суперлига. Бугун 16-тур баҳслари якунланади  7 07:25А Серия. Биринчи турнинг олтинчи ўйинидаҳам ғолиб номи аниқланмади, "Наполи" сафарда йирик мағлубиятга учради, 1-тур ўйинлари битта саҳифада  7 06:55Қозоғистон чемпионати. "Шахтёр Қарағанда" - "Ордабаси" 2:3, Яшибоев мавсумдаги еттинчи голини урди  2 06:45ЛаЛига. "Мальорка" - "Реал Мадрид" 1:1, Юлдузларга тўла "Реал" ғалаба қозона олмади  3

Temurxo'ja Abduxoliqov – “Muxlis savoli” loyihasi mehmoni! (Batafsil) Yangiliklar

Temurxo'ja Abduxoliqov – “Muxlis savoli” loyihasi mehmoni! (Batafsil)

“Lokomotiv” futbol klubi matbuot xizmati hamda “championat.asia” sayti hamkorligida yo'lga qo'yilgan “Muxlis savoli” loyihasining dastlabki sonini etiboringizga havola etamiz.

Mazkur loyihaning ilk mehmoni sifatida ayni paytda “Loko” to'purari bo'lib turgan Temurxo'ja Abduxoliqovni taklif etdik.

Aytish mumkinki, Temurxo'ja bilan suhbat bir soat-u, qirq daqiqacha davom etib, bu orada men ham, o'zi ham zerikib qolmadik. CHunki futbolchiga juda ko'p va qiziqarli savollarga yuborilgan ekan. Suhbat davomida Abduxoliqov championat.asia sayti hamda Feysbukdagi o'quvchilari, shuningdek “Lokomotiv”ning Instagram va Feysbukdagi o'quvchilari tomonidan yo'llangan bir qator savollarga javob berib o'tdi.

Savol-javoblardan hujumchining Xorvatiyadagi faoliyatidan so'ng nima uchun “Paxtakor”ga emas, “Lokomotiv”ga o'tgani, terma jamoaga nima sababdan chaqirilmayotgani, qolaversa birinchi muhabbati, birinchi maoshi kabi malumotlarga ega bo'lishingiz mumkin.

SHuningdek, suhbat yakunida Temurxo'jaga qaysi savol yoqqani-yu hamda 11-raqamli futbolkasi kimga nasib etganini ham bilib olasiz. SHunday ekan,
intervyuni erinmasdan oxirigacha o'qib chiqishni tavsiya qilamiz.

Xayrulla Xoliqov: – Assalomu Alaykum, hurmatli futbol ishqibozlari, “Lokomotiv” futbol klubi muxlislari hamda “championat.asia” sayti o'quvchilari! “Championat.asia” bilan hamkorlikdagi dastlabki loyihamizni etiboringizga havola etamiz. Bunda “Lokomotiv” hujumchisi Temurxo'ja Abduxoliqov muxlislar tomonidan yo'llangan savollarga javob qaytaradi. Temurxo'ja, avvalambor xush kelibsiz! Savolllrga javob berishga tayyormisiz?
Temurxo'ja Abduxoliqov: – Avvalambor hammaga Assalomu Alaykum! Meni ushbu loyihaga taklif etganingizdan xursandman. Imkon qadar har bir savolga javob berishga harakat qilaman.

X.Xoliqov: – Loyiha shartiga ko'ra, suhbat yakunida siz eng yaxshi savolni aniqlaysiz va savol muallifiga o'z sovg'angizni taqdim etasiz. SHu o'rinda avvalo o'zimning savolim bilan murojaat qilsam. SHundan so'ng saytdagi komentlar, Feysbuk hamda Instagramdan kelgan savollarga o'tamiz. Demak, dastlabki savol quyidagicha: malumki, siz “Lokomotiv” tarkibida ham Osiyo chempionlar ligasi, ham oliy liga va O'zbekiston Kubogi bahslarida ketma-ket gollar urib kelyapsiz. Buning zamirida nima yotibdi deb hisoblaysiz?
T.Abduxoliqov: – Men – hujumchiman, asosiy vazifam esa gol urish. Ozmi-ko'pmi buning uddasidan chiqyapman va gollarim bilan jamoamga foyda keltirayotganimdan xursandman. O'tgan yil “Lokomotiv”ga yangi kelgandim, bu yil esa ancha ko'nikib qoldim. Maydonga tushgan o'yinlarda bor kuch bilan harakat qilyapman va kiritgan gollarim uchun avvalo jamoadoshlarimga minnatdorchlik bildiraman. Endi birinchi davra o'z yakuniga etmoqda, hali oldimizda butunli boshli ikkinchi davra turibdi va bunda ham o'zimni ko'rsatishga intilaman. Buning zamirida nima yotibdi degan savolingizga kelsam, avvalo jamoadoshlarimning yordami deya olaman, lekin yakuniy xulosani baribir yil oxirida chiqaramiz.

X.Xoliqov: – O'tgan yil chempionat yakuniga etganidan so'ng “Lokomotiv”dan ketmoqchi bo'lgan ekansiz, shu rostmi?
T.Abduxoliqov: – O'tgan yil mavsum oxirlarida kam o'yin amaliyotiga ega bo'lgandim, shu bois jamoadan ketish xayolimga kelgani rost. CHunki men zaxirada o'tiradigan yoshda emasman. Qolaversa, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi bilan yangi shartnoma bo'yicha bir qarorga kelmagandik. Ammo yakunda hammasi ijobiy tugadi va shu klubda qolganimdan xursandman.

X.Xoliqov: – Ko'p o'yinlarda ko'ryapmiz, hujumda bir o'zingiz to'p tepasiz. Bu qiyinchilik tug'dirmayaptimi, negaki aksariyat hujumchilar tandem bo'lib o'ynashni xohlashadi?
T.Abduxoliqov: – Albatta, raqibning to'rt nafar himoyachisiga qarshi bir o'zingiz kurash olib borishingiz qiyin. CHunki kamida uchta himoyachi sizni qo'riqlayotgan bo'ladi. Hozir jahon futboli ham shunday bo'lib qoldi, yani jamoalar bir nafar sof hujumchi bilan to'p surishni maqul ko'rishmoqda. To'g'ri, bizning taktikamsiz 4-3-3ga asoslangan, Bikmaev, Jeparov, Mirzaev kabi futbolchilar qanotlardan yordam berishmoqda, lekin murabbiy ko'rsatmasiga binoan “nayzaning uchi” sifatida o'zim o'ynab kelyapman. O'zini professional deb hisoblaydigan futbolchi har qanday taktikaga ko'nikishi kerak.



X.Xoliqov: – Endi esa muxlislar tomonidan yuborilgan savollarga o'tsak. Siz bilan suhbat o'tkazishimiz saytda, Feysbuk va Instagram ijtimoiy tarmog'ida elon qilingach, muxlislar tomonidan ko'plab savollar yuborildi. 100dan ortiq deya bemalol ayta olamiz. Lekin vaqtimiz chegaralangani bois ichidan eng saralarini tanlab olamiz.

Nadirkhuja Yu savoli: – Temurxo'ja men bilan siz aka-ukamizmi?
T.Abduxoliqov: – To'g'risi, shunaqa deb o'ylaydiganlar bor. CHunki ikkalamizning ham ismimizga “xo'ja” qo'shilgan. Endi tug'ishgan aka-uka bo'lmasak-da, Nodirxo'jani aka sifatida ko'raman va hurmat qilaman. Nodirxo'ja akani 2011 yildan beri bilaman, chunki shu yili “Paxtakor”ga o'tganimda, u kishi shu klubda faoliyat yuritardi.

