So’nggi yangiliklar

09:01Мбаппе Ла Лигадаги илк учрашувидан сўнг ўз фикрларини билдириб ўтди  1 08:30ЦСКА бош мураббийи нима сабабдан учрашув сўнггида Аббосбек Файзуллаев ва яна икки нафар футболчини захирага олганини тушунтириб берди  1 08:02Футзал. Бугун терма жамоамиз Францияга қарши баҳс олиб боради  1 07:31Суперлига. Бугун 16-тур баҳслари якунланади  7 07:25А Серия. Биринчи турнинг олтинчи ўйинидаҳам ғолиб номи аниқланмади, "Наполи" сафарда йирик мағлубиятга учради, 1-тур ўйинлари битта саҳифада  7 06:55Қозоғистон чемпионати. "Шахтёр Қарағанда" - "Ордабаси" 2:3, Яшибоев мавсумдаги еттинчи голини урди  1 06:45ЛаЛига. "Мальорка" - "Реал Мадрид" 1:1, Юлдузларга тўла "Реал" ғалаба қозона олмади  1 02:29Ла Лига. "Реал Мадрид" мавсумнинг илк турида очко йўқотди  30 01:35А Серия. "Рома" меҳмонда "Кальяри" билан дуранг ўйнади, Шомуродов эса...  16 01:08ПРО-лига. 17-тур расмийлари эълон қилинди  1 00:49Максим Шацких: "Бугун биринчи даврадаги қарзимизни қайтардик"  6 00:05Александр Крестинин: "Иккинчи бўлимда жонландик. Ҳали очколар тўплашимизга ишонаман"  1 23:50АПЛ. "Челси" - "Манчестер Сити" 0:2, Ковачич собиқ жамоасини чиройли голи билан жазолади  2 23:35Суперлига. "Андижон" - "Сурхон" 2:3, Голларга бой бўлган ўйинда "Сурхон" сафарда ғалабни қўлга киритди  1 23:09Февзи Давлетов: "Ғалабага бўлган ишонч бизга натижа келтирди"  5

Rauf Iniliev:Oliy liga o'zgarmoqda Yangiliklar

Rauf Iniliev:Oliy liga o'zgarmoqda

O'zbekiston chempionati bu yil har qachongidan boshqacha o'tmoqda. Kutilmagan natijalar, musobaqa jadvalidagi keskinlik va principial o'yinlar muxlislar uchun qiziqarli ko'rinish kasb etishi turgan gap.

Ushbu masala bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Rauf Inileev o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

O'ZGARISH

- Rauf Talgatovich, bu yilgi oliy liga bahslari haqida nima deya olasiz? Musobaqa har yilgidan boshqacha o'tayotgani haqidagi fikr­ga qo'shilasizmi?


- Albatta. Tan olish lozim, bu yil O'zbekiston chempionati kishini yoqimli taajjubga solmoqda. Format o'sha-o'sha, o'tgan yili bo'lgani kabi 16 jamoa ikki davrada o'zaro kuch sinashadi, ammo undagi shiddat va joziba mutlaqo boshqacha ko'rinish olgan. Bunga sabab esa nima bo'lishi mumkin? Men eng avvalo, uch jamoani alohida takidlab o'tgan bo'lar edim - Metallurg, Buxoro va qisman Qizilqum. Bu klublar joriy mavsumda o'z oldilariga noodatiy tarzda kattaroq vazifa qo'ydilar va aynan shu sababga ko'ra oliy ligadagi shiddat oshib ketdi, deb o'ylayman. Biz bu jamoalarning har yili o'rtamiyonalar safida yurishlariga ko'nikib qolgan edik. Endi esa ular favoritlarga ham munosib qarshilik ko'rsata olishlarini isbotlamoqdalar. Sport principlari birinchi o'ringa qo'yilgan chempionat albatta, qiziqarli o'tadi. Mana yana bir isbot.

- So'zsiz favorit hisoblangan Lokomotiv o'tgan hafta Metallurg maydonida ochko yo'qotdi. Nima deb o'ylaysiz, bu yil chempion bo'lish uchun kimda imkoniyat ko'proq?

- Hozir ikki etakchi bor, buni mensiz ham yaxshi bilasiz - Lokomotiv va Bunyodkor. Metallurg hozirdan o'z imkoniyatlarini namo­yish etib bo'ldi, deb o'ylayman. Paxtakor va Nasafning ishlari biroz ortga ketganini inobatga olsak, asosiy kurash aynan Lokomotiv va Bunyodkor o'rtasida kechishi ehtimoli katta. Bu o'rinda hamma narsa jamoalarning ish uslubiga bog'liq - Lokomotiv tajribali futbolchilarga tayanadi, Bunyodkor esa yoshlarga. Ko'ramiz, bu kurashda kim g'olib chiqarkan. Qaysi jamoa chempion bo'lishidan qatiy nazar, ular o'rtasidagi kurashni kuzatish qiziqarli bo'ladi.

- Metallurgning muvaffaqiyatlari siri nimada, deb o'ylaysiz? Jamoa o'tgan mavsumdan buyon deyarli hech narsani o'zgartirmadi, biroq g'alabalarga erishmoqda. Bunga sabab nimada?


- Jamoada o'z kuchiga bo'lgan ishonch oshgan. Bu esa katta narsa. Metallurg uzoq yillar davomida barqaror ravishda o'rtamiyona jamoa bo'lib keldi. Bekobodliklarning nihoyat, nimanidir isbotlashga kirishganlari kishini xursand qiladi. O'rtamiyona hisoblangan jamoa o'z oldiga jiddiy maqsad qo'yganda qanday o'zgarishlar bo'lishini mana shu misolda ham ko'rib olish mumkin. Rossiyada Rostov bor, Angliyada esa Lester. Nima uchun bizda ham bo'lmasligi kerak? Metallurgning yana bir katta kuchi - tarkib tajribali futbolchilar hisobiga shakllangani va unga yosh hamda iqtidorli futbolchilar jalb qilinayotganida. Ishonch, tajriba va yoshlik kuchi omuxtalanib, jamoadagi ishtiyoqni oshirmoqda. Umid qilamiz, Metallurg bu ishtiyoqni mavsum oxiriga qadar saqlab oladi.

PASAYISHLAR


- Aksincha, Nasafning ishlari oxirgi vaqtlarda biroz ortga ketdi. Buning boisi nimada bo'lishi mumkin?


- Nasaf haqida gap ketar ekan, eng avvalo, bir jihatni aytish lozim - jamoa uzoq vaqt davomida bir joyda to'xtab qoldi. Qarshiliklar bir necha yil chempionlikka davogar, ammo davosi amalga oshmaydigan jamoa maqomida yurdilar va bu holat ularning ziyoniga ishladi. CHempionlik davosi muntazam ravishda amalga oshmaydigan ishga aylansa, jamoaga salbiy tasir o'tkazishi turgan gap. To'g'risini aytsam, Nasafning mavsum boshida Osiyo CHempionlar Ligasida o'tkazgan o'yinlari menga juda yoqqan edi. Jamoa taktik jihatdan juda to'g'ri o'yin namoyish qildi. Keyin esa...

- Keyin esa Nasaf 16 maydan 21 iyunga qadar oliy ligada o'tkazgan 5ta o'yinida qatorasiga ochko yo'qotdi va shundan 2tasida mag'lub bo'ldi...


- Ha, shunday. Aslida, Nasaf biz o'ylaganchalik kuchsiz o'ynamayapti, ammo unda anchadan buyon davom etib kelayotgan muammo bor - tarkibda yaxshi hujumchi yo'q. Bir necha mavsum bu muammo Artur Gevorkyan hisobiga hal qilindi. U asli yarim himoyachi bo'lishiga qaramay, gollar urdi. Ammo Gevorkyanni ham bog'lab bermagan, unda ham pasayishlar bo'ladi. Artur biroz vaqt gol ura olmay qolgan edi, hujumdagi muammolar bor bo'yi bilan ko'rinib qoldi. Nasaf hozir aynan shu muammoni hal qilishi lozim.

- Ro'ziqul Berdievning kelajagi Nasaf bilan bog'liqmi? U ishlashda davom etishi kerakmi yoki bor potencialini namoyish etib bo'ldimi?


- Bu Berdievning o'ziga bog'liq. SHaxsan menga u olib borgan ish juda yoqdi.

KATTAROQ PASAYISH

- Omadsizlik haqida gaplashar ekanmiz, aslida, Nasafdan ham avval Paxtakorga etibor qaratish kerak edi. Rauf Talgatovich, chempion bu qadar sustlashib qolishini kutganmidingiz?


- Paxtakorning muammolari sababini ko'p qidirish shart emas - aslida, bu yilgi jamoa o'tgan mavsumdagidan keskin farq qiladi. Paxtakor himoyadagi etakchilarini yo'qotdi va bu holat uning o'yiniga salbiy tasir o'tkazishi turgan gap edi. Jamoadan ketganlarga bir nazar tashlaylik - Lobanov, Krimec, Merzlyakov, Maxaradze. Ularning barchasi eng avvalo, himoya­ni mustahkamlovchi futbolchilar edilar. Ayniqsa, jamoa o'yin tizimini uzoq yillar davomida shakllantirib kelgan Kaxi Maxaradzening ketishi Paxtakor uchun juda og'riqli bo'ldi. Yomon tomoni - yangi kelganlar avvalgilarning o'rnini bosa olishmadi. Oqibatda jamoaning ishlari ortga ketib qoldi. Biroq Paxtakorning yutug'i - deyarli har yili yosh va iqtidorli futbolchilarni kashf etishi. Bu esa bugun bo'lmasa ertaga o'z samarasini keltirishi kerak. Yodingizda bo'lsa, ikki-uch yil muqaddam Bunyod­kor ham deyarli shunday holatga tushgan edi. Hozir o'sha yoshlar kuchga to'lgach, jamoa o'yini ham barqarorlashib qoldi.

O'RTAMIYONALAR

- Keling, endi o'rtamiyona klublarimiz haqida gaplashsak. Musobaqa jadvalining o'rta qismiga qaraganda, nimalarni o'ylaysiz?


- Eng avvalo, vodiy klublarining o'zlariga kela olmayotganlari biroz alam qiladi. Vodiy - o'z tarixiga ega, ammo so'nggi vaqtlarda bu tarix sahifalariga unchalik ham yaxshi so'zlar yozilmayapti. Hozir oliy ligada vodiydan 4 klub bor, ammo faqat Neftchi salgina mavqeini ushlab turibdi. Agar buni mavqe, deb atash mumkin bo'lsa, albatta. CHunki farg'onaliklar yaqin o'tmishda qanday kuchga ega bo'lganlarini biz juda yaxshi bilamiz. Ammo Qo'qon-1912, Navbahor va Andijonning oldida Neftchining holati ham risoladagidek. Bu jamoalar hozirda jon saqlash bilan ovora. Nima sababdan shunday bo'ldi? Bu savolning javobini uzoq vaqt berish mumkin. Albatta, hammasi moliyaga borib taqaladi. Biroq shu bilan birga boshqa sabablar ham etarli bo'lsa kerak. Umid qilamiz, bu muammolar vaqti kelib barham topadi. Hammadan ham muxlislar uchun shunday bo'lishini juda istagan bo'lardik. Ular bunga haqlilar. Bir vaqtlar, vodiy stadionlari qanday to'lib-toshganini hamma yaxshi eslaydi.

- O'rtamiyonalar orasida moliyaviy jihatdan u qadar qiyinchilikka uchramagan jamoalar ham bor, masalan - Olmaliq. Bu borada nima deya olasiz?


- Aftidan Olmaliqda qandaydir muammolar bor, shekilli. Bu yil tarkib biroz o'zgardi. Jamoa uzoq yillar barqaror o'yin namo-yish qildi. Ammo endi vaziyat o'zgargandek. Har qanday jamoada ham bunday ko'tarilishlar va pasayishlar kuzatiladi. Gap o'rtamiyonalar haqida ketarkan, shuningdek, yana Mashalga ham alohida to'xtalib o'tmoqchiman. Bu jamoa o'z yo'nalishiga ega klub hisoblanadi. Mashal akademiyasi o'z vaqtida o'zbek futboli uchun katta ishlarni amalga oshirdi. Biroq baribir, kutilganidek etakchilar safiga kira olmadi. Istardikki, jamoa mana shu yo'nalishini yana rivojlantirsa.

- So'g'diyona bosh murabbiyi Davron Fayziev oxirgi bir oy ichida istefoga chiqish borasida ikki-uch marta gapirdi. Qizig'i, u istefo haqida gapirgani sari jamoa o'yini yaxshilanmoqda...

- Davron Fayziev hali yosh murabbiy va u istefo haqidagi gaplarini qizishib aytgan, deb o'ylayman. U o'z vaqtida juda yaxshi futbolchi bo'lgan va murabbiy sifatida ham hali o'sishga erishadi. So'g'diyona - o'z ananalari va qadriyatlariga ega jamoa. Bu klub o'zbek futboliga bir qator iqtidorlarni etishtirib bergan. Oddiy misol - hozir O'zbekiston milliy terma jamoasini Sardor Rashidov va Jasur Hasanovsiz tasavvur qilish qiyin. So'g'diyona hali bunday futbolchilardan ko'pini tarbiyalab beradi, deb o'ylayman.

- Biroq istefo haqida hadeb gapiravergan yaxshimi? Ayniqsa, u amalga oshmaydigan bo'lsa...


- Yaxshi emas, albatta. Ammo murabbiyga ham oson tutmang. Agar jamoa moliyaviy muammolar girdobiga o'ralashib qolgan bo'lsa, hamma masuliyat va qiyinchilik murabbiyning gardaniga tushadi. U futbolchilarni maydonga tushib, bor kuchi bilan o'ynashga unday olishi va kamiga homiylar bilan ham ish olib borishi lozim. Bu esa murabbiyni ruhan juda toliqtiradi. Davron Fayziev mana shunday muammolardan o'ta olgan murabbiy. SHunga qaramay, jamoasini oliy ligada saqlab qola oldi. Aftidan, endi So'g'diyonaning muammolari ortda qolgan ko'rinadi. Yaqinda jamoaning yaxshi homiyga ega bo'lgani haqida eshitdim. Bu esa So'g'diyona uchun juda yaxshi xabar bo'lishi turgan gap.

- Demak, Davron Fayziev istefoga chiqmasligi kerak?


- Albatta. Inson har doim o'ziga talab bo'lgan joyda ishlashi lozim. So'g'diyonada esa unga talab bor. U shu klubda tarbiya topgan, futbol sir-asrorlarini o'rgangan. Keyinchalik futbolchi sifatida uning sharafini himoya qildi va barcha shart-sharoitlarini yaxshi biladi. SHunday ekan, So'g'diyona uchun Davron Fayzievdan yaxshi murabbiy bo'lishi mumkinmi? SHunchaki, u jamoa uchun jon kuydirmoqda va ketsam So'g'diyonaga yaxshi bo'ladi, degan fikrda. Fayziev istefo haqidagi bayonotni qizishib turganda berib yuborgan. Menimcha, u o'zi ulg'aygan joyda qolishi lozim.

AUTSAYDERLAR

- Autsayderlar haqida nima deya olasiz? Bu yil oliy ligadan tushib ketishga kim asosiy davogar? Qo'qon-1912mi, Andijonmi yoki Obod?


- Hozir bu haqda gapirishning mavridi emas, har holda, endi birinchi davra yakunlanmoqda. Albatta, bir oy oldin bu savolga: Obod, deb javob bersa bo'lardi, balki. Ammo ko'rib turibmiz, jamoa asta-sekin o'ziga kelmoqda. Debyutant o'z maydonida So'g'diyonaga qarshi juda yaxshi o'yin namoyish qilgan edi, mana endi safarda Andijon­ni mag'lub etdi. Demak, kurash davom etadi. Bilasizmi, Obodning muammosi nimada? SHunchaki, bizda oliy va birinchi liga o'rtasidagi farq juda katta. Haddan ziyod, keragidan ortiq darajada katta. SHu sababli ham Obod muammolarga duch keldi. Agar jamoa bu yil qi­yinchiliklardan o'tib olsa, kelasi mavsumdan barqaror o'yin namo-yish qilishiga ishonaman. Elitaga moslashish ancha qiyin bo'ladi. Obod-ku, oliy ligada debyutant hisoblanadi, hatto Dinamo ham kelasi mavsum elitaga qaytsa, qi-yinchiliklarga duch keladi, deb o'ylayman. Albatta, bu ham futbolimizning yana bir muammosi. Biroq hozir bu haqda gaplashishning mavridi emas. Autsayderlar borasidagi fikrimizni yakunlab qo'yadigan bo'lsak, jamoalar namoyish etayotgan o'yindan kelib chiqib aytaman - musobaqa jadvalining quyi qismida yil oxiriga qadar keskin kurash davom etsa kerak. Nima bo'lganda ham bu yil oliy liga ancha qiziqarli o'tadigan ko'rinadi...

Zafar QOSIMOV suhbatlashdi

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика