"Rivojlanishga xohish avvalo klublarning o'zida bo'lishi kerak" - PFL Bosh direktori bilan suhbat
28 dek 2018 11:45
Yangiliklar
"Rivojlanishga xohish avvalo klublarning o'zida bo'lishi kerak" - PFL Bosh direktori bilan suhbat
Xullas bu mavsum qandaydir yangiliklarni ko'rdik. O'tgan yil PFL Bosh direktori etib tayinlangan Omon G'ofurov tashkilot rahbari sifatida to'liq mavsumni o'tkazdi. Ichki chempionatimiz PFL rahbarida qanday taassurot qoldirdi? Qanday o'zgarishlar, shu bilan birga nima kamchiliklar kuzatildi? Bir qator savollarga javob olish maqsadida Yangi yil arafasida Omon Fayzullaevich bilan uchrashib mavsum yakunlari haqida suhbat qurdik.
- Omon Fayzullaevich, bu yil PFL Bosh direktori sifatida to'liq mavsumni o'tkazdingiz. O'tayotgan yil sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Qo'ldan kelgancha yaxshi ishlashga harakat qildim. Esingizda bo'lsa, 2018 yilgi mavsum oldidan muxlislarga murojaat qilib, ularning ham fikri bilan qiziqqandik. Natijada ko'plab fikrlar inobatga olindi. Superliga formatini klublar, o'yinlar boshlanish vaqtini esa “Sport” telekanali bilan hamkorlikda ishlab chiqdik.
Yani biz hech bir masalada o'zimizcha yangilik o'ylab topmadik. Kerak paytda boshqalarni ham eshitishga to'g'ri keldi. Yakuniga etgan mavsum haqida gapiradigan bo'lsam, bu yilgi ish jarayoni yangilangan PFL uchun o'zgacha ruhda kechdi. Bir nechta bo'limlarda yangi xodimlar ish boshladi va ular o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishdi. O'ylaymanki, Superliga, Proliga va boshqa musobaqalarni yuqori saviyada o'tkaza oldik. Albatta, kamchiliklar hamon bor va bundan yuz o'gira olmaymiz. Lekin tan olaylik, ijobiy yutuqlar ham ko'p bo'ldi.
- Malumki, siz bungacha O'zbekiston paralimpiya associaciyasida faoliyat olib borgansiz. Mana endi bir yildan sal oshiqroq vaqt mobaynida futbolda faoliyat yuritdingiz. CHetdan qaraganda o'zbek futboli qanday ko'rinardi-yu, ichkarida ishlab qanday ko'rindi?
- To'g'ri, futbolda yangiman, lekin bu shu paytgacha futbol ko'rmasdim yoki umuman qiziqmasdim degani emas. Yurtimizda futbol naqadar sevilishini hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin baribir futbolni chetdan kuzatish boshqa, ichkarida turib boshqarish boshqa ekan.
CHetga qaraganda hammasi oson ko'rinadi. Odamlar pul bo'lsa bo'ldi ish osonlashib ketaveradi deb o'ylaydi. Futbolda pul muhim, buni inkor eta olmaymiz, lekin puldan ham muhimi yaxshi kadrlarni topa bilishda. SHu o'rinda bir narsani aytishim kerak, o'zbek futboli rivojida baribir klublar katta rol o'ynaydi. PFL har qancha harakat qilmasin, agar klublarning o'zida qiziqish, rivojlanishga xohish bo'lmasa, biz shuncha qaror chiqarganimiz bilan befoyda. Avvalo klublarning o'zida yangilikka intilish bo'lishi kerak.
Maqtanchoqlikka yo'ymang-u, agar yil boshida PFL harakat qilmaganida Superliganing birinchi bosqichi katta ajiotaj bo'lib stadionlar to'lmasdi. Biz klublarga odamlar stadionga kelib dam olib ketishi kerak, ularga sharoit yaratish yaratib berish lozim deb tinmay gapirdik. Buning natijasida har bir stadionda oziq-ovqat do'konlari, turli attrakcionlar, klub atributikalari sotuvini yo'lga qo'yildi. O'ylaymanki, bu ham o'z samarasini berdi. Bundan tashqari oilaviy sektorlar tashkil etildi.
Muxlislar madaniyatini oshirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqdik. Iloji boricha muxlislar stadionga kelib futbolchi va hakamlarga nisbatan qo'pol so'zlarni aytmasin, ular faqat muxlislik qilsin deb ko'p bor uqtirdik. Endi bu tomonlama klublarning o'zida ham harakat bo'lishi kerak. Faraz qiling, siz farzandingiz bilan futbol ko'rishga bordingiz. Yoningizda o'tirgan muxlis tinmay so'kib tursa bu narsa yosh bolaga qanday tasir qiladi. U ham futbolga kelib so'kish kerak ekan deb o'ylamaydimi.
- SHu o'rinda PFLning eng katta yutuqlaridan biri sifatida tashkilot o'z titul homiysiga ega bo'lganini aytishimiz mumkin.
- Ha, bundan juda xursandmiz. O'ylaymanki, “Pepsi” savdo belgisi bilan o'zaro hamkorligimiz yaxshi o'tdi. Boshida biroz hadiksirash bor edi. Yani, hamkorlik ish berarmikan deb o'ylagandik. Ammo harakatda barakat deganlaridek, “Pepsi”dan tushgan pulni oqlash niyatida astoydil harakat qildik. SHuni aytishim kerak, “Pepsi” reklama uchun ajratgan pullarni juda katta deb bo'lmaydi.
Lekin bu birinchisi bo'lgani uchun birga ishlab ko'rishni lozim topdik. Nasib qilsa, hali ko'p yangiliklar bo'ladi. Hozirgi paytda yana bir nechta savdo belgilari bilan o'zaro hamkorlik ustida ish olib boryapmiz. Kelajakda stadionlarni bepul internet bilan taminlash hamda o'yinga tashrif buyuruvchilarga egulik etkazib berish xizmatini yo'lga qo'yish rejamiz bor.
- Ammo kamchiliklar ham kuzatildi. Masalan, ming gapirgan bilan baribir Superligada bazi o'yinlar sanasi o'zgardi.
- To'g'ri, masalaning bu tomonini ham qattiq ushlashga harakat qilyapmiz. Taqvim tuzildimi, imkon qadar o'zgartirmaslik kerak. Lekin shunday bo'ldiki, terma jamoa yig'in boshlab qoldi, bazi klublar stadionida boshqa tadbir o'tkazilishi kerak bo'ldi. Natijada biz ham vaziyatga to'g'ri yondoshishga qaror qildik. Hech qaysi o'yinni o'zimizdan o'zimiz o'zgartirib qo'ydik deya olmayman.
- Superliga formati borasida nima deya olasiz?
- Format har kimga har xil ko'rindi. Gap formatda emas, gap ishga bo'lgan munosabatda. Superliga o'yinlari yakuniga etgach, biz klublar rahbarlari va sport direktorlarini chaqirib ularning fikrini eshitishga harakat qildik. Format haqida nima deysizlar, o'zgartirish kerakmi yo shunday qolaversinmi deb so'radik. Bu borada takliflaringiz bo'lsa bemalol bizga yozma ravishda etkazishinglar mumkin dedik.
Ishonasizmi, shu paytgacha hali hech bir klub o'z taklifini bermadi. Demak, klublarga format qiziq bo'lmasa kerak. Birgina “Paxtakor” vakili hozirgi format qolaversin, faqat “oltin ochkolar” bo'lmasin dedi. Buni ham inobatga olib qo'ydik. Aytib o'tganimdek, biz har qanday taklifni ko'rib chiqishga tayyormiz. Axir futbolni jamoalar o'ynaydi, biz esa musobaqa o'tkazuvchi va nazorat qiluvchi tashkilotmiz. 12ta jamoa ishtirokida eng ko'p ovoz yig'adigan formatni qo'llashimiz mumkin. Faqat buning uchun klublar ham o'z fikrini aytishi kerak bo'ladi.
- Kelasi yil Superligada jamoalar soni o'zgarishi mumkin degan gaplar yuribdi.
- Biz imkon qadar 12talik formatni saqlab qolishga harakat qilamiz. CHunki hozirgi sharoitda eng maqul yo'l 12ta jamoa ishtirokida milliy chempionatni o'tkazish.
- Superliganing birinchi bosqichida muxlislar tashrifi chindan ham maqtagulik bo'ldi. Ammo ikkinchi bosqichga kelib keskin tushib ketdi. Buning sabablari nimada deb o'ylaysiz?
- To'g'risini aytishim kerak, bu ko'rsatkich bizni ham xavotirga solib qo'ydi. CHunki stadionga qancha ko'p odam kelsa reklama beruvchilar shuncha tez topiladi. O'yin bo'lsa-yu, lekin tribunalar bo'sh tursa kim reklama bergisi keladi. Reklama beruvchiga ham muxlislar ko'pligi qiziq. Agar birinchi bosqichda PFL harakat qilmaganida stadionlar to'lmasdi. Buni bemalol ayta olaman.
Ammo qars ikki qo'ldan chiqadi deganlaridek, buning uchun klublarning o'zida ham harakat bo'lishi kerak. CHunki chiptalar sotuvidan tushadigan pullar avvalo jamoalarning o'ziga foyda. Biz ularning pulini ishlatmaymiz-ku. Qancha ko'p ishqiboz kelsa, shuncha yaxshi chipta sotiladi, klublarda sekin-asta pul ko'payib, natijada qarzdorlik kamayadi.
Haliyam aksar klublar homiylar qo'liga qarab qolgan. Bersang eyman, bermasang o'laman qabilida ish tutish davri ortda qoldi deb o'ylayman. Masalan, biz ham harakat qilmaganimizda “Pepsi” bilan shartnoma tuzilmasdi. Klublar ham nimadir qilishi kerak-da, faqat homiy qo'liga qarab qolmasdan yoki hokimiyat qachon bizga pul ajratarkin deya kutib o'tirmasdan. Muxlislar soni tushib ketganiga klublarni ham aybdor deb bilaman. Ular chiroyli o'yin ko'rsatsa har doim odam keladi.
- Bu yil birinchi marta Superliga, Proliga, ayollar futboli va futzalda komissarlar ishladi. Ularning ishidan ko'nglingiz to'ldimi?
- Qisman ha. Lekin komissarlar saviyasini ancha ko'tarmasak bo'lmaydi. Komissar o'yinga borganidan keyin ishlashi kerak. Quruq tomosha qilib qaytgandan nima foyda. O'ylaymanki, keyingi yil bu borada boshqacha bo'ladi.
- Ko'pchilikni qiziqtirayotgan savol: PFL tomonidan sovrindor jamoalarga berilishi kerak bo'lgan mukofot pullari nima bo'ladi?
- Mukofot pullari beriladi. Vada berdikmi, bajarishga harakat qilamiz. Hozir jami miqdordagi summaning ayrim qismini topib qo'yganmiz. SHu oyning oxirigacha sekin-asta pullarni berishni boshlaymiz va nasib qilsa yanvar oyida hamma bilan hisob-kitob qilamiz. Bundan klublar xavotirga tushmasa ham bo'ladi.
- Yaqinda OFK PFLga O'zbekiston chempionatida bir nechta kelishilgan o'yinlar aniqlangani borasida xat yubordi. Bu borada qanday ish olib borilyapti?
- Kelishilgan o'yinlar bor va buni inkor qila olmaymiz. Lekin savol tug'iladi: kelishilgan o'yinlarni tashkil qilayotgan kimlar? Klublarning o'zlari emasmi? Axir PFL borib kelishib o'ynanglar demaydi-ku. Yoki muxlislarga shu kerakmi? Bizga qolsa qaniydi hamma o'yin shiddatli kechsa, odamlar maza qilib dam olib qaytsa. Kelishilgan o'yinlarni jamoalarning o'zi chiqaryapti. Demak, kimdir shundan manfaatdor.
Kimdir hakam bilan gaplashishga urinadi, kimdir boshqa yo'l bilan kelishmoqchi bo'ladi. Aytaylik, hech qaysi jamoa hakamga gapirmasa, hakamlar o'zi borib sizlarga yordam beraylik demaydi. Hakamlarni yo'ldan urayotgan ham klublar aslida. SHunday ekan, toki jamoalarning o'zi vijdonan ishlamas ekan, buning oldini oliy qiyin. Ammo biz ham qarab turmaymiz va qo'ldan kelgancha kelishilgan o'yinlarni yo'qotishga harakat qilamiz.
- Yangi mavsumda muxlislarni qanday yangiliklar kutmoqda?
- O'ylaymanki, keyingi yil chempionatimiz yanada shiddatli kechadi. Hozir bir nechta jamoa o'z tarkibini yaxshi futbolchilar bilan to'ldirib olmoqda. PFL ham bir qator yangiliklarga qo'l urmoqchi. SHulardan biri keyingi yildan boshlab klublardan uchrashuv rasmiylari, yani hakamlar, nazoratchilar va komissarlar uchun to'lanadigan pulni olib tashlaymiz.
Endilikda hamma xarajatni PFLning o'zi qoplaydi. Buyog'iga klublar hakamga chipta olishimiz kerak kabi ishlar bilan ovora bo'lmaydi. Mezbon jamoalar uchrashuv rasmiylarini kutib olib, o'yindan keyin kuzatib qo'yishsa bo'lgani. Menimcha, shunday qilsak hamma uchun yaxshi bo'ladi. Bundan tashqari, aytib o'tganimdek bir-ikkita reklama beruvchilar bilan gaplashib qo'yganmiz. Keyingi yildan PFL hamkorlari ko'payib qolsa ajab emas.
X.Xoliqov suhbatlashdi
Fikrlar