France2016: – Temurxo'ja, Xorvatiyadan qanday taassurotlar qolgan? Hayotingizdagi eng muhim voqea?
T.Abduxoliqov: – Xorvatiyadagi faoliyatimdan o'ziga yarasha iliq taassurotlar qolgan. Men shu mamlakatning eng kuchli klublaridan biri “Xayduk”da to'p tepganimdan faxrlanaman. Ammo bazi sabablarga ko'ra, xorijdagi faoliyatim uzoq cho'zilmadi: jarohat, klubda homiylar o'zgarishi, rahbariyat almashinuvi va boshqa masalalar o'z tasirini o'tkazdi. U erdagi eng muhim voqea sifatida esa gol urganim hamda Xorvatiya chempionatida o'ynagan ilk o'zbek futbolchisi bo'lganimni ayta olaman. SHuningdek, qiziqarli voqealar ham bo'lgan. Safarda “Dinamo” Zagreb bilan o'ynashimiz kerak bo'lganida, jamoamiz ishqibozlarini Zagrebdagi stadionga kiritishmagandi. “Xayduk” muxlislari hech narsadan tap tortmaydigan urushqoq ekanlar. SHunday bo'lganki, ashaddiy fanatlardan biri o'yindan oldin “Xayduk” sport direktoriga telefon qilib, bizlarni stadionga kiritishmayapti, sizlar ham o'yinga chiqmanglar, agar futbolchilar maydonga tushsa Splitga qaytib bormaysizlar deya dag'dag'a qilgan. Natijada biz o'sha o'yinga chiqmaganmiz, jamoamizga esa texnik mag'lubiyat yozilgan.

Tahlil_Tanqid: – Igor Tudor “Yuve” tarkibida kuchli himoyachi bo'lgan. Siz o'ynagan paytda u “Xayduk”ni boshqargandi. Ayting-chi, u qanday murabbiy bo'lgan?
T.Abduxoliqov: – Men u erga borganimda Igor Tudor endi-endi murabbiylik faoliyatini boshlagan ekan. Ammo jamoa uning qo'l ostida yomon o'yin ko'rsatmasdi. Kubok o'yinlarida yarim finalgacha borgandik, chempionatda esa uchinchi o'rinni olgandik. Lekin men ketganimdan so'ng oradan ikki oy o'tib Tudor ham jamoani tark etgandi. Adashmasam, Tudor hozirda Greciyada faoliyat olib bormoqda.

Axbor: – Faoliyatingizdagi eng muhim golni qaysi jamoaga urgansiz?
T.Abduxoliqov: – Faoliyatimdagi eng muhim golni urish hali oldinda deb o'ylayman. Lekin shu paytgacha kiritgan to'plarimni yodga oladigan bo'lsam, “Lokomotiv” safida “Paxtakor” va “Nasaf”ga urgan gollarni ayta olaman. SHuningdek, “Paxtakor” safida “Loko”ga urgan golimni ham muhimlaridan biri deb bilaman. O'shanda 2:1 hisobida g'alaba qozongandik.

jaxa97: – Xorvatiyadagi faoliyatdan so'ng nega sobiq jamoangiz “Paxtakor”ga emas, balki “Lokomotiv” klubiga o'tdingiz? O'shanda “Paxtakor” jamoasidan ham taklif bo'lganmidi?
T.Abduxoliqov: – Ha, “Paxtakor”dan taklif bo'lgandi. Aslida “Paxtakor”ga borib qo'shilishim kerak edi, lekin bir kun qolganda “Lokomotiv”ga o'tganman. Buning ham o'ziga yarasha sabablari bor va buni batafsil aytish shart emas deb o'ylayman. Nima uchun “Paxtakor”ga qaytib bormaganimni klubdagilar juda yaxshi bilishadi.

Navbahor (barsa): – Temurxo'ja, futbolga kirib kelishingizga kim sababchi bo'lgan va oliy ligadagi deyutingiz haqida?
T.Abduxoliqov: – Futbolga kirib kelishimga otam sababchi bo'lgan va hozir ham mening individual murabbiyim hisoblanadilar. Dadam 35 yildan beri murabbiylik sohasida ishlaydi. Oliy ligadagi debyutim 2011 yil “Paxtakor” safida bo'lgan va “Qizilqum”ga qarshi bahsda 2:0 hisobida zafar quchganmiz. O'sha o'yinda ikkinchi golni urgandim.

MuxlisUz: – Temurxo'ja, men sizning avvaldan muxlisingizman. Savol: nimaga sizni terma jamoada ko'rmayapmiz? Buning sabablari bordir? Yoki pul so'rashyaptimi? Menimcha, siz Sergeevdan yaxshiroq hujumchisiz.
T.Abduxoliqov: – Endi pul so'rashyaptimi degan gaplar umuman mantiqqa to'g'ri kelmaydi. To'g'risi, milliy terma jamoaga nima sababdan chaqirilmayotganimni o'zim ham bilmayman va bu savolni kimga bersam ekan deb o'ylab yuribman. Menimcha, bu savol ko'proq terma jamoa bosh murabbiyiga berilgani maqul, chunki futbolchilarni u tanlaydi. Albatta, men ham taklif kutyapman, lekin hozircha bu ish amalga oshmayapti.

megatron: – Qarshining “Nasaf” klubini nega bunchalar yomon ko'rasiz?
T.Abduxoliqov: – Nega endi “Nasaf”ni yomon ko'rishim kerak? Axir u erdagilarning hech biriga nisbatan adovatim bo'lmasa? Maydondan tashqarida hamma bilan bir xil munosabatdaman. Faqat o'yin payti har ikkala jamoa ham yutishga harakat qiladi va bu narsa ehtiroslarni keltirib chiqarishi mumkin. SHu bois bu savol qaerdan keldi, bilmadim endi.

megatron: – O'tgan yil O'zbekiston Kubogining yarim finali “Nasaf” – “Lokomotiv” bahsida qizil kartochka olib maydonni tark etgandingiz. O'shanda hakamga nima degansiz-u va u sizni nima uchun chetlatgan?
T.Abduxoliqov: – O'shanda to'p menda edi va orqamda turgan himoyachi o'zidan o'zi yiqilib tushgandi. To'g'risi, qoidani buzmagandim. O'zi shundog'am 0:2 hisobida imkoniyatni boy berayotgandik, buning ustiga hakam yo'q joydan raqib foydasiga jarima to'pi belgiladi. SHunga qizishib ketib jahl bilan to'pni otib yubordim va bir-ikkita so'z gapirdim. Keyin bosh hakam Hasan Ro'ziev oldimga kelib qizil kartochka ko'rsatdi. Vaholanki, mening qilig'im umuman “qizil”ga tortmasdi.

X.Xoliqov: – O'yindan oldin murabbiy tarkibni elon qildi deylik: faraz qiling, siz asosiy tarkibdasiz, zaxiradasiz, yoki qaydnomadan joy olmadingiz. Mana shu uch holat sizda qanday kechishini aytib bersangiz?
T.Abduxoliqov: – Uchalasi ham uch xil vaziyat. Asosiy tarkibda bo'lsam, shunga yarasha tayyorgarlik ko'raman va ilk daqiqalardan jamoamga yordam berishga harakat qilaman. Zaxirada qolsam, murabbiy meni tushirishini kutaman. Mabodo ro'yxatga umuman kiritilmasam, demak o'z ustimda ko'proq ishlashim kerak deb o'ylayman va keyingi o'yinlarga tayyorgarlik ko'raman.

Bobur yurti Andijon biz sen uchun beramiz jon: – Temurxo'ja, yoshlikda qaysi futbol yulduziga havas qilib, futbolchi bo'lishga qaror qilgansiz? Agar futbolchi bo'lmaganingizda qaysi kasbni tanlagan bo'lardingiz?
T.Abduxoliqov: – Futbolchi bo'lmaganimdami… bilmadim lekin. Bu haqda o'ylab ko'rganman, ammo javob topa olmaganman. Yoshligimda Zidan va braziliyalik Ronaldoning o'yinlariga havas qilardim.

Barcamania_2016: – Maktab davrida sevganmisiz? Birinchi muhabbatingiz va uning ismi?
T.Abduxoliqov: –
Ko'pchilik qatori men ham maktab davrida sevganman. Eshitib hayron qolsangiz kerak, turmush o'rtog'im mening birinchi muhabbatim hisoblanadi. Negaki rafiqam bilan maktabda birga bir sinfda o'qiganmiz.



Farkhod: – Temurxo'ja Abduxoliqov jismoniy tayyorgarlik ustida ko'proq ishlashi kerak. Bunga fikringiz?
T.Abduxoliqov: – To'g'ri, jismoniy tayyorgarlik ustida ko'proq ishlashim kerak, shuningdek texnika ustida ham. Umuman olganda, o'z o'yinimni muntazam yaxshilab borishim uchun har doim o'z ustimda ishlashimga to'g'ri keladi.

UZBEK: – “Nasaf”dagi Bobir Abduxoliqov qarindoshingizmi?
T.Abduxoliqov: – Bu savolni menga ko'p marta berishdi. Mening u bilan qarindoshlik joyim yo'q, shunchaki familiyamiz bir xil. Bobirga futbolchilik faoliyatida omad tilab qolaman.

Qazayaqli_Allaniyazov_o8o8 → 8: – Mashinangizni qancha vaqtda almashtirib turasiz? Birinchi maoshingiz qancha edi va hozir yoningizda qancha pul bor?
T.Abduxoliqov: – Mening birinchi va hozirgi mashinam “Spark”. Sotib olganimdan beri hali almashtirganim yo'q, bunga hojat ham sezmayapman. Futboldagi birinchi maoshim 50 ming so'm bo'lgan va bu pulni uydagilarga olib kelib berganman. To'g'risi, yonimda umuman pulim yo'q.

JAMOLIDDIN1805: – “Bunyodkor”dan “Paxtakor”ga ko'chib o'tish hayotingizda qanchalik burilish yasagan?
T.Abduxoliqov: – Bu o'tish o'ziga yarasha burilish yasagan deya olaman. “Paxtakor”ga kelgach, Osiyo chempionlar ligasida o'ynadim, O'zbekiston chempioni va Kubogi sohibi bo'ldim. Qaysidir manoda faoliyatimda yangi sahifa ochildi.

X.Xoliqov: – Internet kuchayib borayotgan bir davrda yashayapmiz. Temurxo'ja, sizning hayotingizda internet va ijtimoiy tarqmoqlar qanday rol o'ynaydi?
T.Abduxoliqov: – Imkon bo'ldi deguncha yangiliklardan boxabar bo'lishga harakat qilaman. Ijtimoiy tarmoqlarda ko'p ham faol emasman, lekin Feysbukda o'z sahifam bor. Ammo parolni esdan chiqarib qo'yganman, shu bois chiqib ketsam qaytib kirolmayman. Lekin Instagram, Tvitter kabilarni unchalik tushunmayman, shu bois bularda yo'qman. Feysbukda doim “onlayn” turishimning sababi ham shu, parolni esdan chiqarib qo'yganim uchun kun bo'yi yoqilgan turaveradi.

Islom Oxunov: – Bir kuni Jasur Hasanovdan “O'zbekiston qachon jahon chempionatiga chiqadi?” deb so'rashganida, mohir futbolchi “Qachon chiqishini o'zimiz ham kutib turibmiz” deya javob bergandi. Siz bu savolga qanday javob bergan bo'lardingiz?
T.Abduxoliqov: – To'g'risi, bu savolga javob berishim qiyin, chunki milliy terma jamoa tarkibida bir daqiqa bo'lsa ham o'ynamaganman. Qolaversa, hozircha o'zimni terma jamoa azosi deya olmayman. SHu bois bu kabi savollarga terma jamoa rahbarlari, murabbiylar va ko'p o'ynagan futbolchilar javob bergani maqul.

Odil Akhrarov: – Temurxo'ja, Zoyir akam murabbiy bo'lmaganlarida futbolchi bo'larmiding?
T.Abduxoliqov: – Menimcha, bu kishi oilamizni yaqindan bilsalar kerak. CHunki Zoyir aka mening dadam bo'ladilar. Endi futbolchi bo'lishimga baribir oiladagi muhit ham sababchi bo'lgan. Aytishadi-ku, qush uyasida ko'rganini qiladi deb. Ehtimol, dadam murabbiy bo'lmaganlarida men ham futbolchi bo'lmasmidim.



Sarvarbek Bozorboyev: – Oliy ligada hujumchilar muammosi yaqqol seziladi, nega bunday deb o'ylaysiz?
T.Abduxoliqov: – Fikrimcha, yaqqol sezilmasa kerak. Bizda ham Igor Sergeev, Zafar Polvonov misolida yaxshi hujumchilar bor. “Metallurg”da Zohid Abdullaev ham yaxshi o'yin namoyish etyapti. Hozir futbol shunday ko'rinish oldiki, hamma jamoalar bir hujumchi bilan o'ynashga o'tib oldi. Balki shu ham hujumchilarning yarq etib porlamasligiga sabab bo'layotgandir.

Umid Tukhtamboev: – Futbol agentlariga nisbatan fikringiz? Agentingiz bormi?
T.Abduxoliqov: – O'zim taniydigan futbol agentlari bilan munosabatim yaxshi. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaydi deganlaridek, futbol agentlari orasida yaxshilari ham, yomonlari ham bor. Menda ham agent bor, lekin o'rtamizda rasmiy shartnoma tuzilmagan.

Uktam Rajabov: – O'zbekistonda buyuk futbol yulduzlari bor. SHulardan kimga o'xshashga harakat qilasiz?
T.Abduxoliqov: – Menimcha, bizda buyuk futbol yulduzlari yo'q, to'g'ri, yaxshi o'yinchilar, mashhur nomlar bor, ammo buyuk o'yinchilar yo'q deb o'ylayman. Mana shu mashhurlar orasidan Maksim SHackixga havas qilsa arziydi.

Alisher Komilov: – Siz ko'pincha natijasiz yugurasiz va o'yin oxirlariga borib charchab qolasiz. Kamroq yugurib taktik o'ynash samaraliroq emasmi?
T.Abduxoliqov: – CHetdan qaraganda boshqalarga qanday ko'rinadi bilmadim-u, lekin men maydonga tushgandan so'ng bor etiborimni o'yinga qarataman. Albatta, yolg'iz hujumchining to'rt nafar himoyachiga qarshi kurash olib borishi qiyin. Ammo ularni chalg'itish orqali to'p yana sizning jamoangizga tushishi mumkin. SHunda qarshi hujum uchun vaziyat yuzaga keladi. SHuning uchun bazilar bekorga yugurib yuribdi deb o'ylaydi, futbolni ichidan biladiganlar esa bunga to'g'ri munosabatda bo'lishadi.

Shahzoda Gafurova: – Qaysi buyuk futbolchilar bilan bir jamoada o'ynashni xohlagan bo'lardingiz?
T.Abduxoliqov: – Zidan davridagi “Real”da jon deb to'p surgan bo'lardim.



Shahzoda Gafurova: – Odamlardagi qaysi xususiyatni alohida qadrlaysiz?
T.Abduxoliqov: – Xotirjamlik va bosiqliqni.

Charos Tursunova: – Vaqtni orqaga qaytarish imkoni bo'lganida hozirgi hayotingizda nimani o'zgartirgan bo'lardingiz?
T.Abduxoliqov: – Albatta, juda ko'p narsani o'zgartirmasdim. CHunki hozirgacha bo'lgan hayotim davomida jiddiy xatolarga yo'l qo'ymaganman deb o'ylayman, ammo o'yin paytida xatolar bo'lgan va shularni o'zgartirishga harakat qilardim.

Shodieva_Uzb: – Savolim quyidagicha, Sizni Osiyo yoki Evropa klublari o'z safiga qo'shib olsa yaxshimi yoki OCHL finalida “Lokomotiv” jamoasi bilan o'ynaganingiz maqulmi?
T.Abduxoliqov: – To'g'risini aytishim kerak, chetdan takliflar bor, yo'q emas. O'sha Evropadan ham, Osiyodan ham qiziqishlar bo'lyapti. Lekin men boshlab qo'ygan ishini oxirigacha bajaradigan insonlardan biriman. Hozirda “Lokomotiv” bilan yil oxirigacha shartnomam bor, shunday ekan, hozirgi klubim safida o'zimiz ishtirok etayotgan barcha musobaqalarda g'olib chiqishga harakat qilaman.

Hadiyaxon: – Kelajakda qizingizga futbolchidan sovchi kelsa berarmidingiz?
T.Abduxoliqov: – Qiziq savol. Endi hammasi taqdirdan. O'zbek oilalarida bo'lajak kuyov tomon albatta so'raladi, surishtiriladi. Bilmadim endi, bu borada oyisi bilan maslahatlashgan maqul. Men bir o'zim bu masala bo'yicha qaror qabul qila olmayman.

X.Xoliqov: – Temurxo'ja, vaqt topib loyihamizda ishtirok etganingiz uchun rahmat. Vaqtimiz chegaralangani bois hamma savollarni ham bera olmaymiz. Ayting-chi, yuqorida berilgan savollar orasida qaysi biri sizga ko'proq maqul keldi?
T.Abduxoliqov: – Taklif etganingiz uchun sizga rahmat. Muxlislar tomonidan juda ko'p yaxshi savollar yuborilibdi, buning uchun ishqibozlarga alohida tashakkur. Endi qaysi savol menga ko'proq maqul kelgani xususida to'xtaladigan bo'lsam, hozir bittasini tanlasam, boshqalar xafa bo'lib qolishi mumkin. O'zimga qolsa hamma savolni tanlagan bo'lardim. Lekin loyihaning shartiga ko'ra, faqat bitta savolni tanlashim mukin bo'larkan. “Vaqtni orqaga qaytarish mukin bo'lganida, nimani o'zgartirgan bo'lardingiz?” savoli meni ko'proq o'ylantirib qo'ydi. SHuningdek, “Futbolchidan sovchi kelsa qizingizni berarmidingiz?” savoli ham juda qiziq ekan. Ammo meni ko'proq o'ylantirib qo'ygani uchun birinchi savolni eng yaxshi savol sifatida tanlayman.



X.Xoliqov: – Mana loyiha yakunida eng yaxshi savol egasini ham aniqlab oldik. Demak, “Lokomotiv” futbol klubining Feysbuk sahifasidagi o'quvchimiz Charos Tursunova tomonidan berilgan savol Temurxo'ja Abduxoliqovga eng ko'p maqul keldi, shu bois futbolchi 11-raqamli futbolkasini aynan shu o'quvchimizga topshiradi. Biz yuborilgan barcha savollar uchun muxlislarga yana bir bor minnatdorchilik bildiramiz. Charos Tursunovani esa [email protected] elektron pochtasi orqali biz bilan bog'lanishini kutib qolamiz. Etiboringiz uchun rahmat!

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика