"Roma"da bosh murabbiy o'zgardi. Rim klubidagi eng yaxshi mavsumini o'tkazgan Shomurodovning taqdiri qanday kechadi?
19 iyu 20:53
Yangiliklar


"Roma"da bosh murabbiy o'zgardi. Rim klubidagi eng yaxshi mavsumini o'tkazgan Shomurodovning taqdiri qanday kechadi?
"Roma"ning o'tgan mavsumi xuddi drammaga to'la serialdek bo'ldi. "Roma" mavsumni Daniele De Rossi qo'l ostida boshladi. Biroq murabbiy jamoa rahbariyati bilan ro'y bergan kelishmovchilikdan so'ng klubni sentyabr oyidayoq tark etdi. Uning o'rnini esa xorvatiyalik Ivan Yurich egalladi, ammo mutaxassis Rim klubida bor-yo'g'i 53 kun ishladi. Ikki mavsum avval murabbiylik faoliyatini yakunlashini elon qilgan Klaudio Raneri "Roma"ni qutqarishga rozi bo'ldi va noyabr oyidan boshlab yana murabbiylik faoliyatiga qaytdi. Rimliklar mavsumning dastlabki 16 uchrashuvida 8 marotaba mag'lub bo'lishdi. Bunday yomon natija 1973/1974 yilgi mavsumdan beri qayd etilmayotgan edi. Yani "Jallorossi" o'tgan mavsumda yarim asrdan buyon qayd etilmayotgan salbiy natija bilan boshladi. Biroq Raneri kelishi bilan barchasi o'zgarib ketdi. "Roma" Raneri qo'l ostida jami 36ta uchrashuvda ishtirok etdi va ularning yigirma ikkitasida g'alaba qozondi, etti uchrashuvda durang qayd etdi va etti marotaba mag'lub bo'ldi. Dekabr oyida musobaqa jadvalining o'rtasida borgan rimliklar, mavsum yakunida 69 ochko to'plab, musobaqa jadvalining beshinchi o'rnini band etishdi. ECHL yo'llanmasini qo'lga kiritgan "Yuventus" esa bor-yo'g'i bir ochko ko'proq to'plagan edi.
Hamyurtimiz Eldor Shomurodov ham mavsumni bir tekisda o'tkaza olmadi, ammo Eldorga bog'liq bo'lmagan bir nechta sabablar uning namoyish etgan o'yiniga tasir o'tkazdi. Shomurodov 24/25 mavsumdagi ilk golini A Seriyaning 2-turidan o'rin olgan "Empoli"ga bahsda kiritgan edi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan hujumchimiz 80-daqiqada raqib darvozasini ishg'ol etgan edi, ammo ushbu gol "Roma"ni mag'lubiyatdan qutqarib qolmagandi. Yakunda "Empoli" 1:2 hisobida g'alaba qozongandi.
A Seriyaning to'rtinchi turiga kelib, "Roma" bor-yo'g'i 3 ochko jamg'argan edi. Salbiy natijalar va jamoa bosh direktori Lina Suluka bilan yuzaga kelgan mojaro tufayli De Rossi istefoga chiqarildi. 18 sentyabr sanasida esa Ivan Yurich "Roma" bosh murabbiyi etib tayinlandi. Aynan Yurichning jamoaga kelishi Shomurodov zaxiraga o'rindig'iga mixlanib qolishiga sabab bo'ldi. Shomurodov Ivan Yurich qo'l ostidagi 12ta uchrashuvning 5tasida zaxirada qoldirdi va jami 215 daqiqa maydonda harakatlandi(1080 jami daqiqa). Noyabr oyida jamoani qabul qilib olgan "eski tanish" Raneri ham dar xol Eldorga ishonch bildirmadi. Noyabr oyida o'tkazilgan "Napoli"ga qarshi o'yinda Eldor kichik jarohat oldi. Shuningdek, dekabr oyida esa ketma-ket to'rt o'yinda zaxirada qoldirildi. Faqatgina 21-turga keliboq, Shomurodov muntazam o'yin amaliyotiga bo'la boshladi va mavsum yakuniga qadar hujum chizig'idagi eng muhim futbolchilardan biriga aylandi.
"Eldor bizning jamoamiz uchun juda muhim, u bajarayotgan ish hajmi va berayotgan hissasi bilan fundamental ahamiyatga ega. U o'zida bor hamma narsani soatiga 100 mil tezlikda jamoaga beradi. Har doim bor kuchini ishga soladi. U biz uchun haqiqiy sof oltin, men uni juda yaxshi ko'raman" - deya aytib o'tgan edi Klaudio Raneri aprel oyidagi matbuot anjumanlaridan birida.
Shomurodovning qanchalik katta o'sishga erishganini yaxshiroq tasavvur qilishingiz uchun quyidagi faktni keltiramiz: aprel oyidagi matbuot anjumanlarida u Dovbik bilan birinchi daqiqalardan birga o'ynay oladimi, degan savol odatiy holga aylanib qoldi. Italiyalik jurnalistlar bunday o'yinchining zaxirada o'tirishini tasavvur ham qila olmasliklarini aytishdi. So'nggi olti turda esa Shomurodov uchrashuvni dastlabki daqiqalardanoq boshladi.
Terma jamoamiz sardori 24/25 mavsumda barcha musobaqalarda 37ta uchrashuvda ishtirok etib, 7ta gol va 5ta golli uzatma qayd etdi. Shomurodov maydondagi har 131 daqiqada gol yoki assist qayd etdi. Shuningdek, hamyurtimiz fevral va aprel oyladira "Roma"ning eng yaxshi futbolchisi deya tan olindi.
"Roma"dagi yangi davr
"Roma" 6 iyun sanasida italiyalik mutaxassis Jan Pero Gasperini bilan uch yillik shartnoma imzolaganini elon qildi. Gasperini bunga qadar "Atalanta"ni 2016 yildan buyon boshqarib kelayotgan edi. Mutaxassis "Atalanta" bilan birga 23/24 mavsumda Evropa Ligasini qo'lga kiritgandi.
"Dastlabki taassurotlar juda yaxshi. Bu men uchun katta chaqiruv, menga aynan shunday chaqiruvlar kerak. Bu erga katta ishtiyoq bilan kelyapman. Bu esa men kutgan adrenalin bo'ladi.
Asosiy vazifa - muxlislarni o'zimizga jalb qilish. Mening jamoalarim doimo o'zgacha ko'rinishda bo'lishgan: intensiv va sifatli, doimo ko'plab gollar urishgan. Biz doimo ko'proq gol urib, kamroq o'tkazib yuborishni o'ylaymiz. Bu uslubni Rimda ham sinab ko'rmoqchiman", - deya fikr bildirdi 67 yoshlik murabbiy shartnoma imzolangandan so'ng.
Gasperinining "Roma" bosh murabbiyi etib tayinlanishi oddiy kadrlar almashinuvi emas. Bu jamoa rivojlanish strategiyasi o'zgarganini anglatadi. Gasperinining uslubi klubdan nafaqat vaqt, balki sabr-toqat ham talab qiladi. U Antonio Konte singari tezkor natija beradigan murabbiy emas. Uning tizimi uzoq vaqt davomida shakllanadi va faqat barqaror muhitda o'z samarasini bera boshlaydi. "Roma"ni esa o'tgan mavsumning o'zidayoq uchta murabbiy boshqardi.
Misol uchun, Gasperini "Atalanta"da faqat sakkizinchi mavsumda birinchi sovrinni qo'lga kiritdi, biroq aynan uning rahbarligida Bergamo klubi Chempionlar Ligasining doimiy ishtirokchisiga aylandi. "Roma"da sovrinlarga yo'l qisqaroq bo'lsa kerak. Sababi infratuzilma, resurslar va tarkib "Atalanta" bilan solishtirganda tezroq natijaga erishishga yordam beradi. Transferlar masalasida "Roma"ning "qo'li" "Atalanta"nikidan ancha uzunroq. Selekciya masalasidagi kengroq imkoniyatlar Gasperini o'z futbolini yo'lga qo'yish uchun yaxshi imkoniyat yaratib beradi.
