So’nggi yangiliklar

02:55Париж-2024. Франция Мисрни енгиб, финал йўлланмасини қўлга киритди  5 01:28"Атлетико" "Манчестер Сити" футболчиси учун 75 млн. евро таклиф қилди  0 01:11Саидазамат Мирсаидов: “Навбаҳор”га соврин ютиш учун келганман”  7 23:51Нико Уильямснинг "Барселона"га ўтишига унинг акаси қаршилик қилмоқда  2 23:10Париж-2024. Испания олимпия ўйинлари финалига чиқди  16 22:24Грузия терма жамоаси вакили "Ливерпуль"га ўтиши мумкин  2 21:54"Вест Хэм" 27 млн. еврога 31 ёшли ҳужумчи сотиб олди  1 21:23Марокаш - Испания ўйинида Илгиз Танташев алмаштирилди. Нега?  4 20:45ПСЖ 60+10 млн. еврога 19 ёшли футболчини сотиб олди  1 20:16"Барселона" Негрейрага пора бергани исобтини топмади, аммо...  10 19:59Ҳоланд: "Тез орада барчамиз энг яхши спорт формамизда бўламиз"  2 19:39ПСЖ "Айнтрахт" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  1 19:18"Барселона" собиқ ҳимоячиси фаолиятини А Серияда давом эттириши мумкин  2 18:57"Байер" "Ливерпуль" собиқ ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  1 18:34Ўзбекистон Кубоги. Чорак финал учрашувларида ишлайдиган расмийлар  3

O'zbekiston terma jamoasi yig'ini haqida (tahlil) Yangiliklar

O'zbekiston terma jamoasi yig'ini haqida (tahlil)

Ektor Kuper boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasining ikkinchi yig'ini haqida batafsil to'xtalib o'tamiz.

Kecha Qatarga qarshi uchrashuvdan so'ng terma jamoamiz Ektor Kuper qo'l ostidagi ikkinchi yig'inini yakunladi. Jamoa yig'in doirasida KXDR va Qatar termalariga qarshi bahs olib bordi va ikkalasida ham bir xil (2:0) hisobda g'alaba qozondi.

6-16 oktyabrga qadar davom etgan yig'inda terma jamoamiz jami 10 kun Toshkentdagi "City Palace" mehmonxonasida istiqomat qildi.


O'tkazilgan uchrashuvlar terma jamoamiz Kuper qo'l ostida o'sishga erishganini ko'rsatdi. O'yin asta-sekinlik bilan shakllanayotgani, mudofaa chizig'ida tartib o'rnatilayotganini ko'rdik. O'yinda o'sish kuzatilishi bilanoq natijaga ham yaxshilandi. Kuper taxmin qilganidek, bir oy o'tib terma jamoamizning haqiqiy qiyofasi ko'rina boshladi. Ammo qo'lga kiritilgan g'alabadan eyforiyaga berilmaslik kerakligini, bu hali boshlanish jarayoni ekanligini Kuper yaxshi tushunib turibdi. O'tgan ikkita yig'in doirasida o'tkazilgan o'rtoqlik bahslari Kuper o'zi istagan bazi jihatlarni ko'rib oldi. Futbolchilarni kerakli darajada tekshirdi. Faqatgina jarohat va diskvalifikaciyalar tufayli bazi futbolchilarni tekshirib ko'rish keyingi cho'zilgan bo'lishi mumkin. Noyabrda jamoa nisbatan Osiyo Kubogiga boradigan optimal tarkibga yaqinroq holda yig'inga kirishadi. O'shanda terma jamoamizning deyarli 85% yaqin o'zagi xosil qilinadi.


Urilgan va o'tkazilgan gollar haqida

O'zbekiston terma jamoasi Kuper qo'l ostida o'tkazgan ikkita yig'inda jami 4ta o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazdi. Dastlab Suriya bilan durang, keyin Erondan qabul qilingan mag'lubiyat hamda KXDR va Qatar ustidan qo'lga kiritilgan ikki g'alaba. O'zbekiston terma jamoasi Kuper boshqaruvida 4 o'yinda 5ta gol urdi. Darvozamizdan esa atiga ikkita gol o'tkazdik.

Ilk xulosa shuki, Kuper qo'l ostida yig'indan-yig'inga, o'yindan-o'yinga asta-sekinlik bilan kuchayib boryapmiz. Murabbiy talab qilayotgan uslubni esa futbolchilar o'zlashtirishni boshlab yuborishgan. Nafaqat o'yin, balki natija ham yaxshilashmoqda. Urilgan gollarga etibor qaratsak, Suriya darvozasini standart vaziyatidan, yani penaltidan ishg'ol qildik. KXDR bilan bahsda urilgan gollar esa o'ng qanotdan tashkil etilgan hujumlar mevasiga aylandi. Marat Bikmaevning KXDRga urgan ilk goliga Hoshimovning o'ng qanotdan oshirgan uzatmasidan so'ng vujudga keldi. Keyingi golga esa o'ng qanotdan hujumga o'tgan Husniddin G'ofurovning Bikmaevni qulay vaziyatga chiqargani sabab bo'lgandi.

Qatarga qarshi o'yinda ham dastlabki gol yana o'ng qanot orqali, yani Akmal SHorahmedovning golli uzatmasidan so'ng kiritildi. Ikkinchi gol esa markazdan tashkil etilgan hujum orqali urildi. Bu vaziyatda Ahmedov Bikmaevga golli uzatmani amalga oshirdi.

O'tkazab yuborilgan ikkala gol ham chap qanotimiz uyushtirilgan hujumdan so'ng urilgani etiborga molik. Suriya va Eron aynan chap qanotimizdagi bo'shlikdan foydalangandi.


O'tgan yig'indagi qaysi muammolar hal etildi?

Avstraliyada bo'ladigan yig'in ko'p jihatdan hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ko'p ehtimol aynan shu yig'inda yakuniy xulosaga kelinadi. Keling, hozir ortga qolgan yig'inlar haqida gaplashamiz.

Bilasiz, o'tgan oydagi yig'inda terma jamoamiz mashg'ulot o'tkazish uchun joy tanlashda qiynalgandi. Bir kun Jarda, bir kun "Paxtakor"da va yana boshqa kuni TTYMIda mashg'ulot o'tkazgan terma jamoamiz rosa sarson bo'lgani haqida yozgandik. O'shanda terma jamoamiz birinchi yig'in doirasida mashg'ulotlarni jami 5 xil maydonda o'tkazishga majbur bo'lgandi. Bu galgi yig'inda aynan maydon muammosi hal etilgani uchun ham Kuper jamoani aniq reja asosida tayyorladi. Yani, o'tgan galgidek mashg'ulotlarning joyi va soati har kuni o'zgarmadi. O'zbekiston terma jamoasi ikkinchi yig'indagi mashg'ulotlarini barchasini TTYMI stadionida, soat 16:30da o'tkazdi. Faqatgina KXDRga qarshi o'yinoldi rasmiy mashg'ulotni qoidaga ko'ra "Milliy" stadionda o'tkazdi. Qatar bilan o'yinoldi rasmiy mashg'ulot esa qoidaga ko'ra o'yin o'tadigan "Milliy" stadionda emas, balki har kungi TTYMIda bo'ldi. CHunki Kuper talabga javob bermaydigan maydonda shug'ullanishdan ko'ra ideal holatdagi TTYMIni afzal bildi.

Qayd etish kerakki, TTYMI maydoni barcha talablarga javob beradigan ideal sifatda. "Lokomotiv" klubi vaziyat taqazo esa aynan shu maydonda shug'ullanadi yoki nazorat uchrashuvlarini o'tkazadi. SHu boisdan ham "temiryo'lchilar" o'zlari uchun zaxira maydoniga kerakli sharoitlarni yaratib qo'yishgan. Faqatgina dastlabki kungi mashg'ulotlarda maydon sug'orilmagani bois bazi futbolchilar, xususan Azamov va Suyunov jarohat olib terma jamoa lagerini tark etishga majbur bo'lishgandi.

O'FA Ektor Kuper bilan birga kelgan barcha mutaxassislar bilan professional shartnomaga imzo chekkan. Ammo shtabdagi xorijlik mutaxassislardan tashqari darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov, terma jamoa mamurlari, shifokorlar va massajchilar faoliyat ko'rsatishmoqda. Ammo ular bilan ikkinchi yig'in oldidan ham shartnoma imzolanmagandi. Aynan shu yig'in davomida Ektor Kuper ularning ishi yoqqanligi uchun ularni mukofotlagani haqida yozgandik. Buni keyinchalik murabbiyning o'zi ham tasdiqladi. Faqat Kuper bu maosh sifatida emas, balki shunchaki ishi yoqqani bois ularga mukofot puli bilan siylaganini takidladi. Aynan mazkur masalani ko'tarib chiqqanimizdan so'ng, katta ehtimol O'FA terma jamoa uchun xizmat qilayotgan shtabdagi mahalliy mutaxassis va xodimlarga shartnoma taklif qildi.

Ektor Kuper ham bu galgi yig'in jarayonidan qoniqqanini bildirib turib, bazi kichik muammolar bo'lishi mumkinligini inkor etmadi. Umuman olganda esa, unga yaratilgan sharoitlardan nolimayotganini takidlab, talabni doim yuqori qo'yishini aytdi. Aynan talab doim yuqori bo'lishi nafaqat terma jamoa foydasiga, balki bu butun o'zbek futboli tizimini yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligini yashirmadi.

Futbolda hech qachon mayda detal yoki kichik muammolar beetibor qoldirilmasligi kerak. Mayda detal yoki kichik muammolar o'z vaqtida to'g'irlanaversa, shunda muammoning kattasiga o'rin qolmaydi. Ish esa bir maromda davom etaveradi.

Muhimi, O'FA yo'l qo'yayotgan xato va kamchiliklarini beetibor qoldirmayapti. Muammo va kamchiliklarga o'z vaqtida reakciya bildirilayotgani ham natija aslida. To'g'ri, ish bor joyda xato va kamchiliklar bo'ladi. Busiz iloji yo'q. Jurnalistlarning ishi qaerda nima muammo bo'lsa, o'shani o'z vaqtida boricha ko'rsatish. Mutasaddilar ishi - muammolarga echim topish. SHu tizimda ishlashda davom etilsa, mavjud muammolarga tezroq barham beriladi, kamchiliklar bartaraf etiladi.



Etibor kamaydi

O'zbekiston terma jamoasining birinchi yig'ini bu galgisiga nisbatan diqqat-etibor markazida bo'lgandi. Ayniqsa OAV va muxlislar tarafidan bo'lgan qiziqish pasayganini alohida takidlash lozim. O'tgan galgi yig'inda boshqa sayt va TV kanallardan kelib lavhalar tayyorlashgandi. Bu yig'inda esa bizdan tashqari faqatgina Kun.uz nashri 10 oktyabr kungi mashg'ulotga tashrif buyurishdi. Qolgan kunlari hech qaysi kanallar mashg'ulotga kelgani yo'q. Hech qaysi kanal ikkinchi yig'inga doir hech qanday lavha yoki ko'rsatuvlar tayyorlamadi. Faqatgina matbuot anjumanlari va o'yinoldi rasmiy mashg'ulotlar paytida kelib tasvirga olindi xolos. Qolgan jarayonlar borasida qolgan joylarda jimlik saqlandi.


SHuningdek, terma jamoa yig'ini rasmiy sayt, yani O'FA matbuot xizmati tomonidan ham havas qilarli yoki o'rta darajada yoritilgani yo'q. Buni ham alohida takidlash kerak. Yig'in davomida tarkibda bir qator o'zgarishlar ruy berdi. Jarohat va diskvalifikaciyalar tufayli yig'inni tark etganlar yoki yangi qo'shilganlar haqida rasman axborot berilmadi. Bu jihatga ham keyingi yig'inlardan etibor qaratilsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Eng zo'r qo'llanma sifatida bizga yaqin bo'lgan Rossiya terma jamoasi matbuot xizmatining ishini o'rganib chiqish zarar qilmaydi. Ularda terma jamoa haqida RFI matbuot xizmati emas, balki aynan maxsus terma jamoa uchun tashkil etilgan matbuot bo'limi yuksak professional tarzda ishlaydi. Original va qiziqarli loyihalar bilan futbolchilarning har bir harakat va qadamini muxlislarga etkazishadi. Futbolni targ'ib qilishda, ayniqsa bosh jamoa azolari bilan muloqotni yo'lga qo'yishda matbuot xizmatining o'rni juda katta. Har mashg'ulotdan keyin futbolchilar bilan mikst-zona va murabbiyning yig'indan ko'zlagan maqsadi haqida to'xtalishi uchun matbuot xizmati boshqa OAVlarga sharoit yaratib berishi lozim.


Muxlislar tarafidan ham terma jamoa uchrashuvlariga tashrif avvalgilarga qaraganda pasayib ketdi. Kechagi o'yinda havo sovuq va noqulay kelgani haqiqat. Ammo avvallari bundanda sovuqroq havoda muxlislar terma jamoamizni yolg'izlatib qo'yishmagandi. CHiptalar uchun navbat kutish alohida jarayonga aylanardi. Bu safar esa chiptaxonalarda erkin sotilgan chiptalar savdosi avj olmadi. Ajiotaj kuzatilmadi.

O'yin afishasi, reklamasini faol aylantirilmagani ham balki tomoshabinlar tashrifiga tasir ko'rsatgan bo'lishi mumkin. SHuningdek, chiptalar narxi borasida ham oltin o'rtaliqni topish lozim. CHo'ntakbop, hamma uchun qulay narxlarni belgilash kerak. CHunki terma jamoamizning asosiy ishqibozlari asosan talaba, maktab yoki kollej o'quvchilaridan iborat.


Ektor Kuper qo'l ostidagi ikkinchi yig'inga doir fakt va raqamlar

Mazkur yig'inga Ektor Kuper jami 24 nafar futbolchini jalb etdi. Ro'yxatdan o'rin olgan "Navbahor" darvozaboni Botirali Ergashev jarohati sababli yig'inda ishtirok etmadi. Uning o'rni AGMK posboni Roman Abdulov bilan to'ldirildi. Keyinchalik esa terma jamoa lagerini jarohat tufayli birinchi bo'lib Eldorbek Suyunov tark etdi. Yig'inga to'rtta darvozabon chaqirilgani tufayli Suyunovning o'rni boshqa kiper bilan to'ldirilmadi. Mashg'ulotlarning to'rtinchi kuni esa jarohat olgan Azamovning o'rniga Islom To'xtaxo'jaev chaqirildi. Keyinchalik esa OFKning Jaloliddin Masharipovning diskvalifikaciyasini elon qildi. "Paxtakor" futbolchisi 6 oyga o'rtoqlik o'yinlaridan diskvalifikaciya qilingani tufayli Masharipovga ham javob berib yuborildi. SHu tariqa Kuper KXDRga qarshi o'yinga 22 nafar futbolchi bilan tayyorgarlik ko'rdi.



Ikkinchi yiig'inga taklif etilgan futbolchilar ro'yxati:

Darvozabonlar:
Eldorbek Suyunov ("Paxtakor") *jarohat
Ignatiy Nesterov (“Lokomotiv”) o'ynadi - KXDR
Roman Abdulov (AGMK) *o'ynamadi
O'tkir Yusupov (“Qo'qon-1912”) o'ynadi - Qatar

Himoyachilar:
Egor Krimec (“Paxtakor”) o'ynadi - KXDR, Qatar
Anzur Ismoilov (“Lokomotiv”) o'ynadi - KXDR, Qatar
SHerzod Azamov ("Paxtakor") *jarohat
Islom To'xtaxo'jaev ("Lokomotiv") o'ynadi - Qatar
Doston Tursunov (“Neftchi”) o'ynadi - Qatar
Oleg Zoteev (“Lokomotiv”) o'ynadi - Qatar
Vladimir Kozak (“Paxtakor”) o'ynadi - KXDR, Qatar
Akmal SHorahmedov (“Paxtakor”) o'ynadi - Qatar
Davron Hoshimov (“Navbahor”) o'ynadi - KXDR

Yarim himoyachilar:
Odil Hamrobekov (“Nasaf”) o'ynadi - KXDR, Qatar
Aziz Haydarov (“Bunyodkor”) o'ynadi - KXDR
Javohir Sidiqov (“Qo'qon-1912”) o'ynadi - KXDR, Qatar
Ikrom Aliboev (“Lokomotiv”) o'ynadi - KXDR, Qatar
Odil Ahmedov (“SHanxay SIPG”, Xitoy) o'ynadi - KXDR, Qatar
Eldor SHomurodov (“Rostov”, Rossiya) o'ynadi - KXDR, Qatar
Otabek SHukurov (“SHarja”, BAA) o'ynadi - KXDR
Doston Hamdamov (“Anji”, Rossiya) o'ynadi - KXDR, Qatar
Jaloliddin Masharipov ("Paxtakor") *diskvalifikaciya

Hujumchilar:
Ivan Nagaev (“Qizilqum”) o'ynadi - KXDR
Marat Bikmaev (“Lokomotiv”) o'ynadi - KXDR, Qatar
Husniddin G'ofurov (“Lokomotiv”) o'ynadi - KXDR, Qatar


Birinchi o'rtoqlik uchrashuvida Kuper 16 futbolchi xizmatidan foydalandi. Ikkinchi bahsda esa asosiy tarkibdagi 7 futbolchi o'zgardi. Anzur Ismoilov, Egor Krimec, Odil Ahmedov va Eldor SHomurodov esa har ikkala o'rtoqlik bellashuvida ham boshlang'ich tarkibdan o'rin olishdi. Kuper KXDR va Qatarga qarshi o'yinlarda qo'l ostidagi 21 nafar futbolchidan foydalandi. Faqatgina AGMK darvozaboni Roman Abdulov mazkur bahslarda ishtirok etmadi.

KXDR va Qatarga qarshi o'yinda maydonga tushgan futbolchilar: Anzur Ismoilov, Egor Krimec, Odil Ahmedov, Eldor SHomurodov, Odil Hamrobekov, Ikrom Aliboev, Husniddin G'ofurov, Doston Hamdamov, Vladimir Kozak, Marat Bikmaev, Javohir Sidiqov.

Ektor Kuper bu galgi o'rtoqlik uchrashuvlarida ham o'tgan bahslarda qo'llagan 4-2-3-1 taktik sxemasidan foydalandi. Aslida markaziy yarim himoyachi hisoblangan Ikrom Aliboevni murabbiy futbolchi uchun noodatiy nuqtada, yani chap qanot hujumkor vingeri sifatida o'ynatdi. SHuningdek, birinchi bahsda markaziy hujumda Marat Bikmaev, keyinchalik esa zaxiradan maydonga tushgan Nagaevdan sof hujumchi sifatida foydalandi. Ikkinchi bellashuvda esa o'tgan o'yinlarda vinger rolida o'ynagan Eldor SHomurodov markaziy hujumda o'yinni boshladi. Keyinchalik pozicion o'zgarishdan so'ng Bikmaev SHomurodovni almashtirdi. Qizig'i, birinchi yig'in doirasida Bikmaevdan qanotda vinger sifatida foydalangan Kuper, bu gal har ikkala uchrashuvda ham Maratni markaziy hujumda o'ynatdi. Bikmaev esa bu nuqtada juda yaxshi samaradorlikni namoyish etdi.


O'zbekiston - KXDR 2:0
13 oktyabr. "Milliy" stadioni. 19:00

Hakamlar
: Dmitriy Mashencev, Bahodir Qo'chqorov, Ismoil Tolibjonov (uchalasi Qirg'iziston). Jasur Muxtorov (O'zbekiston)

Gollar: Marat Bikmaev 37, - 1:0. Marat Bikmaev 90+1, - 2:0.

O'zbekiston - 1.Ignatiy Nesterov - 24.Davron Hoshimov, 31.Egor Krimec, 5.Anzur Ismoilov, 29.Vladimir Kozak - 7.Azizbek Haydarov (15.Odiljon Hamrobekov, 36), 16.Otabek SHukurov - 9.Odil Ahmedov (22.Javohir Sidiqov, 70), 27.Doston Hamdamov (17.Ivan Nagaev, 67) (6.Husniddin G'ofurov, 83), 14.Eldor SHomurodov (8.Ikrom Aliboev, 66) - 10.Marat Bikmaev
Zaxira: 25.Roman Abdulov, 30.O'tkir Yusupov, 2.Akmal SHorahmedov, 4.Doston Tursunov, 13.Oleg Zoteev, 20.Islom To'xtaxo'jaev,

KXDR - 1.Ri Myong Guk (18.Sin Xyok, 46), 3.Jan Kuk CHol, 5.An Song Il, 6.Ri Un CHol, 7.Kang Kuk CHol (2.An Il Bom, 30), 9.Kim Yong Il, 11.Jong Il Gvan, 19.Rim Kvang Xyok, 20.Ri Tong Il, 25.Kim YU Song, 17.Ri CHag Xo
Zaxira: 21.Kang Ju Xyok, 2.Kim CHol Bom, 4.Kim Sog Min, 8.Xan Tag Xyok, 14.Ri Kum CHol, 15.Jo Kvang Myong, 16.Kim Kuk Bom, 23.U Il Gang, 22.Sim Xyon Jin.



O'rtoqlik uchrashuvi
O'zbekiston - Qatar 2:0
Soat 19:00, "Milliy" stadioni
Hakamlar
: CHorimurod Qurbonov, Axmet Beknazarov, Berdimamet Atdiev (uchalasi Turkmaniston)

Zaxira hakami: Jasur Muxtorov (O'zbekiston)

Gollar: Odil Ahmedov 72, - 1:0. Marat Bikmaev 85, - 2:0.

O'zbekiston: 30.O'tkir Yusupov, 2.Akmal SHorahmedov, 31.Egor Krimec (4.Dostonbek Tursunov, 64), 5.Anzur Ismoilov, 13.Oleg Zoteev, 15.Odil Hamrobekov, 9.Odil Ahmedov (20.Islom To'xtaxo'jaev, 90+1), 6.Husniddin G'ofurov (17.Dostonbek Hamdamov, 46), 22.Javohir Sidiqov, 8.Ikrom Aliboev (19.Vladimir Kozak, 83), 14.Eldor SHomurodov (10.Marat Bikmaev, 76).

Zaxira: 1.Ignatiy Nesterov, 12.Roman Abdulov, 7.Azizbek Haydarov, 16.Otabek SHukurov, 18.Davronbek Hoshimov, .

Qatar: 21.Yusuf Hassan, 6.Abdulaziz Hatim Muhammad, 10.Hassan Al Haydos, 12.Karim Budiaf, 13.Sulton Hussayn, 15.Bassam Husam Al Ravi, 17.Muhammad Musa, 18. Abdulkarim Salim, 19.Al Moez Ali, 26.Toriq Salmon, 28.Assim Umar.

Zaxira: 31.Jassim Odil, 22.Muhammad Ahmad, 5.Ahmad Fothi Abdulla, 7.Ahmad Abdilmutal, 8.Ahmad Duzande, 9.Hassan Yahyo, 14.Salim Al Hajri, 20.Abdulloh Abdusalom, 23.Muhammad Abdilmutal, 24.Abdulrahmon Mustafo, 27.Ali Avad Bujaluf.



Ektor Kuper qo'l ostida O'zbekiston terma jamoasida o'tgan gal Sardor Sobirxo'jaev debyut qilgandi. Bu yig'inda esa "Qo'qon-1912" O'tkir Yusupov terma jamoa safida debyut o'yinini o'tkazdi.



O'tkazilgan ikkita yig'indan keyingi fakt va raqamlar

Ektor Kuper o'tgan yig'inda jami 30 nafar futbolchini jalb etib, o'yinlarda 24 futbolchi xizmati foydalangandi. Bu safar esa 24 nafar futbolchi jalb etilgan yig'inda Kuper 21 o'yinchini maydonga tushirdi. Kuper umumiy hisobda ikkala yig'indagi o'rtoqlik o'yinlarida jami 34 nafar futbolchilarni sinovdan o'tkazdi.


Ro'yxatga kiritilgan, ammo jarohati tufayli yig'inda ishtirok etolmagan futbolchilar ro'yxati:

Botirali Ergashev ("Navbahor")
Eldorbek Suyunov ("Paxtakor")
SHuhrat Muhammadiev ("Lokomotiv")
SHerzod Azamov ("Paxtakor")
Aziz Haydarov ("Bunyodkor")



Yig'inda ishtirok etgan, ammo Kuper imkoniyat bermagan futbolchilar ro'yxati:

Murod Zuhurov ("Bunyodkor")
Sanjar Quvvatov ("Nasaf")
Roman Abdulov (AGMK)
Murod Xolmuhammedov ("Qo'qon-1912")
SHohruh Gadoev (“Tedjon Sitizen”, J.Koreya)


Ektor Kuper qo'l ostida barcha o'rtoqlik uchrashuvlarida o'ynagan futbolchilar ro'yxati:

Anzur Ismoilov ("Lokomotiv")
Husniddin G'ofurov ("Lokomotiv")
Eldor SHomurodov ("Rostov")
Marat Bikmaev ("Lokomotiv")



Ektor Kuper qo'l ostida barcha o'yinlarni to'liq o'tkazgan yagona futbolchi - Anzur Ismoilov


Ektor Kuper qo'l ostida to'purar futbolchi - Marat Bikmaev (4 o'yin, 4 gol)


Qaysi jamoalardan qancha futbolchi MTJga taklif etildi?
"Lokomotiv" - 10
"Paxtakor" - 8
Legionerlar - 7
"Qo'qon-1912" - 3
"Bunyodkor" - 4
"Navbahor" - 2
"Nasaf" - 2
"Neftchi" - 1
"Qizilqum" - 1
"Buxoro" - 1


Ektor Kuperning ilk yig'iniga oid raqam va faktlar

Muallif :
Reyting: +42   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика