PRO-ligada kimlar bosh murabbiylik qilmoqda?
23 apr 2018 20:25
Yangiliklar
PRO-ligada kimlar bosh murabbiylik qilmoqda?
CHempionatning 3-turi ortda qoldi. Aytish kerakki, musobaqa o'yinlari har yilgiga nisbatan ancha qiziqarli tarzad o'tmoqda. O'zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan klublar oldiga qo'yilayotgan talablar ham asta-sekin bajarib borilayotgani ham kishini xursand etmasdan qolmaydi. Qachondir bu ishlarni amalga oshirish kerak edi. Bu yil mana ijobiy tomonga o'zgarish kuzatilayotganini ko'rmoqdamiz.
Zamonaviy futbolda murabbiylarning roli katta. Jamoaning o'yin uslubini yo'lga qo'yish, tarkibni to'g'ri tanlay olish bu – murabbiyning mahoratiga bog'liqdir.
Ayni damda PRO-Liga klublarida kimlar bosh murabbiy sifatida ishlayotgani muxlislarga ham qiziq bo'lishi aniq. SHu bois bugun “A” guruhdagi jamoalarning “drijyorlari” haqida to'xtalib o'tishni lozim topdik.
"Mashal" - Aleksandr Xomyakov
Aleksandar Xomyakov bu yil PRO-Ligada yagona legioner bosh murabbiy sanaladi. Ushbu mutaxassis “Mashal” bosh murabbiyi sifatida bu yil 6 (!) mavsumini o'tkazayotganini alohida takidlash lozim. Aleksandr Andreevich Muborakda raqobatbardosh jamoa shakllantira oldi desa bo'ladi. “Gazchilar” o'tgan yili elitada 7-o'rinni egalladi. Buy il PFLning qaroriga ko'ra, jamoa PRO-Ligada ishtirok etadigan bo'ldi. SHunga qaramay Xomyakov “Mashal”da qolib, ishini davom ettirishni maqul topdi. Xorijlik murabbiyga Ruslan Ahmedov, Botir Qoraev va Pavel Sinelnikov yaqindan yordam bermoqda.
"SHo'rtan" - Asror Aliqulov
O'tgan yili FIFA qaroriga ko'ra quyi ligaga ravona bo'lgan G'uzorning “SHo'rtan” jamoasi bu yil hammasini boshqatdan boshlamoqchi. Jamoa rahbariyatida o'zgarish yuz berdi. SHundan so'ng murabbiylar shtabida ham etiborga molik yangiliklar kuzatildi. Fevral oyining o'rtalariga kelganda, “SHo'rtan” jamoasi rahbariyati bosh murabbiylikka sobiq futbolchi Asror Aliqulovni taklif etishga qaror qildi. Unga qadar Asror CHorievich “Mashal”dan tushgan taklifni qabul qilib, yoshlar jamoasida ishlab kelayotgandi. Bu yil Aliqulov bosh murabbiy sifatida debyut mavsumini o'tkazmoqda. 40 yoshli murabbiyga “SHo'rtan” jamoasi begona emas. Sababi ilgari Aliqulov ushbu jamoada futbolchi sifatida faoliyat yuritgan. Bir so'z bilan aytganda, u “SHo'rtan”dagi vaziyatni boshqalarga nisbatan juda yaxshi biladi. Aliqulovga murabbiylar shtabida Botir Qodirqulov, Erkin Mirzaev va Akmal Saitqulov yaqindan yordam bermoqda. Asror CHorievich murabbiylikdagi debyut mavsumidayoq “SHo'rtan”ni yana elitaga qaytara oladimi? Buni albatta mavsum so'nggida bilib olamiz.
"Andijon" - Ildar Sakaev
Murabbiylik faoliyati davomida juda ko'p klublarda turli lavozimlarda ishlagan Ildar Sakaev bu yil “Andijon”dan tushgan taklifni qabul qildi. Muxlislar yaxshi bilishsa kerak, o'tgan yili “Cementchi”ni Superligaga chiqishida o'zining munosib hissasini qo'shgan murabbiy joriy mavsum endi “Andijon”ni Superligaga qaytarish uchun astoydil ishlamoqda. Hozircha Sakaevning ko'rsatayotgan natijalari yomon emas. Uning boshchiligidagi “Andijon” chempionat va Kubok bahslarida faqat g'alaba qozonmoqda. 55 yoshli mutaxassis bu yil “Andijon”da raqobatbardosh jamoa shakllantira olganini ko'pchilik takidlamoqda. Ayniqsa “burgutlar”ning vodiy derbisida “Navbahor”ni mag'lub eta olgani andijonlik muxlislarni quvontirdi. Mahalliy ishqibozlarning jamoaga bo'lgan ishonchini qaytarishga urinayotgan. Sakaevning odiga rahbariyat tomonidan “Andijon”ni bu yil Superligaga olib chiqish vazifasi qo'yilgan. Ildar Usmanovich murabbiylar shtabini ham tabiiyki o'zi tuzdi. Futbolda yordamchilarning ham o'rni katta. Agarda u chin dildan ishtiyoq bilan ishlasa, bosh murabbiyga osonroq bo'ladi. SHu bois har doim bosh murabbiylar o'zlarining yoniga yaxshi bilgan yordamchilarni yig'ishga xarakat qiladi. Fikrimizga isbot tariqasida Baqoev-Ashurmatov tandemini aytish mumkin.
Xullas, Sakaev bu yil o'z yoniga yoshlar bilan ishlash xadisini olgan iqtidorli murabbiy Diyorbek Mirzaboevni chaqirib olgan. O'tgan yili “Mashal-2”ni boshqargan Mirzaboev bu yil endi yordamchi sifatida ishlamoqda. Darvozabonlar murabbiyi sifatida andijonlik ishqibozlarga yaxshi tanish bo'lgan Qobiljon Olimjonov faoliyat yuritmoqda. O'z vaqtida “Andijon” tarkibida uzoq yillar davomida posbonlik qilgan Olimjonov endilikda murabbiylik qilmoqda. Bundan tashqari mamlakatimizdagi taniqli murabbiylardan bir bo'lgan Ahmad Ubaydullaev ham “Andijon”da maslahatchi sifatida faoliyat yuritayotganini aytish lozim.
"Istiqlol" – Usmon Asqaraliev
Farg'onaning “Istiqlol” jamoasida rasmiy ravishda bosh murabbiy lavozimi yo'q bo'lsada, amalda Usmon Asqaraliev ishlab kelmoqda. Namanganlik murabbiyda tegishli licenziyaning yo'qligi sababli, texnik-direktor sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan. O'tgan yili “Istiqlol” bilan chempionatda 2-o'rinni band etgan Usmon Ahmedovichga rahbariyat bu yil ham jamoani ishonib topshirgan. Etiborlisi o'tgan mavsum Asqaraliev deyarli yarim mavsum bir o'zi ishladi. Bu yil u o'z yoniga “Neftchi”ning sobiq murabbiylari Sergey Lebedev va Bahodir SHamsiddinovni taklif qilgan. Lebedev selekcioner murabbiy sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lsa, SHamsiddinov darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlamoqda. Ko'ramiz, ushbu murabbiylar triosi bu yil qanday natija ko'rsatar ekan.
"Dinamo" - Ilhom SHaripov
Samarqandning “Dinamo” jamoasida yil boshida moliyaviy muammolar ko'ndalang turgandi. SHu bois o'sha paytda klub menejeri Ilhom SHaripov imkoniyatdan kelib chiqib, mahalliy futbolchilar bilan Samarqandda kuniga bir mahaldan mashg'ulot o'tkazish bilan cheklangandi. Samarqandliklar jamoada yuzaga kelgan moliyaviy muammolarni aytib, bosh murabbiy sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan Oleg Tyulkinga vaziyatni to'g'ri tushuntirib, u bilan do'stona ravishda xayrlashib qo'yishga qaror qildi. CHetdan qaraganda, “Dinamo”da bu tomondan barchasini Uchqun Qobilov bajaradigandek taassurot uyg'otadi. Qobilovni “Dinamo” jamoasi bu yil PFL ro'yxatidan katta murabbiy sifatida o'tkazgan. O'yin paytida maydon chetida turib, futbolchilarga kerakli ko'rsatmalarni aynan Uchqun Qobilov berib boradi. Unga Rafael Balasanyan va Server Esetov ko'maklashmoqda. SHuningdek “Dinamo”ning sobiq futbolchisi Maksim Kolyadin ham klub mamuri sifatida ro'yxatdan o'tkazilganini aytish mumkin. Ilhom SHaripov jamoada asosan tashkiliy ishlarni hal etish bilan shug'ullanadi.
"Norin" - Vali Keldiev
Haqqulobodliklarga bu yil ham Vali Keldiev ustozlik qilmoqda. Surxondaryolik murabbiy yil boshida yana “Surxon”ga qaytib ketgandi. Ammo u erda keyinchalik o'zgarishlar yuz bergach, Keldiev jamoasiz qolib ketdi. Bu paytda “Norin”ning o'quv-yig'in mashg'ulotlariga mahalliy murabbiy Fayzullo Ahmedov boshchilik qilayotgandi. Keldievni “Surxon”dan ketganini bilgan “Norin” rahbariyati uni yana jamoaga qaytarishni maqul topdi.
"Orol" - Quvvat To'reev
Nukusning “Orol” jamoasida bu yil bosh murabbiy o'zgarganidan muxlislarning xabari bo'lsa kerak. Bungacha jamoani Nematulla Qutiboev keyinchalik esa Temur Turdiev boshqardi. Joriy mavsumdan esa rahbariyat boshqaruv postiga boshqa bir mahalliy mutaxassis Quvvat To'reevni olib keldi. Yangi bosh murabbiy jamoaning imkoniyatidan kelib chiqib, asosan mahalliy futbolchilar ishtirokida kurashchan jamoa shakllantirishga xarakat qilmoqda. To'reevga murabbiylar shtabida SHaryar Jumabekov yaqindan ko'maklashmoqda.
"Xorazm" – Aleksandr Ejov
PRO-Liganing doimiy ishtirokchisiga aylanib borayotgan “Xorazm”da bir necha yillardan buyon moliyaviy muammolar ko'ndalang turibdi. SHunga qaramay, bosh murabbiy Aleksandr Ejov ikkinchi mavsumdirki, jamoadagi faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Balki 38 yoshli murabbiy sabr qilib, mahoratini oshirish ustida ishlayotgandir. Negaki, hozirda PRO-Ligadan ham ish topish ayrim murabbiylarga qiyin bo'lmoqda. Aleksandr Aleksandrovich shuni o'ylab ham “Xorazm”dagi ishini davom ettirmoqda deyish mumkin. Unga mahalliy murabbiy G'ayrat SHixov yordam berib kelmoqda. Ayni damda “Buxoro” sharafini himoya qilayotgan Sanat SHixovning akasi bo'lmish G'ayrat SHixov “Xorazm”da o'z vaqtida futbolchi sifatida ham o'ynaganini yaxshi bilamiz.
"Surxon" - Dilshod Nuraliev
Surxondaryoda nihoyat futbolga bo'lgan etibor kuchaya boshladi. SHaxsan viloyat hokimining o'zi jamoani bevosita kuzatib borayotgani ham mahalliy muxlislarni behad quvontirayotgani shubhasizdir. Buning natijasida “Surxon” jamoasida mamlakatimizdagi tajribali murabbiylardan biri – Dilshod Nuraliev ish boshladi. Bungacha asosan yoshlar bilan ishlagan mutaxassis endilikda o'zini PRO-Ligada sinab ko'rmoqda. Nuraliev “Surxon”da ish boshlagach, professionalikka intilib, jamoadagi ayrim ishlarni to'g'ri yo'lga qo'yishga xarakat qilgan bo'lishi tabiiy. CHunki ushbu murabbiy ilgari professional tarzda ishlagan. “Surxon”ga aynan mana shunday murabbiy kerak edi. Dilshod Nuraliev Termizda kurashchan jamoa shakllantirishga xarakat qilmoqda. Jamoaning moliyaviy imkoniyatlari ham chakki emas. SHu bois murabbiy “Surxon”ga o'z vavtida oliy ligada o'ynagan futbolchilarni ham taklif qila oldi. Superligaga chiqishga asosiy davogarlardan biri sifatida etirof etilayotgan Nuralievning jamoasini qanday natija ko'rsatishini albatta mavsum so'nggida bilib olamiz. Dilshod Nuraliev murabbiylar shtabiga o'tgan yili “NBU-Osiyo”ni boshqargan Rifat Akramxo'jaev va uning yaqin yordamchisi bo'lgan Ikrom Ibragimovni taklif etgan. SHuningdek darvozabonlar murabbiyi sifatida Aleksey Roshin ishlayotganini aytish lozim.
Fikrlar