So’nggi yangiliklar

17:09"Арсенал" Испания термаси ярим ҳимоячисини ўз сафига қўшиб олади  0 16:36"Рома" Пауло Дибала "Ал Қодисия"га кетишига тайёр   1 16:00БУМ! АПЛда келишилган ўйин?  5 15:41"Олимпик"да бош мураббий ўзгарди  4 15:22"Барселона" форварди "Ал Ҳилол" таклифини рад этди  1 15:00Opta суперкомпютери Бундеслига старти олдидан чемпионлик учун асосий даъвогарни тахмин қилди  1 14:30"Манчестер Сити" мухлислари учун нохуш хабар — "шаҳарликлар" ярим ҳимоячиси оёғини синдириб олди  2 14:05Расман: Рональдиньо Жуниор фаолиятини Англияда давом эттиради  3 13:37"Ювентус" "Милан" ҳимоячисини ижарага олиш бўйича таклиф юборди. Футболчининг ўзи бу трансферга рози  2 13:13"Бунёдкор" майдонига нима бўлди? Стадион директори батафсил маълумот берди  17 12:51Маурисио Почеттинонинг кейинги манзили маълум  4 12:26Расман: "Брайтон" Браян Груда трансферини эълон қилди  2 11:56Расмий хабар: Қирғиз Республикаси - Ўзбекистон учрашуви қайси шаҳарда бўлиши маълум  26 11:50"Жиннихона" — Фердинанд "Челси" ҳақида  6 11:42"Бунёдкор" қоида бузилиш билан гол урди, "Қизилқум"нинг голини хато билан бекор қилишди. Суперлига 15-тур ҳакамлик таҳлили  3

O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'qmi? Yangiliklar

O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'qmi?

O'tgan hafta Mirjalol Qosimov boshchiligidagi terma jamoamiz Osiy o'yinlarining nimchorak finalida Saudiya Arabistoniga imkoniyatni boy berib musobaqani tark etgach, futbolimizga yangi qon juda ham zarur, aniqrog'i, shartligini tushunib etdim.
Aslida allaqachon bu ishni amalga oshirish kerak edi, biroq biz hech kim eshitishni istamayotgandi. So'nggi bir oy ichida boshimiz ikki marta devorga urilgani mutasaddilarimizning ko'zini ochilishiga zamin yaratar, yana kim biladi deysiz?

Albatta bu haqida oldin ham gapirganmiz, ammo hozirgi vaziyat umuman boshqacha. Endi futbolimizda o'zgarishlarni amalga oshirmasak, bundan ham yomonroq vaziyatga tushib qolamiz. Biz, yani OAV xodimlari tomonidan aytiladigan har qanday tanqidga futbolimiz mutasaddilari to'g'ri ko'z bilan qarashlari so'rab qolardik. CHunki biz ham futbolimiz rivojini xohlaymiz. To'g'ri, futbolimizda faoliyat ko'rsatayotgan hamma mutasaddi rahbarlar ham yomon ishlayotgani yo'q, ammo yaxshisidan yomoni ko'proq. Buni barcha bilib bo'ldi. Bugun eshitganlarimiz haqida gapirmoqchimiz. Aytadiganlarimiz orasida yolg'on yo'q, lekin hech kimning ism-sharifini ochiq yozmaymiz. Sababi to'g'ri tushunasizlar degan umiddamiz.

30 million xalqning hurmati uchun o'ynashsin!
 Yaqinda “Metallurg” jamoasi bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov OAV xodimlariga intervyu berar ekan, O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'qligini, bunga ishonmasligimizni so'radi. Albatta futbolimiz uchun ko'p mehnati singan tajribali mutaxassisning so'zlariga ishongiz keladi, ammo biz ham bir necha yillardan buyon o'zbek futbolining ichida yuribmizku?! Yaqin-yaqingacha muxlislar chempionatimizda kelishilgan o'yinlar yo'qligiga ishonishardi, sababi, ular futbolimizning ichida nimalar bo'layotganini bilishmasdi. Ammo kasalini yashirsang isitmasi oshkor qiladi degan maqol baribir o'z so'zini aytdi. Garchi o'smirlar, yoshlar terma jamoalarimiz ketma-ket mundiallarda ishtirok etgan bo'lsa-da, bu futbolimiz oldinga qadam tashlayotganidan darak bermasdi. Oliy va birinchi ligamizning saviyasi futbolimizning haqiqiy yuzidir. Osiyo o'yinlaridagi muvaffaqiyatsizlikni shu bilan bog'lash mumkin. Nega deysizimi? Terma jamoamiz bu musobaqada atigi bittagina jiddiy raqibga qarshi maydonga tushdi va mag'lubiyatga uchrab, o'z oldilariga qo'yilgan vazifani bajara olishmadi. Arablarga qarshi o'yinda o'tkazib yuborilgan uch golning dastlabki ikkitasi chempionatimizning saviyasini ko'rsatib berdi deyish mumkin. Sababi, birinchiligimizning saviyasi yuqori bo'lganida Islom To'xtaxo'jaev va Bobur Yo'ldoshev yo'l qo'ygan juda kulguli xatolar guvoh bo'lmasdik. CHempionatdagi uchrashuvlarda bosimni his qilmay o'ynab kelayotgan yigitlar bizdan unchalik kuchli bo'lmagan arablarga qarshi bahsda shoshilib qolishdi. Vaholanki, har ikkala vaziyatda ham futbolchilarimizga arablar tomonidan bosim bo'lmayotgandi. Erkinroq to'p surishga raqibning nomidan hayiqqan yigitlar xato qilmaslik vajida shoshib qolishdi va keragidan ortiq darajada bo'lgan qo'pol xatoga yo'l qo'yishdi. Ko'pchilik To'xtaxo'jaev xato qilgan vaziyatda hakam penalti belgilamasa ham bo'laverardi, demoqda. SHaxsan mening fikrim boshqacha: referi to'g'ri qarorga keldi. Futbolchilarimiz hech bo'lmasa xalqaro uchrashuvlarda bunday xatolar kechirilmasligini tushunib etishsin. Bu bosimsiz, hakamlar bilan kelishib ketaveradigan oliy liga emas. Yoki raqibiga ozgina pul bersa, yutqazib beradigan jamoa emas. SHunday ekan, futbolchilarimiz hech bo'lmasa xalqaro musobaqalarda orqasida 30 milliondan ortiq xalq turganini his qilib, o'zini qo'lga olib to'p sursin. Ha, hech bo'lmasa xalqaro bahslarda shunday bo'lsin! O'zbekistonda millionlar o'yini millionlab muxlislar uchun o'ynalmayotganiga ancha bo'ldi. Yurtimizda futbol millionlar uchun o'ynalyapti. Buni tan olaylik! CHempionatda qachon bosim bo'ladi? Qachonki haqqoniy uchrashuvlarning soni ko'p bo'lsa! Qachonki kelishuvlar kamaysa! Qachonki saviya oshsa! Saviya oshishi uchun birinchi navbatda yuqoridagi ikki illatni yo'q qilishimiz shart!

Biz saviyamiz oshyapti deymizku, lekin yildan-yilga orqaga qarab ketayotganligimizni tan olgimiz kelmaydi. Saviyamiz oshayotganini o'smirlarimiz, yoshlarimizning ketma-ket jahon chempionatlariga chiqayotgani bilan izohlaymiz. Vaholanki, har qanday mamlakat futbolining saviyasi bu bilan o'lchanmasligini juda yaxshi bilamiz. Nega o'smirlar, yoshlar futbolida doimiy ravishda dunyoda tengsiz bo'ladigan Afrika davlatlari na milliy birinchiliklari va na bosh terma jamoasining muvaffaqiyati bilan maqtana olmaydi? CHunki tizim noto'g'ri. Agar tizim to'g'ri bo'lganida allaqachon qora tanli o'yinchilar jahon chempionatlarida muvaffaqiyatga erishib ulgurardi. Hatto Osiyo davlatlari ham katta mundiallarda yarim finalgacha etib borishni uddalashdi, ammo afrikaliklar uzoqqa bora olishmadi. To'g'ri, osiyoliklardan farqli ravishda afrikalik futbolchilar Evropada nom qozonib ulgurishgan, xo'sh bundan terma jamoasiga nima naf? Bizda Germaniya, Angliya klublarining etiborini qozongan, Rossiyada o'z ampluasining tengsizi Odil Ahmedov, Janubiy Koreyada katta hurmatga ega Server Jeparov, arablarning suyuklisiga aylangan Aziz Haydarov bor. Nega unda milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmayapti? Aslida yaxshiyamki shular bor deyishimiz kerak, aks holda saviyasi tushib ketgan mahalliy o'yinchilarimiz bilan saralash o'yinlarida sharmanda bo'larmidik? CHempionatimizning saviyasini Osiyo CHempionlar ligasi ham ko'rsatib bera oladi. Xo'sh, bu musobaqalarda nimalarga erishyapmiz? O'zingiz javob izlab ko'ringchi?  

Hammasiga oliy liga aybdor...
 Aslida hammasiga o'yinchilarimiz aybdor emas. Hammasiga oliy liga aybdor. (Birinchi liga haqida gapirishga hojat yo'q) Aniqrog'i, uning saviyasini ko'tara olmayotgan mutasaddilar, ko'tarishdan ko'ra, cho'ntagining to'lishini o'ylayotgan rahbarlar aybdor. Hech kim bizdan xafa bo'lmasin, haqiqatdan ham ular aybdor. Bizning ham toqatimiz toq bo'ldi. CHempionatimizdagi uchrashuvlarni kelishuvlarga aylantirib yuborib, futbolchilarning saviyasini tushirib yuborgan o'shalar aybdor. Men umuman kelishilgan o'yinlarda ishtirok etmaganman yoki O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'q deya xalqni aldamoqchi bo'lgan yolg'onchilar aybdor! Oqibati nima bo'lyapti? Futbolchilarimiz Osiyo o'yinlarida bittagina jiddiy raqibga ham qarshilik ko'rsata olmayapti. Maydonga tushib bir-biridan kulguli gollarni o'tkazib yuboryapti. Bundan kim yutyapti? O'shalar, oliy ligani bozorga aylantirib yuborganlar! Bugun pul ishlab olay, ertaga futboldan ketaman deya faoliyat ko'rsatayotganlar yutyapti.  

Biz, yani OAV xodimlari futbolimiz yuksalishini istaymiz. Bu gaplarimiz o'shalarga erish tuyulmasinku, haqiqatdan ham shunday. Vaholanki, futbolimiz yuksalsa ham, yuksalmasa ham gazeta chop etilaveradi, internet saytlar ishlayveradi, jurnalistlar o'sha oylik maoshlarini olib yuraverishadi. Sal qo'polroq qilib aytganda bizga buning issiq-sovug'i yo'q, lekin biz o'zbek futboli jahon miqiyosiga chiqishini istaymiz. Safarlarga chiqqanimizda boshimizni baland ko'tarib, falon futbolchining hamyurtimiz deyishni xohlaymiz! Buning uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz. Garchi futbol jurnalistikasi ortidan topayotgan mablag'imiz sizlar kabi turli xil rusumdagi mashinalarni xarid qilishga etmasada, mamlakat futbolining ravnaqi uchun ishlayveramiz. Tanqid qilgan OAVni ayblayvermasdan futbolimiz mutasaddilari ham ishlariga jiddiyroq yondoshishga maqsadga muvofiq bo'lardi. So'nggi yillarda o'zbek futbol jurnalistikasi ancha rivojlandi. Buni ko'pchilik tan olmoqda. Avvalgidek o'rinsiz tanqidlar bo'layotgani yo'q, biroq rahbarlarimizning ishga bo'lgan munosabati o'sha-o'sha, o'zgarish yo'q. Bilasizmi nimadan xafa bo'laman? Oynai jahonga chiqib olib, futbolimiz rivoji haqida bong urishadi, xalq unga ishonadi, lekin o'sha ishonchning ortidan har xil qing'ir ishlarni bajarib kelaveradi. Xuddiki, jurnalistlar bundan bexabardek! Alam qiladigani shuki, hukumatimiz futbolimizning rivoji uchun qanchadan-qancha mablag' sarflayapti, qani samarasi? Qaysi davlat mamlakat futbolining rivoji uchun shunchalik etibor qaratadi yoki mablag' kiritadi? Jahonda bunday davlatning o'zi bo'lmasa kerak. SHundan ham foydalanmasdan bizda hammasi rasmiyatchilik uchun o'tkazilayotgani ko'rinib turibdiku! Bolalar futbolidan tortib, professional maqomidagi chempionatimizgacha hammasi rasmiyatchilik uchun! Kasbim yuzasidan juda ko'p bolalar turnirlarida qatnashaman, to'g'ri tashkilotchilar imkon qadar musobaqani yaxshi saviyada o'tkazishga harakat qiladi, ammo chin dildan emas! Ha, shunday! Nega, sababi, ishtirokchilardan yoki homiylardan tushadigan bir-ikki so'mdan cho'ntagiga ortirish, qolganiga sovrindorlar uchun arzimas sovg'alar ulashish, bo'ldi. Bola oddiy sovg'ani ham katta xursandchilik bilan qabul qiladi. SHu yo'sinda musobaqalar o'tib ketyapti. Sovg'alar berilmaydigan Respublika miqiyosidagi rasmiy turnirlarni tezroq o'tkazib olish payida bo'lishadi. Ertaga qog'ozda o'tkazildi degan yozuv turishi uchun. Xo'sh, bu bilan nimaga erishamiz? Hech narsaga! Nega shuni tan olsakda, xatoni takrorlayveramiz? Nega? Nega shu darajaga tushib qoldikki, qilgan har bir harakatimiz futbolimizning ortga ketishiga zamin yaratmoqda? Nega qilinayotgan ishlarga panja ortidan qarayapmiz? Unda qachon rivojlanamiz. Nega O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'q deb yolg'on bong uramiz!

O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'qmi?
 SHu erda O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'q deydiganlarga javob tariqasida bir faktni aytib o'tsam. Albatta bu erda ishtirokchilarning ismi-sharifi ochiqlanmaydi. SHunisi haqiqatki, bu bundan besh yillar muqaddam oliy ligamizda bo'lib o'tgan voqea.  Bir jamoa safarda to'p suradigan bo'ldi. Odatda ushbu klub raqiblari bilan shunday kelishadiki, mehmonda yutqazsa, o'z uyida g'alaba qozonadi, hisoblar o'zgarmaydi. Bosh murabbiy bu safar ham shogirdlariga shu talabni qo'ydi, ammo raqibidan kuchliligini bilgan o'yinchilar uzoq masofa bosib yutqazishni istamadi. Qiyin vaziyatga tushib qolgan murabbiy unda yutqazib berganimiz uchun mablag' so'rimiz yoki o'z kuchlaring bilan yutaveringlar dedi. Natijada birinchi bo'limdan so'ng mehmonlar 2:3 hisobida oldinga chiqib olishadi. Mezbon jamoa ustozining dadasi mamlakatimizning taniqli mutaxassislaridan sanalardi. O'g'lining kelajagini o'ylagan ota mehmonlarning echinish xonasiga kirib, yutqazib berishlarini so'raydi, lekin buning uchun mablag' bera olmasligini takidlaydi. Yoshi katta insonning hurmatini qilgan mehmonlar bir to'p farqi bilan yutqazishga rozi bo'ladi. Tanaffusdan keyin “o'zlariga kelib olgan mezbonlar” mehmonlar darvozasini ikki bor nishonga olib, hisobdagi ustunlikni o'zlari tomonga og'diradi. Hammasi reja asosida ketayotgan bir vaziyatda maydon egalarining xorijlik qora tanli legioneri zaxiradan maydonga tushib, ortiqcha bitta golni urib qo'yadi. Bundan mehmonlarning jahli chiqadi. Mezbonlar ustozi esa, legioner gapiga tushunmaganligini aytadi va javob bahsida huddi shu hisob bilan yutqazib berishlarini aytadi. Ahamiyatlisi, murabbiy vadasining ustidan chiqadi. Haqiqatdan ham javob bahsida xuddi birinchi o'yindagi natija takrorlanadi. Bu futbolimizning bugungi kunida ham sodir bo'layotgan voqealardan biridir.

Ha, Rustam Mirsodiqov takidlaganidek, O'zbekistonda kelishilgan o'yinlar yo'q, chunki buni isbotlab bo'lmagandan keyin yo'q bo'laveradi-da! Aytishadiku, qo'lga tushmagan o'g'ri o'g'rimas deb! Jurnalistlar kelishilgan o'yinlar bor degani bilan isbotlab bera olmaydi. Buning iloji yo'q. Sal harakat qilsangiz o'zingiz aybdor bo'lib qolishingiz hech gap emas. Tabiiyki, murabbiylarimiz isbotlab bo'lmaydigan vaziyatda bemalol gapiraverishadi. Qolaversa, futbolchilar ham buni ommaga ayta olmaydi. Garchi sobiq ustozi bilan munosabati sovuqlashgan bo'lsa-da, lekin hech kimga aytmang, deya o'ziga yaqin olgan jurnalistlarga ship-shitib qo'yishadi. CHempionatimizda kelishilgan o'yinlarni isbotlash uchun hukumat darajasida ish olib borilishi kerak, aks holda hech narsaga erisha olmaymiz. Bunga birinchi navbatda O'FF prezidenti, senator Mirabror Usmonovning o'zi shaxsan bosh-qosh bilan juda xursand bo'lardik. SHundagina futbolimizning oyog'iga bolta urib, o'zini qahramondek ko'rsatayotganlarning vijdoni uyg'onarmidi?  

Bugungi kunda kelishilgan o'yindan tashqari, totalizator degan illat ham futbolimizning oyog'iga bolta urmoqda. Uchga-uch, yani, safarda yutqazib, o'z uyida yutishga kelishadigan jamoalar totazitor orqali pul topishni ham yo'lga qo'yib olishdi. Buni PFL direktori Farhod Magometov ham juda yaxshi biladi. Deyarli har yig'ilishda klub mutasaddilarini ogohlantiradi, ammo chora ko'rilmayotgani kishini ajablantiradi. Yil boshida kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashish qo'mitasi tuzilganligi haqida aytilgandi, ammo bu qo'mita nima ish qilganligini bilmadik. SHunday holatlarga guvoh bo'ldikki, jamoasi raqib bilan kelishib bo'lgan o'yinchilar totalizatorga pul tikib, katta-katta mablag'larni ishlab olishdi. Lekin buni kimga aytasiz va qanday qilib isbotlaysiz?

Furqatbek NISHONOV 
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика