So’nggi yangiliklar

02:28Ла Лига. "Реал Мадрид" Мбаппенинг дубли эвазига "Бетис"ни мағлубиятга учратди  40 01:50Лига 1. ПСЖ меҳмонда "Лилль"ни мағлуб этди  1 01:46Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" Истанбулда "Бешиктош"га мағлуб бўлди, Турғунбоев эса...  4 01:42А Серия. "Ювентус" ва "Рома" ўртасидаги ўйинда ҳисоб очилмади, Шомуродов 82-дақиқада ўйинга қўшилди  23 01:25"Ман Сити" ўйинчисини "Бенфика"га ижарага берди  1 00:11Тен Хаг "Ливерпуль" (0:3)дан учралган мағлубиятдан сўнг нималар деди?  7 23:19Бир-икки, бир-икки...  8 22:40АПЛ. 3-турнинг марказий учрашувида Салаҳ ва Диас "Манчестер"ни "ёндиришди"  14 22:26Бундеслига. "Бавария" ўз уйида "Фрайбург"ни қийинчиликсиз таслим этди  3 22:25Лига 1. "Монако" - "Ланс" 1:1, Ҳусанов Минамино ва Балогунга қарши  4 22:09Ўзбекистон U-20 жамоаси Хитойдаги мусобақага йўл олмоқда. Сафар олдидан видео репортаж  2 21:55АПЛ. "Ливерпуль" "Олд Траффорд"да "Манчестер Юнайтед"ни йирик ҳисобда мағлуб этди  67 21:33"Спартак" Туркия терма жамоаси футболчиси учун саккиз миллион евро таклиф қилди  2 21:03КХДРнинг ёпиқ ўтган машғулотидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  8 20:10ҚПЛ. "Қайрат" — "Астана" ўйини тақдирини 84-дақиқадаги гол ҳал қилди, Йўлдошев эса...  2

Superliga va Pro-liga matbuot kotiblariga savol: Ayni damda O'zbekistonda Ravshan Ermatov darajasiga etishi mumkin bo'lgan hakamlar bormi? Yangiliklar

Superliga va Pro-liga matbuot kotiblariga savol: Ayni damda O'zbekistonda Ravshan Ermatov darajasiga etishi mumkin bo'lgan hakamlar bormi?

Bugun O'FA birinchi vice-prezidenti, MOQ raisining birinchi o'rinbosari, Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami Ravshan Ermatovning tavallud kuni.

Ravshan Sayfiddinovich jahon chempionatlari tarixida eng ko'p o'yinni boshqargan hakam hisoblanadi. Xo'sh, bugun yurtimizda Ravshan Ermatov darajasiga eta oladigan hakamlar etishib chiqayaptimi? Bu borada jurnalistlarning fikri qanday? SHu munosabat bilan biz futbolga eng yaqin bo'lgan kasb egalari - Superliga va Pro-liga matbuot kotiblariga savol bilan yuzlandik.

- Bilasiz, bugun Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami Ravshan Ermatov o'z tavallud ayyomini nishonlamoqda. Sizning fikringizcha, O'zbekistonda ayni damda Ravshan Sayfiddinovich darajasiga etishi mumkin bo'lgan hakamlar bormi?



Akramjon Mamadaliev, “Qo'qon-1912" matbuot kotibi: - "Ravshan Ermatov duyoning eng yaxshi hakamlaridan biri. Ermatov go'yoki hakam bo'lish uchun tug'ilgandek. Unda tug'ma istedod, noyob qobiliyat bor. Hozir hakamlik qilib turgan hakamlardan Ilgiz Tantashevda boshqalarga nisbatan ancha qatiyatlik bor. Ravshan Ermatovdek bo'lish uchun manimcha hohish va mehnatdan tashqari tug'ma qobiliyat ham kerak deb o'ylayman. Ermatov boshqargan Osiyo chempionatlaridagi , OCHLdagi va milliy birinchiligimizdagi juda ko'p o'yinlarni stadiondan bevosita kuzatganman. O'yindan keyin Ermatovdan jiddiy kamchilik topilganini ko'rmaganman. Dubayda o'tgan so'nggi Osiyo chempionatini eslasangiz OFK eng qiyin o'yinlarni Ravshan Ermatov brigadasiga ishonib topshirgan. Jahon chempionatlarida esa uning rekordini hali beri yangilash qiyin. Ochig'i hozirgi hakamlarimizni orasida Ermatovga o'xshaganini ko'rmayapman. Yosh hakamlarimiz orasida yaxshi ishlayotgan va yuqori darajaga chiqish uchun intilayotgan hakamlarimiz bor. Ahrol Risqullaev, Asker Najafaliev , Rahimbek Karimov kabi hakamlarimizdan kelajakda umidimiz katta. Mehnat qilishdan va izlanishdan to'xtashmasa yaqinda bu hakamlarimizni ham halqaro maydonlarda ko'ramiz deb umid qilaman. Hakamlik oson ish emas, maydonda eng ko'p bosim ostida qoladigan inson bu - uchrashuv hakami bo'ladi. Yurtimizdagi barcha hakamlarimizga omad tilayman".

Komiljon Jumaev, "Metallurg" matbuot kotibi: - "Afsuski, Ravshan Ermatov darajasidagi salohiyatli hakamlarimiz ayni paytda yo'q. Bir paytlar hakamlar tayyorlaydigan maktablar bo'lardi. Hakamlar sulolalari mavjud edi. Hozir hamma faqat o'zi uchun ishlayotgandek. Hakamlar ham, nazoratchilar ham bugungi kun tashvishi bilan yashayapti, nazorimda. Ertangi kun, istiqbol hech kimni o'ylantirmayotgandek. Viloyatlardan malakali hakamlarni tayyorlash masalasi ham o'lda-jo'lda. Toshkent shahridan tashqari Buxoro va Qashqadaryo viloyati hakamlik maktabi bilan maqtanishi mumkin. Qolgan hududlardan kim bor, so'nggi yillarda maydonga viqor bilan kirib kelgan?
O'FA bu masalaga jiddiy yondoshmasa yaqin orada xalqaro maydonlardagi obro' etiborimizni faqat eslab yuramiz, xolos"

Usmon Ibodov, "Dinamo" matbuot kotibi: - " Superliga va Pro liga o'yinlarini kuzatib, Ravshan Ermatov darajasiga etishi emas, uning saviyasiga yaqin kelishi mumkin bo'lgan hakamni hozircha uchratganim yo'q. Ammo bu yaxshi hakamlar qolmagan, degani emas. Yildan-yilga faoliyatida o'sish kuzatilayotgan referilar bor. Aytaylik, yangi avlod vakillaridan Firdavs Norsafarov, Rahimbek Karimov, tajribali hakamlardan Zokir Qodirov, Ilgiz Tantashevda o'sishni ko'rish mumkin. SHuningdek, yaqinda futbolchi sifatida taniganlarimiz, hozirda bosh hakam sifatida ishlayotgan Ahrol Risqullaev, SHavkat Nasibullaev, Asker Najafalievda tajriba oshdi.

O'z vaqtida Ermatovning izdoshi bo'lishi taxmin qilingan SHerzod Qosimov va Jasur Muxtorov singari hakamlar korrupcion, qing'ir ishlarga aralashmaganida, ehtimol bugun ular yangi darajaga chiqa olgan bo'lishardi".

Bahodir Ergashev, "Neftchi" matbuot kotibi:
- "Albatta, o'zbek futbolida iqtidorli hakamlar ko'p. Masalan Rahimbek Karimov va Akmal Rahimovlarning faoliyatlari haqida fikrlarim ijobiy. Umuman aytganda hakamlik oson kasb emas va ularning barchalariga muvaffaqiyat tilayman".

Nasiba Xoliqova, "SHo'rtan" matbuot kotibasi:
- "Ravshan Ermatovning erishgan yutuqlarini har qancha etirof etsa arziydi. Firdavs Norsafarov, Rustam CHoriev, Rahimbek Karimovlarning kelajakda o'z ustida yanada ko'proq ishlab ulkan marralarni zabt etishlariga tilakdoshman".

Sohib Egamov, "Bunyodkor" matbuot xizmati: - " Ravshan Ermatov haqiqiy iqtidor egasi. Hozirgi kunda ayrim hakamlar VAR orqali ham aniq qaror qabul qilishda qiynalishmoqda. Lekin Ravshan Sayfiddinovich zamonaviy texnologiyalarsiz ham o'yinlarni yuqori daraja boshqarardi. Aytish mumkin, yosh hakam Firdavs Norsafarov o'z ustida yana ko'proq ishlasa kelajakda undan yuksak natijalarni kutish mumkin".

Aziz Nuriy, "Qizilqum" matbuot kotibi: - "Ermatov shubhasiz afsonaviy hakam. U erishgan natijalari bilan qanday hakam ekanligini butun dunyoga isbotlab bo'lgan. Hozirgi kunda O'zbekistonda bir nechta yosh hakamlar ko'pchilikda yaxshi taasurot qoldirmoqdalar. Jumladan Firdavs Norsafarov, Asker Najafaliev kabi iqtidorli hakamlar bor. Ular o'z ustilarida yanada ko'proq ishlab kelajakda Ravshan Ermatov darajasiga etishlariga ishonch bildiraman".

SHahboz Beg'amov, AGMK matbuot kotibi: - "Ravshan Ermatov darajasi eng yuqori cho'qqi. Kelajakda yaxshi daraja va yuqori saviyaga chiqishi mumkin bo'lgan yosh hakamlardan Asker Najafaliev va Firdavs Norsafarovni alohida ko'rsatishim mumkin".

Elyor Uzakov, - "Surxon" matbuot kotibi: "Asker Najafaliev, Firdavs Norsafarov, Ilgiz Tantashev, Rahimbek Karimovlar yaxshi saviyadagi hakamlar hisoblanadi. Bu hakamlar hali yosh. Agar mana shu tempda ishlashda davom etishsa, Ravshan Ermatov darajasida bo'lmasa ham, FIFA doirasidagi yirik musobaqalarni boshqara oladigan darajaga chiqadi deb o'ylayman".

Bekzod Tolibov, "Turon" matbuot kotibi: - " Ravshan Ermatov Osiyoning 5 marta eng yaxshi hakami deb topilgan. Bu natijani takrorlash qiyin. Lekin xalqaro maydonlarda futbol uchrashuvlarini boshqarishga munosib nomzod yosh hakamlar bizda ko'p. SHuningdek, menda ijobiy taasurot qoldirgan hakamlardan Akobirxo'ja SHukurillaev, Rahimbek Karimov va Akmal Rahimovlarni alohida ajratib ko'rsatishim mumkin.

Bunyod Andaev, "Mashal" matbuot kotibi: - "Albatta bizda iqtidorli hakamlar ko'p. Agar o'z ustilarida ishlashsa Ravshan Sayfiddinovich darajasiga etishlari, xatto u kishining rekordlarini yangilashlari ham mumkin. Lekin hozirgi vaqtda hech bir hakamni alohida ajratib ko'rsata olmayman, aniq nomzodim yo'q.

Oybek Saparboev, "So'g'diyona" matbuot kotibi: - "Bugun tavallud kunini nishonlayotgan Ravshan Ermatovni tabriklaymiz albatta. Hozircha yurtimizda uning darajasiga etishi mumkin bo'lgan biron hakamni ko'rmadim. SHu sababdan aniq nomzod ko'rsata olmayman".

Mirjalol Normatov, "Lokomotiv" matbuot xizmati: - "Fikrimcha, Firdavs Norsafarov shu darajaga etib borishi mumkin. Undagi juratga doimo besh ketganman. Bazi hakamlarga o'xshab, u futbolchilarning bosimiga qarab ish qilmaydi".

Nig'monxo'ja Nozimov, "Olimpik" matbuot kotibi: - "Hozirda Ravshan Ermatov darajasiga eta oladigan biron nomzod hakamni ko'rsata olmayman".

Xursandbek Matkarimov, "Xorazm" matbuot kotibi: - "Ravshan Ermatov o'zi katta mavzu. Hozirgi hakamlar Ermatovning darajasiga yaqin borishi juda va juda qiyin. Balki asrimizning ikkinchi yarmida ko'rsak kerak. Hakamlarimizning darajasi o'sgani ham, saviyasi tushgani ham yo'q. Ravshan Ermatov favqulodda iqtidor egasi edi".

Sardor Nurov, "Nasaf" matbuot kotibi: - "Ravshan Ermatov darajasiga chiqish qiyin. Hozir o'zbek hakamligida avlodlar almashinuvi davri desa ham bo'ladi. Firdavs Norsafarov va Ahrol Risqullaevlar o'z ustilarida ishlasalar, ulardan yuqori natijalarni kutish mumkin"

Izoh: Guvohi bo'lganingizdek, etiboringizga Superliga va Pro-liga klublarining matbuot kotiblarining yuqoridagi savol yuzasidan bildirgan fikrlarini taqdim etdik. SHuni takidlash joiz, "Andijon" va "Buxoro" klublarida matbuot kotibi bizga nomalum sabablarga ko'ra almashgan. "Paxtakor" matbuot kotibi uzrli sabablarga ko'ra so'rovnomada ishtirok eta olmadi. SHuningdek, "Navbahor" va "Yangier" klublari matbuot kotiblari bilan bog'lanishning imkoni bo'lmadi.

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика