So’nggi yangiliklar

09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  0 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  4 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  8 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   9

Penalty: Server Jeparov: "Toshimicu Yoshidaning bekor qilgan penaltisi yodimdan chiqmaydi" Yangiliklar

Penalty: Server Jeparov: "Toshimicu Yoshidaning bekor qilgan penaltisi yodimdan chiqmaydi"

Anchagina tanaffusdan keyin loyihamiz yana davom etadi. Bu safar suhbatga Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo'lgan Server Jeparovni chaqirdik.

Taklifimizga labbay deb javob bergan Server tabiatan juda ham xushchaqchaq inson ekani sezildi. U savollarga erinmay, to'liq javob bergani ham etiborimizni tortdi.

Matluba Sadullaeva: - Yoshlikni yodga olsak...
- CHirchiqda tug'ilganman, o'sha erda katta bo'lganman. 5 yoshdan gimnastika bilan shug'ullanishni boshlaganman. Otam gimnastika bo'yicha sport ustasi nomzodi bo'lgan, biroq oxirigacha etkazmagan. Onam meni musiqachi bo'lishimni istagandi (kuladi). Otam esa sportchi bo'lishimni xohlagan. 9 yoshimdan boshlab futbolga qatnay boshlaganman. CHirchiqdagi stadionga borib shug'ullanardim. Hozir uning o'rnida "Akva park" qad rostladi. Asosan o'zimdan kattalar bilan o'ynaganman. O'zingdan kattalar bilan o'ynashning foydali tomonlari ko'p. Sababi ulardan ko'proq narsa o'rgansa bo'ladi.

Narzulla Saydullaev: - Ko'plab jahon yulduzlari yoshlikni qashshoqlikda o'tkazishgan. Server Jeparovda qanday bo'lgan?
- Menda ham shunday. Bazan uyda muzlatkichni ochganda faqat sariyog' bo'lardi...Kalbasani esa juda ham kam ko'rardik. Asosan Sobiq Ittifoq parchalanishidan oldin shunday bo'lgan. Oilam shunday davrni boshidan kechirgan. Birinchi maoshimni "Navbahor"dan olganman. Uni darhol otamga olib kelib berganim yodimda.


Matluba: - Nega gimnastikadan ketgansiz?
- Bir necha yil ikkala sport turiga ham borganman. Oldimda musiqa maktabi, gimnastika va futbolni tanlash varianti bo'lgandi. Otam ikkita sport turi bilan shug'ullanish juda og'irligini aytgan va men futbolni tanlaganman. Sababi yoshligimdan futbolni sevardim. Ko'chada bolalar bilan to'p tepardik. "Minus 15" o'yinini o'ynardik. Doim stadiondan o'tardim. Rahmonov Aleksey aynan shu inson meni futboldagi birinchi murabbiyim bo'lgan.

Narzulla: - "Navbahor", "Paxtakor" va "Bunyodkor"dagi faoliyatingiz haqida qisqa eslab o'tsangiz...
- Respublika Olimpiya Zaxiralari Kollejida o'qib yurganimizda jamoalar bizga etibor qaratishni boshlashgan. Biz Kosonsoyda mahalliy jamoaga qarshi ikkita o'yin o'tkazganmiz. SHundan so'ng "Navbahor"ning o'sha paytdagi murabbiylari Viktor Jalilov va Amet Memet meni taklif qilishgan. Men bilan birga Vadim Nichunaev, Otabek Rahmonqulov va Pasha Musalimov "lochinlar" safiga qabul qilinganman.
Keyin "Paxtakor"ga chaqirishgan. 2002 yilda "sherlar" sharafini himoya qilganman. Jamoada yoshlar va tajribali futbolchilar bor edi. Olti yil davomida klub safida O'zbekistondagi barcha sovrinlarni yutdim. So'ngra "Bunyodkor"ga taklif qilishdi.  U erda barchasi super edi. Yurtimizning eng kuchli futbolchilari, jahon yulduzlari va murabbiylari ishlashdi. Nimaga o'sha yulduzli jamoa OCHLda finalga chiqa olmadi? Menimcha vaqt etishmadi. Bundan tashqari kechuvda otlarni almashtirishmaydi, yarim finaldan oldin murabbiy almashgandi. Bu maqol bizga qarshi ishladi.

Matluba: - Birinchi muhabbatingizni eslay olasizmi?
- Menimcha bu barchada bo'lsa kerak. Birinchi muhabbatim maktabda, 3-sinfda o'qib yurganimda bo'lgan. U qizning ismi Olesiya edi (kuladi). Judayam kichik bo'lgan ekanman.


Narzulla: - Endi xorijdagi to'rtta klubingiz haqida malumot bersangiz...
- Do'stlarim menga Janubiy Koreyadan taklif borligini aytgandi. To'g'risi qo'rqqandim, sababi birinchi marta xorijga chiqishim edi. Boraymi yoki yo'qmi deb rosa o'yladim. Keyin tavakkal qilib "Seul"ga o'tganman. "Paxtakor"da o'ynab yurganimdayoq chet el klubida o'ynashni orzu qilardim. Dastlab bu jamoa meni yarim yil ijaraga oldi. Bu yarim yil faoliyatimdagi eng yaxshi davrlardan biri bo'ldi. Kubokni yutdik va mavsum oxirida Janubiy Koreya chempioni bo'ldim. "Seul" bilan 3 yillik shartnoma tuzdim. Biroq keyingi yil Saudiya Arabistonining "Al SHabab" klubida moliyaviy tomonlama rad qilib bo'lmasa taklif bo'lgani uchun klub prezidenti transferga rozi bo'lgandi. Bu klub safida ham birinchi mavsumda mamlakat chempioni bo'ldik. Keyin yana Koreyaga qaytdim. "Seongnam" menga 2 yillik shartnoma taklif qildi. "Seul"da birga chempion bo'lgan murabbiy o'sha payt aynan "Seongnam"da ishlgandi. Bu klub bilan Koreya Associaciyasi kubogini qo'lga kiritganman. Aynan shu jamoada "Jeparov futbolchi emas" deb intervyu bergan murabbiy ishlagandi (kuladi). 76 yoshli murabbiy jamoa mag'lub bo'lganida xatto futbolchilarni urgani rost gap. Ikki oydan so'ng uni ishdan bo'shatishdi. Keyin "Seongnam" bilan shartnomam tugagach agentlar "Ulsan Xyunday" variantini topishdi. Afsuski bu klub safida sovrin yuta olmagandim.  

Matluba: - Turmush o'rtog'ingiz bilan qanday tanishgansiz?
- Afzal Azizov va Vyacheslav Ponamaryov kabi futbolchilarni tanisangiz kerak. Ular Farhod Rahmonov bilan do'st edi. Farhodning turmush o'rtog'ining singlisi aynan mening bo'lajak turmush o'rtog'im edi. U bilan bir yildan ortiqroq gaplashib yurdik. Turmush o'rtog'im juda sadoqatli, vafodor va aqlli. Har bir erkak shunday qaylig'i bo'lishini istaydi.

Narzulla: - "Lokomotiv" klubi haqida nima deya olasiz?
- Bu jamoani anchadan buyon bilaman. Ammo klub yangi davrni boshdan kechirmoqda. Rahbariyat anchadan buyon katta sovrinlarni yutishni istamoqda. Jamoa o'z oldiga eng katta maqsadlarni qo'ymoqda. Aynan shu sababli ham "Lokomotiv"ga o'tishga qaror qildim. Biz OCHLda chorak finalga chiqdik. Menimcha yozda tarkibni baribir kuchaytirish kerak. Sababi finalga chiqish uchun har bir o'yin juda qiyin kechadi. Kichik xato ham kechirilmaydi. CHempion bo'lish uchun ishonish kerak, bizning futbolchilar qolganlardan hech bir jabhada kam emasligini isbotlaydigan vaqt keldi.


Matluba: - Farzandlaringiz haqida gaplashamiz. Raul, Veronika va Miya.
- O'g'lim bir necha kundan keyin 9 yoshga to'ladi. Futbolga juda ham qiziqadi. Televizorda futbol ko'radi, Playstation da ham futbol o'ynaydi, ko'chada futbol o'ynaydi. Futbol maktabiga qatnaydi. Onasi bazida futbolga qo'yib yubormasa xatto yig'laydi. 5 yoshidan buyon ingliz tili maktabida o'qiydi. Nima uchun Raul deb ism qo'yganman? Sababi futbolga bog'liq bo'lgan ismni qo'yishni istagandim. Lekin Raul "Real" emas "Barselona"ning muxlisi (kuladi).
Veronika 6 yoshga to'ladi. U juda ham chaqqon qiz. Bir yoshligida u faqat kasha erdi va uxlardi (kuladi). Hech nima uni tashvishga solmasdi. Ammo keyin xuddi almashtirib qo'yilgandek. Juda ham harakatchan va qiziquvchan bo'lib qoldi. Hozir uni gimnastikaga berdik. Bazida uyga kelib menga o'z harakatlarini ko'rsatib maqtanadi ham. Kichik qizim esa endi 3 yoshda. U menimcha sportchidan ko'ra shifokor bo'lsa kerak. Sababi o'yinchoqlar orasida aynan shifokorlikka taaluqlilariga qiziqadi.

Narzulla: - Terma jamoada o'yin soni bo'yicha Kapadzening rekordini yangilashga juda yaqinsiz. Hozir 115ta o'yin o'tkazgansiz. Kapadze hisobida 119ta o'yin bor. Gollar borasida esa 25ta to'p kiritgansiz, rekordchi Maksim SHackix hisobida 34ta gol bor. O'yin bo'yicha rekordni yangilashingiz deyarli aniq, gollar bo'yicha mutloq rekordchi bo'la olasizmi?
- Albatta terma jamoada bunchalik ko'p o'yin o'tkazaman deb o'ylamagandim. Gollarga kelsak albatta rekordni yangilash uchun harakat qilaman. Barchasi mening o'yinimga va gollarimga bog'liq. Ko'p pas beraman? Yoshligimdan shunday odatim bor, otam bazida nega o'zing urmaysan va pas berasan deydi (kuladi). Menimcha 2018 yilgi Jahon chempionatiga chiqishga loyiqmiz. Menimcha terma jamoamiz mundialga chiqish uchun tayyor holatga kelib bo'ldi. O'tgan Jahon chempionati saralashini olaylik, bizga 1ta gol etmay qolgandi...Bu safar barchasi yaxshi bo'lishiga ishonaman.

Matluba: - O'zbekistondan tashqari qaysi mamlakatda yashash siz uchun qulay bo'lgan?
- O'zbekiston (kuladi)! O'z vataning eng yaxshi mamlakat. Agar xorijdan tanlash kerak bo'lsa Janubiy Koreya men uchun qulayroq edi. Bu mamlakatda Ukraina, Rossiya va O'zbekistondan kelgan insonlar ko'p edi. Ular bilan do'stlashib olgandik. Saudiya Arabistonida hamma ham yashay olmaydi.


Narzulla: - Terma jamoadagi eng qiyin o'yin?
- Barcha o'yin qiyin kechgan.
- Eng yaxshi o'yin?
- Jahon chempionatiga olib chiqqan o'yin eng yaxshisi bo'ladi...
- Eng alamli o'yin?
- O'zbekiston - Qatar 5:1.
- Eng yodda qolgan o'yin?
- O'zbekiston - Livan 1:0. "Bunyodkor" stadionidagi ilk g'alaba.

Matluba: - Faoliyatingizdagi barcha murabbiylarni sanab bera olasizmi?
- Juda qiyin savol berdingiz (kuladi). Bir boshidan boshlaymiz: Rahmanov Aleksey, Vyacheslav Sergeevich, Yuriy Moraykin, Vladimir Ashirovich, Vladimir Nikolaevich, Pavel Sarkisyan, Valeriy Vasilevich, Sayfiddin Ermatov, Kamil Malikovich O'taboev, Valeriy Vitalevich, Viktor Jalilov, Amet Memet, Ravshan Haydarov, Tachmurad Agamurodov, Valeriy Nepomnyashiy, Mirjalol Qosimov, Hikmat Ergashev, Luiz Felipe Skolari, Ziko, xorijda bir nechta koreyalik murabbiylar (kuladi), portugaliyalik Nelu Vingada bilan "Seul"da, belgiyalik Mishel Pryudomm bilan birga "Al SHabab"da ishlaganman. Hozir Mirko Yelichich va Andrey Miklyaev bilan ishlayapman. Agar kimdir yodimdan chiqqan bo'lsa uzr so'rayman, to'g'risi dabdurustdan berilgani uchun shoshib qoldim.

Narzulla: - Osiyoda ikki marta eng yaxshi bo'lgansiz. Bu sovrinni olish qanday?
- Birinchi marta o'sha tadbirga bormasligim ham mumkin edi. Ammo do'stlarim agar bormasang sovrin aniq senga berilmaydi deyishgandi. Oilaviy dam olishlardan voz kechib bu tadbirga borgandim. Qitaning eng yaxshi futbolchisi sovrinini topshirishganida ajoyib hissiyotlar boshimdan o'tgan. Sovrinni topshirishlaridan oldin bu haqda menga umuman hech nima deyishmagan. Ikkinchi marta ancha tajribali bo'lib qolgandim (kuladi). Ikkinchisida bittagina raqobatchim bor edi. Birinchi sovrin baribir qadrliroq. Sovrinlarni uyda saqlayman. Uyimda kichik xonani sovrin va medallarim uchun ajratib qo'yganman. Yaqin orada mini-muzey tashkil qilish rejamda bor.

Matluba: - Server Jeparov telefonsiz qancha yashay oladi?
- Ayni paytda agar hech qanday ish bo'lmasa bir kun chiday olaman. Bazida xatto telefondan voz kechish foydali ham. Telefonlarni ko'p almashtirmayman. Yangi model chiqibdi uni sotib olishim kerak ekan fikr men uchun emas. Telefondan oddiy aloqa vositasi va axborot olish uchun foydalanaman.

Narzulla: - 2008 yil siz uchun ajoyib bo'lgandi. CHempion bo'lgansiz, kubokni qo'lga kiritgansiz, to'purar bo'lgansiz,  Osiyoda eng yaxshi futbolchi deb topilgansiz. Raqamingiz ham 8. Demak 2018 yilgi Jahon chempionatiga chiqamizmi? Bu raqam hayotingizda qanday ahamiyat kasb etadi?
- Bu raqam deyarli barcha sovrinlarim, chempionliklar, barcha barchasi 8-raqam bilan bog'liq edi. "Paxtakor"ga kelganimda 8-raqam bo'sh edi. SHundan keyin ushbu raqam hayotimning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Nasib qilsa 2018 yilda Rossiyaga boramiz.


Matluba: - Toshkentning uchta klubida o'ynadingiz. Faoliyatingizni tugatgach qaysi klubga muxlislik qilasiz?
- Menimcha terma jamoaga muxlislik qilsam kerak. To'g'risi qaysidir klubni alohida ajratib ko'rsatishni istamayman. "Paxtakor" klubida futbolchi sifatida o'sishga erishdim, chempion bo'ldim, sovrinlarni qo'lga kiritdim. "Bunyodkor"da ham ko'plab g'alabalarni boshdan kechirganman, "Lokomotiv"da ham katta sovrinlarni qo'lga kiritishga umid qilaman.

Narzulla: - Siz bilan birga o'ynagan futblchilardan iborat ramziy terma jamoa qanday bo'lardi?
- Darvozada Ignatiy Nesterov. Himoyada Andrey Fyodorov, Oleg Pashinin. CHapda Nikolay SHirshov. Yarim himoyada Aziz Haydarov, Temur Kapadze, Server Jeparov, Odil Ahmedov, Mirjalol Qosimov, Rivaldo. Hujumda Maksim SHackix. Afsuski 11 nafar futbolchi kiritish kerak ekan. Yana Deyan Damyanovich bilan ham o'ynaganman. U hozir ham "Seul"da o'ynamoqda. Bosh murabbiy? Skolari...

Matluba: -  Agar sehrgarni ko'rib qolsangiz nimani so'ragan bo'lardingiz?
- Butun dunyoda tinchlik bo'lishini istardim. Sog'liq so'ragan bo'lardim, sog'liq bo'lsa qolgan hamma narsaga insonning o'zi erisha oladi.


Narzulla: - Oxirgi yillarda qachon va qaysi o'yinga oddiy muxlis sifatida stadionga tushib, bilet olib futbol ko'rgansiz?
- 2014 yil OCHL yarim finalida "Seul" - "Vestern Sidney" uchrashuviga chipta olib tushganman. O'shanda hisob ochilmagandi. Avstraliya klubi o'sha yil OCHL g'olibiga aylangandi.

Matluba: - Siz jarima to'plarini ajoyib tarzda amalga oshirasiz, lekin negadir burchak to'plari ko'pincha o'xshamaydi? Bunga nima sabab?
- Burchak to'plari vaqtida jarima maydoni ichida 10dan ortiq futbolchi bo'ladi. Buni unutmaslik kerak. To'pni sheriginga aniq oshirish juda qiyin. Jarima to'plari vaqtida esa to'p darvozaga yaqinroq bo'ladi. SHu bois zarbalar xavfli chiqadi. Bu borada ko'p tanqidlar eshitdim, o'z ustimda ishlashda davom etaman.

Narzulla: - So'nggi ananaviy savol: Yodingizda qolgan penalti va penaltilar seriyasi?
- Bahrayn bilan o'yin. Yaponiyalik Yoshida boshqargan bahs. O'shanda penaltidan gol urgandim, ammo keyin golni bekor qilib biz tomonga erkin zarba belgilagandi. Ahmoqona qaror. Penaltilar seriyasi esa "Seongnam" bilan kubok finalidagi g'oliblik. Xorijda eng yodda qolgani mana kuni kecha ECHL finalida "Real" - "Atletiko" uchrashuvidagi penaltilar seriyasi.

Matluba Sadullaeva va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Jasur Aslanov


Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика