Superliga-2026. Uchrashuvlar intensivligini oshirish masalasida navbatdagi qadamlar
19 noy 14:50
Yangiliklar
Superliga-2026. Uchrashuvlar intensivligini oshirish masalasida navbatdagi qadamlar
Jumladan, shu yilning:
• 4-avgustida Superliga-2026 taqvimi rejasi elon qilindi;
• 10-oktyabrida “Superliga reglamenti” loyihasi ishlab chiqildi hamda professional futbol klublariga o'rganish uchun taqdim etildi;
• 20-oktyabrida professional futbol klublari rahbarlari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi va unda “Superliga reglamenti” loyihasiga kiritilayotgan o'zgarishlar muhokama qilindi;
• 24-oktyabrida “Superliga reglamenti” loyihasi bo'yicha klublar bilan kelishilgan o'zgarishlar tanishib chiqish uchun Associaciyaga taqdim etildi.
Uchrashuvlar intensivligini oshirish uchun xizmat qiladigan mexanizmlar orasidan uch asosiy masala PFL diqqat markazida bo'lib turibdi:
• videotahlillar asosida futbolchining rasmiy uchrashuvdagi statistik ko'rsatkichlarini aniqlash tizimini to'liq markazlashtirish va ulardan jonli translyaciyalar vaqtida faol foydalanish;
• futbolchining funkcional holatini masofadan turib nazorat qilish qurilmalari bilan ishlash va ulardagi raqamlarni tahlil qilish mexanizmida o'sishga erishish;
• futbol o'yini qoidalariga kiritilayotgan va kiritilishi rejalashtirilayotgan ayrim o'zgarishlarni Superligaga tatbiq etish.

Quyida mazkur masalalarga to'xtalib o'tiladi.
Videotahlillar asosida futbolchining uchrashuvdagi statistik ko'rsatkichlarini aniqlash tizimi
PFL mazkur masalada 2026 yil yakuniga qadar Hudl bilan kelishuvga ega bo'lib, o'zaro uch yillik shartnoma asosida bosqichma-bosqich qamrov doirasini kengaytirish ko'zda tutilgan. Shu asosda Superliga klublarining 2025 yilda to'liq Hudl bilan hamkorlik qilishi yo'lga qo'yildi. Biroq bunda klublar kompaniyadan sotib olayotgan tahlillar turli darajada, shuningdek, tahlillar qanday olib borilishi va bu orqali nimalarga erishish mumkinligi masalasida Superliga klublari tahlilchilarini o'qitish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni vaqtda Paxtakor, OKMK, Mashal, So'g'diyona, Nasaf, Bunyodkor kabi klublar masalaga masuliyat bilan yondashayotganligini qayd etish kerak. Bu klublar murabbiylari tahlillardan faol foydalanadi.
2026 yildan boshlab PFL qolgan klublarni ham mazkur bosqichga olib chiqishni rejalashtirgan. 20-oktyabr kuni professional futbol klublari rahbarlari ishtirokidagi yig'ilishda bu masala ko'rib chiqildi. Ayni vaqtda PFL quyidagilarni rejalashtirgan:
• Superliga stadionlarining har biriga jonli data tahlil imkoniyatini taqdim etuvchi maxsus kameralar o'rnatish;
• maxsus kameralar yordamida data tahlillarni o'yin vaqtida qo'llash va ulardan translyaciyalarda faol foydalanish;
• data tahlillar ko'rsatkichlari bo'yicha turli reytinglar shakllantirish va ularni PFL sahifalarida yoritish orqali futbolchilar o'rtasida sog'lom raqobat muhitini yaratish;
• Superliga klublari tahlilchilarini o'qitish va ularning data tahlillardan foydalanish ko'nikmasini oshirish;
• Superliganing qolgan klublari sotib olayotgan data tahlillar bo'yicha talabni eng yaxshi klublar qo'lga kiritayotgan tahlillar bilan tenglashtirish.
Superliga-2026. Uchrashuvlar intensivligini oshirish masalasida navbatdagi qadamlar
PFL Hudl va unga raqobatchi qolgan kompaniyalar bilan muzokaralar olib borayotgan bo'lib, bunda qolgan Ligalar qaysi kompaniyalarni afzal bilayotgani hamda o'zbekistonlik futbolchilarga tegishli tahlillar biz uchun ahamiyatli bo'lgan Ligalar va klublar etiborida bo'lishi uchun iloji boricha eng maqbul platformani tanlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Futbolchining funkcional holatini masofadan turib nazorat qilish qurilmalari bilan ishlash
Mazkur masala PFL uchun biroz murakkab. Boisi Superliga klublari ayni vaqtda 4 ta kompaniya bilan hamkorlik qilmoqda.
