Rivaldoga qarshi kubok finali, Qoraqalpog'iston futbolidagi kamchiliklar, faoliyatini erta tugatishini sababi, bir joyda turib qolgan O'zbekiston chempionati – G'ulom O'runov bilan intervyu
07 may 2020 15:09
Yangiliklar
Rivaldoga qarshi kubok finali, Qoraqalpog'iston futbolidagi kamchiliklar, faoliyatini erta tugatishini sababi, bir joyda turib qolgan O'zbekiston chempionati – G'ulom O'runov bilan intervyu
Yani ayrim iqtidori baland futbolchilar aynan jarohat tufayli erta kunda chetga chiqishga majbur bo'lishadi. Bugungi suhbatdoshimiz G'ulom O'runov ham ham o'z vaqtida iqtidorli futbolchi sifatida turli yoshdagi terma jamoalarimizda o'zini ko'rsatgandi. Biroq, jarohatlar yakunda uni yashil maydondan uzoqlashtirdi. Yaqinda ushbu futbolchi bilan bog'lanib bafurja suhbatlashdik.
- Futbolni erta tark etishingizni kutmagandik. So'ngi jamoangiz “Obod” bo'lib qoldi. O'shandan so'ng sizni boshqa jamoalarda ko'rmadik....
- Ketishimni yagona sababi jarohatlar. Ayniqsa, ohirgi jarohatimdan keyin o'zimga kelishim qiyin bo'ldi. Oxirgi jamoam “Obod”ga o'tishim noto'g'ri bo'lgan deb o'ylayman.
- Sizga o'xshagan, jarohat sabab erta futbolni tark etgan futbolchilar har yili topiladi. Ochig'i, xulosa qiladigan bo'lsak yurtimizda futbolchilarni tiklanishi uchun sharoitlar yaxshi emas. Faqat, poytaxt klublari bunga jiddiy etibor qaratishadi. Jarohat olgan futbolchi hech kimga kerak bo'lmay qoladi ohiri...
- Gaplaringiz to'g'ri. Futbolchilarga hozirda tiklanib, avvalgi holatiga qaytishi uchun yaxshi sharoitlar yaratib berilgan. Lekin, men o'ynagan paytlarda sanoqli klublardan tashqari boshqa jamoalarda sharoitlar yo'q edi hisob. Futbolchining o'ziga ham ko'p narsa bog'liq.
- Jarohatdan so'ng o'zingizda katta futbolga qaytishda kuch va iroda topa olmadingizmi yoki xohish bo'lmadimi?
- Yashil maydon bilan xayrlashish qiyin bo'ldi. Hozir juda sog'inaman o'sha paytlarni. Lekin, hamma narsani o'z yakuni bor. Menda esa bu ertaroq yuz berdi. Jarohat olganimga qaramasdan mashqlarni to'xtatmadim. Biroq, tiklanish jarayonida yana jarohatim qaytaladi va operaciya qildirishga majbur bo'ldim. SHundan so'ng tushunib etdimki, futboldan ketadigan payt keldi. Qaytishim uchun ko'p vaqt ketardi. To'g'ri qaror qabul qildim deb o'ylayman.
- Bugungi kunda qanday ishlar bilan bandsiz? Eshitishimizga qaraganda murabbiylik sohasida ish boshlagan ekansiz...
- Yaqinda murabbiylik kurslarini tugatdim. Nukusda tashkil qilingan o'quv kurslarida D licenziyasini oldim. To'rtko'l tumanidagi BO'SMda ishni boshladim. O'tgan yili O'FA birichni vice-prezidenti Ravshan Ermatov kelib sharoitlar bilan tanishib ketdilar. Bu erda futbol maxorat maktabini ochishni rejalashtirganmiz. Agarda amalga oshadigan bo'lsa murabbiylikni shu erdan boshlab, kuchli va maxoratli futbolchilarni etishtirib berishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Hozirda bu erga futbol maktabi nihoyatda zarur.
- Darhaqiqat, ohirgi yillarda Qoraqalpog'iston butunlay etibordan chetda qolib ketdi. Vaholanki, bu diyordan ko'plab yulduz futbolchilar Berdax Allaniyozov, Nematulla Quttiboev, Azamat Allaniyozov, Salamat Quttiboev, Navro'z Alimov singari ijrochilar etishib chiqqan. Ammo, ular tarixda qoldi. Endilikda yangidan-yangi iqtidorlarni kashf qilish lozim. Ammo, ko'p narsa baribir pul va moliyaviy jihatlarga bog'liq bo'lib qolmoqda...
- Qoraqalpog'istonda bittagina futbol akademiyasi faoliyat ko'rsatib kelmoqda. U ham bo'lsa Nukusda. To'g'ri aytib o'tdingiz etibor umuman qaratilmaganligiga o'zim guvoh bo'ldim. Yosh futbolchilarga etibor kam. Futbolimiz mutasaddilari hozirda bu borada keng ko'lamdagi ishlarni boshlashgan. Umid qilamanki hammasi ijobiy tomonga o'zagaradi. Aytganimdek iqtidorlar ko'p. Ularga sharoit yaratib berilsa foydadan holi bo'lmasdi.
- “Aral”ni kuchlilar safiga ko'rish istagidagi muxlislar hozir ham etarlicha...
- Kattalar va rahbarlar bunga jiddiy qaramasa jamoani Superligada o'ynashi qiyinga o'xshaydi.
- Keling endi faoliyatingizni boshiga qaytsakda, o'sha davrlarni birgalikda yodga olsak. 2008 yil Saudiya Arabistonida o'tkazilgan yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati qatnashchisi sanalasiz. Ushbu turnir bir qator futbolchilarni kashf qilib bergandi. Bunda murabbiy Ahmad Ubaydullaevni hissasi katta bo'lgan...
- Ha, Ahmad aka juda qattiqqo'l va talabchan murabbiy edi. Ularga hurmatim cheksiz. Faoliyatimdagi ko'p narsani ushbu insondan o'rganganganman. Ushbu mutaxassis qo'l ostida katta futbolga qadam qo'yganmiz. Saytingizda chorak finaldagi Xitoy bilan o'yinni ko'rib qoldim. Xursand bo'ldim. O'sha o'yin hayotimdagi eng esda qolarli uchrashuv hisoblanadi. Bunaqasi har doim ham bo'lavermaydi.
- Qita chempionatidan so'ng “Paxtakor”da ham o'zingizni ko'rsatishni boshladingiz. Ayniqsa, sizni ko'pchilik 2009 yilgi O'zbekiston kubogidan so'ng tanigani rost. Finalda “Bunyodkor” bilan o'yinda Rivaldoga qarshi personal o'yinchi sifatida harakat qilgansiz va vazifani qoyilmaqom tarzda bajargansiz...
- To'g'ri hammasi. Juda og'ir va qiyin bellashuv o'tkazganmiz. Rivaldo 36 yosh bo'lishiga qaramasdan unga qarshi o'ynash qiyinchilik tug'dirgan. Murabbiy meni unga personal o'yinchi sifatida qo'ygandi. Uni yonidan jilmasligim talab qilinardi. CHunki, u bitta pas bilan jamoadoshlarini oldinga boshlardi va hujumni tashkil qilardi. Men shu paslarga to'sqinlik qilishim va zararsizlantirishim kerak bo'lgan.
- “Paxtakor”dagi faoliyatingizni o'zingiz qanday baholaysiz? Sizni ko'p ham asosiy tarkibda ko'rmasdik. Balki, Samvel Babayanga ham bog'liqdir. Murabbiy boshqa odam bo'lsada, tarkibga kim kirishi yoki kirmasiligini u hal qilardi deyishardi futbolchilar...
- Bu jamoadagi faoliyatim bir tekis o'tmagan. Takidlaganingizdek, kim asosiy tarkibda yoki zaxirada qolishini Babayan boshqarardi.
- Menimcha, Samvel Babayan murabbiylikdan ko'ra menejerlikda foydasi ko'proq tegdi deb o'ylayman...
- To'g'ri, menejerlikni juda yaxshi bajarardi. Bu ishni ustasi edi.
- “Dinamo”, “Andijon”, AGMK jamoalarida o'ynashga ulgurdingiz. Qaysi biridagi faoliyatingizdan qoniqish hosil qildingiz...
- Olmaliqda hammasi joyida edi, muammo kuzatilmagan. O'yin amaliyoti ham etarlicha bo'lgan. Murabbiy almashgach ko'pchilik qatori men ham boshqa jamoaga yo'l oldim. Samarqand va Andijonda murabbiylar qo'nimsizligi ko'p uchrardi.
- Futbolimizdagi eng ojiz jihatlaridan biri hali jamoa shakllanmasdan, o'yin to'g'ri yo'lga qo'yilmasdan natija talab qilishdir. Bunday holat bolalar futboliga ham tegishli. Bugun qo'lga kiritilgan zo'rmazo'raki natija kelajakda qanday foyda beradi?
- Bu noto'g'ri narsa. Birinchi galda bolalar futbolini yani fundametni rivojlantirish kerak. Yosh boladan qanday qilib natija talab qilish mumkin? Ularga futbolni o'rgatish kerak. Menda bolalar bilan ishlashda hozircha tajriba yo'q. Ammo, izlanib va o'rganib qo'limdan kelgan barcha ishni qilishga harakat qilaman.
- Hozirgi chempionatimiz saviyasi haqida nima deya olasiz? Superligamiz oldingidan kuchsizlanganmi?
- Fikrimcha, shu turishda turibdi. Hozirda faqatgina “Paxtakor”da moliyaviy sharoitlar yaxshi. Ularga tenglasha oladigan klub yo'q. Avval, birinchi o'rin uchun uchta, to'rtta jamoalar kurash olib borardi. Hozirda bunaqa deb bo'lmaydi. Yosh futbolchilarga o'z ustilarida tinmay ishlashlarini maslahat beraman. Qattiq mehnat evaziga yutuqlarga erishish mumkin.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar