Superliganing eng kuchli legioneri kim? (So'rovnoma natijalari)
23 may 2021 14:37
Yangiliklar
Superliganing eng kuchli legioneri kim? (So'rovnoma natijalari)
O'tgan vaqt mobaynida 16 mingdan ziyod o'quvchi so'rovnomada ishtirok etib, o'zlariga maqul variantni tanlashdi.
"Hozirgi kunda Superliganing eng kuchli legioneri kim?" deb nomlangan so'rovnomada qatnashganlarning 62 foizi "Nasaf" yarim himoyachisi Marko Stanoevichga ovoz berishdi. Natijada Marko so'rovnomada birinchi bo'ldi.
Bu borada ikkinchi o'rin "Paxtakor" etakchisi Dragan CHeranga nasib etdi. Serbiyalik futbolchi 26 foiz ovoz to'pladi. Darvoqe CHeran hozircha Superligada 6ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Stanoevich hisobida esa 4ta gol bor.
"Boshqa futbolchi" varianti 6 foiz to'plagan bo'lsa, AGMKdagi Elvin Fortes 4 foiz ovoz bilan futbolchilar orasida uchinchi bo'ldi. SHuningdek "Qizilqum" vakili Elguja Grigalashvili bilan "Mashal" legioneri Samuel Ononivu atigi 1 foizdan to'plashdi.
Ko'rinib turibdiki, ushbu so'rovnomada Marko Stanoevich katta farq bilan o'z hamkasblarini ortda qoldirgan. "Nasaf" legioner tanlashda juda ehtiyot bo'lib ish ko'radigan klublar sirasiga kiradi. Jamoa bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev bu borada doim etti o'lchab bir kesadi. SHu bois ham "Nasaf" yoppasiga xorijliklarni taklif etmaydi, balki chertib-chertib oladi.
Fikrlar