Kelishuvlar muddati turlicha ekanligidan kelib chiqib, uni 2026 yilning o'zidayoq markazlashtirish ayrim murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Biroq mazkur masalada PFL Associaciya bilan kelishgan holda muhim qarorlarni qabul qilish va klublar bilan shu asosda ishlash bo'yicha kelishuvga erishishi mumkin. Ammo buning hammasi 2026 yildanoq yo'lga qo'yilishi ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Futbol o'yini qoidalariga kiritilishi rejalashtirilayotgan o'zgarishlarni Superligaga tatbiq etish
PFL mazkur masalalarda bosqichma-bosqich ish olib borayotganligini takidlash lozim. Mutaxassislarimiz shu yilning iyul oyida AQSH safarida bo'lib, MLS toza o'yin vaqtini oshirish masalasida qanday usullardan foydalanayotganligini o'rgandi. Shundan kelib chiqib, “Superliga reglamenti”ning 14 hamda 15-boblariga ayrim takliflar kiritilgan bo'lib, toza o'yin vaqtini oshirish uchun xizmat qiladigan bu bandlar Superliga klublari tomonidan ijobiy qarshi olindi va ular o'zgarishlarga bir ovozdan rozilik bildirdi (Associaciya bilan kelishuvga erishilgan taqdirda, bandlar reglamentdan olinadi va futbol jamoatchiligiga alohida yo'riqnoma tarzida tahlil qilinadi, o'z navbatida hakamlar IFAB qoidalariga kiritilgan bu o'zgarishlarni Superliga o'yinlari davomida faol qo'llashga o'tadi).
Endilikda Associaciya, PFL va Markaz ushbu o'zgarishlar qanday mexanizmlar asosida joriy qilinishi masalasida o'zaro kelishuvga erishishi kerak. Shu yilning 13-noyabr kuni PFL IFAB texnik direktori Devid Ellerey bilan uchrashuv o'tkazdi. Ellerey dunyoning 45 mamlakati Ligalari rahbarlari ishtirok etgan Jahon futbol ligalari associaciyasining yillik yig'ilishida IFAB joriy qilishni rejalashtirayotgan boshqa o'zgarishlar masalasida taqdimot o'tkazdi.
Superliga-2026. Uchrashuvlar intensivligini oshirish masalasida navbatdagi qadamlar
Uchrashuvda O'zbekiston Superligasi o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlashi malum qilindi. Biz tashkilotning yanvar oyidagi yig'ilishiga qadar o'z taklifimizni rasman bildirishimiz mumkinligi masalasida suhbat o'tkazdik. Agar barchasi PFL rejasi bo'yicha davom etsa, 2026 yildan boshlab bir qator o'zgarishlar qo'llanilishi mumkin. Ular orasidan ayrimlarini keltirib o'tamiz:
• bosh miya chayqalishi oqibatida futbolchi uchrashuvni davom ettira olmasligi masalasi tez tibbiy yordam shifokori hamda klub shifokori tomonidan tasdiqlansa, futbolchi almashtirish uchun imkoniyati qolmagan bo'lishi shartida har ikki klubga qo'shimcha bir nafardan futbolchini almashtirish imkoniyati taqdim etilishi;
• uchrashuv hakami bilan faqatgina jamoa sardori suhbat olib borishi mumkinligi masalasini qatiylashtirish;
• hakamning stop qo'l ishorasidan keyin ham tinchlanishni istamagan futbolchiga har qanday qo'shimcha so'zlar uchun ogohlantirish ko'rsatilishi;
• futbolchining maydonda vaqt cho'zish uchun yotib olishi oqibatida uchrashuv to'xtatilsa, mazkur futbolchi har qanday holatda ham maydonni kamida 1 daqiqaga tark etishi va bu kabi holatda zambil tashuvchilar ham ovora qilingan bo'lsa, futbolchi maydon tashqarisida kamida 3 daqiqa qolishi shartligi;
• futbolchilarni almashtirayotgan vaqtda zaxira tablosi ko'tarilgan soniyadan boshlab futbolchi maydonni 15 soniya ichida tark etishi va mazkur soniyalar ko'payib ketgan taqdirda, maydonga yangi qo'shilayotgan futbolchi 1 daqiqa davomida maydonga tushirilmasligi;
• darvozabon to'pni 8 soniya davomida qo'lida ushlab tursa hamda to'pni o'yinga erkin zarba bilan kiritish jarayoni 8 soniyadan oshib ketsa, raqib foydasiga burchak zarbasi belgilash qoidasini qatiylashtirish;
• to'pni autdan o'yinga kiritayotgan futbolchi mazkur vazifa uchun 8 soniyadan ko'proq vaqt sarflasa, aut raqib foydasiga olib berilishi.
Mazkur masalalarning ayrimlari MLS'da allaqachon joriy etilgan bo'lib, hozircha u o'zini oqlamoqda deyish mumkin. IFAB bilan kelishuv asosida bu qoidalarga qo'shimcha yana ayrim jihatlar ham muhokama qilinishi ko'zda tutilgan. PFL rejasi amalga oshsa, Superliga mazkur qoidalarni birinchilardan bo'lib joriy qilgan chempionatga aylanishi mumkin.
Eng muhimi, professional klublar PFLning mazkur tashabbuslarini qo'llab-quvvatlamoqda. Biz yuqorida qayd etilgan masalalar to'liq ishlashidan manfaatdormiz va ularni fevral oyiga qadar joriy qilishni rejalashtirganmiz. O'zgarishlar va kutilmalar bo'yicha PFL futbol jamoatchiligini o'z vaqtida xabardor qilib boradi.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
U-17 ЖЧ. Ўзбекистон Италияга ютқазиб, иштирокини нимчорак финалда якунлади
Al Ain Cup. Ўзбекистон пенальтилар сериясида Эронни мағлуб этиб, турнир ғолибига айланди
ЖЧ саралаши. Португалия Роналдусиз рақиб дарвозасига 9 та тўп киритиб, мундиалга чиқди
"Шармандалик, бу шармандалик!"
Fikrlar
HAKAMLARGA HAM BIROR QAROR CHIQARINLAR VARGA 10 MINUTLAB VAQT SARFLAB QO'YISHYAPTI