Ro'ziqul Berdiev: “Navbahor” natija uchun shoshilishi va asabiylashishini kutgan edik”
23 avg 2019 10:19
Yangiliklar
Ro'ziqul Berdiev: “Navbahor” natija uchun shoshilishi va asabiylashishini kutgan edik”
• Biz bugun ikkinchi raqamli jamoa bo'lib o'ynashga tayyorgarlik ko'rgan edik. Ko'rsatma bo'yicha bexato o'ynashimiz kerak edi. Maydonda harakat qilgan barcha futbolchilarimiz vazifani alo darajada bajarishdi. Biz bugun juda katta bosim ostida o'ynashimizni yaxshi bilardik. Namangalik muxlislarning o'z jamoalarni qanday qo'llab-quvvatlashlarini hamma biladi. Raqibimizning o'yinini yaxshi o'rgangandik. SHuning uchun juda etiborli va xatosiz harakat qilishimiz kerak edi va biz buni uddaladik. Bundan tashqari qarshi hujumlarda ko'proq vaziyatlar yaratdik agar ulardan unumli foydalanganimizda hisob yirik ko'rinishga kelishi ham mumkin edi. Ammo bunga futbolchilarimizda sovuqqonlik etishmadi. Biz bugun xaqli ravishda g'alaba qozondik va keyingi bosqichga chiqdik. Bugungi g'alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklayman. Bu turnirda biz o'z oldimizga yuqori vazifani qo'yganmiz. Kubok uchun oxirigacha kurashamiz.
- “Navbahor”ning o'yinini qanday tasavvur qilgandingiz? – Va amalda qanday bo'ldi?
- Bugungi o'yinni raqibimizdan kutgan edim. “Navbahor” jamoasi natija uchun shoshilishini va asabiylashishini kutgan edik. Ularning qanotlardan uzoq uzatmalar orqali harakat qilishini o'rgangan edik. SHuning uchun biz 3 ta markaziy himoyachi bilan o'ynadik. Bilamiz “Navbahor” jamoasida qanotlar faol harakat qiladi. Ularning barchasida to'pni oshirib berish alo darajada. Undan tashqari Kasyanning yuqorida yaxshi o'ynashini yaxshi bilar edik. SHuning uchun bugun 3 markaziy himoyachi bilan himoyaviy o'yin o'ynadik. Biz qarshi hujumlardan unumli foydalanishimiz kerak edi ammo bu bizda biroz oqsadi.
- Yarim finalda qaysi jamoga qarshi o'ynashni istar edingiz?
- Bu savolingizga quyidagicha javob beraman. Mavsum boshida ko'pchilik bizga ishonmagan edi. Bizda asosiy maqsad o'z mavqeini saqlab qolib, Superligada jon saqlab qolish uchun kurashadi degan fikrlar bo'lgandi. Lekin hozir biz yarim finaldamiz jamoamiz uchinchi o'rin uchun kurashmoqda. SHuning uchun biz faqat oldinga qarab harakatlanamiz. Yarim finalda esa qaysi jamoaga qarshi maydonga chiqishimizning farqi yo'q. Yosh jamoamizning hozirgi ko'rsatayotgan o'yini bizni qoniqtiradi. Biz oxirigacha kurashamiz. Yarim finalga chiqqan jamoalar orasida kuchsiz jamoaning o'zi yo'q. Mavsum boshidagi asosiy maqsadimiz yosh futbolchilarimizni saviyasini oshirish va o'z mavqeimizni saqlab qolish edi. Hozir esa shu jamoamiz yarim finalga chiqdi. SHuning o'zi ham katta natija deb bilaman.
- Birinchi davrada “Navbahor” jamoasiga qarshi kechgan o'yinda mag'lubiyatga uchragan edinglar. Hozirgi va avvalgi “Navbahor” o'rtasidagi farqni sezdingizmi?
- Mening fikrimcha birinchi davradagi jamoa hozirgidan kuchliroq edi. Boshqa jamoani muhokama qilishni istamayman lekin natijalar shuni ko'rsatmoqda.
- Har yili mavsum oxirida jamoangizning tajribali futbolchilari raqobatdosh jamoalar tarkibiga o'tib ketadi. Ammo jamoa hech etakchilarning ketaganligini bildirmaydi. Buning siri nimada?
- Mening fikrimcha bu ko'pchilikning mehnati va bizga yaratib berilgan sharoitlar tufayli deb bilaman. Bu erda faqat men emas barcha murabbiylarning xizmati va klubimizning olib borayotgan siyosati sabab deb bilaman. Bundan tashqari yosh futbolchilar ko'proq o'ynashga intilishadi. Ularga to'g'ri yo'l ko'rsatish kerak va to'g'ri futbol o'ynashni o'rgatishimiz kerak. Buni amalda bizning futbolchilar isbotlashmoqda. Hozir biz kubok ololmasak yoki natija ko'rsata olmasak bizdan hech kim hafa bo'lmaydi. CHunki jamoamiz hali yosh. Lekin shu jamoani saqlab qolib ularning tajribasini oshirsak kelasi mavsumda raqobatbardosh jamoaga aylanamiz.
- Birinchi savolim jamoaning o'ratacha yoshi nechchida? Ikkinchi savolim darvozaboningiz oldin qaysi jamoalarda o'ynagan? Uchinchi savolim bizning jamoalarga chetdan murabbiy olib kelinishiga qanday qaraysiz?
- Jamoamizmning o'rtacha yoshi 22 yosh.
Abduvoxid Nematovga keladigan bo'lsak u o'zimizning futbol maktabimiz tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U o'tgan yili futbol maktabimizning U-18 jamoamiz sharafini himoya qilgan. Hozirda Olimpiya terma jamoasi azosi hisoblanadi. Bundan tashqari o'tgan mavsumda u asosiy jamoa bilan birga shug'ullangan edi va hozir u bizning ishonchimizni oqlamoqda. Bugun ham uning ko'rsatgan o'yini muxlislarga yoqdi deb o'ylayman.
Murabbiylar haqida gapiradigan bo'lsam, O'zbekistonga keladigan xorijiy murabbiylar o'zbek futboliga nimadir bera olishi kerak. Mana shunday murabbiylarni har taraflama qo'llab-quvvatlasak bo'ladi. Bunday murabbiylar keladi lekin hech narsani o'zgartira olmaydi. O'zimizning murabbiylarimizning ham xorijiy murabbiylardan kam joyi yo'q va ular buni isbotlashmoqda.
- Superliga jamoalari tarkibida Namanganlik futbolchilar to'p surishmoqda shulardan biri “Nasaf” futbol maktabi tarbiyalanuvchi Islom Rashidxonov bugun ko'rinmadi. Buni qanday izohlaysiz?
- Islom Rashidxonov jarohati tufayli bugun maydonga tushmadi. SHuning uchun uchrashuv qaydnomasiga ham kiritilmadi. “Lokomotiv” jamoasiga qarshi kechgan o'yinda jarohat olgandi shuning uchun biz uni almashtirishga majbur bo'lgan edik. Biz unga ishonamiz. U jismonan baquvvat bo'lmasada lekin futbolni aql bilan o'ynaydi.
Fikrlar