Osiyo kubogi-2023. Janubiy Koreya, Iroq va Iordaniya ishtirokidagi o'yinlar prevyusi
15 jan 2024 17:00
Yangiliklar
Osiyo kubogi-2023. Janubiy Koreya, Iroq va Iordaniya ishtirokidagi o'yinlar prevyusi
Janubiy Koreya — Bahrayn
O'zaro o'yinlar tarixi
Jamoalar Osiyo kubogi doirasida uch marotaba to'qnash kelgan. 2007 yilgi turnir guruh bosqichida Bahrayn 2:1 hisobida ustun kelgan. 2011 va 2019 yilgi musobaqalarda esa Janubiy Koreya bir xil — 2:1 hisobida g'alaba qozongan. Ikki jamoa jami 24 marotaba to'qnash kelgan bo'lib, ularning 16 tasida Janubiy Koreya, 3 tasida Bahrayn g'alaba qozongan, yana 5 o'yinda kuchlar teng kelgan.
Osiyo kubogidagi ishtirok
Janubiy Koreya 15-marotaba qita birinchiligida ishtirok etmoqda. Koreyaliklar turnir tarixidagi dastlabki ikki titulni qo'lga kiritgan va 1960 yildan buyon boshqa sovrin yuta olmagan.
Bahrayn esa 6 marotaba final bosqichida qatnashib, 2004 yil 4-o'rin bilan kifoyalangan.
Saralash bosqichi
Janubiy Koreya 2022 yilgi jahon chempionati saralash bosqichining so'nggi raundiga yo'l olgani sababli avtomatik ravishda musobaqa ishtirokchisiga aylangandi.
Bahrayn esa 3-saralash bosqichida Malayziya, Turkmaniston va Bangladeshni ortda qoldirdi.
Turnirga tayyorgarlik
Janubiy Koreya turnir arafasida BAAning Abu Dabi shahrida yig'in o'tkazib, Iroqqa qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi va 1:0 hisobida zafar quchdi.
Bahrayn ham BAAda yig'in o'tkazib, Avstraliya (0:2) va Angola (0:3)ga yutqazib qo'ydi.
Jamoalar qiymati
Nufuzli Transfermarkt portali Janubiy Koreya terma jamoasini 193 million evro, Bahrayn terma jamoasini esa 10 million evroga baholagan.
Murabbiylar fikri
Yurgen Klinsmann (Janubiy Koreya bosh murabbiyi): "Dastlabki o'yin biz uchun juda muhim, turnirni yaxshi kayfiyatda boshlashni istaymiz. Musobaqadagi barcha jamoalar kuchli, biz hech bir raqibning imkoniyatini past baholamaymiz.
Biz uzoq kelajak haqida o'ylamaymiz, hozirda faqat Bahrayn to'g'risida bosh qotiryapmiz. Bizni qiyin o'yin kutib turibdi, lekin o'z o'yinimizni ko'rsatib, oxirigacha shu erda qolishni istaymiz."
Xuan Antonio Picci (Bahrayn bosh murabbiyi): "Biz juda optimistmiz, bizni oldinda uchta qiyin o'yin kutib turganini yaxshi bilamiz. Janubiy Koreyada ajoyib o'yinchilar mavjud, biroq raqibga qarshilik qilishga harakat qilaman. Umid qilamanki, yaxshi natijaga erishamiz. Hozirgi maqsadimiz — 1/8 finalga chiqish."
Qiziqarli faktlar
- Janubiy Koreya oxirgi ikki Osiyo kubogi guruh bosqichida (6 o'yin) o'z darvozasidan gol o'tkazib yubormagan, faqat Eron (2011–2019 yillar oralig'ida 8 o'yin) yaxshiroq natija qayd etgan.
- Janubiy Koreya avvalgi 14 ishtiroki davomida dastlabki turda faqat bir marotaba mag'lub bo'lgan (5 g'alaba, 8 durang), yagona mag'lubiyat 1964 yil Hindiston bilan uchrashuvda sodir bo'lgan.
- Bahrayn o'z tarixida Osiyo kubogining 1-turida g'alaba qozona olmagan (3 durang, 3 mag'lubiyat), shu jumladan, 2011 yil Janubiy Koreyaga yutqazgan.
Imkoniyatlar: 50–30–20
Indoneziya — Iroq
O'zaro o'yinlar tarixi
Indoneziya va Iroq hozirga qadar 12 marotaba to'qnash kelgan bo'lib, ularning 7 tasida Iroq, 2 tasida Indoneziya g'alaba qozongan, yana 3 uchrashuv durang bilan yakunlangan.
Osiyo kubogidagi ishtirok
Indoneziya 4 marotaba turnirda ishtirok etib, hozirga qadar guruh bosqichidan nariga o'ta olmagan.
Iroq 9 marta musobaqada qatnashib, 2007 yil bosh sovrinni qo'lga kiritgan.
Saralash bosqichi
Indoneziya 3-bosqichda Iordaniya, Kuvayt va Nepal joylashgan guruhda 2-o'rinni egalladi.
Iroq 2022 yilgi jahon chempionati saralash bosqichining so'nggi raundiga yo'l olgani sababli avtomatik ravishda musobaqa ishtirokchisiga aylangandi.
Turnirga tayyorgarlik
Indoneziya yanvar oyi Turkiyada Afrika vakili Libyaga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazib, 0:4 va 1:2 hisoblarida mag'lub bo'ldi. Keyinchalik Qatarda Eronga 0:5 hisobida yutqazdi.
Iroq BAAning Abu Dabi shahrida Janubiy Koreya bilan kuch sinashib, 0:1 hisobida yutqazdi.
Jamoalar qiymati
Nufuzli Transfermarkt portali Indoneziya terma jamoasini 8.9 million evro, Iroq terma jamoasini esa 12.35 million evroga baholagan.
Murabbiylar fikri
Sin Txe Yon (Indoneziya bosh murabbiyi): "Iroq bilan jamoamiz o'rtasida katta tafovut mavjud, ikki jamoa imkoniyatlarini barcha biladi.
Biz guruhdagi eng yosh jamoamiz, shunga qaramay, yigitlarda ulkan salohiyat bor. Biz nafaqat o'z darajamizni, balki natijalarimizni ham yaxshilamoqchimiz. Ertaga nima bo'lishini hech kim bilmaydi.
Guruh autsayderi hisoblansak-da, orqaga yotib olib himoyalanaversak, Indoneziya futboli rivojlanmaydi. Biz zamonaviy futbol tendenciyalariga ergashish va bosqichma-bosqich kuchli darajada chiqishni istaymiz, buning uchun qo'limizdan kelganini amalga oshiramiz. Bizning taktikamiz nafaqat natijaga, balki Indoneziya futbolini rivojlantirishga qaratiladi.
Xesus Kasas (Iroq bosh murabbiyi): "Indoneziya biz kabi futboli rivojlanayotgan hamda Evropadan o'yinchilar olib kelayotgan terma jamoa hisoblanadi, shu bois, bo'lajak o'yin qiyin o'tishi tabiiy. Biz g'alaba qozonishni istaymiz, lekin bunga osonlik bilan erishib bo'lmaydi. Indoneziya o'zaro so'nggi o'yindagi mag'lubiyat uchun revansh olish ilinjida maydonga tushadi. Biz bo'lajak uchrashuvga bor diqqatimizni qaratamiz."
Qiziqarli faktlar
- Ikki jamoa Osiyo kubogi doirasida ilk marotaba to'qnash keladi.
- Indoneziya to'rt marotaba Osiyo kubogida qatnashib, biror marta pley-offga chiqa olmagan bo'lsa-da, dastlabki turda mag'lubiyatga uchramagan (2 g'alaba, 2 durang). SHu jumladan, oxirgi ikki ishtiroki davomida 1-turda g'olib chiqqan.
- Iroq Osiyo kubogi guruh bosqichidagi so'nggi 8 uchrashuvning faqat bittasida mag'lub bo'ldi (6 g'alaba, 1 durang).
- Iroq oxirgi marta 2011 yilgi musobaqaning 1-turida Eronga mag'lubiyatga uchragan.
Imkoniyatlar: 30-30-40
Malayziya — Iordaniya
O'zaro o'yinlar tarixi
Malayziya va Iordaniya o'zaro 5 marotaba to'qnash kelgan bo'lib, ularning 3 tasida Iordaniya g'alaba qozongan, yana 2 o'yinda durang qayd etilgan.
Osiyo kubogidagi ishtirok
Dastlab Malaya, keyinchalik hozirgi nom ostida Osiyo kubogida ishtirok eta boshlagan Malayziya uch marotaba guruh bosqichida qolib ketgan.
Iordaniya to'rt marotaba turnirda qatnashib, uchtasida guruhdan chiqishni uddalagan. Eng yaxshi natija — chorak final.
Saralash bosqichi
Malayziya 3-saralash bosqichida Bahrayn, Turkmaniston va Bangladesh bilan bir guruhdan joy olib, guruhda 2-o'rinni egalladi.
Iordaniya xuddi shu bosqichda Indoneziya, Kuvayt va Nepalni ortda qoldirdi.
Turnirga tayyorgarlik
Malayziya yanvar oyida Suriyaga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushib, 2:2 hisobida durang o'ynadi.
Iordaniya yil boshida Qatarni 2:1 hisobida mag'lub etib, Yaponiyaga 1:6 hisobida mag'lub bo'ldi.
Jamoalar qiymati
Nufuzli Transfermarkt portali Malayziya terma jamoasini 6.78 million evro, Iordaniya terma jamoasini esa 13.65 million evroga baholagan.
Murabbiylar fikri
Kim Pan Gon (Malayziya bosh murabbiyi): "Jamoamiz Iordaniyaga qarshi uchrashuvga to'liq tayyor. O'ylaymanki, biz o'z o'yinimizni namoyish eta olamiz. Jarohat olgan futbolchilar borligiga qaramay, bo'lajak o'yin uchun kuchli jamoa shakllangan.
Iordaniya uchun o'yin rejasini ishlab chiqdik, shogirdlarimning o'ziga bo'lgan ishonchi yuqori. Iordaniyani mag'lub etib, tarix sahifalaridan o'rin olmoqchimiz. Nimchorak final uchun kurashamiz."
Husayn Ammuta (Iordaniya bosh murabbiyi): "Dastlabki o'yin barcha jamoalar uchun muhim ahamiyatga ega, biz ertangi uchrashuvni intiqlik bilan kutyapmiz. Asosiy etiborimiz mustahkam himoyani tashkil etgan holda uch ochkoni qo'lga kiritishga qaratilgan. O'yin oson o'tmasligini his qilib turibmiz. Har bir raqibning o'ziga xos kuchli jihatlari borligini inobatga olsak, biror raqibni autsayder deb ayta olmaymiz.
Bosh maqsadimiz — uch ochko qo'lga kiritish va turnirni ijobiy natija bilan boshlash."
Qiziqarli faktlar
- Ikki jamoa Osiyo kubogida ilk marotaba to'qnash kelmoqda. Ular o'rtasida xalqaro darajadagi yagona uchrashuv 1988 yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichiga to'g'ri keldi, mazkur bahsda hisob ochilmagan.
- Iordaniya oxirgi Osiyo kubogi guruh bosqichida o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
- Malayziya Osiyo kubogidagi 9 o'yinning atigi bittasida g'alaba qozongan.
Imkoniyatlar: 30-30-40
Fikrlar