Temur Kapadze: Kuchim bor ekan, o'ynashda davom etaman
26 noy 2013 12:39
Yangiliklar
Temur Kapadze: Kuchim bor ekan, o'ynashda davom etaman
Klubning bu muvaffaqiyatida o'zbekistonlik trio - Aleksandr Geynrix, Marat Bikmaev va albatta Temur Kapadzening hissasi katta bo'ldi. To'g'ri, Marat mavsumning katta qismini jarohat olganligi sababli, o'tkazib yubordi. Ammo Sasha va Kopa yaxshigina ter to'kishdi. Temur hatto ayrim o'yinlarda jamoadoshlarini sardor sifatida ham maydonga boshlab tushdi. SHularni inobatga olgan klub rahbariyati terma jamoamiz yarim himoyachisi bilan kelishuvni uzaytirdi. Kelasi yili Aktobe Evropa CHempionlar Ligasida ishtirok etadi. Kapadzening shartnomani uzaytirishida aynan shu omil muhim rol o'ynadi. Yarim himoyachi Toshkentga qaytib kelgach, u bilan uchrashib, bu yilgi mavsum yakunlari, kelajak rejalari va albatta terma jamoa mavzusida suhbatlashdik.
- Temur, avvalo shaxsiy kollekciyangizda yana bir chempionlik unvoni ko'paygani bilan tabriklayman. Ammo oltin medallarni qo'lga kiritish oson kechmadi...
- Albatta. Xuddi O'zbekistonda bo'lgani kabi, Qozog'iston chempionatida ham chempion nomi so'nggi turda aniqlandi. Umuman olganda, butun mavsum davomida faqat bir marotaba 2-o'ringa tushib qolgandik. Qolgan turlarda peshqadamlikni saqlab keldik. Lekin ikki davra o'yinlari yakunlanib, jamoalar ikki guruhga bo'linganidan keyin to'plangan ochkolarning yarmi olib tashlandi. Bu tizimning yomon tomoni shundaki, ochkosi ko'p jamoalarga salbiy tasir o'tkazadi. Ochkosi kam bo'lgan jamoaga bu unchalik tasir qilmaydi. Aktobe 1-bosqichdan so'ng eng yaqin taqibchilarini 10 ochkoga ortda qoldirayotgandi. Teng yarim ochkolar olib tashlanganidan so'ng, tafovut sezilarli darajada qisqarib ketdi. Ordabasiga yutqazganimizdan keyin esa 2-pog'onadagi jamoa bilan farq bor-yo'g'i 3 ochkoga teng bo'lib qoldi. Boshqa tomondan, 2-bosqichda 6ta jamoaning barchasida sovrinli o'rinlar, hatto chempionlik uchun kurashish imkoniyati yuzaga keladi. Bundan esa muxlislar yutishadi. Keyin uchta frontda harakat qilganimiz ham o'z tasirini o'tkazmay qolmadi. Har 3-4 kunda o'yin o'tkazilishi sababli ham jismonan, ham ruhan charchab qoldik. Lekin so'nggi turda qo'lga kiritilgan chempionlikdan so'ng barcha qiyinchiliklar esdan chiqib ketdi. Etiborlisi, o'sha 2-bosqichning 1-davrasida jamoamizni mag'lub etgan Ordabasi so'nggi turda bizni chempionlikdan mahrum qilishi ham mumkin edi. Agar mag'lubiyatga uchraganimizda Ostona bilan ochkolarimiz tenglashib qolardi va chempion nomi Oltin o'yinda aniqlanardi. Bir tur oldin aynan Ostonaga imkoniyatni boy bergandik. Kubokning yarim finalida Tarazga yutqazib qo'ydik. Bu ikki mag'lubiyat futbolchilarning ruhiyatini tushirib yubordi. O'z maydonimizda o'ynayotganimiz uchun muxlislarning bosimi ham tasir o'tkazdi. Bu yoqda rahbariyatning jamoamiz oldiga qo'ygan vazifasi. Qolaversa, Ostona hech narsa yutqazmaydigan o'yinda Ordabasining moddiy jihatdan mukofotlashi haqidagi vadasi mehmonlar o'yinini 360 gradusga o'zgartirib yubordi. Birinchi bo'limdan so'ng hisobda orqada qola boshladik. Uchrashuv yakunlanishiga besh daqiqa qolganda muvozanatni tikladik. Hamma xursand, chunki durang natija ham bizni qoniqtirardi. Lekin oradan ikki daqiqa ham o'tmay, o'z darvozamizdan yana to'p o'tkazib yubordik. Ordabasi futbolchilari xuddi sovrinli o'rinlardan birini egallaydigandek xursand bo'lishdi. Juda katta mukofot vada qilingan shekilli, o'sha kuni Ordabasi futbolchilarini maydonda tanib bo'lmay qoldi. Uncha-buncha murabbiy jamoasini bu kabi uchrashuvga ruhiy tayyorlay olmaydi. Aksiga olib, bizning o'yinimiz umuman qovushmadi. Yuqorida buning sabablarini aytdim. Yaxshiyam, hakam tomonidan qo'shib berilgan so'nggi daqiqada g'ayrioddiy kiritilgan gol evaziga chempionlikka erishdik. Futbolchimizning qiyshiq zarbasi himoyachining oyog'iga tegib, rikoshet usulida darvoza to'ridan joy oldi. SHuncha qarshilik ko'rsatgan mehmonlar oxirida o'zlari istamagan holda bizga yordam berib yuborishdi. SHuncha yil futbolda bo'lib hali bunday yakunga guvoh bo'lmagandim. Rejissyor ham bunday scenariy yoza olmaydi (kuladi).
- Aktobe boshdan baland sakradimi yoki mavsum boshidayoq klub rahbariyati jiddiy maqsadlarni qo'yganmidi?
- O'tgan yili ham jamoamiz oldiga chempionlik vazifasi qo'yilgandi. Lekin Qozog'iston premer-ligasida raqobat kuchayib ketdi. CHempionatning ikki bosqichda o'tkazilishi keskinlikni yanada oshirdi. Umuman oson, o'tkinchi o'yinlar yo'q. Bu yil ham chempionlik, ham kubokni qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgandi. Kubokning yarim finalida Tarazga alamli tarzda mag'lub bo'ldik. Vaholanki, Jambuldagi o'yinda durang o'ynagandik. O'z uyimizda yutqazganimiz hammasidan o'tib tushdi. Lekin finalda baribir kuchli jamoa yutdi. SHaxtyor Qozog'iston kubogi sohibi bo'ldi.
- CHempionlik jamoangiz uchun Evropa CHempionlar Ligasi eshiklarini ochdi. Endi mavsum tadorigi avvalgilaridan farqqilsa kerak?
- Reja bo'yicha 17 dekabr kuni yig'ilamiz. O'n kun davomida tiklanish uchun mo'ljallangan engil mashg'ulotlar o'tkaziladi. Yangi yil bayramidan keyin Turkiyada o'quv-mashg'ulot yig'ini tashkil etiladi.
- Jamoa bilan shartnomani yana bir yilga uzaytirdingiz. Bunda Aktobening ECHLda ishtirok etishi muhim rol o'ynadimi?
- SHunday desa ham bo'ladi. O'zi klub rahbariyati tomonidan shartnomani uzaytirish bo'yicha taklif 1-davradan keyin bildirilgandi. Lekin o'shanda mavsumni qaysi o'rin bilan yakunlashimiz qaror qabul qilishimda muhim omil bo'lishini aytgandim. Qolaversa, boshqa takliflar ham bor edi. Yakunda chempion bo'ldik va vadaga binoan shartnomani yana bir yilga uzaytirdim. Aktobeda meni barcha narsa qoniqtiradi. Moliyaviy jihatdan ham, yaratilgan sharoitlar bo'yicha ham hech qanday muammo yo'q. Keyin Aktobe muxlislari Qozog'istonda birinchi o'rinda turishadi. Buni istalgan jamoa murabbiyi yoki futbolchisi ham tasdiqlaydi. Men ham bunday fidoyi muxlislarni ko'rmaganman. Hammasini umumlashtirib, yana bir yil jamoada qolishga ahd qildim.
- Bir muddat avval sizga Qayrat jamoasidan ham taklif bo'lganligi haqida matbuotda xabar paydo bo'lgandi. SHu rostmi?
