"Superligada yuqori saviyada hakamlik qilinadi. SHomurodov Dzyubadan kuchliroq". Rossiyalik hakam – O'zbekiston, mamlakat futboli va urush haqida
04 iyu 2022 11:50
Yangiliklar
"Superligada yuqori saviyada hakamlik qilinadi. SHomurodov Dzyubadan kuchliroq". Rossiyalik hakam – O'zbekiston, mamlakat futboli va urush haqida
Kuni kecha "Alyo, ref!" (haqiqiy ismi – Anatoliy Sinyaev) telegram kanali asoschisi – Ilya Oblomov O'zbekistonga uchib keldi. U rossiyalik sobiq hakam bo'lib, hakamlik bo'yicha ekspert sanaladi. So'nggi paytlarda u bizga Superliga o'yinlarida yuz bergan bahsli holatlarni eksklyuziv ravishda tahlil qilib bermoqda.
"Championat.asia" muxbiri Nikolay Egorichev u bilan suhbatlashib, ko'plab mavzularni muhokama qildi. Ushbu intervyu orqali quyidagilarni bilib olasiz:
• Nima uchun Anatoliy bir muddat taxallus ostida ishlagan;
• Meyson Maunt ishtirokidagi o'yinni qanday boshqargan;
• Qaysi sabablarga ko'ra professional hakam bo'la olmagan;
• Leonid Sluckiy Anatoliyning tanqidiga qanday munosabat bildirgan;
• Superligadagi hakamlik borasidagi fikri qanday;
• Urush boshlanganidan so'ng uning hayoti qanday o'zgardi;
• Nima uchun u haligacha Dmitriy Tarasovdan minnatdor;
• Kim yaxshiroq – Ravshan Ermatov yoki Sergey Karasyov.
Taxallus, jarohat, yosh Maunt va Tarasovdan yordam
- Bir muddat taxallus ostida ishlagansiz. Sizga nima deb murojaat qilsak bo'ladi – Anatoliy yoki Ilya? Nima uchun o'zingizga taxallus tanlagansiz o'zi?
- Ilya Oblomov – mening sevimli adabiy qahramonim (Ivan Goncharovning "Oblomov" romanidan – tahririyat eslatmasi). U divanda yotib, hayot, dunyo haqida o'ylardi. Men esa o'ziga xos "divan mutaxassisi"man: divandan turib hakamlik bilan bog'liq bazi vaziyatlarni baholayman.
O'z nomimdan yozmasligimning sababi hakamlar davrasida tanishlarim ko'p edi. Kim bilandir birga o'qiganman, kim bilandir esa birga hakamlik qilganman. Rossiyaning Birinchi, Ikkinchi Divizioni va hattoki Premer-ligada ham ishlayotganlar bor. Meni go'yoki "buyurtma bo'yicha" yozyapti, kimnidir oqlayapti yoki aksincha, tanqid qilyapti, deb gapirishlarini xohlamadim.
Taxminan bir yil davomida men Ilya Oblomov sifatida yozdim. Bazilar meni hali ham shunday chaqirishadi, muammo yo'q. Bunga ko'nikib ham qoldim. Bir kuni RPLning bir nechta hakamlari bilan ziddiyatga uchragan Leonid Sluckiy haqida maqola yozdim. Unda men u yolg'on gapirayotganini yozdim. U butunlay noto'g'ri bo'lgan statistik malumotlarni bergandi.
Maqola tezda tarqalib ketdi. Keyin meni "Telesport" veb-saytiga taklif etishdi va futbol bo'limi boshlig'i menga Sluckiy bu maqola haqida bilishini, "adabiy xarakter" bilan bahslashishga tayyor emasligini aytdi – u faqat jonli odamga javob berishga tayyorligini bildirgan. Rahbar o'z nomimdan yozishim kerakligini va buning hech qanday yomon joyi yo'qligini aytdi.
- O'z nomingiz bilan ish boshlaganingizdan keyin biror narsa o'zgardimi?
- Men bunday demagan bo'lardim. Ha, "Alyo, ref!" telegram kanalimni o'qib yurgan, ammo bu kanalni kim yuritishini bilmaydigan tanishlarim bor edi. Ular, albatta, hayratda qolishdi. Biroq umuman olganda, hamma qo'llab-quvvatladi, men ko'plab hakamlar bilan yaxshi munosabatdaman. Hatto ilgari tanimagan hakamlarim bilan ham tanishdim. Men hammasi bilan suhbatlashib, bazi vaziyatlarni muhokama qila olaman.
- O'zingiz haqingizda qisqacha gapirib bersangiz: qaerda o'qigansiz, qaysi uchrashuvlarda hakamlik qilgansiz?
- "Futbol hakami" markazida tahsil olganman. Bu, ehtimol, Rossiyadagi eng yaxshi hakamlik maktabi. O'shanda uni Andrey Dmitrievich Budogosskiy boshqargan, afsuski, u hozir yomon ahvolda – operaciyadan keyin deyarli o'rnidan tura olmay qolgan. Bu maktab Rossiyaga Sergey Karasyov, Aleksey Eskov, Evgeniy Turbin kabi hakamlar va assistentlarni berdi. Aslida hakamlar ko'p, faqat kimnidir unutib qo'yishdan qo'rqyapman. Men, nazarimda, tartib bilan sanasak, o'ninchi avlod bitiruvchisiman, Karasyov birinchisi bo'lgan.
U erda to'rt yil o'qidim va bir vaqtning o'zida hakamlik qildim. Meni moskvalik hakamlar brigadasiga tayinlashdi. Hamma kabi bolalar futbolidan boshladim: dastlab yon hakam edim, keyin bosh hakamlikka o'tdim. Keyinchalik KFK (Rossiyaning uchinchi divizioni – tahr.)da ishladim, "Istedodlar va murabbiylar" dasturida qatnashdim. SHundan keyin yuqoriga qadam qo'yish vaqti keldi.
Hammasi juda yaxshi ketayotgandi. Xalqaro turnirlarda ishlay boshladim, Samarada hatto Meyson Maunt ishtirokidagi bahsda hakamlik qildim – u "CHelsi" yoshlar jamoasi bilan kelgandi. O'shanda 13 yoki 14 yoshda edi. Nataniel CHaloba kabi boshqa yosh yulduzlar ham bor edi, u ham "CHelsi"ning asosiy jamoasida o'ynagan. Har xil hakamlar, nazoratchilar ishimni kuzatishdi. Ular kelajagim borligini va men bemalol professional futbolga kirishim mumkinligini takidlashdi.
- Keyin nima bo'ldi?
- Afsuski, chempionatlardan birida jarohat oldim. Adashmasam, 2014 yil edi. Bu chempionatning so'nggi o'yinida sodir bo'ldi. Tizzam bilan bog'liq muammolar kuzatildi: MRT qayg'uli natijani ko'rsatdi, shifokorlar turli tashxislarni qo'yishdi va turli xil davolash usullarini taklif qilishdi.
Uzoq vaqt davolandim - taxminan bir yil. Umuman yugurmadim, bu vaqt ichida ortiqcha vazn to'pladim va normativlarni topshira olmay qoldim. Keyin taxminan bir yarim yil davomida hakamlik qildim, avvalgi darajamga qaytishga harakat qildim, ammo hakamlikda buni qilish juda mushkul. Jarohat olganingizda, siz orqaga qaytasiz va hamma narsani qaytadan boshlashingiz kerak: yana bolalar futboli, KFK va hokazo.
Ha, yoshlar jamoalari chempionatida bosh hakam yordamchisi edim. Hozir Rossiyada uni YUFL bilan solishtirish mumkin. Bu darajada biroz ishladim, Ikkinchi divizionga o'tishim mumkin edi, lekin bu ish bermadi. Keyin asosiy ish paydo bo'ldi va men hakamlikka ko'p vaqt ajrata olmasdim.
- Qanday qilib tizzangizdan jarohat oldingiz?
- Yuklamalar ko'payib ketishi ortidan shunday bo'ldi. Men o'zimni yaxshi his qilayotgandim, o'yindan keyin uyga qaytdim, lekin ertalab tizzam qovundek edi. Kecha CHorsuda sotib olganim kabi. Biroz vaqt o'tgach, shish pasaydi, dorilar bilan davolashga urindim...
Oxir-oqibat, operaciya qildirishga to'g'ri keldi. SHundan so'ng futbolga qayta olmadim. Aytgancha, bu rus hakamligidagi muammolardan birini ochib beradi: ko'plab istedodli hakamlar (garchi men o'zimni super istedodli deb aytmagan bo'lardim), jarohat olganlarida, barcha muammolarini o'zlari hal qilishga majbur bo'lishadi va bunda ularga hech kim yordam bermaydi. Lekin, xayriyatki, taniqli futbolchi Dmitriy Tarasov menga ko'mak berdi. Men unga Instagram'da yozdim, vaziyatni tushuntirdim. U menga Moskvaning "Lokomotiv" klubi shifokori bilan bog'lanib, tiklanishimga ko'maklashdi. Mendan hech kim pul olmadi. Men bu voqeani hech qaerda reklama qilmaganman, Tarasov ham. U shunchaki beparpo bo'la olmadi.
Telegram, "Match TV", O'zbekiston va Superligadagi hakamlik
- Nega o'z Telegram kanalingizni ochishga va hakamlik bo'yicha ekspert bo'lishga qaror qildingiz?
- Hakamlik qilganingizdan so'ng futbolni muxlisdek ko'ra olmaysiz. Manzara butunlay boshqacha: maydonda hakamni qidirasiz, uning poziciyasiga baho berasiz, to'p uzatilayotganda ofsayd bor yoki yo'qligini darhol aniqlaysiz. Bu tajriba orqali orttiriladi – agar ko'p yillar davomida hakamlik qilgan bo'lsangiz. Mavsum uchun 100-120 ta o'yin to'g'ri kelishi mumkin. Yoshlar darajasida bo'lsa ham, bu juda ko'p.
2019 yilda Vetnamga ishlash uchun ketdim va u erda rus tilidan dars berdim. Yuklama Moskvadagiga qaraganda ancha kam va bo'sh vaqtim ko'proq edi. Men futbol, tennis o'ynardim va boshqa narsalar bilan shug'ullanardim. O'rta maktabda esa har hafta chiqadigan "Futbol" nashrida jurnalist bo'lib ishlaganman. Maqolalar yozib turardim, allaqachon jurnalistik tajribam bor edi. SHuning uchun men u erga qaytishga harakat qilishim mumkin degan fikr uzoq vaqt davomida miyamda turdi.
SHunday qilib, "Total Football" jurnali sobiq bosh muharriri Nikolay Roganovni topdim. U o'zining jurnalistika kursiga birinchi guruhni yig'ayotgandi. Bu 2020 yilning yozi edi, koronavirus tufayli bizga Rossiyaga borishga ruxsat berilmadi va shu bois aytarli hech narsa qilmayotgandim. Nikolay menga nimani yaxshi bilsam, shu haqda maqola yozishni topshirdi. U mening sobiq hakam ekanligimni bilgach, bu mukammal reja ekanligini aytdi. Keyin hammasi butunlay o'zgarib ketdi, mana ikki yildan beri hakamlik haqida yozyapman.
- Sizdan qanchalik tez-tez sharhlar so'rashadi va kimlar bilan hamkorlik qilib kelyapsiz?
- Bir muddat "Sport 24" saytida ishladim. Ular meni darhol ishga jalb qilishdi – 2020 yilning yozida men kanal yaratdim va avgust-sentyabr oylarida ish boshladim. Keyin meni to'laqonli jurnalist sifatida "Telesport"ga jalb qilishdi. Qishda u erdan ketdim, chunki asosiy ishim bilan juda band edim. Menga Telegram'da yozish ancha oson: hech qanday cheklov yo'q, erkinlik bor, shu sababli iqtiboslar ko'payib ketdi. "Match TV" sharhlovchilari vaqti-vaqti bilan mening kanalimni o'qib, undan iqtibos keltirishadi. So'nggi paytlarda "Championat.asia" bilan hamkorlik qilib kelyapman.
- Superliga o'yinlaridagi hakamlik borasida bir qancha sharhlar yozdingiz. O'zbekistonlik hakamlarning tayyorgarlik darajasi haqida qanday fikrdasiz?
- O'zbekistonda hakamlar odamlar o'ylaganchalik emas. Malakali hakamlar talaygina. Ko'pincha shunday bo'ladi: minuslarni o'zimizdan, futbolimizdan qidiramiz. Garchi Sergey Karasyov Jahon chempionatida oltita o'yin o'tkazib, UEFA Superkubogini yaxshi saviyada boshqargan bo'lsa-da, Rossiyada ham shunday.
Superligada ancha yuqori saviyada hakamlik qilinadi. Ha, shunday vaziyatlar bo'ldiki, VAR negadir vaziyatga aralashmadi. Ayrim epizodlarda hakamlar nima uchun u yoki bu qaror qabul qilganini haqiqatdan ham tushunmadim. Ammo bunaqasi Rossiyada ham uchrab turadi, bu inson omili. Ko'pincha hakamlar bitta epizod bo'yicha bir xil nuqtai nazarga ega emaslar. Demak, o'zbek hakamlari zamonaviy talqinlar va FIFAning barcha tavsiyalaridan xabardor.
- O'zbek futboli haqida nimalarni bilasiz? Balki bazi futbolchilar yoki mahalliy klublar haqida biror narsa eshitgandirsiz?
- Oz-moz bilaman. "Paxtakor" ko'p karra chempionligini bolaligimdan eslayman. Hozir bu qanchalik dolzarbligini bilmayman. Rivaldo O'zbekistonga kelib, "Bunyodkor"da o'ynagan davr bo'ldi. O'z-o'zidan Odil Ahmedov va Eldor SHomurodovni yaxshi bilaman. O'zbekistonliklar futbolni juda yaxshi ko'rishlaridan ham xabardorman. Moskvada SHomurodovning bitta ham o'yinini o'tkazib yubormaslikka harakat qilgan va har o'yindan keyin uning oldiga borib yurgan o'zbek do'stim bor. U hatto uning liboslari butun to'plamini to'plagan.
- O'zbekistonga nima uchun keldingiz va bu erda qancha vaqt qolasiz?
- Men sayohat qilishni juda yaxshi ko'raman. O'zbekiston – mening o'ttizinchi davlatim. SHu kunlarda 30 yoshga to'lishim ramziy manoga ega. Ko'p joylarda bo'lganman, asosan Evropada, lekin hozir u erga borishning iloji yo'q. Men uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoni ko'rishni xohlardim, be erdagi mahalliy madaniyat menga juda yoqadi. Vetnamda ikki yil yashaganman. Umuman, O'zbekistonga borish g'oyasi otamga tegishli: u 1980 yillar oxirida harbiy xizmatni o'taganda o'zbek xizmatdoshlari ko'p bo'lgan. Ular bilan uchrashmoqchi edi, ammo unga ishidan ruxsat berishmadi. SHu bois, O'zbekistonga onam va rafiqam bilan keldim.
Biz 10 kunga keldik. Toshkentda uch kun bo'lamiz, shundan so'ng Zominga, u erdan esa Samarqand va Buxoroga boramiz. O'zbekiston bilan birinchi tanishuv uchun juda klassik marshrut.
- Toshkent haqida nima deysiz? Qaerlarda bo'ldingiz?
- Bugun Toshkent viloyatiga, CHimyon va CHorvoqqa yo'l olamiz. SHahar markazida bo'lib, bog'larda sayr qildik. Teleminora yaqinidagi palov markaziga kirdik. Insonlar do'stona, ochiqko'ngil va O'zbekistonga bunday turistik qiziqish borligidan juda xursandman.
Aytgancha, men bu erda rasm sotib oldim. U o'ralgan holatda, shuning uchun ko'rsatolmayman. Unda SHarq manzaralari aks etgan tungi karvon bor. Rassomning ismi Jamshid CHorshanbiev, uning ukasi va otasi bilan suhbatlashdim. Ular o'ziga xos rassomlar sulolasi ekan.
"Ketish uchun variantlar bor, lekin men Rossiyani tark etishni xohlamayman"
- 24 fevral kuni qaerda edingiz?
- Erta tongda uyg'ondim, o'shanda Abu-Dabida edim. Men u erdan Moskvaga erta parvoz qildim. Telegram'ni o'qib, bu xabardan dahshatga tushdim. Narsalarimni yig'dim va aeroportga bordim. U erda ikki kishi navbatda turgan ekan: biri Moskvaga, ikkinchisi Kievga uchishi kerak. Biz ukrainaliklar bilan yonma-yon turibmiz, bir-birimizga qarab, nima qilish kerakligini, bu vaziyatda o'zimizni qanday tutishimiz kerakligini tushunmadik.
Kim nima desa desin, lekin biz deyarli bir xil odamlarmiz. Bizning madaniyatimiz o'xshash, bir xil tilda gapirmasak-da, juda o'xshash tillarda gaplashamiz. Filolog sifatida aytishim mumkinki, XV asrgacha eski rus tilining rus, ukrain va belarus tillariga bo'linishi yo'q edi. Bu turli dialektlar, lekin hamma bir-birini tushungan va hali ham tushunadi.
Oxir-oqibat, reysimiz bekor qilindi. Ular hatto osmon ikki hafta davomida butunlay yopilishini aytishdi, ammo o'sha kuni kechqurun qiyinchilik bilan Dubaydan uchib ketishga muvaffaq bo'ldik.
- O'shandan keyin hayotingiz qay darajada o'zgardi?
- Xotinim bilan maktabda ishlaymiz, rus tilidan dars beramiz, shuning uchun maoshimiz deyarli o'zgarmadi. Yaxshiyamki, Kievdagi qarindoshlarimizni yo'qotmadik.
Men va oilam buyog'iga qaerda va qanday yashash bo'yicha jiddiy bosh qotiryapmiz. Hozircha hech narsa aniq emas. Ketish variantlari bor, lekin Rossiyani tark etishni xohlamayman. Men o'z vatanimni sevaman, u erda tug'ilib o'sganman. Rossiyada mening oilam, qarindoshlarim, do'stlarim, sevimli joylarim mavjud. SHuning uchun biz shunchaki yashab, bularning barchasi tez orada tugashiga umid qilmoqdamiz.
- Daromadingiz borasida aytib bersangiz...
- Deyarli barcha daromad maktabdagi ishimdan topiladi. Telegram kanalim tufayli repetitorlikdan voz kechdim. Reklama takliflari juda kam uchraydi. O'ylaymanki, bu avvaliga hammaga rad javobini berganim bilan bog'liq: men umuman reklama chiqarishni istamadim, faqat rivojlanmoqchi edim. Endi biz o'yin qoidalariga muvofiq o'quv loyihamizni qurmoqdamiz. Birinchi sinov suhbati allaqachon o'tdi. Avgust oyining oxiriga kelib, to'liq kursni yo'lga qo'yamiz, degan umiddaman. Darvoqe, u erda FIFA referisi Sergey Lapochkin maruzachi bo'ladi. U ulkan tajribaga ega. Menimcha, uning gapiradigan narsalari ko'p.
Umuman olganda, men kanal uchun topganimdan ko'ra ko'proq pul sarflayapman. Qo'l ostimda dizayner, YouTube videomontajchisi bor. Biz yaqinda Lapochkin bilan suhbat yozib oldik – bu taxminan 300 dollarga tushdi.
- Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
- Hozirgi sharoitda nimanidir rejalashtirish qiyin. Kelgusi o'quv yilida maktabda ishlayman. Mening beshta guruh 11-sinf bitiruvchim bor, ularni tashlab ketolmayman. Bu mening maktabda ishlayotgan o'ninchi yilim bo'ladi. Kurs ochib, undan pul ishlasam, yaxshi bo'lardi.
Biz nafaqat o'yin qoidalari haqida gapirmoqchimiz. Bu hakamlar uchun ham, ayrim muxlislar uchun ham qiziq bo'lishi mumkin. Masalan, hakam qanday yashashi haqida gapiramiz: u o'yindan besh kun oldin, uch kun oldin, o'yindan bir kun oldin, undan keyin nima qiladi. Umuman olganda, juda kam odam biladigan barcha nozikliklarni ochamiz. Umuman, qanday qilib hakam bo'lish kerak, buning uchun qanday bosqichlardan o'tish kerakligi xususida to'xtalamiz. Umid qilamanki, kurs muvaffaqiyatli o'tadi, chunki u ustida katta jamoa ishlamoqda: sobiq va hozirgi hakamlar, jumladan, Sergey Lapochkin, shuningdek, dizaynerlar va boshqa odamlar.
Blic
- Intervyu paytida Dud bilan o'xshashlikdan uzoqlasholmaymiz. SHuning uchun blic-savollarga navbat beramiz.
- Eldor SHomurodov yoki Artyom Dzyuba?
- SHomurodov, chunki u ajoyib hujumchi. Dzyuba futbol o'ynashni biladi, lekin u shaxs sifatida meni hayratda qoldirmaydi.
- Ravshan Ermatov yoki Sergey Karasyov?
- Menimcha, bu eng qiyin savol. Ikkisi ham juda zo'r. Albatta, Ermatov xalqaro standartlar bo'yicha yuqoriroqda turadi. Men u bilan intervyu tashkillashtirish uchun yana O'zbekistonga uchib kelishga tayyorman. Hakamlik qilgan damlarimda bizga Ermatov ishini o'rnak qilib ko'rsatishardi.
Biroq Karasyov ham hurmatga loyiq. U UEFA Superkubogini boshqargan yagona rossiyalik hakamdir. Unda CHempionlar Ligasi yoki Evropa Ligasi finaliga tayinlanish uchun barcha imkoniyatlar bor edi. Hozirda, afsuski, u Evropada hakamlik qila olmaydi.
- Odil Ahmedov yoki Igor Denisov?
- Denisov. Ahmedov, nazarimda, ko'proq texnik futbolchi edi, u ko'proq ijod qilardi. Denisov o'z avlodining eng yaxshi o'yinchilaridan biri, u maydon markazida hamma narsani "kemirardi". U qayta tiklangan "Lokomotiv"ga kelib, uni chempion qilgandi.
- Palov yoki borsh?
- Palov. Menga palov yoqadi, hatto Rossiyada ham. Mahalliy palov ikki barobar yaxshi. Ikki xil palovni tatib ko'rdim – to'y oshi va choyxona oshi. Juda mazali.
- Rossiya terma jamoasi yoki Ukraina terma jamoasi (sof futbol nuqtai nazaridan)?
- Bu savolga javob berish men uchun qiyin, chunki Ukraina terma jamoasi ishtirokidagi o'yinlarni anchadan beri ko'rganim yo'q. SHu bilan birga, Rossiya terma jamoasining o'yinidan qoyil qoldim demayman. Aytganimdek, biz futbolimizni tez-tez tanqid qilamiz. Ammo Ukraina terma jamoasida Evropa darajasidagi futbolchilar ko'proq.
- +40 darajadagi issiq yoki sovuq va qorli ob-havo?
- 640 darajadagi issiq, chunki sovuq va qor – bu dahshat. Siz biror joyga jo'nashdan yarim soat oldin uydan chiqishingiz, mashina yonidagi qorni kurashingiz va uni qizdirishingiz lozim. Vetnamda ikki yil yashadim va u erda hamma narsa menga yoqdi. Agar Vetnam Rossiyaga biroz yaqinroq bo'lganida, u erga qaytib ketgan bo'lardim. Men issiqqa yaxshiroq dosh beraman.
- Sayyoramizning sevimli maskanlari?
- Moskva. Bu mutlaqo hamma narsa bo'yicha Rossiyadagi eng yaxshi shahar. Ha, Moskva shovqinli va katta, ammo infratuzilma bo'yicha Evropada hech kimdan kam emas. Men Vetnamni ham ajratib ko'rsataman – juda go'zal joy, bitta joyni ajrata olmayman. Albatta, Parij. Agar shunday imkoniyat bo'lsa, har yili u erga qaytishga tayyorman. Oxirida Budapeshtni ham qo'shaman.
- O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqqanida necha yoshda bo'lasiz?
- Navbatdagi Jahon chempionati 2026 yilda bo'ladi – demak, 34 yoshda. Hozir "Championat.asia" bilan hamkorlik qilayotganimni hisobga olsak, O'zbekiston terma jamoasining natijalarini kuzatib boraman. Omad tilayman! Umid qilamanki, O'zbekiston keyingi Jahon chempionatiga chiqadi.
Nikolay Egorichev suhbatlashdi
SHerzod Nurmatov tarjimasi
Fikrlar