Otabek G'ulomxo'jaev: "Haqiqiy kuchimiz saralash o'yinlarida ko'rinadi" (davomi)
06 sen 2019 15:30
Yangiliklar
Otabek G'ulomxo'jaev: "Haqiqiy kuchimiz saralash o'yinlarida ko'rinadi" (davomi)
O'quvchilar intervyuning birinchi qismini kecha mutolaa qildilar.
Otabek G'ulomxo'jaev: "Haqiqiy kuchimiz saralash o'yinlarida ko'rinadi" (1-qism)
Suhbat mobaynida Otabek G'ulomxo'jaevning ichki kechinmalarini, shuningdek boshqa murabbiylar bilan o'zaro munosabati qay darajada ekanligini bilishga harakat qildim. Quyida mazkur intervyuning davomini o'qishingiz mumkin.
- O'zbekiston U-19 terma jamoasining qaysi chizig'idan ko'nglingiz to'q va qaysi chiziq ustida ko'proq ishlash kerak deb hisoblaysiz?
- Darvoza va yarim himoyadan ko'nglim to'q. Lekin markaziy himoyadan hech ko'nglim to'lmayapti. Bizga yaxshi markaziy himoyachilar kerak va bu borada selekciya ishlarini olib boryapmiz.
- Himoyadagi muammolar CAFA U-19 Championship musobaqasida ham ko'zga tashlandimi?
- Ha. Tojikistondagi turnir davomida himoya chizig'ida bir nechta o'zgarishlarni sinab ko'rdik. Bu musobaqada kerak paytda himoyaviy o'ynadik, kerak paytda yuqori pressing ishlatdik, o'tkazib yuborilgan gollarda xatolarimizni ko'rib oldik. Va aytishim mumkinki, xato saralash o'yinlarida emas, balki shu musobaqada ko'zga tashlangani yaxshi bo'ldi. Biz qaysi kamchiliklarni bartaraf etish kerakligini endi yaxshiroq bilamiz.
- Afg'oniston qanday taassurot qoldirdi? Har holda U-19 Osiyo chempionati saralashida bu jamoa bilan bir guruhda o'ynaymiz.
- Endi ularning ham harakat qilayotgani ko'rinib turibdi. Futbolchilarida ishtiyoq yuqori, lekin biz ulardan ustunmiz. Balki kimdir 2:2 o'ynadinglar, nimalar deyapsiz deyishi mumkin, lekin xohlasak bu jamoaga beshta gol uramiz. Faqat CAFA U-19 Championship musobaqasida kutilmagan durang qayd etildi. Uchrashuv oxirigacha 2:0 hisobida yutib turgandik, oxirgi 10 daqiqada ikkita gol o'tkazib yubordik. Osiyo chempionati saralash bosqichida bu jamoaga qarshi qiynalmaymiz deb o'ylayman.
- Ish faoliyatingizda qaysi murabbiylardan maslahat olib turasiz?
- Andrey SHipilov, Vadim Abramov kabi murabbiylardan ko'p maslahat olganman. Menga ayniqsa Vadim Abramovning futbolchilar bilan gaplashishi yoqadi. U kishi kimga qanday muomala qilish kerakligini juda yaxshi biladi. “Nasaf” bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdievning ham ishini muntazam kuzatib boraman.
Andijonda ish boshlagan Aleksandr Xomyakovni qattiq hurmat qilaman. Mashg'ulotlarni tashkil qilish va o'tkazish jarayoni borasida Xomyakovdan ko'p maslahat so'raganman. Hatto u kishining mashg'ulot o'tkazish jarayonini fleshkamga yozib olgandim. To'g'risi, men o'qib o'rganishdan hech qachon chekinmayman va kimdan biron nimani so'rash kerak bo'lsa, so'rashdan aslo uyalmayman. Umuman olganda qaysi murabbiy ishlayotgan bo'lsa, borib nimadir o'rganishga harakat qilaman: bolalar murabbiyimi yo Superliga jamoasi murabbiyimi, buning menga farqi yo'q.
- Ustoz-murabbiy sifatida kimlarni ko'rsata olasiz?
- Menga nimadir o'rgatgan har bir murabbiyni o'zimga ustoz deb bilaman. Agar faoliyatimga katta tasir ko'rsatgan ustozlar haqida gap ketsa, birinchi navbatda Sayfiddin Ermatovni tilga olgan bo'lardim. U kishi menga ko'p narsa o'rgatgan. Murabbiy bo'lishimga Dilshod Nuraliev, Lenur Eremeev kabi mutaxassislarning qo'shgan hissasi katta. Samvel Babayan esa o'sha paytda menga ishonch bildirib "Paxtakor"ning 1995 yilda tug'ilgan futbolchilarni topshirgandi. SHuningdek, Mirjalol Qosimov, Vadim SHodimatov, Sergey Lushan kabi murabbiylardan ham minnatdorman.
- Hech Ektor Kuperning ish uslubiga qiziqib ko'rdingizmi?
- Kuper juda tig'iz odam, uning bo'sh payti kam. Argentinalik murabbiydan o'rgansa bo'ladigan jihatlar ko'p, ammo o'z navbatida menga unchalik yoqmaydigan usullari ham bor. Masalan, himoyaviy taktika tanlashini unchalik xushlamayman. Endi bu o'zimning shaxsiy fikrim. CHunki bizda ijrochilar bor va bemalol futbolchilar kuchidan foydalanib ishlasa bo'ladi. Men Kuperga maslahat berishga ojizman, faqat o'z kuzatuvim bo'yicha terma jamoa himoyaviy o'ynamasin deyman.
- U-19 Osiyo chempionati reglamentiga ko'ra, terma jamoalar saralash bosqichida 11ta guruhga bo'linadi. Har bir guruh g'olibi va 4ta eng yaxshi ikkinchi o'rin egasi qita birinchiliga yo'llanma oladi. Jamoamizning salohiyati va kuchidan kelib chiqib ichki hissiyot nima deyapti: biz Osiyo chempionatiga boramizmi?
- Ichimda jamoaga nisbatan ishonch bor. Biz Saudiya Arabistoniga guruhda birinchi o'rinni egallash uchun boramiz. Agar hammasi ko'ngildagidek kechsa, mana ko'rasiz uyga Osiyo chempionati yo'llanmasi bilan qaytamiz.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Fikrlar