Gasperiniga transferlar va o'z g'oyalarini amalga oshirish uchun to'liq erkinlik beriladi. Asosiy talab va so'rov esa vaqt bo'ladi. "Roma" rahbariyati sabrsizligi bilan tanilgan. "Jallorossi" rahbariyati ko'p kutishni yoqtirishmaydi, tizimli yondashuv esa har doim ham to'g'ri bilan qabul qilinmaydi. Yangi falsafa kutilganidek ekanligiga barchani ishontirish Gasperinining o'zi uchun ham asosiy sinov va chaqiruv bo'lsa kerak.
Taktik va Shomurodovga tasir
3-4-2-1 sxemasi Gasperini nomi bilan chambarchas bog'liq. U yuqori intensivlik, vertikal hujumlar va qanot himoyachilarining hujumdagi faol ishtirokiga katta etibor qaratadi. Gasperini jamoalari ko'p hujum qilishadi va yuqori pressing qo'llashadi. "Roma" ham o'tgan mavsumda ushbu taktik uslubdan foydalandi. Ammo barchasi biz o'ylagandek oson emas. "Roma"da bu sxema biroz boshqacha ishlar edi. Qanotlardagi kamroq kombinaciyalar va hujumkor uchlikka ko'proq erkinlik berilgan edi.
"Roma"ning hozirgi tarkibi o'zgarishlarga muhtoj. Rimliklarning markaziy himoyasida barqaror uch nafar o'yinchi yo'q. "Borrussiya"dan kelgan Mats Xummels barqaror mavsum o'tkaza olmadi. "Atletiko"dan kelgan Mario Ermoso esa qishdayoq "Bayer"ga ijaraga berildi. Lekin vaziyat bunchalik yomon emas, 25 yoshli iqtidorli Evan Ndika va Janlukka Manchini bor. Ikki himoyachi ham to'p bilan yaxshi muomala qila oladi va kam jarohat oladi.
Hujum chizig'ida esa Shomurodov va Dovbik bor. Ukrainalik hujumchi o'tgan mavsumda jamoaning eng yaxshi to'purari bo'lishiga qaramay, to'psiz kam harakatlanishi va pressingda Shomurodovga qaraganda sustroq. Shomurodov esa to'psiz ham ko'p hajmli ishni bajara olishi va samarali pressing qila olishi "Roma" yangi bosh murabbiyiga qo'l kelishi mumkin.
Gasperini zonalarga ochilish va pressingda samarali harakat qila oladigan harakatchan hujumchilardan foydalanishni maqul ko'radi. Shomurodov aynan shunday futbolchi. Eldor markaziy hujumchi poziciyasida yoki ikkinchi hujumchi sifatida ham 3-4-1-2 taktikasida jamoaga katta foyda keltirishi mumkin.
Gasperini o'z futbolchilaridan talab qiladigan asosiy jihatlardan biri - kuchli jismoniy tayyorgarlik. Shomurodov yangi murabbiyning jismoniy va taktik talablariga mos kelishini isbotlab berishi kerak bo'ladi.
Italiyaning Calcio in Pillole nashri malum qilishicha, rimliklarning yangi ustozi 27 yoshli ukrainalik hujumchiga ishonch bildirmayapti. Takidlanishicha, murabbiy hujum chizig'i futbolchilaridan ko'proq harakatchanlik va pressingda faollikni istaydi.
Zeytullaev ushbu holat bo'yicha qanday fikrda
"Bunyodkor" bosh murabbiyi va Gasperini qo'l ostida o'ynagan sobiq futbolchi Ilyos Zeytullaev ushbu vaziyat haqida fikr bildirib o'tdi:
"Eldor Gasperini qo'l ostida juda yaxshi imkoniyatlarga ega bo'ladi. Men Gasperini rahbarligida besh yil o'ynaganman va shuni ayta olamanki, Gasperini Eldor kabi o'yinchilarni yoqtiradi. U mehnatkash futbolchilarga simpatiya bildiradi. Eldor kam gapirib, yirik hajmdagi ishni bajaradigan futbolchilardan. "Roma"ning aniq rejalarini bilmasam-da, Eldorning yangi murabbiy bilan yangi darajaga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyati bor deb o'ylayman. U hozir ham juda yaxshi formada" - dedi "Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev Gasperinining "Roma"ga tayinlanishi haqida.
P.S Ushbu maqola Shomurodovning ehtimoliy transferi, Turkiya va AQSH klublari tomonidan bildirilayotgan qiziqish etiborga olinmagan.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar