Otabek SHukurov: "Dadam futbolchi bo'la olmaganlari uchun meni futbolchi qilishni niyat qilganlar"
12 okt 2016 15:51
Yangiliklar
Otabek SHukurov: "Dadam futbolchi bo'la olmaganlari uchun meni futbolchi qilishni niyat qilganlar"
Ushbu intervyu iyul oyida saytimizda chiqqandi.
- Qaerda tug'ilgansiz va futbolga qanday kirib kelgansiz?
- Qashqadaryo viloyati CHiroqchi tumanida tavallud topganman. Futbol o'ynashni yoshligimdan yaxshi ko'rardim. Futbolchilik faoliyatimni CHiroqchida Islom Mavlonov qo'l ostida boshlaganman. Dadam aynan shu murabbiyga olib borganlar. SHunday qilib milionlar o'yiniga kirib kelganmgan.
9 yoshda Qarshi futbol maktab internatiga o'z kuchim bilan o'qishga kirganman. Bu erda uch yil davomida tahsil oldim. Qarshida Umar aka qo'l ostida futbol sir asrorlarini o'rganganman.
Keyin Muborakning "Mashal" akademiyasidan taklif bo'lgan va shu erga ko'chib o'tganman. Muborakda Eldor SHomurodov, Durbek Kamolov, Asliddin Abdiev kabi futbolchilar bilan birga Dilshod aka Andaev qo'l ostida tahsil olganman.
- Qanday qilib O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi azosiga aylangansiz?
- Samarqandda 1996 yilda tug'ilgan futbolchilar o'rtasida Respublika chempionati bo'lib o'tgandi. "Mashal" tarkibida Dilshod Nuraliev boshchiligidagi "Paxtakor" jamoasiga qarshi o'ynaganmiz. Finalda aynan "Paxtakor"ni mag'lub etib chempion bo'lgandik. Murabbiy o'yinimizni ko'rib O'zbekiston o'smirlar terma jamoasiga taklif qilganlar.
- O'smirlar terma jamoasida sardor bo'lgansiz? O'shanda sardorni kim tayinlagan?
- "Mashal"da ham sardor edim. Futbolchilarning o'zi jamoa sardorini saylaydi. Ko'pchilik meni tanlagan. SHunday qilib sardorlik bog'ichi menga topshirilgan. O'smirlar terma jamoasida aslida men vice-sardor edim. Sardor darvozabonimiz edi. Biroq u Osiyo chempionatining faqat birinchi turda maydonga tushgandi. Qolgan o'yinlarda esa aynan men jamoa sardori sifatida o'ynagandim.
- 2012 yilgi Osiyo chempionatini esga olsak...
- Erondagi Osiyo chempionati hech qachon esimdan chiqmaydi. Aslida guruhda qolib ketishimiz hech gap emasdi. Sababi so'nggi turda mag'lub bo'lib guruhdan chiqa olmasligimiz deyarli aniq edi. Barcha yigitlar xatto maydonning o'zida yig'lashni boshlab yuborishgandi. Qandaydir shok holatida edik. Biroq parallel tarzda kechgan bahsda Hindiston hisobni tenglashtirib qo'ygach biz musobaqaga qaytdik (kuladi). Qandaydir 5 daqiqa davomida biz uyga qaytayotgandik, lekin omad bizga kulib boqqan va guruhdan chiqqandik.
Janubiy Koreya bilan bahsda biz autsayder edik, ammo kuchli raqibni mag'lub etib yarim finalga va Jahon chempionatiga yo'llanma olgandik. Yarim finalda mezbon Eronni taslim qilib finalga chiqqanmiz. Hal qiluvchi bahsda penaltilar seriyasida Yaponiyadan ko'ra omadliroq bo'lib chiqib Osiyo chempioni bo'lganmiz.
- O'shanda kubokni jahon yulduzlaridan qolishmagan holda ko'targandingiz. Bunga alohida tayyorgarlik ko'rganmisiz?
- To'g'risi kubokni ko'tarasan deyishganida juda ham qattiq hayajonlanganman. Evropa jamoalari kubokni qanday ko'tarishganini yodga olib tavakkal kubokni baland ko'targandim. Barchasi tabiiy ravishda amalga oshgandi. O'sha damlar hayotimning eng unutilmas lahzalari bo'lib qolgan.
- Qita chempioni bo'lgach qanday o'zgarishlar bo'ldi?
- Osiyo chempionatidan so'ng "Mashal" asosiy tarkibiga kira boshladim. Klubda ham o'ynadim, terma jamoa safida Jahon chempionatiga ham tayyorgarlik ko'rishni boshlaganmiz. Biroq og'ir jarohat oldim va xatto mundialga bormasligim ham mumkin edi. Jahon chempionatiga bir yarim oy qolganida ham cho'loqlanib yurardim. O'shanda tunlari uxlamay trenajer zalida mashg'ulotlar qilib chiqardim. Sababi Jahon chempionatiga borish istagi juda ham kuchli edi. SHukurki barchasi yaxshi kechgan va BAAdagi mundialda ham ishtirok etgandim.
- Mundial qanday o'tgan?
- Guruhda dastlab Panamani 2:0 hisobida mag'lub etgandik, keyin Marokash bilan durang o'ynagadik. So'nggi turda Xorvatiyani taslim qilib jami 7 ochko bilan guruhdan chiqqandik. O'shanda Xorvatiya safida Alen Xalilovich o'ynardi.
Nimchorak finalda Gondurasga to'qnash kelgandik. O'sha bahsni hamon alam bilan eslayman. O'yin borasida raqibdan ustun edik, biroq hakam birinchi bo'limning o'zida Akrom Komilovga qizil kartochka ko'rsatib bizni qiyin aholga solib qo'ygandi. 0:1 hisobida mag'lub bo'lib mundialni tark etganmiz.
- Mag'lubiyatdan keyin kiyinish xonasida vaziyat qanday edi?
- Kiyinish xonasi juda daxshatli edi. Barcha yigitlar ruhan tushkunlikka tushib qolgandi. 10 kishi bo'lib ham juda yaxshi o'ynagandik. To'g'risi o'zimning ahvolim ham yomonligi uchun nimalar bo'lganiga ko'p ham etibor qilgmagandim. Mehmonxonada ham mag'lubiyatni o'ylayverib uxlolmay chiqardim. Dilshod Nuraliev bizga dalda berib ruhiy o'radan olib chiqishga harakat qilgandi. Ammo murabbiyning o'ziga ham qiyin bo'lganini sezish qiyin emas edi.
- Jahon chempionatidan keyin sizga Germaniya klubi qiziqib qolgandi...
-Ha, mundialdan so'ng Germaniyaning "Xoffenxaym" klubidan "Mashal"ga rasmiy taklif bo'ldi. Germaniyada bir oy davomida ushbu jamoaning yig'inida qatnashdim. U erdagi sharoitlar, muhit, futbolni tasavvur qilish juda qiyin. Farq juda katta edi. Germaniyada 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar ishtirok etadigan alohida liga mavjud ekan. O'sha yil "Xoffenxaym" U-20 jamoasi o'sha ligada chempionlikka erishgandi.
- Nima uchun ushbu klubga o'tmagansiz?
- "Xoffenxaym" murabbiylari mening harakatlarimdan qoniqish hosil qilishganini malum qilishgandi. To'g'risi nima uchun transfer amalga oshmay qolganini bilmayman. Barcha gap "Mashal" klubida qolgandi. Lekin Muborak klubidan xafa bo'lmaganman, har holda bu jamoa meni tarbiyalandi. SHu darajaga chiqishimda "Mashal"ning xissasi juda katta bo'ldi.
- Keyin nima bo'ldi?
- 2014 yil "Mashal" oliy ligaga qaytdi. O'sha yil oliy ligada debyut qildim. Murabbiylar menga ko'proq ishonch bildirishni boshlashdi. Ravshan Haydarov boshchiligidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida qatnashib qaytdim. Bu jamoa bilan ham Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdik. SHundan so'ng "Bunyodkor" va "Paxtakor" klublaridan takliflar bo'ldi.
- Siz "Bunyodkor"ni tanladingiz...
- To'g'ri, 2014 yil oxirida "Bunyodkor" Eldor SHomurodov ikkimizni "Mashal"dan sotib oldi. Sergey Lushan biz bilan O'zbekiston yoshlar terma jamoasida birga ishlagani uchun ham ikkalamizni klubga taklif qilgan bo'lsa kerak.
- Lekin klub sizni "Buxoro"ga ijaraga berib yubordi
- Jamoada raqobat juda kuchli bo'lgani uchunmi, murabbiylar hali yoshligim tufaylimi "Buxoro" klubiga ijaraga berishdi. To'g'risi "Bunyodkor"da zaxiradan o'tirgandan ko'ra "Buxoro"da o'yin amaliyotga ega bo'lish foydaliroq edi. SHu bois ijaraga rozi bo'lgandim. SHunday odatim borki, agar o'yinlarda ishtirok etmasam uydagilar bilan ham gaplashmay qo'yaman. "Mashal" orqali tanish bo'lgan Jamshid Saidov qo'l ostida "Buxoro"da o'ynaganman.
- O'tgan mavsum "So'g'diyona"ga urgan golingiz haqida so'ramasak bo'lmaydi. Tarkibda jarima to'pini tepadigan ko'plab yoshi katta futbolchilar bor bo'lgan bir paytda siz 35 metrdan gol urgansiz...
- Bilsangiz so'nggi turda "So'g'diyona" bilan o'ynagandik. Bir tur oldin esa "Neftchi" bilan to'qnash kelgandik. Farg'onaliklar bilan bahsda uzoq masofadan belgilangan jarima to'pidan gol urgandim. SHu bois Jizzaxda ham sheriklarim menga jarima to'pini menga ishonib topshrishgandi. Bazi futbolchilar darvozagacha masofa juda uzoqligini aytishdi, biroq o'zimda qandaydir ishonch borligi uchun bor kuchim bilan darvozaga zarba berib gol urdim. Bu golda omad ham, mehnat ham katta rol o'ynagan deb ayta olaman.
- "Bunyodkor" klubi haqida qanday fikrdasiz?
- "Bunyodkor" asosan yoshlarga etibor qilmoqda. Jamoa o'z tarbiyalanuvchilariga katta etibor berishni boshladi. Tarkibda turli yoshdagi terma jamoalarda o'ynagan futbolchilar borligi uchun bir-birimizni juda yaxshi tushunayapmiz. To'g'ri Osiyo chempionlar ligasida bizning omadimiz kelmadi. Lekin nasib qilsa keyingi mavsumda mag'lubiyatlar tasodif ekanini isbotlamoqchimiz. Birinchi davrani mag'lubiyatsiz o'tkazdik. Bu yaxshi natija, ammo hali chempion bo'lganimiz yo'q. Hali oldinda ikkinchi davra bor. CHempionatda kurash keskin kechadi. Maqsadimiz chempionatda va O'zbekiston kubogida g'olib bo'lish.
- Dadangiz futbolning ashaddiy muxlisi deb eshitdik...
- Albatta. Dadam o'zi futbolchi bo'la olmagani uchun meni futbolchi qilishni niyat qilganlar. Ozmi ko'pmi orzulariga etishmoqdalar. Dadam asosiy tanqidchim desam ham bo'ladi (kuladi). Har bir o'yinimni kuzatib borib, xatolarimni aytib turadilar. Doim o'zlarining hayotiy maslahatlari bilan menga tanbeh berib boradilar. Borlariga shukur.
- Dilshod Andaev va Dilshod Nuraliev qanday murabbiy?
- Dilshod Andaev juda ham qattiqo'l va talabchan murabbiy. U yoshlar bilan ishlashni qoyillatardilar. Tonggi soat 5da yigitlarni mashg'ulotlarga olib chiqardilar. Bu futbolchilarning chiniqishiga katta yordam berardi. Dilshod Nuraliev esa taktik murabbiy desak bo'ladi. Bu murabbiyda juda katta tajriba bor. Har bir raqibga qarshi alohida taktika tuzib chiqardi, shu bois ham Osiyo chempionatida va Jahon chempionatida munosib ishtirok etganmiz.
- Sergey Lushanchi?
- Lushan maydondan tashqarida juda hazilkash, lekin mashg'ulotlar va o'yinlar vaqtida juda ham qattiqo'l murabbiy. U kuchli ruhshunos, yosh futbolchilar ruhan tayyorlay oladi. Istalgan futbolchini istalgan raqibga qarshi o'ynashga chorlay oladi.
- Evropa chempionatida qaysi jamoaga muxlislik qildingiz? Kimlar kashfiyot bo'ldi?
- EVRO-2016da Germaniya va Franciyaga muxlislik qildim. Aynan shu ikki jamoadan biri chempion bo'lishini kutgandim. Lekin Portugaliya futbolda barcha narsa bo'lishi mumkinligini isbotladi. Futbolchilar orasida franciyalik Dimitri Paye kashfiyot bo'ldi deya olaman. Terma jamoalardan yarim finalga chiqqan Uels va barchaning mehrini qozongan Islandiyani kashfiyot sifatida qayd etish mumkin.
Narzulla Saydullaev
Fikrlar