Sergey Lushchan: "Jamoaning ruhiy holati barqaror va barcha ertangi o'yinga tayyor"
04 okt 19:31
Yangiliklar
Sergey Lushchan: "Jamoaning ruhiy holati barqaror va barcha ertangi o'yinga tayyor"
"Kutilmalarimiz raqib jamoasi bilan bir xil. Ikki jamoa ham ertangi uchrashuvda g'alaba qozonishni istaydi. Tayyorgarlik masalasiga keladigan bo'lsak, biz finalga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Men jamoaga kelganimdan beri barcha etibor faqatgina Kubokka qaratilgandi. Katta hajmdagi ishni bajardik, bunga bardosh bergan futbolchilarga ham rahmat aytaman. Natijani ko'rib turibsiz, biz finaldamiz. O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, bu final. Finallar esa topishmoq bo'ladi. Kubokni o'z qo'lida ushlash – futbolchining orzusi. Ertaga nimalar ro'y berishini faqatgina Yaratgan biladi", – dedi namanganliklar ustozi.
"Biz bu o'yin qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini bilamiz. Namangan shahri uchun bu juda muhim bahs. Finalning qiymatini sezib turibmiz. Namanganga kubokni olib borishni maqsad qilganmiz. Jismoniy va ruhiy tomonlama tayyor bo'lish juda muhim. O'yin davomida o'z hissiyotlarimizni jilovlay olishimiz ham o'ta zarur jihat", – dedi xavbek Siyavash Haqnazari.
- "Men faqatgina final kunini kutib yashayapman", deb aytib o'tgan edingiz. Finaldan oldingi so'nggi kunlar qanday o'tdi? Jamoangiz qanchalik tayyor? Final oldidan so'nggi uchrashuvda "So'g'diyona"ga 0:3 hisobida mag'lub bo'lindi. Bu jamoaga qanchalik tasir qildi?
- Siz chempionat o'yini haqida gapiryapsiz. Bu aniq finaldan oldingi mashg'ulot emas. "So'g'diyona"ga qarshi uchrashuvda bizda umuman boshqa reja bor edi. Bizning barcha qarorlarimiz finalga qaratilgan.
Hech qaysi jamoa mag'lub bo'lishni istamaydi, ayniqsa, birinchi bo'limda barchasi yaxshi bo'lib turganda. Mag'lubiyatdan so'ng yakuniy xulosalar qilishimiz aniq. Bizning tarkibimizda tajribali futbolchilar bor va ular O'zbekistondagi eng yaxshilardan biri deb ayta olaman. Jamoadagi muhit – final oldidan bo'lishi kerak bo'lgan muhit. Har bir futbolchida biroz hayajon bo'lishi aniq, bu tabiiy hol. Muhimi, maydonga barcha o'z vazifasini bajarishi. Jamoaning ruhiy holati barqaror va barcha ertangi o'yinga tayyor.
- Sardor Rashidov finalda ishtirok etish uchun mashg'ulotlarga ertaroq kirishdi, degan gaplar tarqaldi. Rashidovni ertaga maydonda ko'rishimiz mumkinmi?
- Sardor maydonga tusha olishiga ishonaman. Oldindan bir narsa deyish qiyin. U maydonga tushishni juda istamoqda. Har kuni ikki-uch mahal mashg'ulot olib bordi. U asosiy tarkibda tushmasligini aniq ayta olaman.
- Ikkinchi davrada "Navbahor" jamoasi hujumkor futbol namoyish etmoqda. Ertangi uchrashuvda ham shunday ochiq futbol ko'ramizmi?
- Bu – final. Bunday o'yinlarda ruhiyat eng muhim rolni o'ynaydi. Tajribamdan kelib chiqib, javobgarlik ham katta rol o'ynaydi deya olaman. Durang natijasi qayd etilmaydi. Qaysi jamoa birinchi bo'lib gol ursa, o'sha jamoa g'alaba qozonishini taxmin qilishim mumkin. Biz avvalgi o'yinlarda ko'p vaziyatlar yaratdik, ammo ularni golga aylantira olmadik. Ertangi uchrashuv juda ehtiyotkor bo'ladi. Ikki jamoa ham bir-birini juda-juda yaxshi taniydi. Biz birinchi bo'lib hisobni ochsak, raqibimiz ko'proq oldinga o'tiga majbur bo'ladi. Zich himoyani yorib o'tish har doim qiyin vazifa bo'lib kelgan. Ko'ramiz, aniq bir narsa deyish qiyin.
- Siyavash Haqnazariga savol. "Andijon" jamoasi asosan ikkinchi raqam bo'lib harakatlanishni yaxshi ko'radi. Bunday zich himoyalanadigan jamoalarga qarshi o'ynash qanchalik qiyin? SHaxsan siz va jamoa uchun bu qanchalik muammo tug'dirishi mumkin?
- Final uchrashuvida nimalar ro'y berishining farqi yo'q. Muhimi – natija. Bunday o'yinlarga ikki jamoa ham alohida taktika bilan yondashadi. Biz "Andijon" qanday o'ynashini, ular biz qanday o'ynashimizni juda yaxshi bilishadi. Albatta, bizda ham reja bor, ammo o'yinning kechishiga qarab barchasi o'zgarib ketishi mumkin.
- Birinchi bo'lib hisobni ochgan jamoa yakunda g'alaba qozonadi deb o'ylaysizmi?
- Men har bir murabbiy kabi o'yinni tahlil qilishga harakat qilyapman. "A", "B", "V", "G" rejalarimiz bor, albatta. Biz o'yinga 1000 foiz tayyormiz, futbolchilar esa 2000 foizga tayyor. O'yin barchasini ko'rsatib beradi. Barcha qilishimiz kerak bo'lgan ishlarni bajarib bo'ldik. Qolgani futbolchilarga bog'liq.
- Ertangi uchrashuv murabbiylik faoliyatingizdagi eng muhim uchrashuv desak bo'ladimi?
- Ayni damda, ha. 2014 yilda shu savolni berganingizda boshqa bir o'yinni aytgan bo'lardim. 2015 yilda ham boshqa o'yinni keltirib o'tardim. Finallar har doim esda qoladi va ular takrorlanmaydi, hattoki bu faoliyatingizdagi beshinchi final bo'lsa ham. Ertangi uchrashuv men va oilam uchun juda muhim. "Navbahor"ga aloqador bo'lgan barcha insonlar uchun bu juda muhim uchrashuv. Ertangi uchrashuv joriy mavsumdagi eng muhimi.
- Ertangi uchrashuvda jamoangizga qaysi faktorlar xalal berishi mumkin? Masalan, darvoza chizig'idan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Bilasizmi faktorlar juda ko'p. Jarohat, qizil kartochka, himoyadagi xato va boshqalar. Darvozabonlar haqida gapirib o'tdingiz. Ha, xatolar uchrab turadi. Men futbolchilarning qaysi biri xatoga yo'l qo'yishi haqida o'ylashim kulgili. Muammo barcha jamoalarda bor. O'yin qanday tus olishiga qarab barchasi o'zgarib ketishi mumkin. Masalan, birinchi daqiqadagi jarohat yoki tezkor gol. Biz barchasiga tayyormiz. Darvozabonlar haqida bergan savolingiz esa – provokacion savol. Hamma xato qiladi va men savolingizga javob berishni istamayman.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Kubogi finalidan o'rin olgan "Navbahor" – "Andijon" bahsi ertaga "Istiqlol" stadionida o'tkaziladi. Uchrashuv 17:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
Fikrlar