Parvoz qilish vaqti keldi
30 jan 2023 19:05
Yangiliklar
Parvoz qilish vaqti keldi
Albatta, biz hayvonot olami haqida so'z yuritmoqchi emasmiz. Mushuk o'rnida boshqa jonzot haqida biroz quyiroqda fikr yuritamiz. Futbol ilmini kola qilib ichib yuborgan ishqibozlar allaqachon gapning indallosini tushunib etishgan bo'lsa kerak. Yani, ko'pchiligimiz bir jamoa, aniqrog'i, birgina futbolchi uchun o'yinlarni kuzatadigan Italiya A Seriya haqida gap ketmoqda. Yanayam aniqrog'i, biz uchun begona bo'lmagan o'sha bir futbolchi to'g'risida. Milliy terma jamoamiz sardori "bo'rilar" lagerini butkul bo'lmasa-da, hozircha malum muddatga tark etib, laqabi "burgutlar" bo'lgan "Speciya" tarkibiga borib qo'shilib arafasida turibdi. Bu jamoa siz uchun balki tanish, balki notanish bo'lishi mumkin. Har ehtimolga qarshi SHomurodovning yangi bo'lajak jamoasi bilan biroz yaqinroqdan tanishishga harakat qilamiz. O'mid qilamizki, endilikda Italiya A Seriyasi bahslari 70-daqiqalardan keyin kuzatishni boshlamaysiz.
"Speciya" klubi 1906 yilda 10 oktyabr kuni tashkil topgan. Klub 11676 kishiga mo'ljallangan "Alberto Pisko" stadionida o'z o'yinlarini o'tkazadi. Klub yaqin-yaqingacha B seriyada ishtirok etib kelardi. 2020/21 yilgi mavsumdan boshlab A Seriyada qatnashyapti. O'sha yili 15-o'rinni qo'lga kiritgan "burgutlar" o'tgan mavsumni 16-pog'onada yakunladi. Luka Gotti shogirdlari joriy mavsum 17-o'rinda bormoqda. Klub 20 o'yinning to'rttasida shodiyona qilgan bo'lsa, 6 bor raqiblari bilan murosaga kelishishgan. O'n marta esa boshlarini xam qilgancha, maydonni tark etishgan. 17 bor raqib darvozasiga yo'l topa olgan "Speciya" o'z darvozasidan salkam ikki baravar ko'proq to'p o'tkazib yuborgan (32 ta). SHuningdek, klub Italiya kubogida nimchorak finalga qadar etib bordi, ushbu bosqichda esa "Atalanta" to'sig'idan o'ta olmadi.
Tarkib
Gotti shogirdlari asosan, 3-5-2 taktikasida harakatlanishadi. Raqibning darajasiga hamda o'yin davomida harakatlariga qarab ushbu taktika o'zgarib borishi mumkin. Hamyurtimiz harakatlanishi mumkin bo'lgan oldingi chiziqda Afrika qitasining tezkor futbolchilari — angolalik M'Bala Nzola hamda ganalik Emmanuel Gyasi ko'proq asosiy tarkibdan o'rin egallaydi. SHuningdek, jamoa safida Yakopo Sala, Matias Kaldara, mashhur Paolo Maldinining ikkinchi o'g'li Daniel Maldini, Etan Ampadu, Daniel Verde kabi futbolchilar to'p tepadi. "Speciya" ko'proq qarshi hujumlarga asoslangan holda harakatlanadi, yani hujumchilardan qarshi hujumlarda chaqqonroq bo'lish talab etiladi. SHomurodov aynan shunday toifadagi hujumchilardan hisoblanadi.
Hujum chizig'i
"Speciya"da 6 nafar hujumchi mavjud. Yuqorida takidlaganimizdek, boshlang'ich tarkibdan ko'pincha ikki nafar pushkachi o'rin egallaydi. Bazan esa klub yakka forvard bilan ham harakatlanadi. Quyida SHomurodovning raqobatchilari hamda ularning ko'rsatkichlari bilan tanishamiz.
Daniel Verde. Italiyalik 27 yoshli hujumchi 9 o'yinda maydonga tushgan hamda hozirgacha raqib darvozasini ishg'ol qila olgani yo'q.
Emmanuel Gyasi. Ganalik 29 yoshli hujumchi 17 uchrashuvda maydonga tushib, atigi bir marotaba raqib darvozasi tomon aniq yo'l topa olgan. SHunga qaramay, hujumchi asosiy tarkib futbolchilaridan biri sanaladi.
Mbala Nzola. Franciyada tavallud topgan, ammo Angola termasi sharafini himoya qiladigan 27 yoshli forvard klub etakchisi sanladi. U 18 uchrashuvda 9 bor raqiblarini ranjitgan. Jismonan baquvvat va tezkor hujumchi gol urishdan tashqari, kurashlarga ham qatnashadi, natijada buning ortidan 4 marotaba hakam tomonidan ogohlantirilgan.
Raymond Krollis. Endigina 22 yoshni qarshi oladigan oldinga chiziq vakiliga hozircha imkoniyat berilgani yo'q.
Daniel Maldini. Krollisning tengdoshi hamkasbidan farqli o'laroq 7 bahsda maydonga tushib, o'z hisobiga gol yozib qo'yishga ham ulgurdi. "Milan"dan ijaraga olingan yosh iqtidor otasining poziciyasini tanlamadi, aksincha u yarim himoya va hujumga o'tishni yaxshi ko'radigan o'yinchi sanaladi.
David Strelek. Yuqoridagi oshnalari kabi 22 yoshni kutayotgan hujumchiga ham 7 uchrashuvda imkoniyat berildi, ammo hozircha u gol nishonlaydigan imkoniyatga ega bo'lgani yo'q.
"Speciya" navbatdagi uchrashuvini 5 fevral kuni o'z maydonida "Napoli"ga qarshi o'tkazadi. Ehtimol, SHomurodovni mazkur bahsda dastlabki daqiqalardan maydonda ko'rishimiz mumkin. Ko'rinib turibdiki, SHomurodovga klubning o'yin uslubi mos keladi, unga "ovchi bo'ri" bo'lish nasib etmadi, aniqrog'i unga imkoniyat berilmadi. Endi esa "burgut" bo'lib, olis marralar sari ildam parvoz qilish lozim.
Fikrlar