PRO-Liga. “A” guruhi. 14-tur statistikasi
12 iyu 2018 17:22
Yangiliklar
PRO-Liga. “A” guruhi. 14-tur statistikasi
Quyida turning etiborga molik jihatlariga to'xtalib o'tamiz.
“Andijon”ning ochko yo'qotishi “Surxon”ga qo'l keldi yoxud “Mashal” safarda mag'lubiyatdan qutilib qoldi
PRO-Liganing “A” guruhida intriga rosa avjiga chiqdi. Negaki, 1-o'rin uchun chinakamiga kurashayotgan jamoalar soni 3-4tani tashkil etayotganini ko'rish mumkin.
Turnir peshqadami “Mashal” ushbu turni safarda o'tkazdi. “Istiqlol”ga qarshi kechgan bahsda “gazchilar” avvaliga mag'lubiyatga uchrayotgandi. Ammo keyinchalik hisobni tenglashtirib, mag'lubiyatdan qutilib qoldi. Hisob 1:1 ko'rinishga kelgach, har ikki jamoa ham ikkinchi golini urish uchun astoydil xarakat qilgan bo'lishiga qaramay, darvozalarga boshqa to'p kiritilmadi. Vaholanki “Istiqlol” va “Mashal” jamoalarida bir nechta golga tortadigan vaziyatlar yuzaga kelgandi. Ayniqsa mezbonlar bir nechta qulay imkoniyatlarni ko'kka sovurganini aytish lozim.
Termizda kechgan “Surxon” – “Norin” o'yinida favorit so'zsiz mezbonlar edi. Negaki Termizga 11 nafar futbolchi bilan borgan haqqulobodliklardan durang natijasini kutish ham mantiqsiz edi. Boz ustiga hozirgi kunda “Surxon” 1-o'rin uchun har tomonlama jiddiy kurashmoqda. SHunday ekan bunday paytda o'z uyida “Norin” singari jamoalarga osonlikcha ochko ulashib yubormaydi.
“Xorazm” – “Dinamo” o'yini turning dramatik tarzda bahsi bo'ldi deyish mumkin. Uchrashuvdagi joziba muxlislarni so'nggi daqiqagacha sarosimada ushlab turdi. O'yinning oxirgi soniyasida mezbonlar tomonidan kiritilgan gol yakunda “Xorazm”ning g'alabasini taminladi.
G'uzorda kechgan uchrashuvda tomonlar nursiz durangga imzo chekdi. Yaqindagina “SHo'rtan”ni qabul qilib olgan Yorqin Nazarov “Andijon”ga qarshi bosh murabbiy sifatida debyutini o'tkazdi. Uning ilk uchrashuvi durang bilan yakunlandi. Superligaga chiqishga xarakat qilayotgan “burgutlar” safarda qimmatli ikki ochkoni yo'qotdi. Bu esa “Surxon”ga qo'l keldi va termizliklar turnir jadvalida 2-o'ringa chiqib oldi. Ahamiyatlisi endi keyingi turda “Andijon” o'z maydonida “Surxon”ni qabul qiladi. SHubhasiz 6 ochkolik o'yin bo'ladi deyish mumkin.
“SHO'RTAN” – “ANDIJON” 0:0
“SURXON” – “NORIN” 3:1
“XORAZM” – “DINAMO” 3:2
“ISTIQLOL” – “MASH'AL” 1:1
Turning tezkor goli va boshqalar haqida
Futbolga joizaba bag'ishlaydigan gollarga to'xatalib o'tamiz.
14-turning 4ta o'yinida jami 11ta gol qayd etildi. Har bir uchrashuvga o'rtacha 3tadan to'p demakdir. Mezbon jamoalar tomonidan kiritilgan gollar soni 7 tani tashkil etdi. Qolgan 4ta gol esa mehmonlar hisobiga yozildi.
Uchrashuvlarning birinchi bo'limida 5ta gol qayd etildi. Ikkinchi taymda esa darvozalarga yana 6ta to'p kiritildi.
Eng ko'p gol urgan jamoa – “Surxon” va “Xorazm” bo'ldi. 3tadan to'p.
“SHo'rtan” va “Andijon” ushbu turda o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan jamoalar bo'ldi.
Turning eng tezkor goli 12-daqiqada kiritildi. “Surxon”ning tajribali hujumchisi Farhod Tojiev “Norin” darvozasiga birinchi bo'lib to'p kiritib, hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi.
Aksincha turning eng so'nggi goli – 90-daqiqada “Xorazm” – “Dinamo” bahsida kiritildi. Mezbonlar o'yinchisi Erbol Seytnazarov uchrashuvning so'nggi daqiqasida “Dinamo” darvozasini ishg'ol etib, jamoasining g'alabasini taminladi.
14-turda dublga erishgan futbolchi birgina Erbol Seytnazarov bo'ldi. “Xorazm” futbolchisi “Dinamo”ga qarshi kechgan bahsda ikki bor o'z aktiviga gol yozlirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.
SHuningdek mazkur turda ikkita penalti belgilandi. Etiborlisi har ikkisi ham mehmon jamoalar darvozasiga ko'rsatilgan. “Surxon” darvozasi tomon belgilangan 11 metrlik zarbani “Norin” hujumchisi Akmal Abdurahmonov aniq amalga oshirgan bo'lsa, “Dinamo” sardori Ilhom Yunusov ham nuqtadan adashmagan xolda “Xorazm” darvozasiga to'p kiritishga erishdi. Ammo ularning jamoalar 14-turda mag'lub bo'ldi.
Ogohlantirish va chetlatish
Millionlar o'yini bo'lmish futbolda o'yin qoidasi buzlishi va qo'polliklarni yuz berishi tabiiy xol. Busiz iloji yo'q. Kamdan-kam xollarda o'yinlarda sariq yoki qizil kartochka qayd etilmaydi.
PRO-Liganing 14-turida o'yinlarni boshqarib borgan hakamlar jami 14 nafar futbolchiga sariq kartochka ko'rsatgan.
Ushbu turda mezbonlar mehmonlarga nisbatan tartibli o'yin namoyish etdi deyish mumkin. CHunki mezbon jamoalardan atiga 4 nafar futbolchi sariq kartochka bilan siylandi.
Qolgan 10ta ogohlantirish esa mehmon jamoa futbolchilariga yozilgan.
Eng ko'p qoida buzarlik “Istiqlol” – “Mashal” o'yinida sodir bo'ldi. Bosh hakam Ahrol Risqullaev mezbonlarning 3 nafar o'yinchisini, mehmonlardan esa 5ta o'yinchiga sariq kartochka ko'rsatdi. SHuningdek “Mashal”ning yana bir futbolchisi uchrashuvning qo'shimcha daqiqalari o'tib borayotganida qizil kartochka olib, maydonni sheriklaridan oldinroq tark etishga majbur bo'ldi.
Etiborlisi “Xorazm” – “Dinamo” uchrashuvini boshqarib borgan hakam Akobirxo'ja SHukurullaev birorta ham futbolchini sariq yoki qizil kartochka bilan “siylamadi”. SHuningdek “Surxon” jamoasi azolari ham tartib-intizom bo'yicha boshqalarga namuna bo'ldi.
14-turda 3 nafar futbolchi hakam tomonidan ikkinchi sariq kartochkani olib, o'z-o'zidan maydondan chetlatildi. “SHo'rtan”dan Islombek Boysariev, “Andijon”dan Laziz Ubaydullaev hamda “Mashal”dan Xusniddin Aliqulov endi keyingi tur o'yinida jamoasiga yordam bera olmaydi.
Eng ko'p muxlis “Surxon”da. “SHo'rtan”da esa aksincha
Futbol eng avvalo muxlislar uchun o'ynaladi deyiladi. Jamoa chiroyli va mazmunli o'yin namoyish etsa, ishqibozlarning ham stadionga tashrifi ortib boraveradi. Biroq hozircha PRO-Liga misolida unday deya olmaymiz. Xususan 14-turning 4ta o'yiniga jami 5389 nafar tomoshabin tashrif buyurdi. Bu esa har bir uchrashuvga o'rtacha 1347ta muxlis demakdir. Eng ko'p ishqiboz “Surxon” – “Norin” o'yiniga qadam ranjida qildi. “SHo'rtan”da esa aksincha xolat yuz berdi.
Tomoshabinlar tashrifi kimda qanday?
“SHO'RTAN” – “ANDIJON” 0:0
G'uzor shahri. “G'uzor” stadioni. 287 tomoshabin.
“SURXON” – “NORIN” 3:1
Termiz shahri. “Alpomish” stadioni. 3792 tomoshabin.
“XORAZM” – “DINAMO” 3:2
Urganch shahri. “Yoshlik” stadioni. 978 tomoshabin.
“ISTIQLOL” – “MASH'AL” 1:1
Farg'ona shahri. “Istiqlol” stadioni. 332 tomoshabin.
Turnir jadvali
Navbatdagi turda uchrashadilar
15-tur.
17 iyun (yakshanba)
«Dinamo» - «Istiqlol»
«Norin» - «Xorazm»
«ANDIJON» - «Surxon»
«Orol» - «SHo'rtan»
«Mashal» dam oladi
Fikrlar