Sanat SHaripov: Bolalar futboliga ko'z yumib, JCHga chiqish – manisizlik!
20 sen 2016 10:47
Yangiliklar
Sanat SHaripov: Bolalar futboliga ko'z yumib, JCHga chiqish – manisizlik!
Bugun sizlarga mazkur suhbatning 2-qismini taqdim etamiz. Birinchi qismga HAVOLA.
- Sanat, malumki, JARda regbi ham juda ommaviylashgan. Futbol regbi bilan raqobatda qanday qilib ustun kelmoqda?
- Ikkala sport turi ham rosayam baland reytingga ega. SHuningdek, kriketning ham ixlosmandlari ko'p. To'g'ri, futbol biroz oldinroqda. Regbi oq tanli aholi orasida, futbol esa ko'proq qora tanli aholi orasida katta obro'ga ega.
Futbolni reklama va targ'ib qilish, millionlar o'yinidagi marketing va merchendayzing, homiylar va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, o'yinlarni bir nechtalab TV-kanallarda avvaliga haftalar davomida anons qilish, keyin esa on-layn tarzda translyaciya qilish, ishqibozlar bilan ishlash, ularni stadionlarga jalb etish yo'lidagi tadbirlar, turli xil atributikalar ishlab chiqarish va ularni muxlislar uchun qulay tarzda sotish, chiptalar savdosini hamma uchun qulay va erkin holda tashkil etish... Bularning barchasi Evropa darajasida olib borilyapti. Marketing bo'yicha alohida jalb etilgan kompaniyalar ishlayapti, bu borada federaciyaning o'zi ham alohida ishlayapti. Har bir stadion o'yin kunlari bayramona va ko'zni quvnatadigan holda rang-barang qilib bezatilgan. Stadion atrofida didjeylar musiqa orqali futbol shaydolariga alo kayfiyat ulashishyapti, turli ko'ngilochar o'yinlar, robot qo'riqlaydigan darvozaga to'p tepishlar, har xil homiy kompaniyalar tomonidan tashkil etilgan sovrinli o'yinlarda muxlislar to'p, futbolka, suvenirlar, yumshoq o'yinchoqlar yutib olishyapti, ovqatlanish shohobchalari, odamlar o'yingohga oilalari bilan oqib kelishyapti... Xullas, ishqibozlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. SHuning uchun ham stadionlar doimo to'ldir. Masalan, bu erda yangi chempionat boshlanishidan avval, har yilgi ananaga ko'ra, mavsumni Carling Black Label Cup uchun uchrashuv ochib beradi. Xuddi bizning Superkubok o'yini yangi chempionatdan oldin o'tkazilishi kabi. 30 iyul kuni “Sokker Siti” stadionida mamlakatning eng mashhur ikki jamoasi - “Kayzer CHifs” va “Orlando Payrets” to'qnash kelishdi. O'yinda “Kayzer” 2:0 hisobida ustun keldi va kubokni qo'lga kiritdi. SHu kuni stadionga 80 mingdan oshiq muxlis keldi. O'sha-o'sha ovozi jarangdor mashhur vuvuzelalar. Ularning ovozi ko'pchilikka yoqmasada, afrikaliklar ularni maroq bilan chalishmoqda. Stadiondagi muhit xuddi JCH-2010 paytidagi manzarani yodga soladi (Izoh: Carling Black Label Cup-2016ning tashkil etilishi, borishi, stadiondagi muhit va taqdirlash marosimiga oid 5 daqiqali videoni mana bu havoladan ko'rishingiz mumkin - https://www.youtube.com/watch?v=b2mmSvGTthg).
- Janubiy Afrika futbol associaciyasi talim yo'nalishida qanday yangiliklarga qo'l urgan?
- Bilasizmi, meni hayron qoldirgan narsa, federaciyada har hafta turli katta-katta seminarlar uyushtiriladi. Ularda ishtirok etishga butun mamlakat bo'ylab mutaxassislar taklif etiladi. O'quv seminarlarini xorijdan chaqirtirilgan millionlar o'yinidagi mashhur kishilar o'tkazishmoqda. SAFA bu borada Germaniya va Gollandiya futbol uyushmalari bilan qalin hamkorlik o'rnatgan. FIFA va Afrika futbol konfederaciyasidan ham mutaxassislar tez-tez kelib turishadi. Misol uchun, yaqinda hamma Ispaniya La Ligasi prezidenti Xaver Tebasning seminarida klublar futbolini rivojlantirishga doir lekciyalarni tingladi. O'sha seminarda men ham qatnashdim va o'zim uchun juda ham muhim bo'lgan bilimlarni oldim.
Potencial homiylar bilan uchrashuvlar uyushtirish muntazam ravishda yo'lga qo'yilgan. Har hafta homiylarni federaciya o'zi tashkil etadigan tantanali kechki ovqatlarga taklif etib, marosim mobaynida tomonlar kelgusi rejalarni “pishirib olishadi”.
O'z navbatida, mahalliy murabbiylar va klublarning menejerlari, media-oficerlari, marketing mutaxassislari “Bavariya”, “Ayaks”, “Manchester Yunayted” kabi klublarga borib, ish o'rganib qaytishyapti. Masalan, La Liga prezidenti bilan uchrashuvda 5-6 nafar mutaxassisdan iborat janubiy afrikalik bir guruh murabbiylarning yaqin orada (mavsumda bir oylik tanaffus bo'lgan mahalda) “Barselona”, “Atletiko” Madrid, “Malorka”, “Espanol” klublariga tajriba orttirish uchun borib kelishlari masalasi ko'tarildi.
- JARda klublar futboli darajasi qanchalik rivojlangan?
- Menga yoqqani, 90 foiz klublar barcha ishchi-xodimlar, murabbiy va futbolchilarga maoshlarni o'z vaqtida beradi. Futbolchilarga ish haqi to'lash bo'yicha JAR dunyodagi kuchli o'ntalikka kirar ekan. Bu erda ham oyliklar sezilarli tarzda baland.
PSL (Professional Soccer League) ofisi federaciyanikidan alohida. SHaharning umuman boshqa qismida joylashgan. PSL 5ta ligadan iborat: Premer-liga (16 klub), Milliy Birinchi divizion (16 klub), Ikkinchi divizion (144 klub), Regional liga (832 klub), Mintaqaviy futbol associaciya ligasi (1.600dan ortiq klub). Etibor bering, bu juda katta tizim. Ancha-muncha manaman degan davlatlar futbolida ham bunday baxaybatlikni kuzatmaymiz.
PSL bir mavsumda to'rtta musobaqa o'tkazadi. CHempionat (umumiy mukofot jamg'armasi 2.065.000$), mamlakat kubogi (1.421.000$), Liga kubogi (994.000$), Kuchli sakkizlik kubogi (952.000$). Har bir musobaqaning o'z titul homiysi bor. SHunga mos ravishda, ushbu musobaqalar homiylar nomi bilan nomlanadi: CHempionat - ABSA Premiership (homiysi – Britaniyadagi Barclays Bankning Janubiy Afrikadagi ABSA filiali), Kubok - Nedbank Cup (bank), Liga kubogi - Telkom Knockout Cup (internet provayder), Kuchli sakkizlik kubogi (avvalgi mavsumda eng yuqori 8 o'rinni egallagan jamoalar o'rtasida o'ynaladi) – MTN 8 (uyali aloqa operatori).
Nafaqat premer-liganing, balki barcha turnirlardagi har bir ishtirokchi bahslar yakunlariga ko'ra albatta mukofot pullari bilan taqdirlanadi. Mukofot pullarining miqdori jamoalarning egallagan o'rinlariga qarab belgilanadi.
Quyidagi jadvalda 2014/2015 yillardagi chempionatda (birgina chempionatning o'zida!) jamoalar qanchadan mukofot puli olganini ko'rishingiz mumkin.
O'rni |
Klub |
Mukofot puli ($) |
1 |
Kaizer Chiefs |
700.000 |
2 |
Mamelodi Sundowns |
350.000 |
3 |
Bidvest Wits |
210.000 |
4 |
Orlando Pirates |
140.000 |
5 |
Ajax Cape Town |
105.000 |
6 |
SuperSport United |
91.000 |
7 |
Bloemfontein Celtic |
77.000 |
8 |
Maritzburg United |
70.000 |
9 |
Free State Stars |
52.500 |
10 |
Black Aces |
49.000 |
11 |
Platinum Stars |
45.500 |
12 |
Polokwane City |
42.000 |
13 |
University of Pretoria |
38.500 |
14 |
Chippa United |
35.000 |
15 |
Moroka Swallows |
31.500 |
16 |
AmaZulu |
28.000 |
PSLning bir qancha ishchilari bir paytlar FIFAda har biri 4-5 yildan faoliyat olib borishgan mutaxassislar. Ular bilan PSLning obro'sini oshirish ancha oson kechmoqda. Hatto Afrikaning ko'p davlatlari futbol xo'jaligini yuritishni JARga kelib o'rganib ketishyapti.
Jamoalarda asosiy etibor jismoniy tayyorgarlikka qaratilgan. Hamma klublar o'yinchilari baquvvat, jismonan juda kuchli futbolchilar ekanligi shundoqqina ko'rinib turibdi.
- JAR termasi azolarining bir qanchasi bugungi kunda Belgiya, Daniya, Turkiya, Franciya, Gollandiya, Ruminiya ligalaridagi “Lokeren”, “Brondbyu”, “Genchlerbirligi”, “Lill”, “Ayaks”, “Tvente”, “Dinamo” Buxarest kabi klublarda to'p surishyapti. Bunday transferlarni amalga oshirishga ular qanday erishishmoqda?
- Avvalo, futbolchi chindan ham kuchli bo'lsa, uni Evropaga tavsiya etishga hamda o'yinchini olmoqchi bo'lgan klubga uni chaqirishga aslida hech kim o'ylanib o'tirmaydi. Ikkinchidan, janubiy afrikalik futbolchilar va ularning klublari rahbarlari birinchi o'ringa moliyaviy manfaatni qo'yishmas ekan. Terma jamoaning ertasini o'ylab va o'sishni ko'zlagan holda, ular, birinchi galda, raqobat baland bo'lgan siz sanab o'tgan o'sha ligalarga jon deb ketishyapti. Bizda-chi? Sardor Rashidovga men orqali ham Osiyoning grand klublari chiqishgandi. SHu bilan birga, unga Franciyaning “Nant” klubidan ham taklif bor bo'lgan. Ammo “Bunyodkor” va Rashidov “Nant” tomonidan tuhfa etilgan sharoitlarga qiyo boqishmadi. “Al Jaish” variantini afzal ko'rishdi. Lekin, qarang, jahon tan olgan Mario Balotelli ham “Nant”dan ko'ra mashhurroq bo'lmagan “Nicca”ga o'tishni o'ziga sira uyat sanamayapti-ku! O'tgan yili Zabihillo O'rinboevga Portugaliyadan, “Pasush de Ferreyra” klubidan taklif olib keldim. Biroq “Bunyodkor” klubi uni qo'yib yubormadi. Yoki Dostonbek Hamdamovni olaylik. U Osiyoning 2015 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilganidan so'ng, men istedodli yarim himoyachimizni “Ko'hna qitaga” olib chiqmoqchi bo'ldim. Lekin, afsuski, u muzokaralarga jiddiy kirishmadi. Doston ishimni hal qiladigan u odamim bor, bu odamim bor deb, vaqtni cho'zdi. Unga faqat va faqat omad tilayman! Uning taqdiri qanday kechishini, legioner maqomini qaysi davlatda olishini kuzatamiz. Diyorbek Turopov bilan Sardor Sobirxo'jaevni CSKA (Moskva)ga ko'rikka oborib keldim. O'tisholmadi... O'smirlar va yoshlar o'rtasidagi JCHlarda qatnashib, ancha toblangan, buning natijasida, 2014-2015 yillarda “qaldirg'ochlar”ning asosiy tarkibida chempionatda naqd 40ta uchrashuv o'tkazgan, CHempionlar ligasida dadil o'ynagan, milliy terma jamoagacha etib kelgan Sobirxo'jaevni “Bunyodkor” avvaliga “So'g'diyona”ga, hozir esa “Obod”ga ijaraga berdi. “Bunyodkor”ning o'yiniga unchalik ham bezak berishmagan Samir Bekrich yo Aleksandar Alempievichlardan ko'ra, Sardorni ko'proq o'yin amaliyoti bilan taminlab, uni yanada o'stirish (ham klub kelajagi uchun, ham terma jamoamiz uchun) yaxshi emasmidi?! Mana, ko'ryapsizmi, mahalliy iqtidorlardan biz qanday qilib mahrum bo'lyapmiz. Kelajagiga mutaxassislar tomonidan anchayin yuqori baho berilgan ko'p futbolchilarimizda men hozir pasayishni ko'ryapman. Bizning mentalitetimiz o'zi shunaqa, uzoqni ko'zlamaymiz, uzoqni ko'ra olmaymiz. Omad qushini vaqtida ushlashni bilmaymiz. Mayli, hammalarining omadlarini bersin! Faoliyatlari buyog'iga yana balandlikka qarab yo'l olsin!
...So'ngi yillarda juda ko'p futbolchilarimiz bilan muomalada bo'ldim. Aksariyatining fikr yuritish darajasiga hayron qolaman. U-bu mamlakatga tavsiya qilish masalasida gap ochsam, “menga jamoa topib berishni falonchi vada berib bo'lgan, menga erta-indin pistonchi orqali taklif kelyapti, bungacha mana bu klubni sharoitlari menga yoqmadi, meni mana buncha sharoit qoniqtiradi” va h.k. qabilida tap tortmay gapirishadi. O'zbekistondan hali tashqariga chiqmagan, shu erda turvolib osongina gapirib yuboraveradigan, xorij klublarida mehnat munosabatlari qay tartib, qay talablarda yuritilishi va ular qo'yadigan shartlarning aslida qandayligidan umuman tasavvuri yo'q o'yinchilarimizning bunday ko'rinishdagi fikrlashlariga ichimda kulib qo'yaman. Katta gapirishga yo'ymang-u, axir doimo yurt kezib yurgan men bilaman-ku, aslida bizning futbolchilarga kim qanday baho bilan qarashini. Bizning o'yinchilar o'ta ishonuvchan. Kim nima desa, darhol ishonib ketaverishadi. Aslida ularga vada bergan kimsani yaxshi tanishmasa ham, u inson ushbu sohadan yiroq bo'lsa ham. Bu nimadan? Ochiq gapirayotganimga hafa bo'lishmasin-u, lekin ko'p futbolchilar yoshligidan kitob o'qishmaydi, talim olishga qiziqishlari sust. Buning oqibatida, fikrlash doirasi tor bo'lib shakllanadi. Va keyinchalik ularda vaziyatni real tahlil qilish, to'g'ri xulosaga kelish qobiliyati, afsuski, yo'q bo'ladi. Futbolchilik umri o'ta qisqa. Ular qandaydir o'n yilda juda ko'p narsalarga ulgurib qolishlari darkor. Biroq kerakmas odamlarga ishonib qolib, o'yinchi sifatida butunlay yo'q bo'lib ketganlarni bilaman men. Nafaqat men, balki keng jamoatchilik ham bundaylarni yaxshi biladi.
- Yana suhbatimizning asl yo'nalishiga qaytsak. Biz uchun o'ta dolzarb mavzu: Janubiy Afrikada terma jamoalarga sharoitlar yaratib berish, ayniqsa, o'rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish masalasiga ham to'xtalsangiz.
- Bizdagi “Terma jamoalar markazi” ishi JARda SAFAning “Texnik markaz”iga yuklatilgan. Bu departamentni mamlakat futboli tarixidagi eng taniqli o'yinchilardan biri bo'lgan Neyl Tovey boshqaradi. Men u bilan aynan o'rtoqlik uchrashuvlari uyushtirish borasida boshqa federaciyalar bilan muzokaralarni qay tartibda olib borishlari haqida suhbatlashdim. Birinchidan, ular muzokaralarga yillab, oylab oldin kirishishar ekan. Qo'lida FIFAning 2018 yilgacha bo'lgan xalqaro uchrashuvlar taqvimi turibdi. Ular shu kunlarda Urugvay va Jazoir terma jamoalari bilan 2018 yili o'ynaydigan o'rtoqlik bellashuvlari yuzasidan bo'lgan, 4 oydan buyon davom etgan muzokaralarni yakunlash arafasida ekanliklarini bildirdi. Ikkinchidan, senda albatta muzokara olib borish talanti bo'lishi shart, deb aytdi u menga. “Busiz o'rtoqlik bahsiga sen hatto Gibraltarni ham ko'ndira olmaysan”, - deydi SAFAning texnik direktori Tovey.
Yana bir jihatni esdan chiqarmaslik kerak. SAFAning homiylari juda kuchli. O'rtoqlik o'yinlari tashkil etishga homiylar katta yordam ko'rsatishadi. SHuning uchun ham JARga vaqti-vaqti bilan Braziliya, Ispaniya, Norvegiya, Kot-d’Ivuar terma jamoalari o'ynagani kelib ketishyapti, “Bafana-Bafana” esa Polsha, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Marokashlar bilan uchrashuvlarga boryapti. Ko'p kuchli terma jamoalar JARdan o'rtoqlik bahsi uchun taklif kelishini intizorlik bilan kutishlari bu bor gap. CHunki manfaatli taklif bo'lishini barcha xohlaydi va bunga bajonidil rozilik beradi.
- O'zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2018 saralash turniri hal qiluvchi bosqichidagi yuz foizli startini kuzatishga ulgurdingizmi?
- Ha, albatta. Janubiy afrikalik do'stlarim ham meni bu bilan tabriklashdi. Ular oldida o'zimni xursand ko'rsatdim-u, ammo ichimda o'yga cho'mdim: “termamizda biz kutgan zo'r o'yin hali yo'q, hozircha faqat omadimiz kelyapti. O'tgan gal ham yangi “Bunyodkor”da Livanni bazo'r yutib olib, guruhda 1-o'rinda bo'lib turganimizda, bir oyog'imiz bilan Braziliyadamiz deb, to'ydan oldin nog'ora chalib, raqs o'ynashga tushib ketgandik. Yakunda nima bo'lganini hammamiz yaxshi bilamiz”.
Biz hozircha guruhimizdagi eng kuchsiz ikki raqib bilan o'ynadik. Haqiqiy kuchimizni oktyabr va noyabr oylaridagi uchta uchrashuv ko'rsatib beradi.
Ilohim, o'sha JCHga nihoyat chiqaylik. Butun 32 millionli o'zbek xalqi kabi, men ham faqat shuni istayman. Ammo chiqqanda ham jahon chempionatiga albatta tayyor va munosib holda borishimiz darkor. Zaif holatda borib, 2002 yili Saudiya Arabistoni (Germaniyaga 0:8), 2010 yili esa SHimoliy Koreya (Portugaliyaga 0:7) uchragan sharmandali mag'lubiyatlardek natijalarni qayd etib yurmaylik tag'in. Men bularni termamiz halittan havolanib ketmasligi uchun aytyapman.
Yana bir gap. Aslida qaysi yurt termasi JCHga chiqsa, o'sha mamlakatda futbol to'g'ri yo'ldan ketayotgan ekan, deb takidlanadi. O'zbekiston Rossiya-2018 yo'llanmasiga ega bo'lsa, men bu fikrni baribir bizning futbolimizga nisbatan qisman bo'lsa ham qo'llay olmasdim. CHunki futbolning poydevori – bolalar futboli bizda hali-hamon oqsoq holdi. Biz haligacha samarador sistema yarata olmadik. Mening o'zimga nechtalab odamlar shikoyatlar bilan bog'lanadi: “Iltimos, bizga yordam bera olasizmi, bir o'ziga to'q insonni o'g'li kelganligi uchun, murabbiyi mening o'g'limni jamoadan ketkazib yubordi, tarkibga bolalarni tanish-bilishchilik bilan qo'yyapti. Mana bu bahsda bizning bolalar jamoamizni hakam “sindirib tashladi”. Mana bu o'yinda bizning 2005 yilda tug'ilgan bolalardan iborat jamoamizga qarshi raqib murabbiyi ikki-uch yosh kattalarni o'ynatdi va h.k. va h.k.”.
Bolalar futbolini, xuddi Germaniya yoki Janubiy Afrika singari, qatiy va bir tekis tarzda yo'lga qo'yib olaylik, keyin JCHlarga qandaydir omad evaziga emas yoki to'satdan emas, raqiblardan yaqqol ustun ekanligimiz, yaqqol ustun bo'lganligimiz tufayli chiqamiz. Mening fikrimcha, boshqasi bekor: bir tarafda bolalar futbolidagi muammolarga ko'z yumib yoki panja ortidan qarab, ikkinchi tomonda esa mundialga chiqishga intilish – bu haqiqiy manisizlik! Vaqtinchalik yutuqlarga ovunib qolmasdan, o'zbek futboli doimiy va muntazam tarzda qayd etilajak muvaffaqiyatlarga kalit topishi ayni muddaodir.
- Sanat, judayam sermazmun suhbat bo'ldi. Bu uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz. To'playotgan bu tajribalaringiz o'zbek futboliga kelajakda albatta asqotadi, degan umiddamiz.
- Rahmat. Men oldin ham bir necha bor aytganman, mening asosiy maqsadim – o'z bilim va ko'nikmalarim bilan o'zbek futboliga xizmat qilish, futbolimiz rivojiga salmoqli hissa qo'shish.
- Bu niyatlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz. Aytingchi, endigi rejalaringiz qanday?
- SHu kunlarda SHveycariyaga uchib ketaman. U erda Cyurix universitetining 2016 yilgi bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi bo'lib o'tadi. Rio Olimpiadasi tufayli bu tadbir avgustdan sentyabrga ko'chirilgandi. CHunki ushbu marosimda Xalqaro olimpiya qo'mitasi, FIFA, Sport arbitraj sudi va boshqa ko'plab xalqaro sport federaciyalari rahbarlari ham ishtirok etishlari ko'zda tutilgan.
Ulug'bek MIRZAEV suhbatlashdi
Fikrlar