Qo'qondan maqola
07 iyu 2015 14:47
Yangiliklar


Qo'qondan maqola
47 daraja
Bir kun avval "Qo'qon Markaziy" stadionida ikki jamoaning o'rinbosarlari bahs olib bordilar. Uchrashuv soat 18:00da boshlandi. Aynan shu vaqtda havo harorati 47 daraja issiqni ko'rsatayotgan edi. Bunday havoda futbol o'ynash u yoqda tursin, ko'chada yurishni o'zi bo'lmaydi. Futboldagi aksar yurak bilan bog'liq muammo mana shunday issiq tufayli kelib chiqishini unutmasligimiz lozim.
Issiq ko'proq "Qo'qon-1912" futbolchilariga tasir ko'rsatdi. O'yindan avval qo'qonlik tanishlarga, "Paxtakor"ning 26 raqamdagi (Alisher Mirzaev) futbolchisiga etibor qaratishlarini so'radim. Ikkinchi davra uchun juda yaxshi futbolchi bo'lishi mumkin. Gapim isboti o'laroq, birinchi golga aynan u pas berdi. Tayanch va markaziy yarim himoyada juda yaxshi harakat qila oladigan, 1996 yilda tug'ilgan, yoshi rostan ham kichraytirilmagan futbolchi. Afsuski jarohat tufayli JCHga bora olmagan edi.
Muzeymi bu yoki "sklad"?
Asosiy tarkib jamoalari o'rtasidagi o'yin ham soat 18:00ga belgilangan edi. Buni qarangki, o'yin vaqtida havo kechagiga nisbatan ancha salqin (39 daraja) va shamolga boy bo'ldi. Uchrashuvga qadar vaqt ko'p edi, qo'qonlik akamiz, futbol ishqibozi Akramjon aka men va Abdurahmon Fozilovni Qo'qon xonligining so'nggi xoni, Xudoyorxon saroyiga (muzey) taklif qildilar. Tarixni yoshligimdan yaxshi ko'rmayman-mi, jon deb rozi bo'ldim.
"Gid" yordamida saroyni aylanishga kirishdik. Sayohat boshlnishi lozim bo'lgan xonalar, shu kuni muzey hududida klip olayotgan xonandaning ishchi guruhi tomonidan band qilingan ekan, qaytishda kirishga kelishdik. Muzeyni aylanar ekanmiz, juda ham qimmatbaxo yodgorliklarni ko'rdik. Ular ichida yapon imperatorining sovg'asidan tortib, 1800-1920 yillarga tegishli bo'lgan qo'l yozmalar-u, turli asbob uskunalarni ko'rishingiz mumkin. Lekin juda ko'p narsalar qo'lga yaqin, xavfsizlik nuqtai nazaridan qo'riqlash xizmati juda zaifdek. Eng qizig'i, bir soatdan ortiq muzeyni aylanib chiqar ekanmiz, hamon biz kirishimiz lozim bo'lgan xona ochilmagani bo'ldi. Ochishlarini so'rasak, "kalitni klipchilarga berdik", degan javobni oldik. Qanday qilib davlat muxofazasida bo'lgan muzeyning asosiy xonasini, etti yot begona bo'lgan "klipchilar"ga berish mumkin? Klipchilar esa u erda texnika vositalari turganligini aytib kiritishni istamadilar, ammo biz kirishimiz lozimligini aytdik va kirdik.
CHiptalarning bozori chaqqon
"Qo'qon-1912" so'nggi o'yinlarda g'alaba qozona olmayotganligi uchun muxlislarni stadionga kirishi biroz kamaygan ekan. Ammo raqib "Paxtakor" edi. Stadion yana to'ldi, bironta chipta qolmadi. Bir kun avval o'rinbosarlar uchrashuviga ikki mingdan ortiq muxlis kirgan edi. Ko'pchilik muxlislar biz bilan uchrashar ekan, chiptalar narxi qimmatligidan nolidilar. Bugunda chiptalarning narxi joyiga qarab 10 000 va 5 000 so'm. Lekin muxlislar to'g'ri tushunishlari kerak, futbol bu biznes va undan hamma ham daromad olgisi keladi. Lekin ularning bir gapida jon bor, "servis" yo'q. SHuncha pulga chipta olsakda, stadionda bizga sharoit yo'q deganlar ko'p bo'ldi. Qo'qondagi stadion ixchamgina, 8 ming kishini o'z bag'riga sig'dira oladi. Haqiqatdan ham, muxlis uchun sharoitni yaxshilab qo'yish kerak. Asosiy muammo hamma erda bo'lgani kabi suv va xojatxona masalasi bo'layotgan ekan. Ko'pchilik o'yinga o'z velosipedida keladi, ularni qo'riqlash uchun ham maxsus joy bo'lsa yomon bo'lmasdi deganlar ko'p bo'ldi. Xullas o'yinni boshlaymiz.
Durang...
"Paxtakor" o'yinni boshlanishidan kelib chiqib qiyinchiliksiz g'alaba qozonamiz deb o'yladi. Uchrashuvning 5-daqiqasida Igor Sergeev hisobni ochdi. Bu vaziyat qanot hakami tomonidan o'yindan tashqari holat deb baholandi. Unga qadar Tantashev o'z hamkasbini eshitmadi. Gol bo'lganidan keyingiga uni ko'rdi, Sergeevga pas berilishidan avval "Paxtakor" futbolchisiga nisbatan qo'pollik ishlatilganligi sabab, gol bekor qilinib, ofsayddan avvalgi daqiqaga qaytildi va jarima zarbasi. Bu erda qanot hakam to'g'ri qaror qilgan ekan.
Ko'p o'tmay "Paxtakor" gol urdi, Nosir Otaqo'ziev esa uzoqqa bormay javob berdi. Kuchli shamol ikki jamoaga qiyinchilik tug'dirdi.
Tanaffus paytida stadiondagi "CA" o'quvchilari uchun fotosessiya uyushtirdik.
Akramjon Mamadaliev uchun kutilmagan sovg'a
Bir kun avval Abdurahmon Fozilov bilan tanaffus paytida, so'nggi yillarda "Qo'qon-1912" jamoasiga yaqindan yordam berib kelayotgan Akramjon Mamadalievni tabriklashga kelishib olgan edik. Osiyo chempionlar ligasining original to'pini, tanaffus chog'ida u kishiga topshirdik. Tabiiyki 8 ming nafar muxlis qarshisida kutilmagan sovg'ani qo'lga kiritishning tami bo'lakcha bo'ladi.
Hakam Rustam Tolibjonov bilan qisqa suhbat
Ikkinchi bo'lim arafasida to'p olib beruvchi bolalarni suratga olib qo'yishimni so'rab, murabbiyi murojaat qildi. Suratga olib, o'z joyimga o'tirganimdan so'ng birinchi liga va o'ribonsarlar chempionatida hakamlik qilib kelayogan qo'qonlik, Rustam Tolibjonov bilan suhbatlashib qoldim. U mahalliy sport maktabida rahbar ekan, o'z ishlari haqida so'zlab berdi, barcha viloyatlarga borib ishlarni o'rganishimiz kerakligi haqidagi xabarimizni o'qiganligini aytib, bu narsa kerakligini takidladi.
Hakam nima uchun IKKI oldi?
Ikkinchi bo'lim ham birinchi bo'lim kabi boshlandi. "Paxtakor" tajriba, "Qo'qon-1912" esa kuchli ishtiyoq evaziga o'ynadi. SHu bois bo'lsa kerak, o'yin bir xil kechdi. Stanislav Andreev o'z repertuarida hisob 1:1 bo'lib turgan payt Ruslan Matniyozov bilan birga-bir vaziyatni ko'kka sovurdi. Huddi shunday hisob paytida Aziz To'xtaboev ham qulay imkoniyatni boy bergan edi. Ikki bo'limda ham hakamlarning xatolari ko'rinib turdi. Ayniqsa Ilgiz Tantashev va qanot hakami Bahodir Qodirovni. Qodirov aut kimdan chiqayotganini bazi vaziyatlarda noto'g'ri baholadi. Bir safar Maxaradzening zarbasidani so'ng to'p maydonni tark etdi, bu vaziyatda Tantashev kutilmaganda burchak zarbasini ko'rsatdi. Penalti esa to'g'ri belgilandi. Qo'shimcha vaqt biroz ko'payib ketdi, uzog'i 5 daqiqa etar edi. Haqiqatdan ham to'xtalishlar bo'ldi. Hisobni tenglashtiruvchi gol esa 93-daqiqaga to'g'ri keldi.
Uchrashuv boshlanishi oldigi, kichik epizodni eslab o'tsam. "Qo'qon-1912" suxandoni, Akramjon aka va yana ikki kishi gurung qlib turgan payt, hakamlar brigadasi chiqib kelayotgan edi. Kattalar kichiklarga, salom berib, "xormang"lar deb qo'yishdi. To'rtta hakamdan birontasi boshini burib qarab ham qo'ymadi, 2 metr yurgach uchrashuv nazoratchisi va ayrim mansabdorlar bilan qo'llarini ko'ksilariga qo'yib quyuq-suyuq ko'rishib ketishdi. CHetdan kuzatgan kishiga juda ham hunuk ko'rinar ekan, juda... Yakunda aynan o'sha nazoratchi tomonidan qo'yilgan IKKI bahoga hech kim hafa bo'lmadi.
Aslida uni ustidan "Paxtakor" ariza berdi, agar "Qo'qon-1912" ham o'zi uchun noto'g'ri deb bilgan qarorlari uchun ariza bera olganida edi, lekin ular bunday qilisha olmaydi, keyingi o'yindan qo'rqishadi. Natijada, kim yomon, sayt. Aslida saytdagi chiqqan xabar deyarli kuchga ega emas, avvalo klublar rahbarlari o'zlarini himoya qila olishlari kerak, shuning uchun ular rahbarlar.
Bugun O'FF tomonda uchrashuv nazoratchisi, Aleksandr Popovni ko'rib qoldim. Golda haqiqatdan ham ofsayd borligini va qanot hakami bu holatni to'g'ri baholaganini aytdi. Unda nima uchun iki baho oldi degan savolim ochiq qoldi, boisi ular PFL reglamentiga ko'ra ular bu haqda aytmasliklari lozim ekan.
Hozircha menda shular, o'ylaymanki joriy mavsum "Qo'qon-1912" oliy ligada o'z o'rnini saqlab qola oladi va keyingi yil muxlislarini bu yilgidek havotirga solmaydi.
Nodirxo'ja Yuldashev

Fikrlar