"SHo'rtan" totalizatorga aralashib qolganmi? Klub bosh menejeri SHamil Yarulin bilan intervyu
25 may 2021 20:25
Yangiliklar
"SHo'rtan" totalizatorga aralashib qolganmi? Klub bosh menejeri SHamil Yarulin bilan intervyu
Uzoq yillardan beri soya solib kelgan murabbiy Igor Kriushenko hamda darvozabonlar murabbiyi Vitaliy Varivonchikdan qolgan qarzdorlik sabab klub transfer taqiqiga uchradi. Nihoyat yaqinda mazkur muammo o'z echimini topdi. Qarzdorlik bartaraf etildi. Mavsumni yosh futbolchilar bilan boshlashga majbur bo'lgan jamoaning natijalarini yaxshi, deya olmaymiz. Tarkibdagi futbolchilarga tajribasizlik va mahorat etishmasligi, maydonda ortidan ergashtira oladigan etakchining yo'qligi jamoaning Pro ligadagi ishtirokiga o'z tasirini o'tkazmasdan qolmadi. Xo'sh, endilikda tarkib kuchaytiriladimi? Ayni paytda vaziyat qanday? Bu boradagi savollarimizga klub bosh menejeri SHamil Yarulin javob berdi.
- SHamil Samigulovich 2012-2013 yillarda "SHo'rtan" bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan Igor Kriushenko va Vitaliy Varivonchik masalasi qay tariqa hal qilindi?
- "SHo'rtan" futbol klubini qabul qilib olganimda meni oldinda qanday ishlar kutayotganini bilardim. SHuni anglagan holda taklifga rozilik berganman. Klubdagi eng asosiy va og'riqli masala bu nafaqat siz qiziqayotgan sobiq xorijlik murabbiy va futbolchi – Kriushenko va Varivonchik, balki boshqa mahalliy futbolchilar va boshqa mutahassislar oldidagi to'lanmagan qarzdorliklar va to'lanishi mumkin bo'lmagan pullarni sud orqali talab qilish jarayoni bilan kurashdik. Ularni asosan bosh homiyimizning, klub prezidentining va futbol klubimizga etiborsiz qolmagan mutaxassislar ko'magida va hozirgi kunda “SHo'rtan” futbol klubida faoliyat yuritayotgan barcha ishchi-hodimlarining oylik maoshlarini boshqa klublarga nisbatan kam miqdorda belgilashimiz, bonus va mukofot pullarini qisqartirish evaziga tejalgan mablag'lar hisobidan deyarli barcha qarzdorliklarni bartaraf etishga erishdik. Lekin Kriushenko va Varivonchik oldidagi qarzdorlikni bosh homiyimizning hamda klub prezidentining amaliy yordami bilan yopdik, deya olaman. Buning uchun fursatdan foydalanib klub nomidan va o'zim nomimdan ularga minnatdorchilik bildiraman. O'ylaymanki, bu bizga katta saboq bo'ldi.
- Jamoaning natijalaridan, o'yinidan etakchi va tajribali ijrochilarga ehtiyoj sezayotganligi ko'rinmoqda. Yozgi transferlar oynasida tarkibni kuchaytirish klub rejalaridan o'rin olganmi?
- Yozgi tarnsferlar oynasi vaqtida hech qanday muammolar bo'lmaydi, deb o'ylayman. Bilasiz klubimizdan taqiq olingan. Lekin asosiy maqsad va vazifalarimizdan biri so'nggi yillarda diqqat-etiborni yosh-avlodni tarbiyalab, ular bilan birgalikda kuchli va yaxshi jamoa shakllantirish. Jamoamizni mahalliy, tajribali va mahoratli futbolchilar bilan kuchaytirishni, jamoamizda sog'lom futbol muhitini yaratishni istaymiz. Murabbiylar buni lozim, deb topsa 1-2 nafar tajribali futbolchilarni jalb etishimiz ham ehtimoldan holi emas.
- Ayni paytda klubdagi vaziyat qanday?
- Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 30.04.2021 yildagi #261 sonli qaroriga asosan O'zbekistonning barcha futbol klublarining tasischilari va bosh homiylari o'zgartirildi, jumladan "SHo'rtan" futbol klubining ham. Biroq bu qaror bo'yicha bazi kamchiliklar vujudga kelganligi sababli hukumatimiz, O'FA va O'zPFL ularning echimini topish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar olib bormoqda. Xar holda klubni yopilib, ko'chada qolib ketmasligiga katta umid bog'laganmiz.
- Jamoaning so'nggi o'yinlarida Asror Aliqulovni ko'rayotganimiz yo'q. Murabbiy jamoa bilan birgami?
- Asror Aliqulov hamon jamoamiz bosh murabbiyi. U sog'lig'ini tiklab, davolanishdan qaytdi va jamoani qabul qilib oldi. Biz u bilan ishlashda davom etmoqdamiz. Agar malum vaqt jamoani o'yinlarga Ixtiyor Karimov tayyorlaganiga ishora qilayotgan bo'lsangiz, sizga shunday javob qaytaraman – "SHo'rtan" bir jamoa, murabbiylar bir-birlarini qo'llab-quvvatlab turishlari va yordam berishlarida hech qanday hayratlanarli jihatni ko'rmayapman. Aliqulov sog'lig'ini tiklab olish uchun biroz tatilga chiqqandi, xolos. Jamoani boshqa yordamchi murabbiy tayyorlashi mumkin emas, degan narsa yo'q. Bu jamoamizdagi muhit sog'lomligidan darak beradi. Ixtiyor Karimov masalasiga to'xtaladigan bo'lsak, mazkur mutaxassis U-18 jamoasining bosh murabbiyi ekanligi, asosiy jamoamizning ham malum qismini yosh futbolchilar tashkil etganligi inobatga olinib, unga vaziyatdan kelib chiqqan holda ikkala jamoani uchrashuvlarga hozirlash imkoni berildi.
- Hamma qiyinchiliklar ortda qoldi. Bo'ladigan ish bo'lib o'tdi. Endilikda "SHo'rtan" qaysi yo'ldan ketadi?
- Yuqorida aytib o'tganimdek, "SHo'rtan" jamoada sog'lom futbol muhitini yaratish, etiborni yosh hamda mahalliy, mahoratli futbolchilarga qaratish, futbol akademiyamizni rivojlantirish, yaxshi va iqtidorli futbolchilarni tayyorlash va ulardan kelajakda foyda olishni maqsad qilgan. Yaqin yillarda jamoaga horijiy mutaxassislarni jalb qilish niyatimiz yo'q. Uning o'rniga mahalliy mutaxassislarimizni malakasini oshirishni to'g'ri, deb hisoblayman. “SHo'rtan”ning boshidan o'tkazgan qiyinchiliklar nafaqat klubimiz uchun, boshqa o'zbek jamoalari uchun ham katta dars vazifasini o'tasa, ko'pgina klublarimiz muqarrar muammolardan o'zini saqlab qolardi.
- Internetda "Mish-mishlarga qaraganda, G'uzorning "SHo'rtan" klubini jiddiy jazo kutmoqda. Jamoa kelishilgan o'yinlarda va totalizatorlarda ishtirok etgani malum bo'lgan. G'uzorliklarni chempionatdan chetlatilishi kutilmoqda", - mazmunidagi xabarlar chiqdi. Bunga qanday izoh bera olasiz?
- Bu ish hali tugagani yo'q. Biz, yani klub rahbariyati va murabbiylar shtabi O'FAning futbol xavfsizligini saqlash qo'mitasiga jamoamiz azolarini bu borada jiddiy tekshirishlariga tashabbuskorlik ko'rsatdik. Sababi, bizda anchagina shubhalar mavjud edi. Biz bu ishni jamoamizda sog'lom muhitni yaratish uchun tozalash va profilaktik chora-tadbirlari sifatida o'tkazgan edik. Xavfsizlik hizmatining kuzatuv va surishtiruv ishlariga klubning o'zi tashabbus ko'rsatdi. Agar klubdan kimdir rostdan ham totalizatorga aloqasi borligi aniqlansa, buning uchun “SHo'rtan” jamoasi jazoga tortilmaydi. Sababi yil boshida har bir futbolchi va mutaxassis bu borada ogohlantirilgan va deklaraciyaga imzo chekkan. SHunday ekan har bir shaxs o'zining xatti-harakati uchun o'zi javob beradi.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar