Rossiyaning OFKga o'tishi Osiyo va O'zbekiston uchun qanchalik foydali? (tahlil)
28 dek 2022 14:00
Yangiliklar
Rossiyaning OFKga o'tishi Osiyo va O'zbekiston uchun qanchalik foydali? (tahlil)
Rus matbuotida ham bu borada ikki xil qarash bor. Kimdir OFK JCH yo'lida oson yo'l desa, kimdir mamlakat futbolining saviyasi UEFAdan ketish ortidan orqaga ketishini gapiryapti. Rossiya uchun OFK ortga qadammi-yo'qmi, buni bilmayman. Lekin bugun rus futboli 80-yillardagi kuchiga ega emas, aslida ularga OFK ham oson bo'lmaydi. Biznikilar ham 1991 yilda OFKni tanlashlaridan asosiy maqsad, engilgina JCHlarga chiqib yurish bo'lgan. Lekin bepul pishloq faqat qopqonda bo'lishini o'sha payt o'ylashmagan. Demak, Rossiya FIning OFKga o'tishi Osiyo, shu jumladan Markaziy Osiyodagi O'zbekiston uchun qanday foydasi bor, keling tahlil qilamiz.
1. Markaziy Osiyoga foydasi
Rossiya OFK nizomiga ko'ra (bugungi kun bilan gapiradigan bo'lsam) "5+1" limiti asosida OCHLda o'ynash uchun osiyolik legionerga murojaat qiladi. Demakki, o'zbekistonlik futbolchilar Rossiyada osiyolik sifatida legioner bo'lmaydi, yani bir futbolchi. Arab, yapon va koreys futbolchilari bu mamlakatga borishi juda qiyin, biz uchun Rossiya bozori har doim eng qulaylaridan biri. +1 reglamenti esa juda ko'plab futbolchilarimiz uchun yaxshigina daromad olish imkoniyati, klublar esa futbolchilarni sota boshlaydilar. Rossiya Kubogi sohibi ham OCHLda o'ynash imkoniyatiga ega bo'lishi, NFL jamoalarida ham Osiyo vakiliga ruxsat berilishi mumkin. Bu nafaqat O'zbekiston, balki Tojikiston, Qirg'iziston, chiqib qolsa Turkmaniston uchun ham yaxshi. Rus selekcioner skautlarini Markaziy Osiyoda "izg'ishi", bu erlarda futbolchi tarbiyalab sotish sohasini rivojlantirib yuboradi.
2. OFK marketing bozori kengayishi
RFI terma jamoalari va klublarining OFK tasnifidagi musobaqalarda o'ynashi, qo'shimcha 140 mlnlik bozorni kirib kelishi. Bu bozorga "Gazprom" va "Lukoyl" kabi neftgaz biznesidagi gigantlarni olib kiradi, rus futboli bor joyda, bu kompaniyalar kim o'zarga reklama qo'yishlaridan barchangizni xabaringiz bor. Ular qatoriga endi "Match TV"ni qo'shamiz. ECHL, Evro, JCH saralashlaridagi byudjetning katta qismi OFKga yo'naltiriladi.
Bu o'tish amalga oshadigan bo'lsa, Rossiya katta extimol bilan g'arbga, yani Markaziy va G'arbiy Osiyo hududida bo'ladi. O'z-o'zidan "Spartak", CSKA, "Zenit", "Krasnodar" klublari va ularning muxlislari uchun OCHLdagi raqiblari, "Paxtakor", "Nasaf", "Istiqlol" (Dushanbe), "Al Hilol", "Al Ayn", "Piruzi", "Sepaxon" ishtirokidagi o'yinlar qiziqish uyg'otadi. Natijada, Match TV uchun o'zbek Superligasini o'z bozorida namoyish etish ehtiyoji paydo bo'ladi. Bu erda ham yutayotgan tomon ichida o'zbek futboli yo'q emas.
3. O'smirlar futboli
Rossiya Evropada akademiyalari bilan maqtana olmaydi. Jahon chempionatlariga yo'llanma beradigan o'smirlar o'rtasidagi Evrolarda Rossiya bor-yo'g'i 2 marotaba muvaffaqiyatli qatnashgan, 2013 hamda 2015 yillarda. Ikkalasida ham 1/16 finalda to'xtagan. Rossiya statistikasida turadigan yagona chempionlik 1987 yilda erishilgan. O'shanda terma jamoa sardori bizning Mirjalol Qosimov ekanligi haqida bilsangiz kerak.
Rossiya o'smirlar va yoshlar futbolida ham natijaga erishish uchun endi O'zbekiston bilan juda ko'p o'yinlar o'ynashi kerak bo'ladi. Sababi kichik yoshdagi futbolda biz Osiyoda o'z o'rnimizga egamiz. Statistikamiz ham rus futbolinikidan ancha yaxshi. Natijada ular biz bilan, yani yoshlar klublari miqyosida ko'plab o'yin o'ynashlari kerak bo'ladi. 12, 13 va 14 yoshli jamoalar ishtirokidagi musobaqalarimizga tashriflari oshadi va o'z-o'zidan biznikilarni chaqira boshlaydilar. Bu ham skauting.
4. Qo'shning kuchli, sen kuchli.
Biz uchun MDH futboli begona emas. Agar Rossiya UEFAdan ketadigan bo'lsa, u erga keladigan sifatli legionerlar soni kamayadi. Sababi yaxshi saviyadagi legioner navqiron paytida ECHL yoki UEFA Ligasida o'ynash maqsadida bugun rus klublari safidan joy olib kelyapti. 2 yil o'tib Rossiya chempionatining saviyasi bir muncha tushadi, natijada biz ularga tenglasha boramiz. Rossiya jamoalari bilan OCHLda o'ynash, Saudiya Arabistoni yoki safarda Eron klublariga qarshi o'ynashdan engilroq bo'lishi mumkin. Ob-havo, vaqt, masofa va futbolini yaqinligi nuqtai-nazaridan.
Bizga OFKda etishmayotgan eng asosiy narsa – qo'shnilarimiz ichidagi kuchli raqobatning yo'qligi. Yaponiyaning yutug'i Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoniniki Qatar va BAA. Tayland Malayziya bilan... Biz esa Rossiyadan o'zish uchun hozir qilayotgan mehnatlarimizni sifatliroq ko'rinishga olib kelishimiz kerak bo'ladi.
Yana bir muhim narsa shundan iboratki, Rossiya OFKni istagani bilan, OFKdagi grandlar Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni ularni istaydimi? To'g'ridan-to'g'ri JCH yo'llanmasi uchun kurash olib boradigan bu mamlakatlar bilan keyingi saralash bosqichida Rossiya bir guruhdan o'rin olishi mumkin, sababi ular FIFA reytingida bugungi kunda 37-o'rinda turgan bo'lsalar, yuqoridagi Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya va Avstraliya joy olgan bitta guruhga tushishlari mumkin bo'ladi.
Qisqasi, bu Rossiya OFKga o'tsa, Osiyo futboliga qo'shadigan hissasi bo'ladi. Minusi haqida rus matbuoti haqida o'qiganimiz maqul.
Fikrlar