O'zbekiston - Qirg'iziston uchrashuvi SPORT telekanalida jonli namoyish etiladi

Narzulla Saydullayev
5 noya 2019, 13:35
Xabaringiz bor, 9 noyabr kuni O'zbekiston terma jamoasi Toshkentda Qirg'iziston bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi.

Oldinroq terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov mazkur bahs TV namoyish etilmasligini saytimizga ma'lum qilgan edi. Bunday qarorga nima uchun kelingani ham aytilgandi.

Bugun Axborot va ommaviy kommunikaciyalar agentligi anjumanlar zalida O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O'zbekiston Futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari ishtirokida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Vadim Abramov ham ishtirok etdi hamda bu boradagi vaziyatga oydinlik kiritdi.

"Qirg'iziston bilan bahs o'rtoqlik bo'lgani uchun stadion to'lmaydi deb o'yladik va muxlislar bilan to'lgan tribunalar qarshisida o'ynash istagida biz TV orqali translyatsiya qilinmasligini istagandik. Bu oddiy taklif edi, biz futbolimiz ixlosmandlari stadionga kelishlarini xohlaganimiz uchun shunday degandik. Shu bilan birga, bo'lajak raqib Saudiya Arabistoniga "syurpriz" tayyorlashimiz mumkin edi. Mayli, agar MTRK istasa, Qirg'iziston bilan o'rtoqlik uchrashuvini translyatsiya qilishlari mumkin, biz tomondan hech qanday qarshilik yo'q", - deydi terma jamoa ustozi Vadim Abramov.

Bugun SPORT telekanali bosh direktori Zohid Karimov tvittyerdagi o'z sahifasida O'zbekiston - Qirg'iziston uchrashuvi jonli namoyish etilishi haqida xabar qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston - Qirg'iziston o'rtasidagi bahs 9 noyabr kuni soat 17:00da "Paxtakor" stadionida boshlanadi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia