So’nggi yangiliklar

00:47МЮ Мактоминейни АПЛнинг бошқа бир клубига сотмади  0 00:35Кьеза фаолиятини Англияда давом эттиришга яқин турибди  1 00:05"Динамо" Жаҳонгир Ўрозов ва Муҳаммадали Турсуновни ўз таркибига қўшиб олди  0 23:30Жоау Канселунинг кейинги манзили Саудия Арабистони бўладими?  0 22:55Ханс-Дитер Флик: "Ямалнинг оёғи ердан узилмаслиги керак"  1 22:15ОКМК назорат ўйинида "Олимпик"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 21:35Матс Хуммелс Еврокубокларда ўйнайдиган А Серия клубига ўтиши мумкин  0 20:54"Қизилқум" назорат ўйинида "Локомотив U21"га мағлуб бўлди  0 20:31Расман: Стадиондаги муаммо сабаб "Динамо" — "Навбаҳор" учрашуви қолдирилди  51 20:00Де Хеа фаолиятини А Cерияда давом эттирадими?  1 19:39Ана холос! "Рома" ва "Тоттенхэм" собиқ ҳужумчиси 11 йилдан сўнг фаолиятини тиклашга қарор қилди  4 19:13УEФА Суперкубоги ўйинини ким бошқариши маълум  0 18:49Погбанинг акаси Бельгиянинг учинчи лигасида ўйнайди  4 18:25"Бунёдкор" собиқ бош мураббийи Парижда ўғриликка учради  14 18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  3

"Temiryo'lchilar" bilan katta intervyu: Jeparov, Korostichenko va Jaloliddinov Yangiliklar

"Temiryo'lchilar" bilan katta intervyu: Jeparov, Korostichenko va Jaloliddinov

Jasurning qaytishi va "Loko"ning mavsumning ikkinchi qismidagi rejalari haqida gaplashdik.

Superliga ikkinchi davrasi boshlanishi arafasida "Championat.Asia" muxbiri Nikolay Egorichev Toshkentning "Lokomotiv" klubi vakillari: klub sport direktori Server Jeparov, jamoa bosh murabbiyi Denis Korostichenko va "Qayrat"dan qaytgan Jasur Jaloliddinov bilan suhbatlashdi.

Ushbu intervyu orqali siz quyidagilarni bilib olasiz:

- Jasurning "Lokomotiv"ga qaytishida kim tashabbuskorlik qilgan?

- Jeparov klubning yozgi transfer kampaniyasini qanday baholadi?

- Nega Korostichenko Abduxoliqov ketganidan afsusda?

- Mirko Yelichich "Lokomotiv"ga qaytishi rostmi?

- Jaloliddinov "Qayrat"dan ketgandan keyin qaerga ketishi mumkin edi?

- Server qanday qilib avtobiografik asarini yozishga qaror qildi?

Server Jeparov: "Jasur bo'yicha qaror o'zaro kelishgan holda qabul qilindi"

- "Lokomotiv"ning yozgi transfer oynasidagi ishini qanday baholaysiz?

- Bosh murabbiyga kerakli poziciyalarni kuchaytirdik. Bizda markaziy hujumchi bilan muammo bor edi – Mo'min Meliev bilan bu poziciyani yopdik. U eng yaxshi statistikaga ega emas, biroq bu erda ko'p narsa futbolchi o'ynaydigan jamoaga bog'liq. O'ylaymanki, u "Lokomotiv"da o'zini yaxshi ko'rsatadi. Meliev imkon qadar tezroq bizning o'yinimizga, klub falsafasiga va bosh murabbiy talablariga moslashishi uchun hammasini ishga solamiz. 

Ivan Nagaev ham keldi. Melievga to'satdan nimadir bo'lib qolishini inobatga olib, uning variantini ko'rib chiqdik. Nagaev – tajribali futbolchi. U yuqori saviyada o'ynaydi. O'ylaymanki, bizga albatta foyda keltiradi. Qolaversa, klub va shaxsan men qanot himoyachisi bilan shartnoma imzolashni istagandik, shu sababli jamoaga Manuchehr Safarov kelib qo'shildi. U himoyaning o'ng qanotini kuchaytiradi, bizga tezlik qo'shadi.



- Yani chap qanot himoyachisi bilan ham bitim tuzish rejasi bormidi?

