Qani bizning OFK va FIFA nazariga tushgan hakamlarimiz?
05 noy 2013 16:46
Yangiliklar


Qani bizning OFK va FIFA nazariga tushgan hakamlarimiz?
O'zbekistonda hakamlar saviyasi yildan yilga oshyaptimi? Son oshayotgani-ku bor gap. Hozir biz tanimaydigan juda ko'plab yoshlar hakamlik sohasiga kirib kelmoqda. Ular asosan 2-liga bahslarini boshqarishmoqda. Yaqin ikki-uch yil ichida avval birinchi liga, keyin oliy liga bahslarida ham ishlashadi. Qarabsizki, hakamlar soni mana shu tarzda oshib boraveradi. Lekin saviya-chi?
Malumki, yaqin to'rt-besh yildan beri hakamlar uchun muntazam turli kurslar tashkil qilinmoqda. Oliy va birinchi liga hakamlari, shuningdek nazoratchilar yiliga ikki marta Toshkentga kelib imtihon topshirishmoqda. Lekin shunga qaramay, xalqaro maydondagi referilar soni ortayotgani yo'q. O'FF Hakamlar va nazoratchilar qo'mitasi rahbarlari garchi xalqaro darajadagi referilarimiz 9tani tashkil qildi, 11taga etdi deb bong urayotgan bo'lishsa-da, amalda biz ularni ko'rmayapmiz. Bilganimiz shuki, Ravshan Ermatov, Valentin Kovalenko va Vladislav Ceytlin har zamonda bir xalqaro o'yinlarni boshqarib turishibdi. Baxtiyor Namozov bazan plyaj futboliga taklif etiladi. Boshqalardan esa xabar yo'q.
Ammo FIFA miqyosidagi turnirlarda negadir hech kim ko'rinmayapti. Braziliyada o'tkazilgan Konfederaciyalar Kubogida Ravshan Ermatovning qanday xatoga yo'l qo'yganini barchamiz ko'rdik. SHundan so'ng o'zbek hakamlariga bo'lgan etibor birdaniga pasayib ketgandek go'yo. Masalan, Turkiyada o'tkazilgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida o'zbekistonlik referilardan hech kim taklif etilmadi. BAAda davom etayotgan o'smirlar o'rtasidagi mundialda ham bizning hakamlardan hech kim ishlagani yo'q. Xo'sh, bu nimadan darak beradi? Hakamlarimiz saviyasi tushib ketganidan emasmikin?
Menimcha, shunday. Bugungi kunda hakamlar hatto ichki chempionat bahslarini ham obektiv tarzda boshqara olishmayapti. Ular bilib-bilmay juda ko'p xatolarga yo'l qo'yishmoqda. Bazan bir jamoaga ochiqchasiga yon bosish holatlari ham ro'y berib turibdi. Bundan tashqari, bazi jamoalarning hakamlardan qarzi borligi uchun tinmay mag'lubiyatga uchrayotganini eshitib qolyapmiz. “Futbol klubning hakamlardan qarzi bor!” Buni qanday tushunish mumkin? Hakamdan qanaqasiga qarz bo'lishi mumkin? YO poezdga chipta olib bermaganmi, yo ovqatlanishiga pul to'lamaganmi? Yoki bo'lmasa, o'sha jamoa qaysidir o'yinni yutgan-u, buning uchun hakamni rozi qilmaganmi? Futbol klub degani o'z ishchilari va o'yinchilarini boqsinmi yo hakamlarni boqsinmi? Nega endi hakamlar qaysidir o'yin uchun jamoalardan pul olishi kerak? Bu halol o'yin qoidalariga zid-ku, tuppa-tuzuk korrupciya emasmi?
O'zbek adabiy tilida judayam salbiy manoni beruvchi bir so'z bor: ochofat. Xudo saqlasin, mana shunaqa ochofat bo'lishdan. Hakamlar va nazoratchilar orasida ham mana shunday odamlar bor deyishdan qo'rqaman. Agar hakamlarimiz zo'r bo'lsa, unda nega yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatlarida ishlashmayapti? (Mayli, kattalar o'rtasidagi musobaqalarni qo'ya turaylik). Kelasi yil yanvarda Ummonda 22 yoshgacha futbolchilar o'rtasida Osiyo chempionati o'tkaziladi. Bizdan Jahongir Saidov qanot hakami sifatida, Farhod Abdullaev nazoratchi sifatida shu chempionatda ishlasharkan. Qani bosh hakamlar? Bizda Osiyo chempionati o'yinlarini boshqara oladigan referilar yo'qmi? Bir so'z bilan aytganda, qani bizning OFK va FIFA nazariga tushgan o'sha 11ta hakamimiz? Nahotki, O'FF Hakamlar va nazoratchilar qo'mitasida ishlayotganlarni mana shu savol bezovta qilmayotgan bo'lsa?!
Xayrulla XOLIQOV.

Fikrlar