SHahzodbek Nurmatov: “2010 yil "Oq-tepa” jamoasi menga 25 ming so'm bergan”
27 sen 2016 11:51
Yangiliklar
SHahzodbek Nurmatov: “2010 yil "Oq-tepa” jamoasi menga 25 ming so'm bergan”
Nurmatov “qaldirg'ochlar” tarkibida muntazam ravishda maydonga tushib kelmoqda. “Bunyodkor” klubi chempionatimizning 24-turida Buxoroning “Buxoro” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv oldidan biz SHahzodbek Nurmatovdan intervyu olish uchun ofisimizga taklif qildik.
- CHempionatimizning birinchi va ikkinchi davrasi haqida.
- Hozirgi kunga kelib ikkinchi davraga qaraganda birinchi davra biz uchun osonroq bo'ldi deb o'ylayman. CHunki, birinchi davrada faqat 3 bor durang natija qayd etib qolgan uchrashuvlarda faqat g'alaba qozondik. Ikkinchi davrada esa ikki marotaba mag'lubiyat alamini totib ko'rdik, durang natija ham qayd etdik. Har doim birinchi davraga qaraganda ikkinchi davra qiyinroq bo'ladi. CHunki, jamoadagi futbolchilar bir birini ancha o'rganib olishadi. Keyin barcha jamoalar yuqori o'rinlarni egallash uchun harakat qiladi. Kuni kecha 23-turda “Lokomotiv” o'z uyida “Obod” jamoasi bilan o'ynab durang natija qayd etdi. Mehmonlar 1:0 hisobida oldinda borayotgan ekan. Keyin esa “Lokomotiv” “Obod” darvozasini ishg'ol qilib 1:1 hisobidagi durang natijani qayd etdi. O'sha o'yinda “Lokomotiv” futbolchilari raqibni mensimasdan maydonda harakat qildi deb o'ylayman. Barcha raqiblarini mag'lub etib kelayotgan jamoa o'z uyida chempionat reytingida so'nggi pog'onani egallagan jamoa bilan durang natija qayd etishi g'alati holat. “Lokomotiv” bilan “Bunyodkor” ochkolari orasidagi tafovut ko'payib ketgan edi. Ushbu durangdan so'ng 2 tafovut 2 ochkoga qisqardi. Bu biz uchun yaxshi natija. Agarda biz oldimizda turgan o'yinlarda raqibga ochko bermasdan g'alaba qozonadigan bo'lsak, “temiryo'lchilar” o'zlarini o'yinlarida ochko yo'qotishi mumkin. Keyingi turda “Lokomotiv” uchun yanada qiyin uchrashuv kutib turipti. “Temiryo'lchilar” safarda “Paxtakor” mehmoni bo'ladi. Ushbu o'yinda “Paxtakor” g'alaba qozonadigan bo'lsa biz uchun ayni muddao bo'lardi. Eng asosiysi biz boshqa jamoalar haqida emas o'zimizning o'yinimiz haqida o'ylashimiz kerak. Yuqorida aytib o'tganimdek o'z o'yinimizda ochko olishimiz shart. Oldimizga chempion bo'lish va kubokni qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgan.
- OCHL musobaqasi haqida.
- Avvallari OCHL musobaqasida “Bunyodkor” yaxshi ishtirok etib kelayotgan edi. Bu yil O'zbekistonning 3 ta klubi ham OCHL musobaqasining guruh bosqichida qolib ketdi. Hozir oldimizdagi vazifa chempion bo'lish va kubokni qo'lga kiritish. Bir emas ikkita jamoamiz ham bu yil guruh bosqichidan chiqqanida balki boshqacha bo'larmidi.
- “Metallurg” jamoasi haqida.
- “Metallurg” jamoasida ko'p vaqt to'p tepganman. Hozir “Bunyodkor”da bo'lsam ham sobiq jamoadoshlarim bilan aloqadaman. “Metallurg” jamoasi ishtirokidagi deyarli barcha uchrashuvlarni imkon qadar kuzatib boraman. Nima bo'lsa ham sobiq jamoam.
- Zaxira o'rindig'ida qolib ketish haqida.
- Ikkinchi davrada ilk bor zaxirada qoldirildim. “Bunyodkor” jamoasida raqobat boshqa jamoalarga qaraganda kuchliroq. Raqobat bor joyda o'sish bo'ladi. Ushbu jamoada kim tayyor bo'lsa o'sha futbolchi maydonga tushadi.
- Bahraynning “Al-Riffa” jamoasi haqida.
- Ushbu jamoaga ko'rikdan o'tish uchun emas shartnoma taklif qilishgani uchun borganman. Bazi bir sabablarga ko'ra o'tish amalga oshmay qolgandi. Endi hozircha jimjitlik. Hech qanday jamoalardan taklif bo'layotgani yo'q. Hozir men “Bunyodkor” klubi futbolchisi hisoblanaman.
- Yoshlikdagi qiyinchiliklar haqida.
- Yoshlikdagi murabbiyimim bilan kelisha olmasdan futboldan biroz muddat ketishga ham majbur bo'lganman. Professional futbolchi bo'lguncha ko'p qiyinchiliklar bo'ladi. Futbolni yaxshi ko'rmasangiz o'ynab ketish baribir qiyin. Yoshlikdagi jamoadoshlarimdan faqat men va Alisher SHog'ulomov professional futbolda to'p tepyapmiz. Qolgan jamoadoshlarim futbolni erta tark etishgan. Bunday yo'qotish ko'pchilik yoshlarda kuzatiladi. 2001 yili futbol bilan shug'ullanishni boshlagan bo'lsam ilk maoshimni 2010 yili olganman. O'shanda “Oq-tepa” jamoasi menga 25 ming so'm bergan. Bazi bollar futbolni yaxshi ko'rsa ham ota-onasi o'g'lini futbolchi bo'lishini istashmaydi. Menda ham moliyaviy tomondan qiyinchilik bo'lgan. Mashg'ulotlarga borish uchun avtobuslarda chiptachidan qochib yurgan paytlarimiz ham bo'lgan. Xattoki, bitta muzqaymoq sotib olish uchun ham pulim bo'lmagan payt ham bo'lgan. Yoshlikda hayot shunaqa ekan deb yurganman. Futbolni tashlash haqida o'ylamaganman. Pulsizlikdan siqilish bo'lmagan. Bitta menda emas barchada qiyinchilik bo'ladi.
- Muxlislarning stadionlarga tashrifi kamayib ketgani haqida.
- Viloyatlarda ko'plab muxlislar stadionlarga tashrif buyurishadi. Lekin, Toshkentdagi o'yinlarda muxlislar soni kamayib ketgan. Nima sababdan poytaxt jamoalarining o'yinlariga muxlislar kam tashrif buyurishadi, buni bilmayman. Balki futbolimizning saviyasi biroz pasaygan bo'lishi mumkin. Bekobodda muxlislar stadionga futbol tomosha qilish uchun ko'proq tashrif buyurishar edi. “Buxoro” jamoasining o'yinlariga ham muxlislar stadionga ko'p tashrif buyurishyapti. Birinchi liga azosi bo'lgan Samarqandning “Dinamo” jamoasining o'yinlariga ham oliy ligaga qaraganda ko'proq muxlis tashrif buyurmoqda.
- Boshqa sport turlari haqida.
- Tennis, basketbol, Formula-1 sport turlarini kuzatib boraman.
- Qiziqarli voqea haqida.
- “Metallurg” klubi bilan 2013 yili Turkiyada bo'lgan yig'in chog'ida jamoadoshlarim bilan qiziqarli voqea bo'lgandi. O'shanda avtobusda kelayotganimizda Sunnatilla Mamadaliev o'tirgan o'rindiq tagidan tutun chiqib ketgandi. Hamma qo'rqib ketganidan yong'in-yong'in deb baqirgandi. Avtobus haydovchisi ham qo'rqib ketgandi. O'sha xaydovchi bizni boshqa mashg'ulotlarga obormayman deb boshqa xaydovchiga bizni topshirgandi. Har safar ko'rganida bizni urishib berardi. U oldida o'tirganda orqada nima bo'layotganini ko'rmagandi. SHunday qiziq voqea bo'lgan. Hozirgacha o'sha voqeani eslab turamiz.
- Qiziqarli chempionat haqida.
- Men uchun bu yilgi chempionatimiz qiziqarliroq bo'lyapti deb o'ylayman. CHunki, o'tgan yili men “Metallurg” jamoasi sharafini himoya qilganman. Bilasizlar “Metallurg” chempionatimizda o'rta qatorda borar edi. Baribir chempionlik uchun kurash boshqacha bo'lar ekan. Har qanday futbolchi bir marotaba bo'lsak ham O'zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo'lishni istaydi. Hozir “Lokomotiv” bilan “Bunyodkor” jamoasi o'rtasidagi ochkolar tafovvuti 6 ochkoni tashkil etadi. Agarda navbatdagi turda “Paxtakor” klubi “temiryo'lchilar”ni mag'lub etsa tafovut 3 ochkoga qisqaradi. Keyin o'yinlar undanda qiziqarli bo'ladi deb o'ylayman. SHuning uchun ham oxirigacha kurashamiz. CHempionatimizning so'nggi turida “Lokomotiv” bilan to'qnash kelamiz. O'zbekiston kubogida ham ilk bor yarim finalga chiqyapman.
- Eng qiyin uchrashuv haqida.
- Eng qiyin uchrashuv OCHL guruh bosqichida Toshkentda “Lahviya” jamoasi bilan bo'lgan o'yinda 0:2 hisobida mag'lubiyatni qabul qilib olgandik. O'shanda bitta vaziyatni golga aylantira olmaganman. Balki o'shanda gol urganimda o'yin boshqacha bo'larmidi. Ushbu bahsdan so'ng OCHL guruh bosqichidan chiqish uchun imkoniyat ham qolmagandi. O'sha uchrashuv juda ham alamli bo'lgandi.
- “Buxoro” bilan o'yinga tayyorgarlik haqida.
- Ushbu o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'ryapmiz. Ushbu o'yinda faqat g'alaba qozonishimiz kerak. Oldimizda 4ta juda ham qiyin bo'lgan uchrashuvlar kutib turipti.
- SHaker Zuagi haqida.
- SHaker Zuagi jamoadan ketganidan so'ng u darajada katta o'zgarishlar bo'lmadi. Klubda uni o'rni boshqacha edi. Sovuqqon, tajribali futbolchi edi. Markazda to'p bilan yaxshi muomala qilardi. Baribir uni yo'qligi sezilyapti. U jamoaga ko'p yordam berar edi.
- Kelajakdagi orzular haqida.
- Birinchi navbatda jamoam bilan chempion bo'lish va kubokni qo'lga kiritish. Milliy terma jamoa safida muhim o'yinlarda terma jamoaga foyda keltirish. Eng asosiysi milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqishi eng katta orzularimdan biri. Milliy terma jamoamiz hozir saralashning so'nggi bosqichida o'z guruhida yaxshi ishtirok etmoqda, ko'z tegmasin. Nasib qilsa bu safar mundialga albatta chiqamiz.
- Muxlislarga tilaklar.
- Biz faqat muxlislar uchun o'ynamiz. Ular bor biz bormiz. Muxlislar yaxshi ko'rgani uchun futbol sport turlari ichida birinchi raqamli sport turi hisoblanadi. Ishqibozlar bor futbol bor, doim sog'-salomat bo'lishsin.
Jahongir Sotvoldiev suhbatlashdi.
Fikrlar