- Ha, lekin chap oyoqda o'ynaydigan futbolchilar unchalik ko'p emasligini o'zingiz ham bilasiz. O'ylaymanki, bu poziciyani kuchaytirish kerak va biz buning ustida ishlaymiz. Yig'inimizga Gruziyadan markaziy himoyachi (Irakliy Kamladze – tahr.) ham keldi, ammo bu masalani hozircha ortga surdik, chunki jamoada hozir to'rtta markaziy himoyachi bor. Bu futbolchilar chap qanot himoyasida ham harakat qilishlari mumkin.

- Turopov va Hasanov nima uchun ketishdi?

- Turopov unga bildirgan umidlarimizni oqlamadi. U juda ko'p jarohat olardi. Bosh murabbiy Turopovdan yaxshi o'yin kutgan davrda u o'zini ko'rsata olmadi. Ehtimol, u "Lokomotiv"da uzoq vaqt o'yin amaliyotisiz qolib ketgan yoki umuman futbolga bo'lgan ishtiyoqini yo'qotgandir. Turopovga "Navbahor"dan taklif bor edi, biz u bilan gaplashdik va uning jamoani o'zgartirish istagiga xalaqit bermaslikka qaror qildik.

Hasanov bilan ham xuddi shunday holat kuzatildi. U "Qo'qon-1912"da samarali harakat qilgan. Menimcha, u shunchaki "Lokomotiv"ga moslasha olmadi. Siz poytaxtda o'ynasangiz, butunlay boshqacha futbol o'ynaysiz va boshqa darajada tayyorgarlik ko'rasiz. Poytaxtda hamma narsa allaqachon boshqacha: maydonda ham, undan tashqarida ham. Bu erdagi yigitlar kuchli, siz kurashishingiz va raqobatda g'alaba qozonishingiz kerak. "Lokomotiv"dek klubga kelganda shuni tushunish kerakki, hech kim sizga asosiy takrkibni vada qilmaydi. Men u bilan gaplashdim va uni qolishga ko'ndirishga harakat qildim. Hamma narsa sodir bo'lishi mumkin: yarim yil davomida hech narsa chiqmaydi, keyin esa birdan o'yini ochiladi. Ketish uning tanlovi edi.

- Jaloliddinovni qaytarish tashabbusi kimdan chiqdi?

- Gapni Jasur "Lokomotiv" futbolchisi ekanligidan boshlasak. Biz uni "Qayrat"ga sotib olish huquqi bilan olti oyga ijaraga bergandik. Keyin klubda qiyinchiliklar boshlandi, Qurbon Bekievich ketdi. Jaloliddinovning o'zi ham Berdiev ketayotganini allaqachon anglab, "Lokomotiv"ga qaytishni istadi. Men uni juda yaxshi tushunaman: hammasi siz kutgandek bo'lmasa, o'sha joydan ketib, oilangiz bag'riga, do'stlaringiz oldiga qaytishni istaysiz... "Qayrat" bilan gaplashib, faoliyatini shu erda davom ettirgani yaxshiroq degan qarorga keldik. Jasur bo'yicha qaror o'zaro kelishgan holda qabul qilindi.



- O'zbek libosida siz, Mirjalol Qosimov va Jasur Jaloliddinov kabi ijodkor futbolchilar etishmayotganiga qo'shilasizmi?

- Umuman olganda, bunday futbolchilar nafaqat O'zbekistonda, balki butun dunyoda kam. Barcha go'zallik ulardan keladi. Bunday futbolchilarni bolalar va o'smirlar futbolidan boshlab izlash kerak. Bizda ular albatta bor. Siz ularni kuzatib borishingiz va bazi yomon odatlarga berilmasligini nazorat qilishingiz kerak. 

- Jasurga jismoniy kuch etishmaydi, degan fikr bor. Bunga qo'shilasizmi?

- Jaloliddinov gavdali bo'lmagan futbolchilar toifasiga kiradi. Inesta va Xavi shunday edi. Ular ko'p kurashlarga kirishishi shart emasdi. Jasurning kuchli tomoni texnikada, maydondagi vaziyatga baho bera olishida va kerakli vaqtda pas berishida. Futbolchining kuchi birinchi navbatda uning maydondagi fikrlashi orqali baholanadi. Qolaversa, Jasur endigina 20 yoshda. O'ylaymanki, 23-24 yoshga kelib kuchayadi.

- Sizningcha, Jaloliddinov uchun maydondagi eng maqbul poziciya qaysi?

- Menimcha, u aniq "o'nlik". Agar siz 4-3-3 sxemasida o'ynasangiz, u holda hujumkor insayd. Umuman olganda, menimcha, u "erkin rassom" bo'lishi kerak – to'pni qidirish, bo'sh hududlarni to'ldirish va u erda nimanidir yaratish.

- "Lokomotiv"ning titul homiysi "BMB Group" hisoblanadi. Klubingizdan "BMB" futzal jamoasidagidek yuqori darajadagi transferlarni kutishimiz mumkinmi?

- Umid qilamanki, ular bizga qiziqish bildirib, Superligada sovrinli o'rinlar uchun kurasha oladigan raqobatbardosh jamoa tuzishda yordam berishadi. Buning uchun albatta yaxshi transferlar va kuchli futbolchilar kerak bo'ladi.

- Telegram kanalim obunachilaridan biri sizga quyidagi savolni berishimni so'radi: "Avtobiografiya yozish haqida o'ylayapsizmi? Ko'pchilik sizning qanday qilib Osiyoning eng yaxshi o'yinchilaridan biriga aylanganingiz haqida o'qishga qiziqadi".

- Bu haqda hech kim bilmasdi, lekin hozir kitobim ustida ish olib borilayotganini aytishim mumkin. Yana shuni aytishim mumkinki, u katta ehtimol bilan bir nechta jildlik bo'ladi. Umid qilamanki, odamlar nafaqat tarjimai holni, balki futbolchi Jeparovning O'zbekiston va xorijdagi hayoti qanday kechgani haqida o'qishga qiziqishadi. Qachon chiqishini hozircha bilmayman – hammasi ish qanday kechishiga bog'liq.


Denis Korostichenko: "Bazi xorijlik murabbiylar Superliga darajasiga mos emas"

- Mavsum oldidan jamoa olib borgan ish sizni qoniqtirdimi?

- Ha, albatta. Safimizga qo'shilib, jamoani kuchaytirgan yigitlar bor. Endi bizda hujumchi bor, bu quvontirmasdan qolmaydi. O'rtoqlik o'yinlari yaxshi o'tdi: barcha o'yinchilar xizmatidan foydalanishdi, hammaga deyarli bir xil o'yin vaqtini berishdi. Ikki g'alaba va durang yuklamalar fonida – yaxshi natija.

- Unda nimaga etibor qaratildi – jismoniy holat, jamoaviy harakatlar yoki boshqa narsagami?

- Yig'inning birinchi yarmida jismoniy tayyorgarlik – kuch va chidamlilik bo'yicha ishlandi. Keyin jamoaviy harakatlarni ishlab chiqdik. Yangi kelganlar bizning falsafamizga, o'yinimizga tez moslashib, jamoaga qo'shilib ketishlari uchun ularga alohida etibor qaratishga harakat qildik.



- Ikkinchi davrada jamoa oldiga qanday maqsadlar qo'yilgan?

- Albatta, birinchi davradan unchalik mamnun emasdik. Ko'p o'yinlarda ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin edi. SHu bois, ikkinchi davrada faqat bitta vazifa turibdi – turnir jadvalidagi o'rnimizni yaxshilash.

- Siz uchun qaysi pog'ona qoniqarli bo'lardi?

- Hozir chempionatda jiddiy raqobat bor, yaqqol peshqadam yoki yaqqol autsayder yo'q. Qolaversa, jamoalar ikkinchi davraga qadar kuchayishdi. O'ylaymanki, ushbu mavsumda chempionlik uchun katta kurash bo'ladi – uch, hatto to'rtta jamoa orasida. Bizning o'rinimizga kelsak, menimcha, real qarasak, "Lokomotiv" beshinchi yoki oltinchi o'rinni egallashi mumkin. Muayyan sharoitlarda kuchli to'rtlikka kirish haqida ham o'ylasak bo'ladi. Biroq shaxsan men bu yil yuqori o'rinlar uchun kurashishimizni xohlardim.

- Jasur Jaloliddinovning qaytishi haqida qanday fikrdasiz?

- Jasur "Qayrat"da deyarli o'ynamadi. Vaholanki, u asosiy urg'uni jismoniy tayyorgarlikka qaratuvchi Qurbon Berdiev bilan birga ishlagan. Jasur etarlicha o'yin amaliyotiga ega bo'lmadi, buni Osiyo Kubogi U-23 ko'rsatdi: nazarimda, u Timur Kapadze jamoasida yaxshi saviyada o'ynagan bo'lsa-da, birorta o'yini to'liq o'tkaza olmadi. Hozir u juda yaxshi formada. U "Lokomotiv"ning o'yin uslubini biladi, mavsumoldi o'rtoqlik o'yinlarida biz bilan birga edi, shuning uchun unga moslashish uchun ko'p vaqt kerak bo'lmaydi, deb o'ylayman.

- Boshqa yangi kelganlar haqida nima deya olasiz?

- Manuchehr Safarov juda yaxshi taassurot qoldirmoqda. Yosh, iqtidorli yigit ham himoyada, ham hujumga yaqinroq o'ynay oladi. Menga uning mashg'ulotlarda astoydil ishlashi yoqadi. U barchasiga professional qaraydi. Hujumchi Melievning transferi ikkinchi davraga bo'lgan optimizmimizni oshirdi. U hujum markazida qanday o'ynashni biladi. Oldinda shunday hujumchi borligini bilib o'ynasak, biroz osonroq bo'ladi. Meliev o'z ustida ishlashdan to'xtamasligi kerak, shunda u yaxshi hujumchi bo'lib etishishi mumkin.

Ivan Nagaevga kelsak, uning ahvoli chatoq edi. U deyarli bir yarim yildan beri o'ynamadi, ko'p narsani o'tkazib yubordi, shuning uchun u formaga kirishi kerak. Bu yigit juda aqlli va yaxshi fazilatlarga ega. Umid qilamizki, u ikkinchi davrada bizga ko'p yordam beradi.

- Mavsum boshlangunga qadar Temurxo'ja Abduxoliqov "Lokomotiv"ni tark etganidan afsuslanmaysizmi? U "Qizilqum" safida ko'p gol urmoqda...

- Albatta, u kuchli futbolchi. U ketgani afsuslanarli. Ammo "Qizilqum"da turli vaziyatlar yuzaga keldi va biz uni yozda ortga qaytarishdan umidni uzganimiz yo'q. Temurxo'ja bizga ko'p foyda keltirgan bo'lardi.

- Nima uchun Mikael Sekeyra klubni tark etdi va u bilan aloqada bo'lib turibsizmi?

- Har doim kuchli mutaxassis ekanligini aytib kelganman. U bilan birga ishlash nasib qilganidan xursandman. U oilaviy muammolar tufayli ketdi. Biz aloqadamiz, bazan xabarlashib turamiz. U hamon "Lokomotiv" haqida qayg'uradi va klub bilan bog'liq bo'lgan barcha haqida iliq gapiradi. Imkon topishi bilan hammaga salom yo'llaydi, meni qo'llab-quvvatlaydi.



- Undan maslahat so'rab turasizmi?

- Ha, men unga taktika yoki mashg'ulotlar bo'yicha savol berishim mumkin. Ammo Mikael O'zbekistonda ko'p ishlamagani uchun aniq bir masala bo'yicha yordam bera olmaydi. Bu erda chet elliklar uchun juda qiyin. Sekeyraning o'zi yil oxiriga kelibgina bu erga moaslashganini aytgandi: futbolchilarning mentaliteti, chempionatning o'ziga xos xususiyatlari, qanday ishlash kerak.

Bizda bir yil ichida moslashish oson emas, shuning uchun chet elliklarga ko'proq vaqt berish kerak. Ammo hammaga ham emas. Ayrim xorijlik murabbiylar Superliga darajasiga mos emas.

- Nega?

- Bazilar bu erga kelib, O'zbekiston chempionati juda oson, deb o'ylashadi. Keyin esa Superligada saviyasi yaxshiligi, mahoratli futbolchilar va murabbiylar borligiga ishonch hosil qilishadi. Va keyin ular uchun ham qiyin bo'ladi.

- Mirko Yelichichning "Lokomotiv"ga qaytishi haqida mish-mishlar yuribdi. SHu rostmi o'zi?

- Biz Mirko bilan gaplashdik. U qiyin vaziyatda edi: u koronavirus davrida uyiga, Avstraliyaga uchib ketdi. Jiddiy cheklovlar bor edi – kelish va keyin mamlakatni tark etish qiyin edi. Endilikda u qaytishga tayyor. Mirkoning "Lokomotiv"ga qaytishi va menga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy sifatida yordam berishi haqida og'zaki kelishuv bor. Uning tajribasini hisobga olsak, u boshqa masalalarda yordam berishi mumkin.


Jasur Jaloliddinov: "Menga Evropa klublari ham qiziqish bildirishdi"

- "Lokomotiv"dagi yigitlar sizni qanday kutib olishdi? Moslashuv jarayoni qanday kechmoqda?

- "Lokomotiv" men uchun o'z jamoam sanaladi. Men bu erdan atigi to'rt oy oldin ketgandim. Hamma narsa tanish, shuning uchun menga bu erga moslashish uchun vaqt shart emas.

- Ayni paytdagi sport formangizni qanday baholaysiz?

- O'zimni yaxshi his qilyapman, U-23 Osiyo Kubogidan keyingi formadaman. 100 % tayyor holatdaman.

- Nega "Qayrat"ni tark etishga majbur bo'ldingiz? U erda qolish imkoniyati bormidi?

- "Qayrat" rahbariyati meni qoldirishga urindi, biroq men u erga Qurbon Bekievich Berdiev uchun borgandim. U klubni tark etdi va shuning uchun men "Lokomotiv"ga qaytishga qaror qildim. Mana shu asosiy sabab.



- Berdiev ketmaganida "Qayrat"da qolarmidingiz?

- Ha, shunday deb o'ylayman.

- "Lokomotiv"dan tashqari boshqa klublardan ham takliflar bo'lganmi?

- Gap-so'zlar bo'ldi, lekin aniq bir taklif bo'lganmi, bilmayman. "Lokomotiv" bilan shartnomam bor. Agar men uchun ham, klub uchun ham qulay taklif bo'lsa, gaplashamiz.

- Qaysi davlatlar klublari sizga qiziqish bildirishdi?

- BAA, Qatardan hozirgacha takliflar bor. Bilishimcha, Evropadan ham qiziqish bildirishdi – lekin ular top-jamoalar emas, o'rta darajali klublar.

- Rossiya Premer-ligasidagi faoliyatingiz nega uzoqqa bormadi?

- "Lokomotiv"da yaxshi futbolchilar talaygina va raqobat kuchli edi. Qolaversa, arizaga bor-yo'g'i sakkiz nafar xorijlik futbolchi kiritilishi mumkin edi va men esa to'qqizinchi edim. Ijaraga ketishimga to'g'ri keldi. "Tambov"da nima bo'ldi, rostini aytsam, bilmayman...



- Qurbon Berdiev bilan birga ishlagansiz. Murabbiy sifatida u kishi haqida nima deya olasiz?

- Qurbon Bekievich – juda kuchli murabbiy. Uning qo'l ostida to'p tepish men uchun qiziq edi. U bilan atigi to'rt oy ishlagan bo'lsam ham, undan ko'p narsani o'rgandim. U juda qattiqqo'l murabbiy edi. U-23 Osiyo Kubogida yaxshi o'yin ko'rsatishimda uning katta xizmati bor.

- U bilan aloqalarni saqlab qolganmisiz?

- Ha, biz hali ham aloqadamiz. U kishi "Biz aloqada bo'lib turamiz" deganlar.

- U-23 Osiyo Kubogida g'olib chiqish uchun O'zbekiston olimpiya terma jamoasiga nima etishmadi?

- Menimcha, tajribam etarli emas. Biz yaxshi o'yin ko'rsatdik: hujum qildik, pressing uyushtirdik. G'alaba qozonish uchun hamma narsa bor edi. Ammo tajriba va mahorat etishmadi – Saudiya Arabistoni futbolchilari Olimpiadada ishtirok etishgan. Tarkibimiz ularnikidan yoshroq edi.

- Yaponiya darvozasiga kiritilgan to'p faoliyatingizdagi eng yaxshisimi?

- Yo'q. To'rt yil avval PSJga qarshi o'ynagandik. 0:1 hisobida ortda borayotganimizda, o'yin oxirida jarima zarbasidan gol urdim. Bu ham muhim, ham chiroyli gol edi.




Nikolay Egorichev suhbatlashdi 

SHerzod Nurmatov tarjimasi

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика