So’nggi yangiliklar

20:21"Пахтакор" 8 йил олдинги антирекордини такрорлади  0 20:15Суперлига. "Навбаҳор" сафарда "Қизилқум"ни 5:1 ҳисобида мағлуб этди  17 20:00Ямаль "Сельта"га қарши ўйнамайди  1 19:42Франция футбол Федерация ПСЖнинг "Мбаппе иши" бўйича апелляциясини рад этди  0 19:31Суперлига. "Нефтчи" – "Насаф" 2:0. Highlights  5 19:17Анвар Бердиев: "Мақсадимиз — Суперлигага чиқиш"  0 18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   2 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  44 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2

Sergey Kucherenko: "Aziz G'anievga taklif qilingan summa kam edi, shu bois uni qo'yib yubormadik" Yangiliklar

Sergey Kucherenko: "Aziz G'anievga taklif qilingan summa kam edi, shu bois uni qo'yib yubormadik"

"Nasaf" PFK bosh menejeri Sergey Kucherenko bilan suhbatimiz davom etadi.

11 dekabr kuni intervyuning birinchi qismini o'quvchilar hukmiga havola qilgandik. Unda asosan "Nasaf" akademiyasi haqida gap borgandi. Suhbatning navbatdagi qismida Sergey Petrovich ko'proq menejerlik faoliyati, yakuniga etgan mavsum, shuningdek chetga ketishi kutilgan Aziz G'aniev haqida fikr bildirdi.

- Sergey Petrovich, "Nasaf" akademiyasida murabbiylarga ham alohida etibor qaratiladi, to'g'rimi?
- Albatta, busiz iloji yo'q. SHu yilning o'zida 9 nafar murabbiyimiz "B" licenziyasiga ega bo'lishdi. Yana bir kishi qo'shimcha "A" licenziyasini qo'lga kiritdi. Buni ham yutug'imiz deya olaman. Yaxshi bilasiz, futbolda murabbiylarning o'rni katta. Murabbiy qancha kuchli bo'lsa, shuncha ko'p yaxshi shogirdlarni etishtirib beradi.

Men Odessadagi futbol maktabida boshlab qo'ygan ishimni Qarshiga kelib davom ettirdim deya olaman. Juda ko'p rejalarim aynan shu erda amalga oshdi. Futbolni tugatgandan so'ng birdaniga murabbiy bo'lib qolmaysiz, buning uchun ko'p mehnat qilish kerak. To'rt nafar murabbiyimiz oliy o'quv yurtiga kirdi.

Biz faqat bir tomonlama rivojlanishda to'xtab qolmaslikka harakat qilyapmiz. Bir paytning o'zida ham klubni, ham akademiyani yuqoriga ko'tarishga bel bog'laganmiz. Bizda asosan yosh murabbiylar ishlaydi, oramizda super murabbiylar yo'q. Lekin hamma yaxshi ishlashga harakat qilyapti. Men xohlardimki, yil oxirida yaxshi ishlagan har bir murabbiy klub bosh homiysi tomonidan moliyaviy rag'batlantirilsa.

Nega endi buning iloji bo'lmasligi kerak? Axir murabbiy ham bolalar katta bo'lgach yaxshi futbolchi bo'lsin deb ishlaydi. Buning uchun boshqa tashvishlaridan voz kechib faqat shu bilan ovora bo'ladi. SHunday ekan, bolalar futbolida ishlaydigan murabbiylar doim rag'batlantirib turilishi lozim. Men tushunaman, "Neftegaz" sohasiga oid kompaniyalar faqat futbol bilan ovora bo'lib qolishayotgani yo'q, ular zimmasiga davlat ahamiyatiga molik boshqa ishlar ham yuklangan. Ammo futbolni ham beetibor qoldirish kerak emas.

CHunki etibor bo'lmagan joyda futbol rivojlanmaydi. Futbol - hissiyotlarga boy o'yin, ham odamlarga quvonch ulashadi, ham g'alaba xalqni xursand qiladi. Stadionga 3-4 ming odam kelsa, futbolchilarning o'yiniga tasir qiladi, lekin 18-20 ming muxlis kelsa ajiotaj yuqori bo'ladi. Bizning "Nasaf"da shunday: stadion to'lsa jamoa jon-jahdi bilan o'ynaydi. Endi o'zingiz o'ylab ko'ring, stadionga 20 ming muxlisni qaysi tadbir to'play oladi, faqat futbol.

- Qarshiga kelganingizdan beri (2009 yil) shu paytgacha “Nasaf” akademiyasi direktori lavozimida faoliyat yuritdingiz. SHu yilning may oyidan klub bosh menejeri sifatida ishlayapsiz. Bu lavozimga tayinlanish qanday yuz berdi?
- Menga qadar bosh menejer bo'lib ishlagan inson ishdan bo'shash haqida ariza yozgach, klub prezidenti meni oldiga chaqirib shu lavozimni taklif etdi. Darvoqe, menga O'zbekistonning boshqa bir klubidan ham taklif tushgandi. Oldimda ikkita variant bor edi: "Nasaf"da qolib ishlash yoki boshqa taklifni qabul qilish. SHunda men O'zbekistonda qolsam ham faqat "Nasaf"da ishlayman, agar ketmoqchi bo'lsam unda o'z Vatanimga qaytib ketaman dedim.

To'g'risi, mengacha bo'lib o'tgan ishlarga izoh berib o'tirmoqchi emasman. SHuningdek, kimnidir yomonlash niyatim ham yo'q. O'tmishda nima bo'lgan bo'lsa bo'ldi, biz esa kelajakka qarab ishlashimiz kerak. Men har doim eng yaxshisini saqlab qolgan holda ishlashni yoqtiraman. Kelajakdan esa umidim katta. Yaxshi-yaxshi futbolchilarni xorijga jo'natishni xohlaymiz. Faqat transferdan keladigan pul klub hisob-raqamiga tushishi kerak. Men murabbiylar, futbolchilar, xullas hamma yaxshi yashashini xohlayman. Men uchun tartib va intizom birlamchi o'rinda. O'zboshimchalikka aslo yo'l qo'ymayman va bunga chidab tura olmayman.


- SHu paytgacha faqat akademiya uchun javobgar bo'lib kelgansiz. Endi esa butun klub masuliyati bo'yningizda. SHundan kelib chiqib ishlash qanchalik qiyin bo'lyapti?
- Qiyinchilik va muammolar bor, lekin men bundan qochmayman. Klubni boshqarish shu bilan birga qiziqarli ham. Klubimiz strukturasi piramida shaklida bo'lib eng kichik yoshdagi bolalar futbolidan to asosiy tarkibgacha hammaga bir xil qaraymiz. Futbolda yangi velosiped ixtiro qilmoqchi emasman. Faqat bor narsani yanada yaxshilash kerak. Bundan buyon "Nasaf"ning har bir jamoasida futbolchilar saviyasini o'rganib qolmay, balki ularni shug'ullantirayotgan murabbiylarning ham darajasini o'rganib chiqamiz. Kimga nima kerak bo'lsa, yordam ko'rsatishga harakat qilamiz.

- Superliga klublari tarkibida ayollar va futzal jamoasi ham bo'lishi kerak degan fikrga qanday qaraysiz?
- Umuman olganda kerak. Lekin moliya tomonlama bunga tayyor emasmiz. Buni ochiq gapirishimiz lozim. Endi qarang, "Nasaf"da hammasi klub balansida. Stadion ham, akademiya ham, "Sputnik"dagi baza ham, umuman hamma-hammasi. SHuncha narsani ushlab turishning o'ziga katta pul ketyapti. Bu yil mablag' tomonlama qiynalib qolganimiz uchun bazi futbolchilarni qo'yib yuborishga majbur bo'ldik. Hatto 100 kishilik shtatni qisqartirdik.

Yaxshiyam paytida akademiyaga katta etibor qaratgan ekanmiz, yo'qsa futbolchilarsiz yanada qiynalib qolgan bo'lardik. SHu o'rinda o'z fikrimni bildirgan bo'lsam, futbol klubi faqat futbol bilan mashg'ul bo'lishi kerak. Futzal alohida, ayollar futboli ham alohida bo'lishi lozim. Albatta, hammasini bir joyga jamlasa bo'ladi, lekin ayollar futbolining o'z dunyosi bor, futzalning ham o'z muammolari bor. O'zi shundoq ham futbolda muammo etarli, ana endi hammasi bitta joyga tiqilib qolyapti.

Mening fikrimcha, futboldagi hamma sport yo'nalishi o'z qobig'ida rivojlanishi kerak. Masalan bizga akademiya kerakmi, kerak. CHunki ertaga shu erdan chiqadigan yoshlar asosiy tarkibda o'ynaydilar. Mayli, futzal ham kerak deylik, chunki bazi bolalar yoshlikdan futzalga o'tib ketishi mumkin. Futzal ham futbolning bir turi, lekin boshqacha futbol. Ularning alohida musobaqasi bor.

Ammo ayollar futbolini butunlay alohida qilgan maqul. Bizda akademiya nima uchun ishlayapti? Bolalarni katta futbolga tayyorlash uchun. SHuning uchun ham mashg'ulotlar katta maydonda olib boriladi, axir zalda shug'ullanmaymiz-ku. Agar bola katta futbolga tortmasa, uni futzalga bersa bo'ladi. Lekin ayollar futbolini qanday qilamiz?

- SHunday deyish mumkinmi: klubda byudjet o'zgarmadi, lekin ayollar va futzal qo'shildi?
- Aslida shunday ham bo'ldi. Biz shu paytgacha akademiya, o'rinbosarlar, asosiy tarkib holatidan kelib chiqib smeta tuzayotgandik. Hozir ham shu mablag'ga egamiz, biroq ayollar bilan futzal qo'shilgan. Hammasiga xarajat bitta smetadan ketyapti. O'z paytida akademiyamiz uchun alohida byudjet tasdiqlangandi. Ammo vaqt o'tib shunday qarorga keldikki, davlat ichida davlat tuza olmaymiz. Yani, futbol klubini kichik bir davlatga qiyoslasak, uning ichida alohida bir davlatni, yani akademiya barpo qilish shart emas. 

Hammasini umumlashgan holda tuzib chiqish lozim. CHunki akademiya baribir asosiy jamoa uchun ishlaydi. Futbol maktabi klub tarkibida bo'lishi va asosiy jamoa bilan birgalikda moliyalashtirilishi lozim. Bugungi kunda "Nasaf" akademiyasida 16 nafar murabbiy faoliyat yurityapti. Bundan tashqari, Kitob, SHahrisabz, Nishon, Koson, Jarqo'rg'onda filiallarimiz bor va u erda etti nafar murabbiy ishlayapti. Filiallarda ishlayotgan murabbiylar ham bizdan maosh oladi. Xorazmda ham "Nasaf" filialini tashkil etgandik. Biroq yo'l uzoq bo'lgani uchun yopdik. Umumiy hisobda akademiya shtatida 23 murabbiy va bir yarim mingga yaqin bola bor.

- Murabbiylarning maoshi qoniqarlimi?
- Bu ham o'ziga yarasha og'riqli mavzu. Filiallarda ishlayotgan murabbiylarning oylik maoshi uncha ko'p emas. SHunga qaramay, "Nasaf" uchun ishlab kelishyapti. Agar murabbiy akademiyamiz uchun mos bolani tarbiyalab bersa, biz ham qo'shimcha rag'batlantirishga harakat qilamiz. Hozirgi kunda oyliklarni oshirish ustida ishlayapmiz, chunki murabbiylarning shundan boshqa qiladigan ishi yo'q.

Har kuni ertalab soat 7dan mashg'ulot boshlanadi, bolalar maktabga borib kelgach kechki payt yana maydonga chiqib shug'ullanishadi. Soat 18:00dan keyin ularga nazariy mashg'ulotlar va maktab fanlari bo'yicha qo'shimcha darslar o'tiladi. Xullas akademiyamizda har kungi ish jarayoni ertalab ettidan kechqurun to'qqizgacha davom etadi. 


- Bu yil barcha viloyat markazlarida O'FA akademiyalari tashkil etildi. Qarshida ochilganidan so'ng "Nasaf"dan kimdir u erga ketdimi?
- Ha, shunday bo'ldi. Uch nafar murabbiy ketdi, ulardan biri Nurali Sultonov direktor bo'ldi. SHuningdek, bizga to'g'ri kelmagan bazi bolalar ham ketishdi. Bundan xafa emasmiz, chunki bu ish jarayoni. Lekin o'zimizda eng yaxshilarini olib qoldik. Yaxshi futbolchilar shu erda qolishni maqul ko'rishdimi, demak to'g'ri yo'ldan ketyapmiz.

- Bosh menejer sifatida yakuniga etgan mavsum haqida nimalar deya olasiz? "Nasaf"ning Superligadagi ishtiroki qoniqtirdimi?
- Avvalo barcha futbolchilarga va murabbiylar shtabiga oxirigacha kurashishgani uchun rahmat aytmoqchiman. Yil boshida juda qiyin vaziyatda edik. Mablag' tanqisligidan etakchilarni qo'yib yuborishga majbur bo'ldik. Oraliq tanaffusda yana ikki futbolchimiz bilan xayrlashdik. Ammo "Nasaf" "o'tirib" qolgani yo'q. Jamoa Superligada haminqadar o'zini ko'rsata oldi. "Nasaf" hamisha yuqori o'rinlarga loyiq jamoa, faqat bu yil shunday bo'lib qoldi. 

- Superliga formati haqida nima deya olasiz?
- Menga ko'proq 16ta jamoa qatnashadigan chempionat yoqadi, shunda har bir klub 30tadan o'yin o'tkazadi va buni etarli deb o'ylayman. U-18 chempionatini esa albatta qoldirish kerak. SHuningdek, mintaqaviy tayyorlov guruhlari musobaqasini ikkita emas, balki to'rtta yosh toifasida o'tkazish zarur deb o'ylayman. Aytaylik, 2002-2003lar o'rtasida musobaqa bo'lyapti. Bunda baribir etibor ko'proq 2002 yilda tug'ilganlarga qaratiladi. 2003lar esa alohida musobaqasiz qolib ketyapti.

- Bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev keyingi yil ham jamoada qoladimi?
- Berdiev boshqa jamoaga o'tarmish degan mish-mishlar yo'q emas. Albatta, qaerda ishlashni murabbiyning o'zi hal qiladi. Lekin menga qolsa, Ro'ziqul Sadullaevich "Nasaf"da qolib o'z ishini davom ettirgani maqul. Men Berdievdan xursandman, chunki u asosiy etiborni klub tarbiyalanuvchilariga qaratdi. "Nasaf" - katta oila, jamoa Berdiev uchun ham o'z uyidek bo'lib qolgan. 

- Nima deb o'ylaysiz, keyingi yil uchun klub byudjeti PFL talab qilayotganidek 25 milliard so'm atrofida bo'ladimi?
- Mavsum boshida klubimiz prezidenti SHuhrat CHorievich Aslanov nomiga yo'llangan xatni olgandik. Albatta, O'FA va PFL klublarga yaxshi bo'lishini xohlayapti, lekin biz "SHo'rtangazkimyo" majmuasi qoshidagi klubmiz. Bizga ham mablag' "Neftegaz" tomonidan ajratiladi, shunday ekan yillik smetani o'zimiz xohlagancha belgilay olmaymiz. 

SHu o'rinda xohlardimki, "Neftegaz" butun O'zbekiston bo'ylab o'z qaramog'idagi klublarga bir xil pul ajratmay, kimda nima borligidan kelib chiqib yillik byudjetni taqsimlasa. Masalan, akademiyasi bor klub bilan akademiyasi yo'q klubning homiy tashkilotlardan bir xil pul olishi mantiqsiz. 


- Keling endi ko'pchilikni qiziqtirgan mavzu haqida gaplashsak. Klub tarbiyalanuvchisi Aziz G'anievga Turkiya va Ispaniyadan aniq takliflar tushganidan xabarimiz bor. Hatto transfer summasi ham elon qilindi. Eshitishimizcha, futbolchining o'zi ketishga tayyor turgan ekan, biroq siz qo'yib yubormabsiz.
- Ochig'ini aytaman, Ispaniyadan taklif tushdi, lekin to'rt yil tekin o'ynatishga. Turkiya klubidan tushgan taklifga ko'ra ular har yili 100 mingdan uch yilga 300 ming dollar to'lab beramiz deyishdi. Ha, men bunga yo'q dedim va bundan afsuslanmayman. Nima uchun? Axir ular terma jamoa futbolchisini sotib olmoqchi bo'lishgandi, men esa O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchi bundan qimmat turadi deb o'ylayman.

Natijada ularga aytdim, futbolchi kerakmi, marhamat bizni qoniqtirgan summani to'lab bering. Qolaversa, men Turkiya chempionatini juda kuchli deb hisoblamayman. Biz futbolchini shuncha yil tarbiyalab transferga kelganda uning narxini erga urishimiz to'g'rimi? Qiziqish “Paxtakor”dan ham bo'ldi, lekin bu jamoa ham ko'p pul berishni xohlamayapti. 

Biz futbolchini chetga qo'yib yuborishimiz uchun konkret taklif kerak bo'ladi. Sotib olmoqchi bo'lgan klub summani bo'lib beramiz desa-yu, ertaga o'sha o'yinchi jarohat olib keyin ular yuzini teskari burib olsa nima bo'ladi? Ispaniya taklifiga keladigan bo'lsak, ikkinchi liga klubidan qiziqish bo'ldi, lekin ular to'rt yil bepul o'ynatmoqchi bo'lishdi. Bepul degan joyiga men ko'nmadim. Eng yaxshi taklif SHveycariyadan tushgandi, biroq bu paytga kelib G'aniev jarohat olib qoldi. Hali sog'ayib maydonga qaytsin, ishoning bundan zo'r takliflar bo'ladi. 

- Aziz G'aniev borasida yana bir gap tarqaldi. "Paxtakor" uni olmoqchi bo'lganida "Nasaf" transfer summasini 10 milliard so'm debdi.
- Ha, shunday. Ehtimol “Paxtakor” uchun bu summa qimmatlik qilgan bo'lishi mumkin, lekin men O'zbekiston terma jamoasi azosi uchun buni normal narx deb hisoblayman. Mayli, 10 milliard bo'lmasa ham narxini sal kelishtirib gaplashsak bo'lardi, ammo "Paxtakor" vakillari bilan suhbatimiz uzun kechmadi. 

Men shunday hisoblayman: futbolchi yaxshi saviyadami, demak uning narxi past bo'lishi kerak emas. "Paxtakor" hozir ham ikki futbolchimizga qiziqyapti. Lekin narx borasida kelisha olmayapmiz. Biz hech kimni yashirincha yoki ko'zdan bekitib sotmaymiz, hammasini rasmiy hal qilishga urinamiz. 

- Ayting-chi, kelajakdagi rejalaringiz nimalardan iborat?
- Suhbatimiz boshida aytib o'tganimdek, qariyb 10 yildan beri O'zbekistonda ishlayapman. Ukraina farzandiman, lekin bugungi kunda O'zbekiston futboli uchun mehant qilyapman. Men uchun futbol oddiy o'yin emas, hayotimning bir bo'lagi. "Nasaf"da ishlab jamoaga shu qadar o'rganib qolganmanki, buni tasavvur ham qila olmaysiz. Aytalik, erta-indin boshqa klubdan taklif tushsa, borib ishlagandan ko'ra o'z yurtimga qaytib ketishni maqul ko'raman. 

Kelajakdagi rejalarimga kelsak, Qashqadaryoda futbol rivoji uchun yanayam qattiq bel bog'lab ishlashga tayyorman. Maqsadimiz esa "Nasaf"ning mavqeini yanada yuqoriga ko'tarish. Faqat bu men aytganim bilan amalga oshib qolmaydi. Buning uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak. 

Hozir asosiy tarkibda to'p tepayotgan futbolchilardan bir nechtasi ko'z oldimda katta bo'lishdi: Doniyor Narzullaev, G'olib G'aybullaev, Odil Hamrobekov, Bobir Abdixoliqov, Islom Rashidxonov, SHarof Muhiddinov, Aziz G'aniev, Oybek Bozorov, Dilshod Saitov, Islom Kenjaboev, Umid Ergashev. 

O'yin payti yuqori tribunadan ularning asosiy tarkibda o'ynayotganini ko'rib ko'zim quvnaydi. Ayting-chi, murabbiy uchun shogirdining asosiy jamoada ko'rishdan boshqa yana nima kerak. Xohlardimki, akademiya faoliyati davom etib, yanada kuchli futbolchilarni etishtirib bersak, axir shular o'zbek futbolining ertasi bo'lishadi. 

- Sergey Petrovich, samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Keyingi ishlaringizda omad va zafarlar tilab qolamiz. 


Katta suhbat. Sergey Kucherenko: "Atrofimizda futbol fidoyilari bo'lmaganida "Nasaf" akademiyasi bu darajaga chiqmasdi" (1-qism)


Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.  

Reyting: +33   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика