Prezident qarori ijrosi: Yangi futbol akademiyalari qay tartibda tashkil etiladi?
23 apr 2018 11:02
Yangiliklar
Prezident qarori ijrosi: Yangi futbol akademiyalari qay tartibda tashkil etiladi?
Ushbu qarorning bir qator bandlarida respublikamizda futbol akadameyalarini tashkil etishga etibor qaratilgan bo'lib, shunga asosan hozirgi kunda O'zbekiston futbol Associaciyasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga ko'ra, hozirda yurtimizda faoliyat ko'rsatib kelayotgan Ixtisoslashtirilgan Futbol maktab internatlari tugatilib, respublika bo'yicha 14ta Hududiy bolalar va o'smirlar futbol akademiyalari va 1ta Respublika bolalar va o'smirlar futbol akademiyasi tashkil etish rejaga kiritilgan. IFMIlarni tugatishga asosiy sabab, ushbu sport maktablarining asosiy vazifasi mamlakatimizga sara sportchilarni tayyorlab berish bo'lishiga qaramay, ular bugungi kunda umumiy talim maktablariga aylanib qolmoqda. O'qishga kelgan bolalarning sportga bo'lgan ishtiyoq va qiziqishlari, iqtidorlari hisobga olinmasdan pala-partishlik bilan o'qishga qabul qilingan. Buning natijasida, sport maktablarining umumtalim maktablaridan farqi tobora yo'qolib borayotgandi.
SHundan kelib chiqqan holda, bolalarning futbolga bo'lgan ishtiyoqini oshirish, professional futbolchilarni bosqichma-bosqich tayyorlash va O'zbekiston milliy terma jamoalariga nomzodlarni etkazib berish, o'zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, IFMIlar o'rnida respublika bo'ylab viloyat markazlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog'iston Respublikasida 1tadan markazlashgan Hududiy bolalar va o'smirlar futbol akademiyalari tashkil qilinadi. SHuningdek, Toshkent shahrida alohida Respublika bolalar va o'smirlar futbol akademiyasi tashkil qilinib, viloyat hududiy futbol akademiyalarining saralab olingan eng iqtidorli futbolchilari ushbu akademiyada tahsilni davom ettiradilar.
“Hududiy bolalar va o'smirlar futbol akademiyalariga yosh sportchilar qatiy tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlovning shaffofligini taminlash maqsadida, qabul jarayonida O'zbekiston futbol associaciyasi rahbariyati va OAV vakillari ishtirok etadi. Ushbu akademiyalarda murabbiylardan tashqari 4ta selekcionerlar shtati tashkil qilingan bo'lib, ushbu selekcionerlar butun viloyat bo'ylab yosh va iqtidorli bolalarni topishga safarbar qilinadi.
So'ngra ushbu yosh iqtidor egalari hududiy futbol akademiyalariga taklif etilib, yiliga bir marta imtihonlardan o'tkaziladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan yosh futbolchilar hududiy akademiyalarda 7ta, Respublika akademiyasida 6ta yosh toifasiga ajratilgan holda talim olishni boshlaydilar. Har bir o'quvchi uchun akademiya yotoqxonasidan joy va kuniga 4 mahal ovqatlanish tashkil etiladi. Hududiy futbol akademiyalarining yosh tasnifi 11 yoshdan 17 yoshgacha.
Respublika futbol akademiyasining yosh tasnifi esa 13 dan 18 yoshgacha etib belgilangan. Ushbu hududiy futbol akademiyalarida o'qish bepul bo'lib, bitiruvchilar xohlagan sport maktablarida murabbiylik qilishi yoki O'zbekiston professional ligasi va Pro-ligada futbolchilik faoliyatini olib borishi mumkin. Bitiruvchilarga akademiyaning maxsus diplomi taqdim etiladi” – deydi O'FA mutaxassisi O'ngar Djalimov.
Talim oluvchilarning 7 xil yosh tasnifiga bo'linishiga sabab, bolalar organizmi turli yoshda turli qiyinchilikdagi jismoniy tayyorgarlikka mos bo'ladi. SHularni hisobga olgan holda ushbu akademiyalardagi mutaxassislar tomonidan turli yoshlar bilan O'FA tomonidan ishlab chiqarilgan maxsus mashq dasturlari va normativlarga asosan yosh futbolchilarga saboq berib boriladi. Darslar va mashg'ulotlar jarayonida dunyoning futboli rivojlangan mamlakatlari futbol akademiyalari hozirgi paytda foydalanayotgan usullar qo'llaniladi.
Ayniqsa, mashg'ulotlar va nazorat uchrashuvlari zamonaviy texnik vositalar yordamiz yozib olinib, akademiya tarbiyalanuvchilariga namoyish qilinadi va ularning harakatlari tahlil qilib boriladi. Bunday jarayon bugungi kunda professional futbolchilarni tayyorlashda dunyoning eng kuchli futbol akademiyalarida qo'llanib kelinadi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur qarorga asosan tashkil etilayotgan ushbu futbol akademiyalari o'zbek futbolining rivojida o'ziga xos o'rin tutishi shubhasiz.
Fikrlar