PRO-Liga. Sardorlik masuliyati kimlarga ishonib topshirilgan?
03 may 2018 14:55
Yangiliklar
PRO-Liga. Sardorlik masuliyati kimlarga ishonib topshirilgan?
Sardorlardan maydonda har tomonlama etakchiligi va jamoadoshlarini o'yin davomida oldinga boshlay olishi, kezi kelganda maydon tashqarisida ham ularni yolg'izlatib qo'ymasdan bosh murabbiyning futbolchilar orasidagi yordamchisi bo'la olishi talab etiladi. Bir so'z bilan aytganda jamoa sardori jamoadoshlari va murabbiy o'rtasidagi ko'prik vazifasini o'tab beradi.
SHundan ekan sardorlik masuliyati har tomonlama og'ir bo'ladi. Jamoa sardorlarini tayinlash ko'pincha mahalliy futbolchi ekanligiga qarab yoki tajribasidan kelib chiqib tanlanadi.
Xo'sh, PRO-Liga klublarida kimlar sardorlik qilib kelmoqda? Quyida shu haqda so'z yuritamiz.
“ANDIJON” – Eldor Boymatov
Andijonliklar tarkibi bu yil ham yangitdan tashkil topdi. Jamoa safiga bir qator futbolchilar kelib qo'shildi. Ulardan biri Eldor Boymatovdir. Bunga qadar “SHo'rtan” sharafini himoya qilgan 28 yoshli futbolchi maydon markazida asosan “qora ish” bilan shug'ullanadi. Unda o'yinni boshqarish xususiyati mujassam deyish mumkin. SHu bois bo'lsa kerak, “burgutlar” sardorlik bog'ichini Boymatovga ishonib topshirgan. “Andijon”ning tajribali futbolchisi Ibrohim Otaxonov bir necha yillardan buyon jamoasini maydonga sardor sifatida boshlab tushardi. Ammo 33 yoshli futbolchini murabbiylar asosan zaxiradan maydonga tushirmoqda. Agarda Otaxonov maydonga tushsa, sarorlik ham unga o'tkazilayotganini ko'rmoqdamiz.
“MASH'AL” – Mirzakamol Kamolov
“Gazchilar” quyi ligaga ravona bo'lgach, jamoa safini bir qator etakchi futbolchilar tark etdi. Hozirda “Mashal” tarkibidagi eng tajribali o'yinchi deb Mirzakamol Kamolovni aytish mumkin. SHu bois bo'lsa kerak, muborakliklarni har bir uchrashuvga Kamolov maydonga sardor sifatida boshlab tushmoqda. O'ng qanot himoyasi va yarim himoyasida xarakatlanuvchi Kamolovni bungacha sira sardor sifatida ko'rmagandik. Joriy yildan esa “Mashal” sardori sifatida Kamolov gavdalanmoqda. Agarda 31 yoshli futbolchi maydonga tushmasa, u xolda sardorlik bog'ichi markaziy himoyachi Sardor Rahmonovga o'tadi.
“ISTIQLOL” – Abduxoliq Qurbonov
Farg'onaning “Istiqlol” jamoasi tarkibida ham bu yil bir qator tajribali futbolchilar o'rin olganiga guvoh bo'lmoqdamiz. Sardorlik bog'ichi esa markaziy himoyachi Abduxoliq Qurbonovga ishonib topshirildi. “Istiqlol” sardori belgilangan penaltilarni ham hozircha o'zi bexato amalga oshirib kelmoqda. Qurbonovda uchrashuv paytida jamoadoshlarini boshqarib turish xususiyati borligini ko'rish mumkin. Agarda Abduxoliq maydonga tushmasa, sardorlik bog'ichi boshqa bir markaziy himoyachi Aziz Madalievga ishonib topshirilsa kerak. Ushbu masuliyatli vazifani “Istiqlol” bosh murabbiyining to'ng'ich o'g'li Sanjar Asqaraliev ham bemalol bajara olishini oldin ko'rganmiz.
“SHO'RTAN” – Otabek Narzullaev
G'uzorliklar bu yil sardorlik vazifasini Otabek Narzullaev gardaniga yukladi. U turganida boshqasi bo'lishi ham mumkin emas. Otabek “SHo'rtan” uchun deyarli mahalliy futbolchi sanaladi. Tajriba ham katta. Bir necha yillardan buyon har qanday xolatda “SHo'rtan” uchun o'ynab kelmoqda. Himoyachi bo'lsada, raqib darvozasini gohi-gohida ishg'ol etib ham turadi. Maydon tashqarisida ancha kamtar yigit bo'lgan Narzullaevning ko'rsatmalariga uchrashuv paytida barcha jamoadoshlari amal qiladi. Otabekdan keyingi sardor Obid Jo'raboev yoki Jamol Otaqulov bo'lishi mumkin.
“SURXON” – Bahriddin Vahobov
Futbolchilik faoliyatini “Surxon”da boshlagan Bahriddin Vahobov butsalarini ilishdan oldin qadrdon jamoasida o'ynab sevgan kasbi bilan shu jamoada xayrlashishni maqsad qilganini o'zi bilan suhbatlashganimizda ko'p bor takidlab o'tgan. Nasib bu yil ekan, Vahobov rahbariyat tomonidan termizliklar safiga qaytarildi. To'purarlik mahorati bilan tanilgan hujumchi bu yil “Surxon”ni maydonga sardor sifatida boshlab tushmoqda. Bosh murabbiy Dilshod Nuralievning maydondagi haqiqiy yordamchisi deyish mumkin. 35 yoshli futbolchi butun o'yinni to'liq o'tkaza olmayotgan bo'lsada, maydonga chiqib, o'z vazifasini bajarib kelmoqda. Agarda maydonga tushmasa, sardorli bog'ichi yana bir tajribali futbolchi Islom Inomovga ishonib topshiriladi.
“DINAMO” – Akmal Bozorov
Akmal Bozorov “Dinamo”ning sodiq futbolchilaridan biri sanaladi. Jamoa quyi ligaga ravona bo'ladimi yoki elitada o'ynaydimi 32 yoshli futbolchi doim asosiy tarkibda bo'ladi. Maydonda sheriklarini boshqara oladigan Bozorov bir necha yillardan buyon samarqandliklar sharafini himoya qilib kelmoqda. CHap qanot himoyasi va markaziy yarim himoyada birdek xarakat qila oladigan Akmal garchi boshqa jamoalardan takliflar bo'lishiga qaramay, “Dinamo”ni tashlab ketmagan. Balki u uyidan uzoq joyga borib, o'ynashni istamasa kerak.
“XORAZM” – G'ayrat O'daev
Uzoq yillardan buyon “Xorazm” darvozasini qo'riqlab kelayotgan G'ayrat O'daev bugungi kunda jamoadagi eng tajribali futbolchi sanaladi. Qolaversa u mahalliy futbolchidir. Uchrashuv chog'ida ortda turib, oldindagi sheriklarini boshqara oladigan O'daev bir necha yillardan buyon jamoada sardorlik qilib kelmoqda. G'ayrat chempionat davomida deyarli hamma o'yinlarni almashtirishlarsiz o'tkazadi.
“NORIN” – Vusol Magerramov
Haqqulobodning “Norin” tarkibida ham bu yil sezilarli o'zgarishlar amalga oshirildi deyish mumkin. Hozirgi kunda eng tajribali o'yinchi bu – Vusol Magerramovdir. Oliy ligada “Metallurg”, “So'g'diyona” va “Olmaliq” kabi jamoalarda o'ynagan futbolchi bu yil “Norin” safidan qo'nim topdi. 28 yoshli himoyachi yangi jamoasiga keliboq, sardorlik qila boshladi. Extimol bosh murabbiy Vali Keldievning o'zi bu borada aynan Magerramovni nomzodida to'xtagandir. Vusoldan tashqari “Norin”da sardorlik vazifasini Sarvar Xolmatov va Akmal Abdurahmonov singari futbolchilar ham bemalol bajara olishiga shubha yo'q.
“OROL” - Islom Seytnazarov
Nukusliklar tarkibida bu yil etiborga molik o'zgarishlar yuz berdi. Bungacha o'zga klublarda o'ynab kelayotgan Navro'z Alimov, Navro'z Haipov, Damir Nizanov hamda Azamat Bobojonov singari qoraqalpog'istonlik futbolchilar “Orol”ga qaytarildi. Ammo shunga qaramay, jamoa hanuz g'alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Nukusliklar jamoa sardori sifatida Islom Seytnazarovni tanlashgan. “Orol” tarkibida ko'p yillardan buyon o'ynab kelayotgan tajribali futbolchi jamoadoshlarini uchrashuv paytida boshqara oladi.
Fikrlar