“O'yin boshlanishi bilanoq bayroqlarni olib, madhiya aytganman”, “O'sha kecha ko'z yoshlarimni tiya olmaganim hamon yodimda” – O'zbekiston MTJ ishtirokidagi saytimiz xodimlarining yodida qolgan o'yinlari
26 mar 2021 10:00
Yangiliklar
![](https://championat.asia/upload/storage/627284_original.jpg)
![](/upload/storage/627284_220.jpg)
“O'yin boshlanishi bilanoq bayroqlarni olib, madhiya aytganman”, “O'sha kecha ko'z yoshlarimni tiya olmaganim hamon yodimda” – O'zbekiston MTJ ishtirokidagi saytimiz xodimlarining yodida qolgan o'yinlari
Barchamiz yoshlikdan futbolga oshno bo'lib, uni sevganmiz. Futbolga dastlabki qiziqishimizga xorij jamoalari sabab bo'lgan bo'lsa, ayrim insonlarga o'zbek futboli, jamoalari hamda O'zbekiston MTJ ham sabab bo'lgani katta ehtimol. O'zbek futbolidagi ayrim adolatsizliklardan, kelishilgan o'yin bo'lganligini sezganligidan yoki terma jamoaning Jahon chempionatiga chiqa olmaganidan og'rinib, boshqa stadionlarga kelmasligini vada bergan muxlis, oradan vaqtda o'tib yana stadion atrofida bo'ladi. Bu so'zida tura olmaslikdan emas. Bu futbolga muhabbat!
Deyarli, barcha muxlislarning esda qolib ketgan futbol o'yini bor, deb ishonamiz. Biz O'zbekiston – Gana o'yini oldidan saytimiz xodimlarining O'zbekiston MTJ tarixidagi eng esda qolib ketgan o'yinlari qaysi ekanligi haqida so'rov o'tkazdik. Ular o'z xotiralari bilan bo'lishishdi.
“Championat.asia” sayti bosh muharriri Narzulla Saydullaev:
“O'zbekiston terma jamoasining ko'plab o'yinlarini tomosha qilganman. Lekin eng birinchisi baribir xotiramda boshqalaridan ko'ra ko'proq qolgan. 2001 yil futbolga endi qiziqishni boshlaganimda O'zbekiston terma jamoasi Xitoy Taypei bilan o'yinni o'tkazgan. Keyinchalik bu bahs JCH-2002 saralashi doirasida ekanligini bilganman. O'sha bahsda Jafar Irismetov 4ta gol urgan va barchasini boshi kiritgandi. Vladimir Maminov akrobatik tarzda gol urgandi va yakunda jamoamiz 7:0 hisobida zafar quchgandi. Bu ko'pchilik uchun kuchsiz raqib ustidan qozonilgan oddiy g'alaba bo'lishi mumkindir, ammo 11 yoshli endi futbolga qiziqayotgan bolakay uchun butun umrga etarli bahs bo'lgandi. O'sha bahs tufayli futbol muxlisiga aylanganman. SHu bois doim Jafar Irismetov men uchun futboldagi birinchi kumirim deb aytib kelaman”.
“Lokomotiv” jamoasi matbuot kotibi, saytimiz vakili Xayrulla Xoliqov:
"Men terma jamoaning eng esda qolarli o'yinlari sifatida 3 ta bahsni alohida ko'rsatib ketaman. Birinchisi, 2005 yilda bo'lib o'tgan O'zbekiston — Quvayt uchrashuvi. Jahon chempionatiga saralash uchrashuvi edi. "Paxtakor" stadionida bo'lib o'tgan ushbu bahs. Biz avvaliga 0:2 hisobida yutqazib turgan edik. Keyinchalik 3:2 hisobida g'alaba qozonganmiz. 2-bo'limning o'zida 3 ta gol urib yutib ketgan edik. O'sha o'yinda juda ham chiroyli kambek bo'lgan. Bu uchrashuv mening yodimda qanday qolgan? Bu o'yin 2005 yilning avgustida bo'lib o'tgan. Aynan shu yilning 6 avgustida mening to'yim bo'lgan edi. O'yinning o'zini Qashqadaryoda — uyda televizor orqali ko'rganman. Adashmasam, uchrashuvni Eldor Mustafoev va Xayrulla Hamidov sharhlagan edi.
Ikkinchisi, 2008 yilning mart oyida o'tkazilgan JCH-2010ga saralash uchrashuvi O'zbekiston — Saudiya Arabistoni bahsi. Biz 3:0 hisobida g'alaba qozonganmiz. O'sha vaqtda bosh murabbiy Rauf Inileev edi. Birinchi golni burchak zarbasidan uzatilgan to'pni Temur Kopadze boshi bilan darvozaga yo'llagan edi. Juda ham chiroyli o'yin bo'lgan edi. Bu bahs hozirgi "Bunyodkor" stadionining o'rnida avval MHSK stadioni bo'lar edi, o'sha erda bo'lgan. Men o'yinni stadionda tomosha qilganman. Biroz javob o'yinida Saudiya Arabistoniga borib 4:0 hisobida yutqazganmiz. Bu esa juda xafa qilgan edi.
Uchinchisi, bu ham Saudiya Arabistoni bilan bo'lib o'tgan. Avstraliyada bo'lib o'tgan 2015 yilgi Osiyo kubogi musobaqasi guruh bosqichi bahsida biz 3:1 hisobida g'alabaga qozonganmiz. Uchrashuv Sardor Rashidovning "benefisi"ga aylangandi. U juda ham yaxshi o'yin ko'rsatib, 2 ta gol urgan edi. Yana bir golni esa SHavkat Mullajonov uzatgan to'pni Vohid SHodiev bosh bilan kiritgan. Men o'sha vaqtda Osiyo kubogiga — Avstraliyaga borganman. Bu mening Osiyo kubogi musobaqasiga birinchi marta borishim bo'lgan".
“Olamsport.com” muharriri Aziz To'xtamurodov:
“Terma jamoa bilan bog'liq ilk xotiralar JCH-2002 saralash bosqichi o'yinlariga borib taqaladi. Aynan o'sha cikldagi saralash uchrashuvlari men uchun terma jamoa ishtirokidagi dastlabki o'yinlar edi.
O'zbekiston terma jamoasining Xitoy Taypeyiga qarshi o'yini orqali terma jamoani "taniganman". Jafar Irismetovning poker qayd etgan o'yinlari, Mirjalol Qosimovning Turkmaniston terma jamoasiga jarima zarbasidan urgan goli, Iordaniya bilan asabiy duranglar ham yodimda.
O'sha cikldagi Ummon bilan uchrashuvni esa "Paxtakor" stadioni orqali ilk marotaba bevosita tomosha qilgandim. Aynan o'sha saralash uchrashuvlari ko'proq yodimda qolgan desam adashmayman.
Bundan tashqari, terma jamoamizning 2007 va 2011 yilgi Osiyo chempionatlarida namoyish etgan o'yinlari ham shaxsan men uchun qiziqarli, tomoshabop va hayajonga boy bo'lgandi”.
Saytimizning fotomuxbiri Jahongir Fayzullaev:
"Mening O'zbekiston MTJ ishtirokida birinchi marta ko'rgan o'yinim Osiyo kubogi-2011 dagi O'zbekiston — Qatar uchrashuvi bo'lgan. Uchrashuvni otam bilan birga ko'rganman. O'yin boshlanishi bilanoq bayroqlarni olib, madhiya aytganman. O'sha vaqtda 11 yosh edim. Dastlab, Odil Ahmedov, Server Jeparovni taniganman. Birinchi bor JCH-2010 ni ko'rganman, O'zbekiston ishtirokida esa shu bahsni ko'rganman. Hech ham esimdan chiqmaydi. Bu o'yindan anchagina yorqin xotiralar qolgan".
“Championat.asia” saytidagi “Arsenal” jamoasining muxlisidan biri SHerzod Nurmatov:
“SHubhasiz, JCH-2014 saralashining 4-bosqichi "A" guruhi doirasidagi oxirgi turda bo'lib o'tgan Qatar bilan o'yin. Ushbu o'yinni umuman unutmayman. CHunki o'zgacha hayajon, o'zgacha muhit va o'zgacha zavq bilan tomosha qilganman.
Narigi tarafda Janubiy Koreya va Eron o'rtasidagi o'yin kutilmagan (aslisa kutilgan) natija bilan nihoyasiga etgandi. O'shanda Eron safarda 1-0 hisobida g'alabaga erishgan. Ha, safarda. Mayli, bu o'yin o'z yo'liga. Lekin milliy terma jamoamiz Toshkentda chinakamiga iroda ko'rsata olgan. Bahodir Nasimov (2 ta), Oleg Zoteev, Odil Ahmedov va Ulug'bek Baqoevning gollari Qatar ustidan 5-1 hisobidagi g'alabani taqdim etgandi.
Uchrashuv yakunlangach, stadionda bo'lgan va televizor qarshisida o'tirgan qorako'zlar, o'zbek futboli ixlosmandlari o'sha kuni rostmana ko'zyosh to'kkan. Axir, bizga bor-yo'g'i 2 ta gol etmagan. Buni eplaganimizda, ayyor janubiy koreyaliklar o'rniga o'zimiz Braziliyaga borgan bo'lardik hamda millionlab muxlislarning orzusi ro'yoga aylanardi”.
“Championat.asia” saytining yosh vakillaridan Abdulaziz Iskandarov:
“Odatda bizning soxa vakillaridan neytrallik talab qilinadi. Lekin milliy terma jamoaga kelganda neytrallik bir chetga suriladi va terma jamoaga muxlislik qilinadi. CHunki bu Vatan jamoasi, Vatan esa tanlanmaydi.
O'zbekiston milliy terma jamoasiga 2012 yildan beri muxlislik qilib kelaman. Ilk ko'rgan uchrashuvim esa "Bunyodkor" stadionida o'tkazilgan Livan JCH-2014 saralashidagi bahs bo'lgan. Tarixda esa qolarli o'yinlar ko'p bo'lgan va ularning ichidan birortasini ajratib ko'rsatish qiyin. Agarda tanlov imkoniyati berilsa o'sha saralashdan o'rin olgan Iordaniya bilan pley-off uchrashuvini tanlayman. O'sha paytlarda barchamiz mundialga chiqishimizga ishonganmiz. Boisi, Mirjalol Qosimov boshqargan o'sha vaqtdagi jamoa haqiqatdan ham Jahon chempionatiga chiqishga munosib bo'lgan, buni tan olish lozim. Ochko jihatdan, o'yin tomonlama hech kimdan kam ko'rsatkich qayd etmaganmiz. Faqatgina bitta gol bizni to'g'ridan to'g'ri mundialga chiqishimizga etmagandi. Buning natijasida vakillarimiz Iordaniya bilan ikki o'yindan iborat pley-off bahsida ishtirok etadigan bo'lishgan. Toshkentdagi javob o'yinida aniq esimda "Paxtakor" markaziy stadioni to'lib toshgandi. Barchada hayajon, shu qatori o'zimda ham. Odatda terma jamoa o'yinlarini o'zgacha hayajon bilan tomosha qilishga odatlanganman. Anzur Ismoilov beshinchi daqiqadagi goliga bo'lim o'rtalariga kelib iordaniyaliklar javob to'pini kiritishgan. O'sha bahsda Vitaliy Denisov, Odil Ahmedov, Ivan Nagaevlarda vaziyat ko'p bo'lgandi. Ayniqsa Denisovning 120 daqiqa tinmay yugurgani, maydonda o'lishga tayyor ekanligi undagi energiya va g'alabaga chanqoqlik unga bo'lgan hurmatimni oshirgandi. O'sha bahsda hatto stadion projektorilari malum muddatga o'chib ham qolgandi. Lekin yakunda g'olib penaltilar seriyasida aniqlangan, o'yinda gol urgan Anzur Ismoilov penaltida yakuniy zarbani yo'llashda adashgandi. O'sha kecha ko'z yoshlarimni tiya olmaganim hamon yodimda. CHindan ham alamli yakun, ochig'i maestro boshqargan terma jamoani JCHda ko'rishni juda ham istagandim. Buning sababi esa yuqorida zikr etilganidek munosib ekanligidadir. Odatda doim bitta gol yoki bitta ochko etishmaydi. SHuni aytish mumkinki, barchasi maydon ichidagi jarayonga bog'liq emas ekanligini, o'sha bitta golgacha, bitta ochkoga ko'p narsalarni qilish, amalga oshirish kerakligini mana endi tushunib boryapman”.
Hurmatli muxlis, O'zbekiston MTJ ishtirokidagi sizning yodingizda qolgan uchrashuv qaysi?
Og'abek Samisov tayyorladi
O’xshash yangiliklar
![AMP Logo](https://championat.asia/image/logo-amp.png)
Fikrlar