Samvel Babayan:Tarkibda jiddiy yo'qotish bor, lekin…
08 jan 2016 16:53
Yangiliklar
Samvel Babayan:Tarkibda jiddiy yo'qotish bor, lekin…
Ayniqsa, bosh jamoamizning KXDR termasidan mag'lubiyatga uchrashi, shundan so'ng murabbiylar shtabida yuz bergan o'zgarishlar muxlisu mutaxassislar diqqat markazida bo'ldi. O'z navbatida, olimpiyachilarimiz ham bir amallab, Osiyo chempionati yo'llanmasiga ega chiqishdi. Ravshan Haydarov boshchiligidagi yoshlarimiz esa Yangi Zelandiyadagi kichik mundialni muvaffaqiyatsizlik bilan boshlaganlariga qaramay, keyinchalik baribir, jahonning kuchli 8ta jamoasi qatoridan o'rin egallashni uddalashdi. Demak, ichki chempionatdagi salbiy holatlar va klublarimizning OCHLdagi qoniqarsiz ishtiroklarini inobatga olmasak, nolishga arzigulik voqealar ro'y bermadi. Oldinda esa futbolchilarimizni yanada masuliyatli bahslar kutib turibdi. Birinchi galdagi masala - 12 yanvar kuni Qatarda start oladigan qita chempionatida ishonchli o'ynab, Rio Olimpiadasi yo'llanmasini qo'lga kiritish. Biz olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan maxsus suhbat uyushtirib, uning o'tgan mavsum yakunlari va OCH-2016ga ko'rilayotgan tayyorgarlik xususidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Samvel Vyacheslavovich, joriy yilda ham InterFutbol tasnifi bo'yicha Yilning eng yaxshi murabbiyi, deb topildingiz...
- Albatta, bunday nomga loyiq ko'rilganimdan bag'oyat xursandman. Fursatdan foydalanib, ushbu yutuqlarga erishishimga hissa qo'shgan milliy termamiz va Paxtakorda to'p suruvchi barcha futbolchilarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Kamtarona mehnatlarimni etirof etayotgan jurnalist va mutaxassislarga ham alohida tashakkur.
- 2015 yil shaxsan siz uchun qanday o'tdi?
- Klubdagi ko'rsatkichlarga to'xtalsam, bizdan 2014 yilgi chempionlik tasodif emasligini isbotlash talab etilardi. Ushbu maqsadni amalga oshirish shaxsan men uchun juda muhim edi. CHempionlik nomini saqlab qolish oson emas, buning uchun o'z ustimda tinimsiz ishladim, futbolchilarga ko'proq nagruzka yuklatildi, taktik tayyorgarligimizni ancha takomillashtirdik. Ushbu izlanishlar samarasi o'laroq, birinchi davrada jamoamiz peshqadamlikni saqlab qoldi. Keyinchalik milliy termamiz bosh murabbiyligiga tayinlandim, Paxtakor boshqaruvi esa boshqa mutaxassisga topshirildi. Albatta, bosh jamoaga o'tishdan faxr tuydim, bu har bir murabbiy uchun baxt... Keyinchalik milliy termamiz bilan erishgan yutuqlarimiz olam-olam quvonch baxsh etdi.
- Darhaqiqat, 5ta o'yinda 15 ochkoning qo'lga kiritilishi - tahsinga sazovor natija. G'alabalar seriyasi, turli rekordlarning qayd etilishi sizni taniqli shaxsga aylantirdi.
- SHunga qaramay, haqiqatga tik boqaylik, men hali hech nima qilmadim. Biz bor-yo'g'i 5 marta zafar quchdik, ammo bu g'alabalardan keyin ham saralashning dastlabki bosqichida ikkinchi o'rinda boryapmiz. Demak, guruhdan chiqish masalasi hali 100 foiz bajarilmadi. Albatta, shaxsiy qarashlarga egaman, o'z oldimga qo'ygan vazifalarim bor. Birinchi navbatda, har bir o'yinda g'alaba qozonish va zimmamdagi masuliyatga jiddiy yondashib, maksimal natijaga erishishni o'ylayman. Uzoq muddatli strategik rejalarga ega emasmiz. Men uchun muhimi - har bir o'yinga alohida tayyorgarlik ko'rib, 3 ochkoni qo'lga kiritish. Bugungacha ketma-ket 5ta g'alabaga erishib, futbolchilardagi qatiyatni mustahkamladik. O'z navbatida, muxlislar ham jamoaga yana ishona boshlashdi, stadion tomoshabinlar bilan to'lmoqda. Bularning bari menga yanada masuliyat yuklaydi, o'z ustimda ko'proq ishlashga undaydi. Quvonarlisi, endilikda futbolchilarimiz so'nggi kuchlari qolguncha kurashga kirishishmoqda. Eng muhimi ham shu. U ayniqsa, safar uchrashuvlarida yaqqol ko'rindi. Menimcha, Filippin termasi ustidan qozonilgan g'alaba jamoamiz o'yinida tub burilish yasadi. Zero, 6 ochko to'plagan holda guruh etakchilaridan biriga aylangan jamoani mag'lub etish jamoamizning ishtahasini ochib yubordi. Bilasizmi, dastlabki o'yinda sinov o'tkazib, tarkibni suniy tarzda yoshartirgandik. SHomurodov va Sohibov asosiy tarkibda o'ynashdi. Keyinchalik esa optimal tarkibni aniqladik.
- Bugungi kunda sizni kuchli ruhshunos sifatida etirof etishmoqda. Erishilayotgan muvaffaqiyatlar kuchli tashkilotchi va psixolog ekanligingiz bilan bog'lanmoqda. CHindan ham, futbolchilarni har bir o'yinga tayyorlashda ularning ruhiyatini birinchi o'ringa qo'yasizmi?
- Bunday mazmundagi gap-so'zlarni eshityapman. Ammo birgina ruhiy tayyorgarlik va yaxshi tashkilotchilik evaziga g'alabani taminlab bo'lmaydi. To'g'ri, shunday uslub bilan bir yoki ikkita o'yinda muvaffaqiyat qozonish mumkindir. Yangicha taktik sxemalar, metodika, psixologiya, tashkilotchilik, futbolchining o'yinini to'g'ri talqin qilish, jismoniy tayyorgarlik... SHunga o'xshash barcha yo'nalishlar mujassamlashtirilsagina kuchli va raqobatbardosh jamoani shakllantirish mumkin. Bugun ruhiyat borasida yutuqlarga erishib, jamoamizni bir oilaga aylantira oldik: hamma maksimal natijaga erishishga intilmoqda, o'zbek futboli tarixidagi eng kuchli tarkibga ega jamoa vakili ekanini his etmoqda. Tashkilotchilik masalasida ham sezilarli islohotlar ro'y berdi. Ayniqsa, terma jamoalar markazining faoliyatida ijobiy o'zgarishlar kuzatildi, ortiqcha muammolar tug'ilmadi. Aslida terma jamoa va klubda ishlash bir-biridan keskin farq qiladi. Klubda shogirdlaringiz doimo yoningizda, mavsumga tayyorgarlik uchun etarlicha vaqt bo'ladi. Terma jamoada esa bunday emas. O'zingiz o'ylang, hozirgacha 5ta o'yin o'tkazdik, ularning hammasiga faqat 3 kundan optimal darajadagi tarkib bilan tayyorlandik. Qolgan vaqtlarda faqat mahalliy futbolchilar bilan mashg'ulot o'tadik. SHunga qaramay, deyarli 20 kun ichida futbolchilar bilan til topisha oldik. Uslubimizga kelsak, buning hech kimdan yashiradigan joyi yo'q: o'yinimiz modeli 4ta tamoyildan iborat:
1) Agressiv, vertikal va pressingga asoslangan futbol. Bilasizki, hozirda kuchli ishtiyoq va pressing qo'llamay turib, g'alaba haqida o'ylash befoyda.
2) Yuqori intellekt. Yani futbolchi maydonga chiqar ekan, bajarishi lozim bo'lgan vazifani mukammal tushunishi va shunga mos tarzda harakat qilishi lozim. Jamoa azolarining aniq ko'rsatma asosida o'ynay olishlari - murabbiyning yutug'i. Bunga futbolchining universalligini ham qo'shish mumkin. Paxtakorda xuddi shunday ishlaganmiz. Himoyachi yoki yarim himoyachining gol urishi yoki aksincha, hujumchi zarur pallalarda ortga qaytib, himoyada yordam berishi talab etilardi. Boshqacha aytganda, maydondagi 10 nafar futbolchining bari ham hujum qilish, ham himoyalanishni uddalay olishi lozim. Biz o'yin davomida 4-5-1, 4-4-2, 4-3-3 taktik sxemalarini birdek qo'llay olishimiz zarur. Buning uchun esa futbolchilardan universallik talab qilinadi.
3) Vatanparvarlik hissi. Terma jamoaga tayinlangan ilk kunlarda jurnalistlar, mutaxassislar va ishqibozlar ishtirokida maxsus yig'ilish o'tkazganimizdan xabaringiz bor. Ochig'i, o'shanda tomonlarning bir-birlariga munosabatlarini aniqlab olishga intilgandim. Qaysidir manoda maqsadimga etdim, chunki o'sha payt ko'pchilik termamiz kelajagiga ishonchsiz ko'z bilan qaray boshlagandi. SHunda OAV xodimlariga o'rinsiz tanqidlardan tiyilish borasida iltimos bilan chiqdim. Zero, aksariyat ishqibozlar asosan, jurnalistlarning so'zlariga ishonishadi, ularga ergashishadi. Qachonki, muxbirlarda vatanparvarlik hissi yuqori bo'lsa, bu asta-sekin muxlislarga, keyin esa butun ommaga ko'chib o'tadi. Futbolchilarga kelsak, shuni ishonch bilan ayta olamanki, qo'l ostimdagi o'yinchilarning bari - professional. Hammalari Vatan haqida o'ylashadi, masuliyatni his qilishadi.
4) Insoniylik tamoyillari. Biz bir oila ekanmizmi, demak, bir-birimizni yaxshi tushunishimiz va hurmat qilishimiz lozim. Quvonarlisi, termamizdagi barcha yigitlar yaxshi tarbiya ko'rishgan, hammalari intizomli. Ularning ham ruhiy, ham taktik bilimlarni birdek ijobiy o'zlashtirishayotgani menga juda manzur bo'lmoqda. Boshqacha aytsak, muhim uslublarni o'zida jamlagan jamoada ijobiy o'zgarishlar yuzaga kelishi aniq. Biz hozir aynan shu yo'lda mehnat qilyapmiz.
- Olimpiya terma jamoasi haqida ham gapirsangiz. Dastavval aksariyat muxlislarni juda qiziqtirayotgan savol bilan murojaat qilmoqchimiz: olimpiyachilarimizga ustozlik qilish vazifasini terma jamoadagi muvaffaqiyatli 5ta o'yindan so'ng ishonib topshirishdimi yoki bu o'zingizdan chiqqan tashabbus?
- Gap shundaki, meni milliy termaga bosh murabbiy etib tayinlashgan yig'ilishda O'FF rahbari Mirabror Usmonov kaminaga yuzlanib, shunday degandi: Samvel Vyacheslavovich, shaxsan men mamlakatimizdagi barcha terma jamoalarni muntazam kuzatuvga olgan holda ish yuritishingizni istayman. Olimpiya terma jamoasi ham shular jumlasidan. Malumki, bungacha olimpiyachilar Viktor Jalilov qo'l ostida shug'ullanishayotgandi. Keyinchalik Viktor Romanovich, Jasur Abduraimov hamda Temur Olimxo'jaev shogirdlarining bir nechta mashg'ulotlarini kuzatib, ularning keyingi bahslarga qanday tayyorgarlik ko'rishayotgani haqida tasavvur hosil qildim. Milliy termamiz bilan muhim rasmiy o'yinlarni o'tkazib olgach esa, bor etiborni olimpiyachilar tayyorgarligiga qaratdim. Zero, ular bosh jamoaning ertangi kuni hisoblanishadi.
- So'nggi bir oy mobaynida ikki marta yig'in tashkil qilinib, bir nechta o'rtoqlik o'yinlari o'tkazildi. G'alabalar bilan birga durang va mag'lubiyatlarga ham guvoh bo'ldik...
- Olimpiya termasining yig'inlari haqida batafsil malumot berish shart emas, deb hisoblayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, nazorat uchrashuvlarining aksariyatida yigitlar kuchli charchoq ostida maydonga chiqishdi. CHunonchi, biz uchun natija unchalik muhim emasdi. Har bir o'yinda qaysidir maqsadni ko'zlab harakat qildik. Misol uchun, dastlab nomzodlarni o'rgandik, keyin esa malum bir taktikani sinovdan o'tkazdik. Lekin bu o'yinlardan ko'zlangan asosiy maqsad tarkibni optimallashtirish edi. Afsuski, ayni paytda muammolar ham yo'q emas. Jumladan, termamizning himoya chizig'ida jiddiy yo'qotish kuzatildi. Ikki ajoyib futbolchimiz - Odil Hamrobekov va Bobur Yo'ldoshevning sog'liqdagi muammolar sabab, nafaqat Osiyo chempionati, balki yig'inlarda ham qatnasholmasliklari aniq bo'ldi. SHu bois, ikkisiga ham har qanday faol jismoniy harakatlardan tiyilishni tavsiya qildik. Tabiiyki, ularning o'rinlarini to'ldirish qiyin, lekin biz buni uddalay olamiz, degan umiddaman. Aksincha, hujumdan ko'nglimiz to'q. Zero, oldingi chiziqning deyarli barcha vakillari o'z klublarida muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lishdi, hattoki, ular milliy jamoaga nomzod futbolchilar sanalishadi. Umuman, jangovar jamoani shakllantiryapmiz. Uning har bir azosi faqat g'alabani ko'zlagan holda maydonga chiqishi zarur. CHunki Osiyo chempionatining guruh bosqichidagi raqiblarimiz juda jiddiy. Jamoamizni Yaponiya va Qatar olimpiyachilari fonida ko'rib chiqib, mavjud kamchiliklar haqida to'liq tasavvurga ega bo'ldik.
- Malumki, ayni payt Deyan Jurjevich har ikki terma jamoalar raqiblarini o'rganib chiqib, malumot tayyorlamoqda. Bu sizga qanchalik foyda keltirmoqda?
- Avvalo, shuni aytishni istardimki, murabbiylar shtabida har kimning o'z vazifasi bor. Demak, Jurjevich bizga o'zi to'plagan malumotlarni taqdim etadi. Keyin esa ularni murabbiylar bilan birgalikda tahlil qilamiz. SHu tariqa futbolchilarimiz har gal maydonga chiqish oldidan raqib to'g'risida mukammal malumotga ega bo'lmoqdalar. Bu esa o'z navbatida, yigitlarimizga qaysidir lahzalarda voqealar rivoji qanday kechishini oldindan his qilish imkonini yaratadi. Futbolda bu tuyg'uning bahosi juda yuqori.
- Olimpiyachilarimiz oldiga qo'yilgan asosiy vazifa...
- ... Rioga yo'llanma olish. Buning uchun har bir o'yinga xuddi finalga tayyorlangandek taraddud ko'rishimiz, so'nggi daqiqalargacha hushyorlikni susaytirmasligimiz talab etiladi. Ishonch bilan aytamanki, biz bunga hozirning o'zidayoq tayyormiz. Yaxshi bilasiz, o'tgan gal vakillarimiz Olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritishga juda-juda yaqin kelishgandi, ammo... Biz esa o'sha xatoni takrorlamaslikka, yurtimizga yorug' yuz bilan qaytishga harakat qilamiz.
- Bir fakt kishini beixtiyor o'ylantirib qo'yadi: olimpiyachilarimiz shunday muhim turnirga atigi bir oy mobaynida tayyorgarlik ko'rishdi. Bu Olimpiada yo'llanmasi uchun ozlik qilmasmikan?
- To'g'ri aytdingiz, bu muddat kamdek tuyulishi mumkin. Lekin shaxsan men tarkibdagi deyarli barcha futbolchilarning nimaga qodir ekanliklarini yaxshi bilaman. Qolaversa, ularning aksariyati Paxtakor futbol maktabida, boshqacha aytsak, ko'z o'ngimda ulg'ayishgan. Bazi yigitlar bilan esa milliy terma jamoadagi mashg'ulotlar davomida tanishib, bir-birimizga moslashib olganmiz. Ayrim o'yinchilarni milliy chempionatdagi ishtiroklari orqali yaxshi bilaman. SHunday ekan, bu muddatni kam demasdim.
- Matbuot anjumanlaridagi bir fikringiz ko'plab munozaralarga sabab bo'ldi-yu, ammo tezda ommalashdi: Bu tarkib - terma jamoamiz tarixidagi eng kuchlisi! Xuddi shu fikrni olimpiyachilarimizga nisbatan ham ishlatish mumkinmi?
- Albatta, Odil Hamrobekov va Bobur Yo'ldoshev borligida shunday fikr bildirish mumkin edi. CHunki men tasavvur qilgan optimal tarkibda ularning o'rni bor. Afsuski, endi bu futbolchilarning xizmatlaridan foydalanolmaymiz.
- Mumkin bo'lsa, ushbu o'yinchilardagi mavjud holat yuzasidan kengroq tushuncha bersangiz. Ular o'zimizning Futbol-Med ko'rigidan o'ta olishmadimi?
- Gap shundaki, olimpiyachilar bilan yig'inni boshlash oldidan barcha nomzodlarni obdon tibbiy ko'rikdan o'tkazgandik. SHunda ushbu futbolchilarning sog'lig'ida kichik kamchiliklar borligi aniqlandi. Bundan xabar topgach, darhol O'FF rahbarlaridan ko'mak so'radim. Ular esa xorijlik malakali shifokorlar ishtirokida konsilium o'tkazishda amaliy yordam berishdi. Afsuski, ular ham futbolchilarimizga malum muddat hordiq berish kerakligini uqtirishdi. SHunga qaramay, tarkibimizda Odilning ham, Boburning ham o'rnini bosa oladigan futbolchilar topiladi.
- Qarshi bo'lmasangiz, suhbatimizni milliy chempionat mavzusida davom ettirsak. Sizningcha, so'nggi mavsumdagi natijalarni tahlil qilib, ichki musobaqa saviyasi oshyapti, degan xulosaga kelish mumkinmi?
- CHempionat-2015 har yilgisidan boshqacharoq start oldi. Yani mavsum boshidagi 4-5ta turda nisbatan kuchsiz, deb qaralgan klublar kuchlilarni mag'lub etishdi, shov-shuvli holatlar avvalgisidan ko'proq kuzatildi. SHuningdek, so'nggi turlardagi natijalar ham hayratlanarli bo'ldi. Umuman olganda, chempionat har yilgidan ko'ra, qiziqarliroq kechdi va nisbatan barqaror o'yin ko'rsatgan jamoalar haqli ravishda turnir jadvalining yuqori o'rinlarini band etishdi.
- Mavsum boshida Paxtakor bosh menejeri edingiz. SHuni inobatga olib so'raymiz, klubning umumiy natijalariga qanday baho berasiz?
- Paxtakor - har qanday holatda ham o'z oldiga eng maksimal vazifalarni qo'yadigan klub. 2015 yil boshida ikki maqsadni ko'zlagandik - oliy ligada chempionlik maqomini saqlab qolish va OCHLda uzoqroqqa borish. Birinchi vazifa uddalandi. Lekin xalqaro arenalarda bizga kadrlar tanqisligi pand berdi. Guruh bosqichida ketma-ket jarohatlar kuzatilmaganda, o'ylagan maqsadimizga erisha olardik. Etibor bergan bo'lsangiz, OCHLning safar uchrashuvlarida ajoyib o'ynadik. Ayniqsa, Al-Ayn bilan o'yinni unutolmayman. Vaholanki, biz o'ta kuchli raqibga kuchsizlangan holda ro'baro' kelgandik. Lekin futbolchilar klub va Vatan shani uchun astoydil ter to'kishdi. Milliy chempionatda esa avvaliga ishlarimiz unchalik yurishmadi. Lekin o'yindan-o'yinga kuchayib, birinchi davra yakuniga peshqadam sifatida etib keldik. Bu esa oxir-oqibat, maqsadimiz amalga oshishini taminladi.
- Mavsum kashfiyotlari sifatida kimlarni etirof etasiz?
- SHubhasiz, birinchi navbatda, Javohir Sohibovni tilga olaman. Zero, uning birgina mavsum davomida o'zini ko'rsatib, terma jamoa darajasigacha chiqishini hech kim kutmagandi. SHuningdek, Doston Hamdamov va Eldor SHomurodov kabi yoshlarning yaqqol o'sishga erishayotganlaridan xursandman. Ular o'zbek futbolining kelajak umidlaridir.
- OCHL haqida so'z borsa, istaymizmi-yo'q, ko'ngil xiralashadi. CHunki natijalar yildan-yilga pasayib ketayotgandek. Agar ahvol shu ketishda davom etsa, keyingi yillarda musobaqada ishtirok etadigan klublarimiz soni keskin kamayishi hech gap emas. Sizningcha, mazkur muammoni qay yo'l bilan hal etish mumkin?
- Birinchi navbatda, klublarimizning moddiy-texnik bazasini yaxshilash lozim. To'g'ri, xorijdan kuchli legionerlarni tarkibga qo'shish orqali ham nisbatan yaxshiroq natijalarga erishish mumkin. Lekin yuqorida aytganimdek, Paxtakorning bu masalada tutadigan yo'li biroz boshqacharoq. Ehtimol, yoshlarga berilayotgan etibor tufayli bir-ikki yillik natijalardan ayrilarmiz, lekin yangi avlod bizning kelajagimiz ekanini unutmaslik lozim. SHuningdek, ichki chempionatdagi raqobatni kuchaytirish ham samaradorlikni oshiradi. Yani qachonki, oliy liga saviyasi oshsa, o'z-o'zidan klublarimizning xalqaro maydondagi natijalari ham yaxshilanib boraveradi. Hozir ko'plab klublarimiz o'z akademiyalariga etiborni keskin kuchaytirishdi. Menimcha, yana 2-3 yillardan so'ng qilingan mehnatlar samarasini ko'ramiz. Xususan, klublarimiz, ayniqsa, Paxtakor futbolchi etishtiruvchi fabrikaga aylanib qolgan. Agar biz transfer qilgan futbolchilar hozir tarkibimizda bo'lishganida edi, biz bemalol OCHLda g'oliblikni qo'lga kiritardik. Afsuski, moliyaviy imkoniyatlarimiz bunga yo'l qo'ymaydi.
- Tarixga yuzlansak, Paxtakorda ish boshlagan chog'laringizda tarkibga yosh va istedodli futbolchilarni jamlay olgandingiz. Server Jeparov, Temur Kapadze, Anvar Soliev shular jumlasidan. Qizig'i, bu o'yinchilar oradan 13-14 yil o'tganiga qaramay, samarali faoliyat yuritishmoqda. Yaqindagina Koreya nashrlaridan biri Jeparovning yiliga qariyb bir million dollar atrofida maosh olayotganini malum qildi. Ayting-chi, o'sha tarkibni jamlashning qandaydir siri bormidi?
- To'g'risini aytsam, bu erda hech qanday sir yo'q. Aniqrog'i, biz shunga majbur bo'lganmiz. Yodimda, 2002 yilgi Osiyo chempionatida termamiz muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Vaholanki, tarkib istedodlarga to'la edi. SHunda mamlakatimiz futbolini yuksaltirish uchun terma jamoa azolarini bir klubga yig'ish g'oyasi tug'ildi va shu tariqa jamoa tarkibi keskin o'zgardi. Oradan birmuncha vaqt o'tgach, bu g'oya o'zini oqladi. Ularning barqarorliklariga kelsak, ushbu futbolchilar - professionallikning yuksak namunalari. Mana, yaqindagina Serverni termamiz yig'iniga chaqirdim va mashg'ulotlarda uning ko'zlari hamon futbol bilan yonib turganiga guvoh bo'ldim. Bunday o'yinchilar uchun yoshning ahamiyati yo'q - ular har doim jamoaga foyda keltira olishadi.
- Bu ko'proq kimga bog'liq: futbolchining o'zigami yoki murabbiylarga?
- Futbolchining o'ziga, albatta. Yaxshi eslayman, Jeparovni Paxtakorga taklif qilganimizda, u Navbahorda etakchi hisoblanmasdi. Lekin aqlli bo'lgani uchun tezda o'zidan nimalar talab qilinayotgani va mehnatdan qochmasa, kelgusida muvaffaqiyatga erishishi mumkinligini to'g'ri angladi.
- Aytgancha, milliy va olimpiya terma jamoalarimiz qo'lga kiritilgan g'alabalar uchun O'FF tomonidan moliyaviy rag'batlantirilyaptimi?
- Avvalambor, terma jamoalarimizga yaratib berilayotgan qulaylik va imkoniyatlar uchun O'FF rahbari Mirabror Zufarovichga ulkan minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Behisob safarlar, o'quv-yig'in mashg'ulotlari, futbolchilarga chaqiruvlar... Bular o'z-o'zidan bo'lmaydi. Zero, barcha vaqtlarda bo'lgani kabi hozir ham futbolchilarimizda turli rag'batlar bor. Ammo shunisi aniqki, har qaysi o'yinchi va murabbiy uchun qaysidir termaning azosi bo'lish birinchi o'rinda katta sharaf, bu bilan faxrlanamiz. Mazkur jamoalarga chaqirilayotgan futbolchilarimiz hech qachon moliyaviy rag'bat haqida o'ylashmaydi...
- O'z sohangizda ilmiy ish (dissertaciya) yoqlamoqchi ekanligingizdan xabarimiz bor. SHunga ham qisqacha to'xtalsangiz...
- Bilasizmi, pedagogika fanlari nomzodligi uchun ilmiy ishlarim deyarli tayyor edi. Biroq talablar o'zgargani bois, unga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishimizga to'g'ri keladi. Hozircha hammasi joyida, deb ayta olmayman. CHunki kutilmaganda, meni milliy terma jamoa boshqaruviga tayinlashdi va masuliyat hissi o'ta yuqori bo'lgan bu vazifada boshqa yumushlarga vaqt topish oson emas. Ilm sohasidagi maqsadimni keyinroq amalga oshiraman, albatta.
- Jahon futbolida o'zini har tomonlama ko'rsata olgan uch nafar eng yaxshi futbolchi va murabbiyni ko'rsatsangiz...
- O'yinchilar - Messi, Suares va Ronaldu. Murabbiylar - Enrike, Gvardiola va Allegri.
- O'zbekiston doirasida-chi?
- Bunisiga javob berishim biroz noqulay...
- Yo'qsa, oliy liga-2015da sizga manzur bo'lgan futbolchi va murabbiylarni etirof etsangiz...
- Bu erda ham noobektiv javob bersam, meni kechirishadi, deb o'ylayman. Futbolchilar - Sergeev, Lobanov va Krimec. Murabbiylar - Hasanov, Berdiev va Saidov. Ular deyarli barqaror faoliyat yuritishdi.
- Suhbat uchun katta rahmat, Samvel Vyacheslavovich! 2016 yil hammamizga omad keltirsin, ayniqsa, olimpiyachilarimizga!
- Fursatdan foydalanib, o'zim va futbolchilarimiz nomidan InterFutbol o'quvchilari, muxlislarimizga hamisha omad va baxt yor bo'lishini tilayman. Yagona maqsadimiz - terma jamoalarimiz o'yinlari bilan ishqibozlarga zavq ulashish. Muxlislar, futbolchilar, mutaxassislar va jurnalistlar - barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan termalarimiz rivojiga xizmat qilaylik. Bir so'z bilan aytganda, hamisha birga bo'laylik, azizlar!
Xo'ja ABDULAHAD suhbatlashdi
Fikrlar