So’nggi yangiliklar

01:41Паоло Мальдини: "Роналду – топ ўйинчи ва кучли шахсият, аммо мен Мессини афзал кўраман"  8 01:05Лукакунинг янги клуби деярли маълум  1 00:29Ўртоқлик учрашуви. "Дўстлик" Тожикистон Олий лигаси жамоасини мағлуб этди  0 23:55Ўртоқлик учрашуви. "Навбаҳор" "Хоразм"ни минимал ҳисобда таслим этди  0 23:40Қозоғистон Лига кубоги. "Турон" ва "Ордабаси" ўртасидаги ўйинда жанговар дуранг қайд этилди  0 23:27"Тоттенхэм" 60 млн фунтлик ўйинчисини Саудия Арабистонига қўйиб юборишга тайёр  0 22:47Расман: Санжар Қувватов "Нефтчи"ни тарк этди  9 22:39Ўртоқлик учрашуви. "Пахтакор" Чераннинг голи эвазига "Қўқон-1912"ни мағлуб этди  8 22:30Назорат учрашуви. "Бунёдкор" "Арал"ни йирик ҳисобда мағлуб этди  3 21:58МЮ товон пули 60 млн евро бўлган испаниялик хавбекка қизиқмоқда  1 21:32"Ман Юнайтед" Маунтни сотишни режалаштирмаяпти. Хавбек янги мавсумда ўзини кўрсатмоқчи  1 21:06"Mirabror Usmanov Cup-2024". Ўзбекистон Қирғиз Республикасини мағлуб этди, Нишоновдан хет-трик!  3 21:01Фюллькруг Ла Лига гранди сафига ўтиши мумкин  1 20:27Назорат учрашуви. "Андижон" ва "Қизилқум" ўртасидаги ўйинда 4та гол урилди  7 19:59"Фенербахче" "Севилья" билан Юссеф Эн-Несири трансфери бўйича келишувга эришди, аммо...  1

Orzuga ishon va olg'a harakatdan to'xtama Yangiliklar

Orzuga ishon va olg'a harakatdan to'xtama

Teglar :  Ixtiyor Yaxshiev
2024 yil O'zbekistonda "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili" deb elon qilindi. Yoshlarni qo'llab-quvvatlovchilarning oldingi safida murabbiylar turishi barchaga yaxshi malum.

Zero, yigit-qizlarga to'g'ri yo'lni ko'rsatgan, o'zi tanlagan sohasida bilimlari va zafar quchish bo'yicha hayotiy tajribasi bilan o'rtoqlashgan ustozlar yangi avlodning baxtli bo'lishiga katta hissa qo'shishi shubhasiz. 

Har birimiz yangi yil ostonasida turib yangi orzular haqida o'ylash, ularga erishish bo'yicha rejalar tuzishga odatlanganmiz. 2024 yil sport ahli uchun  boshqa sohalardan o'ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Jumladan, Franciya poytaxti Parij shahrida navbatdagi yozgi olimpiya o'yinlari bo'lib o'tadi. Eng nufuzli musobaqalarda o'zbek polvonlari kurash gilamlarida munosib bellashib zafar quchganiga tarixdan ko'plab misollar keltirish mumkin. Ana shu ananalar davom etishi uchun esa kurashchilarning yangi yosh avlodini tarbiyalab voyaga etkazish talab etiladi. Bugungi maqolamizda biz yunon-rim* kurashi bo'yicha sport ustasi, hali yosh bo'lshiga qaramay bir qator istedodli polvonlarning nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko'tarilishiga sababchi bo'lgan murabbiy Ixtiyor Yaxshiev haqida hikoya qilmoqchimiz.

Ixtiyor Navoiyda tug'ilib o'sgan, bolaligidan imon va halollikni, maqsadga erishish yo'lida sobitqadamlik bilan olg'a intilishni birinchi o'ringa qo'yadiganlar qurshovida voyaga etgan. Ota-onasi va kattalar tasirida kurash bilan shug'ullana boshlagan. Avvaliga bu shunchaki sevimli mashg'ulot edi. Keyin esa hayotining mazmuniga aylandi. 13 yoshidan yunon-rim kurashi bo'yicha mamlakat o'smirlar terma jamoasiga taklif etildi, so'ngra yoshlar va milliy terma jamoalar tarkibida ko'plab musobaqalarda munosib ishtirok etdi. 

Yaxshievning tirishqoqligi, qo'lga kiritgan g'alabalaridan ilhomlangan tengqurlari ham kurash zaliga kelib, mashg'ulotlarga qatnay boshlashdi. Ular nafaqat jismoniy jihatdan sog'lom va kuchli bo'lish, raqibni dog'da qoldirish sirlarini o'rganishdi, balki manaviy jihatdan ham o'sishdi. 

Navoiylik polvon 2003 yili yoshlar o'rtasida mamlakat birinchiligi finalida imkoniyatni boy berib, ikkinchi o'rin bilan qanoatlangach, keyingi yillarda o'z vazn toifasida tengsizligini isbotlashga erishdi. Sport ustasi unvoniga loyiq ko'rildi. Yunon-rim kurashi bilan birga belbog'li kurash bo'yicha musobaqalarda ham omadini sinab ko'rdi va 2007 yili Toshkentda o'tgan mamlakat chempionatida bronza medaliga sazovor bo'ldi. 

2004-2008 yillar mobaynida Ixtiyor Navoiy davlat pelagogika institutida tahsil oldi. Talabalik davridayoq 2005 yildan Navoiy shahridagi 3-bolalar-o'smirlar sport maktabida o'zi ham bevosita murabbiylik qila boshladi.

Bunga turtki bo'lgan voqeani eslab o'tish joiz. Universiada dasturidan o'rin olgan musobaqa vaqtida taqdir taqozosi bilan jamoadoshlaridan ikkitasi deyarli bir paytda gilamga chiqishiga to'g'ri kelgan. Murabbiy esa bitta. SHunda Yaxshiev sherigining bellashuvga tayyorlanishiga ko'maklashgan, yani uning chigilyozdi mashqlarini bajarishi vaqtida ko'rsatmalar bergan, bellashuv davomida raqibning zaif jihatlarini kuzatib, tavsiyalari bilan jamoadoshining g'olib chiqib o'z vazn toifasida birinchi o'rinni egallashiga hissa qo'shgan. 

- Aynan o'sha kuni murabbiylikning tamomila o'zgacha zavqi borligini his qilganman. Boshqalarning zafari taqdim etadigan shavq o'ziga rom etib qo'ygan. Albatta murabbiylik qilaman degan qarorga kelganman, - deydi Ixtiyor.

Yaxshiev gilamda kurash tushishning ajoyib texnikasini namoyish etardi. Raqib harakatlarini oldindan seza olishi oqibatida mushkul vaziyatlardan chiqib ketishi, kutilmagan usullari bilan ustunlikka erishishi nafaqat mutaxassislar va hakamlarning, balki boshqa kurashchilarning ham etiborini qozondi. Muloqot chog'ida fikr-mulohazalarini sodda va tushunarli tarzda ifodalashi esa ko'plab sportchilarni ohanrabodek torta boshladi.

- Bir vaqtning o'zida ham iqtidorli kurashchi ham murabbiy bo'la oladiganlar juda kam, Agar siz, Ixtiyor, yakka tartibda mashg'ulot o'tsangiz, men ikkilanmasdan sizning boshchiligingizda shug'ullangan bo'lardim, - dedi bir kuni Alijon Husenov.

SHu tariqa Yaxshiev bolalar maktabidagi havaskorlarga emas, kurash bilan professional shug'ullanayotgan sportchiga murabbiylik qilishga kirishdi. 2012 yildan boshlangan hamkorlik bois Alijon ketma-ket to'rt yil yunon-rim kurashi bo'yicha O'zbekiston chempioni bo'ldi, Qozog'iston va Tailandda o'tkazilgan xalqaro turnirlarda oltin va kumush medallarni qo'lga kiritdi. G'alabalar o'z-o'zidan kelmadi. Ularning zaminida sportchi va murabbiyning ko'p yillik mehnati bor. Ixtiyor taklif qilgan dastur va mashqlar Alijonga yordam berdi, kurashda juda muhim bo'lgan xislatlarni rivojlantirishga, texnikani sayqallashga sababchi bo'ldi. 

Yunon-rim kurashida xarakterga ega, strategiya va jang texnikasini o'zlashtirgan tirishqoq sportchigina chempionlik shohsupasiga ko'tarila oladi. To'rabek Tirkashev o'spirinlik davrida Ixtiyor Yaxshievga shogird tushib, olti yillik hamkorlik natijasida milliy va xalqaro turnirlarda turli vazn toifalarida to'qqizta nufuzli mukofot sohibiga aylandi, Hindiston, Rossiya, Finlyandiya, Qozog'iston va boshqa mamlakatlarda shohsupaga ko'tarildi. Bronzani oltinga aylantirish uchun kundalik mashg'ulotlarda sabot bilan ishlashga to'g'ri keldi, har bir g'alabadan keyin orzu sari intilish kuchayib bordi.

- Murabbiy Yaxshievning eng zo'r xususiyati vaziyatdan kelib chiqib qalbga etib boradigan so'zlarni topish qobiliyatidir. Bu mashqni tushuntirishda, texnikani talqin qilishda, jangga to'g'ri taktika tanlashda namoyon bo'ladi. SHuningdek, turnir oldidan beradigan ko'rsatmalari va keyingi uzoq suhbatlari tasirli ekanini alohida takidlash darkor. Bilasizmi, birorta musobaqani og'ir his-tuyg'u bilan tark etganimni eslay olmayman. Men har qanday tajribadan zavq olishni o'rgandim va murabbiyim tufayli muvaffaqiyatsiz bellashuvlarimdan so'ng qaddimni tiklashga, g'alabalarni esa o'sish nuqtalariga aylantirishga o'rgandim, - deydi To'rabek Tirkashev.

Ixtiyor Yaxshiev qo'l ostida shug'ullanib O'zbekiston chempionati va kubogi, xalqaro musobaqalarda g'olib va sovrindor bo'lgan sportchilardan Bobur Abdurasulov, Islom Rahmatov, Temur Bahronov, Mirjalol Rashidov kabilarni sanab o'tish mumkin. SHu bilan birga 23 yoshgacha kurashchilar o'rtasida Osiyo chempionati bronza medali sovrindori Akmal Hamroevni alohida etirof etish darkor. 

2012 yildan buyon Yaxshievning shogirdi bo'lgan Akmal Navoiy shahridagi “So'g'diyona” sport zalida umumiy jismoniy tayyorgarligini yaxshilash, texnika va muayyan usullarni o'rinli qo'llash, to'g'ri surat va izchil harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida muntazam mashq qildi. Parter va tik turgan holda maromiga etkazib kurashish uchun mashqlarni bajardi, mahoratini eng yaxshi tomondan ko'rsatish uchun mashg'ulotlarda burilish va rulon texnikasini mukammal o'zlashtirdi. Bundan tashqari, murabbiy Akmalning ruhiyatiga va jismoniy qobiliyatini yaxshilash muhimligiga alohida etibor qaratdi. 

Hamroev ortda qolgan davr mobaynida yunon-rim kurashi bo'yicha ikki marta mamlakat chempioni, bir necha bor milliy chempionat va kubok bahslarida sovrindor bo'ldi. Moskvada o'tgan xalqaro musobaqada finalga chiqib ikkinchi o'rin sohibiga aylandi. Akmalning jang davomida parterda ishonchli harakat qilishi mutahassislarni hayratga soladi. Aytishlaricha, oldinda uni yana ko'plab nufuzli g'alabalar kutib turibdi.

-  Menda chempionlarni tarbiyalashning alohida siri yo'q, - deydi kamtarlik bilan Ixtiyor Yaxshiev. – Mening mashg'ulotlarimda hamma narsa boshqalarnikiga o'xshaydi, yani maqsadlarni aniq belgilash, intizom, muntazam va sabot bilan shug'ullanish. Busiz yaxshi natijalarga erishish qiyin. O'z navbatida, har bir shogirdimning o'ziga xos xususiyatlarini inobatga olamiz, kuchli tomonlaridan samarali foydalanishga, zaif jihatlarini sezdirmaslikka harakat qilamiz.

2022 yil 12-19 iyun kunlari o'zbekistonlik murabbiyni AQSHga, Las-Vegasdagi o'quv-mashg'ulot yig'iniga taklif qilishdi. Ixtiyor Amerikaning eng yaxshi murabbiylari va kurashchilari bilan tajriba almashishga muvaffaq bo'ldi. Hamyurtimiz ayniqsa mashhur Devid Karr bilan uchrashganini mamnuniyat bilan etirof etadi. Devid o'z vaqtida o'smirlar o'rtasida jahon chempioni, kattalar o'rtasida AQSH ochiq chempionati g'olibi, ko'plab nufuzli musobaqalarning yulduzi sifatida tanilgan. Karr o'zbek hamkasbining texnikasi va murabbiylik qobiliyatiga yuksak baho berdi hamda AQSHda ishlashni tavsiya qildi. 

“Beat the streets Club” zalida hozir mahalliy sportchilar bilan birga Rossiya, O'zbekiston, Qozog'iston va boshqa mamlakatlardan kelgan kurashchilar bevosita Ixtiyor Yaxshiev rahbarligida shug'ullanmoqda. O'zbekistonlik mutaxassisni Floyd Meyvezer boks akademiyasiga tajriba almashish, MDHdagi jang texnikasi haqidagi bilimlari bilan o'rtoqlashish uchun tez-tez taklif qilib turishadi. Kelajakda Ixtiyor o'zining kurash klubini ochishni rejalashtirmoqda. Klubning asosiy vazifasi MDH va AQSHda qabul qilingan o'quv dasturlaridan foydalangan holda yangi kurashchi va jangchilarni tayyorlash bo'ladi. Eng muhimi, hamyurtimiz kattalar o'rtasida jahon chempionlarini tarbiyalash yo'lida ishlamoqda. Biz tez orada Ixtiyor Yaxshievning shogirdlari eng nufuzli xalqaro musobaqalarda shohsupaga ko'tarilganida o'zbek kurash maktabi tarixiga yangi sahifa bitilganidan faxrlanamiz deb umid qilib qolamiz. Zero u orzuga ishonadi va maqsad sari tinmay olg'a intiladi.


* Sport turi aynan shunday, yani yunon-rim kurashi shaklida berilishi zarur. Greko-rimskaya borba (Greco-Roman wrestling) iborasida Italiya poytaxti Rim nazarda tutilgan, Turkiya hududida joylashgan hozirgi Konya qadimda Rum shahri deb atalgan va klassik kurashga nisbatan qo'llanishi maqsadga muvofiq emas.


Mirzahakim To'xtamirzaev

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика