Superkubok taassuroti: Abduxoliqov, himoya, stadion...
09 mar 2015 15:38
Yangiliklar


Superkubok taassuroti: Abduxoliqov, himoya, stadion...
STADION
Aynan shu stadion rahbarlari muxlislarni yana stadionga qaytishlariga sabab bo'lishyapti. To'g'ri, bahor, muxlislar katta futbolni sog'inishgan. Ammo ularni stadionga jalb qilish ham mashaqqatli ish. "Bunyodkor" stadioni vakillari, kerak bo'lsa, mashinaga o'tirib bozor-u universitetlarga borib chipta sotib kelyaptilar. Bazilar "Bunyodkor" stadioniga kirish huquqini beruvchi chiptalarning narxi qimmatligidan noliyapti. SHunchaki biz arzon futbolga o'rganib qoldik. Agar cho'ntagimizdan klubimiz uchun ikki haftaga 13 000 so'mni xarj qila olmasak, unda ulardan natija talab qilishga ham haqqimiz yo'q. Bugungi kunda Evropa yarim pulini TVdan topsa, yarmini muxlislardan tushadigan daromaddan. Qolaversa, "Bunyodkor" stadionini oy davomida pul bilan taminlash ham oson emas, stadion xarajati katta. Stadion direktori Vohid Zokirov men bilan suhbat davomida tez orada elektron savdoni ham yo'lga qo'yishlarini aytib o'tdi. Albatta, bu muxlisga qulaylik tug'diradi. Xarajat qilib stadionga chipta sotib olgani bormasdan, bir deganda telefoningizdan chiptani sotib olasiz.
O'yindan oldin "Paxtakor" favorit edi (mi)!?
Bu mening gapim emas, "Lokomotiv" futbolchilaridan ham shunday fikr bildirganlar bo'ldi. Boisi "Paxtakor" amaldagi chempion, OCHLda hali mag'lubiyatga uchramadi. "Lokomotiv" esa OCHLda bor-yo'g'i bir ochko ishladi, chempionatda "Paxtakor"ga imkoniyatni boy bergan va hokazo. Aynan shu omillar kechagi o'yinda "Paxtakor"ning zarariga, "Lokomotiv"ning esa foydasiga ishladi. O'yindan avval maydonga g'olib bo'lib tushgan bazi paxtakorchilar, o'yinda hali o'ynash kerakligini yoddan chiqarib qo'ygan edilar va yaxshigina tarsaki edilar. Bu esa ular uchun juda muhim edi. Yoshligidayoq ikki marta mamlakat chempioni, bir marta kubok egasi bo'lishga ulgurgan futbolchilar uchun bu yaxshigina dars bo'ldi.
Abramov uchun so'nggi imkoniyat edimi?
O'yin boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolganida menga bu o'yin Abramov uchun so'nggisi, agar "Lokomotiv" mag'lubiyaga uchraydigan bo'lsa, Abramovning ketishi haqida aytishdi. Men shoshilmadim, bu erda xodimlarimiz allaqachon bu xabarni yozib, saytga chiqarishga tayyor turgan ekan. Bekor qildim. Boisi oddiy, xabar 100 foiz rost bo'lgan taqdirda ham, agar o'yindan keyin "Lokomotiv" g'alaba qozonadigan bo'lsa, bu xabarimizning asossizligini aytgan holda bizni yolg'onchiga chiqarishi mumkin edi. SHuning uchun bu xabarni chiqarishni loyiq topmadik, yakunda bashoratim o'zini oqladi: "Lokomotiv" g'alaba qozondi. Istefo haqida hech qanday gap-so'z bo'lishi mumkin emas.
To'p kirmasa kirmaydi...
Ikki yil avval nima uchun Mamur Ikromov terma jamoaga chaqirilmaydi degan mazmunda maqola yozganimda, sal qolsa meni ahmoqqa chiqarishgandi. "Metallurg"dan darvozabon nima qilsin, terma jamoada deb. Mamur O'zbekistonni eng kuchli darvozabonlari ichida bir bo'lmasa ham, ikkinchi o'rinda turadi. Unda reakciya ham, oyoq bilan o'ynash ham, havo kurashida qatnashish ham, hamma hammasi bor. Kechagi o'yin esa buni to'liq isbotladi. Agar o'sha birinchi 10 daqiqada "Paxtakor"ning bironta hujumi gol bilan yakunlanganida, hisob umuman boshqacha bo'lishi ham mumkin edi. Ammo Ikromovning mahorati evaziga barchasi boshqacha yakuniga etdi. "Paxtakor" ikkinchi bo'limda bir nechta qulay imkoniyatga ega bo'ldi, ammo darvoza to'ridan to'p joy olmas ekan, buni omad, yani "fart" ketgani bilan izohlash mumkin. Kechagi 4ta goldan 3tasini "Al SHabab"dagi kabi to'liq himoyachilar o'z bo'ynilariga olsalar bo'ladi. Ayniqsa, to'rtinchi golda to'p qanday qilib Bikmaevga borib tushdi, buni chuqur tahlil qilib chiqish kerak. Demak, "Al SHabab"dagi o'yin bu shunchaki tasodif emas. Bunday bo'layotganiga sabab, "Paxtakor"ning himoya chizig'ida kuchli o'yinchilar yig'ilgani bilan, ularda motivaciyani uyg'otuvchi raqobatni yo'qligidadir.
Temurxo'ja urmadi!
"Xayduk"dan ketgach, Temurxo'ja Abduxoliqovni muxlislar "Paxtakor"da kutdilar. Ammo yakunda u "Lokomotiv" azosiga aylandi. Bu erda pul katta rol o'ynadi deb aytmagan bo'lardim. U shunchaki o'yin amaliyotiga ega bo'lishni istadi. "Paxtakor" esa Sergeevga "stavka" qildi. Hisobni 2:0 ko'rinishga olib kelgach, "xo'ja" "Paxtakor" muxlislaridan uzr so'ragan holda golni nishonlamadi. Ko'p o'tmay aynan uning faol harakati evaziga "Lokomotiv" penalti ishladi, yana ko'p o'tmay u hisobni 4:0ga etkazishi mumkin edi. 100 foizli imoniyatni esa u, "Paxtakor" muxlislarining haqqi-hurmati bekor qildi. Agar uning o'rnida boshqa bir futbolchi bo'lganida to'rtinchi golni urib, "Paxtakor" o'tirgan zaxira o'rindig'ining yonida allaqanday qiliqlarni qilgan bo'lardi. Temurxo'ja na gol urdi, na qiliq! Saytimiz o'quvchilari aynan shu harakati uchun unga rahmat aytib qo'yishimizni so'radi va OCHLda unga omad tilayaptilar. Ammo Temurxo'ja urmasa-da, Bikmaev baribir hisobni 4:0ga etkazdi. Marat uchun bu gol kerak edi, sababi u ham asosiy tarkibdan o'rin olishni istaydi. Yana bir narsa, "Paxtakor"ning 12-o'yinchisidan boshqa birorta o'yinchi alohida ajralib turmadi.
Jasur Hasanov va uning "qizili"
Hasanovni bu o'yinga maydonga tushishi kerak emasdi. Boisi, O'zbekiston Kubogi finalida u qizil kartochka olgan va chempionat hamda kubok doirasidagi birinchi o'yinni qo'yib yuborishi lozim. Lekin o'yindan avval "Paxtakor" rahbariyati bu haqda "Lokomotiv"ni ogohlantirdi. PFLning ruxsati bilan futbolchi maydonga tushdi. Ammo u siz ham "Lokomotiv" kecha o'yinda yutib bo'lgan edi. Bu mavzuni yozishdan maqsad aslida boshqa. "Bunyodkor" katta futbolga kirib kelganida, ishni birinchi bo'lib futbolchilarni emas, klub strukturasiga saviyali xodimlarni yig'ish bilan boshlagandi. O'shanda ular qanday qilib futbolchilarga katta miqdordagi pulni vada qilishgan bo'lsa, xuddi shunday munosabat ishchilarga ham bo'lgan. Aynan shuning uchun "Bundyokor"ni biz bugun professional klub sifatida tan olamiz. "Lokomotiv" esa faqat etiborni futbolchilarga qaratyapti. Bu esa mana shunday muammolarni keltirib chiqaryapti. Ikki yil avval o'rinbosarlar safida qizil kartochka olgan Alan Kusov ertasiga asosiy tarkib qaydnomasidan joy olgan edi. O'shanda ham jamoaga - 3 ochko yozsa bo'lardi. Odatda klublarda bu ishlar bilan sport direktori va matbuot xizmati shug'ullanadi. Ammo "Lokomotiv"da aynan mana shu nuqtalari, eng og'riqlisi sanaladi. O'zbekiston chempionatida-ku bu ahamiyatsizdir, ammo klub OCHLda ishtirok etyapti...
Mavsumoldi repeticiya...
OCHL va Superkubokdagi o'yin chetdan qaraganda bizga qiziqarli chempionatni taklif qilayotgandek ko'rinyapti. "Paxtakor" va "Nasaf" OCHLda o'zlarini yaxshi tomonlama ko'rsatyaptilar. "Bunyodkor" sal harakat qilsa yanada yaxshi natija ko'rsatishi mumkin. "Lokomotiv"ni esa biz kecha ko'rdik. Bu erda "Olmaliq"ning oldiga OCHL yo'llanmasini qo'lga kiritish vazifa qilib qo'yilibdi. "Neftchi"dan ham umidimiz katta. Agar shu yil ham jamoa biror narsa qila olmasa, murabbiylar shtabidan tortib rahbariyatgacha o'z vazifasini topshirsalar ham bo'laveradi. Boisi, 3 yil kichkina muddat emas. Bu erda Mirabror Zufarovich kelishilgan o'yinlarda ishtirok etayotganlarni qattiq ogohlantirdi. Xulosa qilsak, bu yil yomon chempionat bo'lmaydi. Demak, kutamiz...
Nodirxo'ja Yuldashev

Fikrlar