- Ha, bu bor gap. Qayrat rahbariyati jamoaning avvalgi shonli davrini yana qaytarishga harakat qilyapti. SHu maqsadda yangi mavsumga jiddiy vazifalar qo'yilar ekan. Bu jamoada tajribali Samat Smakov o'ynayapti. Bu futbolchi bizning klubda to'p surgandi. Bilishimcha, men va Geynrixni Samat murabbiylar shtabiga taklif qilgan. Murabbiylarning o'zlari ham o'zaro o'yinlarimizda harakatlarimizni kuzatishgan. SHu o'rinda bir narsani aytishim kerak, mahalliy muxlislar o'zbekistonlik futbolchilarni ko'proq klublarga olib kelish haqida gapirishadi. Bunda milliy terma jamoamiz ko'rsatayotgan o'yinlar, uning natijalarini o'rnak qilib ko'rsatishadi. Aksincha, Qozog'iston terma jamoasining qoniqarsiz natijalaridan nolishadi. Terma jamoamiz va futbolchilarimiz haqida bildirilgan bunday so'zlarni eshitib xursand bo'lamiz. Keyin jurnalistlari ikki terma jamoa o'ynasa, qay biri g'alaba qozonar ekan, deb ko'p savol berishadi. Bu savolga o'yinning o'zi javob beradi, deyman. Milliy chempionatlarimizni ko'p taqqoslashadi. To'g'ri, Qozog'iston chempionati mablag' va legionerlar evaziga kuchayib boryapti. Bir jamoa etti nafar legionerni ro'yxatdan o'tkazishi mumkin. Ulardan besh nafariga maydonga tushishi uchun ruxsat beriladi. Keyin klublar o'z terma jamoasida o'ynaydigan legioner futbolchilarni taklif qilishyapti. O'rtamiyona klublar tarkibida ham Armaniston, Serbiya, CHexiya kabi davlatlar terma jamoalarida o'ynaydigan futbolchilar bor. Bizda legionerlar limiti 3+1 bo'lgani bilan, bundan hamma jamoalar ham foydalanishmayapti. SHu bois ham, sovrinli o'rinlar uchun kurash asosan 4ta jamoa o'rtasida ketmoqda.
- Bizda 2-3ta jamoani inobatga olmaganda, qolgan klublarimizning futbolchilardan maosh va mukofot pullari bo'yicha qarzlari bor. Bunday muammo qozoq klublarida ham bormi?
- Qozog'istonda sovrinli o'rinlarni egallagan jamoalarda moliyaviy muammolar yo'q. Qolgan klublarda ham u darajada katta qarzdorlik bo'lmasa kerak. Eshitishimcha, klublarning bir-ikki oylik mukofot pullaridan qarzi bor. Lekin bu qarzdorlik jamoaning bo'ynida qolib ketmaydi. Kimga borsang bor, pulini bermaymiz, degan gap yo'q. UEFA bayrog'i ostidagi chempionatlarda talab o'ta jiddiy. Futbolchilarning haq-huquqlari hamisha himoyada. Qarzdor klublarga turli xil sankciyalar qo'llaniladi. Baqoevning Irtish jamoasida shunday moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgandi. Oqibatda federaciya klubdan malum bir ochkolarini olib qo'ydi. Buning natijasida chempionat bronza medallari Qayratga nasib etdi.
- Bikmaev va Geynrixning taqdiri nima bo'ldi? Ular o'z kelajak rejalariga aniqlik kiritib olishdimi?
- Sashaning masalasi hamon so'roq ostida turibdi. Uning transfer huquqi hamon Paxtakor jamoasiga tegishli. O'zi hech narsa qila olmaydi. Hammasi klublarning o'zaro kelishuviga bog'liq. Bikmaev esa 5 oy davomida jarohatini davolash bilan ovora bo'ldi va buning oqibatida mavsumni deyarli o'tkazib yubordi. So'nggi turda maydonga tushgandi, lekin yana jarohati bezovta qilib qoldi. Uning shartnomasi 31 dekabr kuni yakunlanadi. Bilishimcha, Maratni ilk yig'inga chaqirib ko'rishmoqchi. SHundan keyin u bilan kelishuvni uzaytirish yoki uzaytirmaslik borasida bir to'xtamga kelinadi.
- Aktobe kelasi mavsum ECHLda ishtirok etadi. Klub rahbariyati shunga monand tarzda tarkibni kuchaytirishga harakat qilyaptimi?
- Tarkibga ikki nafar Evropa futbolida suyagi qotgan legioner futbolchilarni taklif etish bo'yicha selekciya ishi boshlab yuborilgan. Ularga joy ajratish uchun ikki xorijlik o'yinchimiz transferga qo'yilar ekan. Eng muhimi, bu yilgi mavsumda o'ynagan asosiy tarkib negizini saqlab qolindi. Yana 2-3 nafar tajribali futbolchilar safimizga qo'shilishsa yaxshi bo'lardi. CHunki, mavsum uzoq davom etadi. Qolaversa, kelasi yili ham uchta turnirda ishtirok etamiz. Har uch kunda o'yin o'tkazishga to'g'ri keladi. Bunday murakkab taqvimda zaxira o'rindig'i uzunroq bo'lgan jamoalar deyarli muammoga duch kelishmaydi. Bizda esa bu yil xuddi shunday muammolar ko'zga tashlandi. Deyarli har ikki turning birida jarohat sababli, asosiy tarkib futbolchisini yo'qotaverdik. Agar bunday muammolar bo'lmaganida, chempionlik masalasini muddatidan avval hal qilardik. Boshqa tomondan futbol shunisi bilan ham qiziq-da!
- Temur, qarshi bo'lmasangiz, terma jamoa mavzusida gaplashsak. Vetnam va Gonkong terma jamoalariga qarshi o'tkaziladigan o'yinlarga taklif etildingizu, lekin delegaciya bilan birga safarga uchmadingiz. Bu nima bilan bog'liq?
- Guvohi bo'lganingizdek, mashg'ulotlarda ham ishtirok etmadim. Ochig'i, charchoq alomatlari o'zimga ham sezila boshlangandi. Bir hafta davomida muolajalar oldim. SHu bois, Toshkentdagi mashg'ulotning ilk kuniyoq Mirjalol aka bilan gaplashib, ikki safar o'yiniga bormasligimga kelishib oldik. SHunchaki, sayyoh sifatida borishni o'zimga ep ko'rmadim. Hozir Toshkentdaman va tiklanish muolajalarini davom ettiryapman.
- Vetnam va Gonkong terma jamoalariga qarshi kechgan o'yinlarni tomosha qildingizmi?
- Albatta. Avval ham aytgandim, mehmonda o'ynash birmuncha engilroq. Ayniqsa, Vetnam va Gonkong kabi o'rtamiyona terma jamoalar bilan. Bu kabi jamoalar o'z oldilariga birinchi galda darvozalari daxlsizligini saqlab qolish vazifasini qo'yishadi. Deyarli butun jamoa bo'lib himoyalanishadi. Bunday o'yinlarda hujum qilayotgan jamoaga himoya qo'rg'onini yorib o'tish oson bo'lmaydi. Bu ikki jamoa bilan o'tkazilgan to'rttala o'yinda ham deyarli bir xil manzaraga guvoh bo'ldik. Ochiq futbol o'ynash Vetnam va Gonkong kabi terma jamoalarning yirik mag'lubiyatiga olib keladi.
- Boshlang'ich tarkibda yoshlar maydonga tushirildi va ular ishonchni oqlashdi. Bu borada fikringiz qanday?
- Fikrim faqat ijobiy. Mirjalol aka Iordaniya bilan bo'lgan o'yindan keyingi matbuot anjumanida terma jamoaga yangi qon olib kirish kerak, degan edi. Vetnam bilan bo'lgan bahsda shu jarayon boshlandi. Iskandarov, Rashidov, Sergeev kabi yoshlar asosiy tarkibda maydonga tushirildi va ular tajribali futbolchilar orasida yo'qolib qolishmadi. Sardor va Igor vetnamliklarga qarshi kechgan o'yinda darvozani ishg'ol qilishdi. Terma jamoaga yangi taklif etilgan SHodiev har ikkala uchrashuvda ham o'zini ko'rsatdi. Endi, muxlislarda bu o'zgarishlarni avvalroqqilsa bo'lmasmidi, degan savol tug'ilishi mumkin. Har qanday murabbiy ham birinchi galda natijani o'ylaydi. Klubdagi murabbiylar shunday qilishadiku, terma jamoani asti qo'yavering. Terma jamoa murabbiyiga masuliyat, har tarafdan bosim juda yuqori. U hayot-mamot uchun kechadigan uchrashuvlarda tavakkal qilolmaydi va tajribali, sinalgan futbolchilarga suyanadi. Mana endi yoshlarga ham imkoniyat berish fursati etdi. Oldinda murakkab o'yinlar yo'q. Osiyo kubogi yo'llanmasi qo'lga kiritildi. Avstraliyadagi qita chempionati boshlanishiga bir yarim yilcha vaqt bor. Bu muddat oralig'ida yoshlarni terma jamoaga chaqirib, ularga imkoniyat berish kerak. Buning uchun Terma jamoalar markazi har bir FIFA kuniga o'rtoqlik uchrashuvlari tashkil etib berishi shart. Bu yil aynan o'rtoqlik o'yinlari bizga etishmadi. Menimcha, JCHga chiqa olmaganimizning malum bir sabablaridan biri ham shu. Muhim bahslar oldidan o'rtoqlik uchrashuvlari juda ham zarur. Murabbiy turli klublardan keladigan futbolchilarning o'sha paytdagi holatini faqat shu o'yinlar orqali bilib olishi mumkin.
- Terma jamoadagi kelajak faoliyatingiz haqida ham o'ylab ko'rdingizmi?
- Nafaqaga chiqishga shama qilayotgan bo'lsangiz, menimcha bunga hali ertaroq shekilli. Mana Rayan Giggz, Xaver Zanetti kabi futbolchilar 40 yoshida ham o'ynashyapti. Men endi 32 yoshdaman. Oyoqlarimda kuchim bor ekan, hali o'ynashda davom etaman. Lekin bu yog'iga o'z ustimda yanada ko'proq ishlashimga to'g'ri keladi. Terma jamoaga kimni chaqirishni esa bosh murabbiy hal qiladi.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar