Orif Mamatkazin, "Obod" sobiq ustozi, "Neftchi" afsonasi - U-19 chempionatida ishlaydigan murabbiylar bilan tanishamiz (1-qism)
19 mar 13:00
Yangiliklar
Orif Mamatkazin, "Obod" sobiq ustozi, "Neftchi" afsonasi - U-19 chempionatida ishlaydigan murabbiylar bilan tanishamiz (1-qism)
O'zbekistonda futbol faqat Superligadan iborat emas, shunday ekan pastki bo'g'indagi jamoalarni ham etiborsiz qoldirish to'g'ri bo'lmaydi. Avvalgi maqolalarimizda U-21 chempionatida ishlaydigan murabbiylar, sobiq yulduzlar haqida malumot bergan edik. Bugun U-19 jamoalarini boshqarayotgan murabbiylarga navbatni beramiz. Xabaringiz bor, joriy mavsumda mazkur chempionat 2 ta sharq va g'arb mintaqalariga bo'lingan holda o'tkaziladi. Dastlab sharqiy zona jamoalaridan boshlaymiz.
Orif va Artur Mamatkazin - "Andijon"
Nafaqat Andijon balki o'zbek futbolida Orif Mamatkazin nomi barchaga tanish. Katta avlod vakillari uning "Andijon"dagi futbolchilik faoliyatini yaxshi eslashadi. Murabbiy sifatida ham turli yillarda "Andijon"ning bosh jamoasini boshqargan. So'nggi yillarda Andijon futbol associaciyasida texnik direktor ishlab kelayotgan Orif Ismoilovich o'tgan yildan boshlab U-19 jamoasi boshqaruvini qo'lga oldi. Mutaxassis aprel oyida Islom Ahmedovning o'rniga tayinlandi. Orif Mamatkazinga "Andijon" U-19da o'g'li Artur Mamatkazin ko'maklashmoqda.
"Ha, men yana o'z ishim bilan shug'ullanyapman. Murabbiylik mening sevimli ishim. Yana qaytganimdan xursandman",- degan edi murabbiy klub matbuot xizmatiga.
Bobur Zuhriddinov - "Bunyodkor"
"Bunyodkor" U-19 jamoasi bevosita o'rinbosarlar va asosiy tarkibga futbolchi etkazib berishdagi muhim bog'lam hisoblanadi. Avvalgi yilda "qaldirg'ochlar"ga Temur Boboxonov va Artur Kagirov ustozlik qilgan bo'lsa, 2024 yilda klub bu jamoada ham murabbiyni o'zgartirishga qaror qildi. Birinchi ligada "Bunyodkor-Farm" bilan munosib qatnashgan va Birinchilik Kubogida g'olib chiqqan Bobur Zuhriddinov endi U-19 jamoaga masul bo'ladi. Bobur Zuhriddinovni murabbiy sifatida 2016 yil "Obod"dagi faoliyati orqali bilamiz. 2015 yil "Obod"ning Superligaga yo'llanma olishida uning ham hissasi katta bo'lgandi. Keyinchalik yosh mutaxassis "So'g'diyona" yoshlari bilan ishladi. "Mashal"da Dilyaver Vanievga ko'maklashdi.
Samug Dadaev - "Do'stlik"
Pro ligada debyut qilgan "Do'stlik" endilikda U-19 chempionatida ham o'z jamoasi bilan qatnashadi. Bu jamoaning murabbiyi bolalar futbolida mehnat qilib kelayotgan Samug Dadaev hisoblanadi. Samug akani shaxsan o'zim yaxshi taniyman. Bolalar futbolidagi turli musobaqalarda, katta-kichik turnirlarda muloqot qilganman. Ushbu murabbiy "Do'stlik" futbol maktabi rahbari lavozimida ham faoliyat olib bormoqda. SHuningdek asosiy jamoaga o'z maslahatlarini berib kelayotganini takidlash joiz. U-19 jamoasi Pro ligadagi jamoaga o'rinbosar vazifasini o'tab berishi ko'zda tutilgan.
Mansur Saidov - "Neftchi"
Bugun "Paxtakor" sobiq futbolchilarini ortga qaytarish va murabbiylikka taklif qilish siyosatini "Neftchi" avvalgi yillarda boshlagan edi. U-21 jamoasida Aziz Alijonov, G'ayrat Hasanov faoliyat yuritayotgan bo'lsa, U-19da klubning afsonasi Mansur Saidov va Iqbol Akramov o'tgan mavsumdan beri mehnat qilib kelmoqda. Saidov boshchiligidagi yosh farg'onaliklar 2023 yil chempionatni 7-o'rinda yakunlashdi. Bu ham uning uchun foydali bo'lishi aniq. CHunki hozir qo'li ostida to'p surayotgan yoshlar yaqin yillarda “Neftchi”ning asosiy jamoasiga nomzod sanaladi. Extimol shunda asosiy jamoani ham Alijonovning o'zi boshqarishiga vaziyat taqozo qilar.Ularning futbolchilik davridagi o'yinlari, natijalaridan xabarimiz bor. Endilikda murabbiy sifatida ham "Neftchi"ni yutuqlar sari boshlashsa ajab emas.
Bobur Abdurahmonov - "Paxtakor"
SHuhrat Bo'riev Birinchi ligada qatnashadigan "Paxtakor-Farm" jamoasini boshqarishi malum bo'lgach U-19ga "Paxtakor" U-15 ustozi Bobur Abdurahmonov murabbiy etib tayinlandi. Qisqacha tanishtirib o'tamiz, Bobur Abdurahmonov 1992 yilda tug'ilgan. U "CHig'atoy" tarbiyalanuvchisi bo'lib, markaziy himoyachi poziciyasida to'p tepgan. Katta futbolda "Paxtakor" o'rinbosarlari, "Oq-tepa", "Lootus" (Estoniya) jamoalari sharafini himoya qilgan.
Ernest Asanov - "Qo'qon-1912"
O'zbek futboli vatani bo'lmish Qo'qon shahridan ham azaldan milliy terma jamoasi darajasidagi ko'plab iqtidorlar etishib chiqqan. Bugungi kunda ham bu shaharda bolalar futbolining saviyasini yomon deb bo'lmaydi. Klub rahbariyati U-19 jamoasini bu yil ham Ernest Asanovga ishonib topshirgan. Bu murabbiyga otasi Narimon Asanov yordam berib kelmoqda. Yoshlar bilan ishlash hadisini olgan Narimon Asanov bir necha yillar oldin o'zi U-18 jamoasiga ustozlik qilgandi.
Rifat Akramxo'jaev - "Lokomotiv"
"Lokomotiv" so'nggi yillarda siyosatida o'zgarish bo'layotganidan xabaringiz bor. Jamoa endilikda o'z maktabi tarbiyalanuvchilarini ham sekin-asta asosiy tarkibga jalb qilib kelmoqda. Bunda U-19 jamoasining hissasi katta bo'lyapti deya olamiz. O'tgan yili bu jamoani Sadriddin Abdullaev tayyorlab bordi. Ular endilikda o'rinbosarlar jamoasining o'zagini tashkil qilishmoqda. Joriy mavsumda esa U-19 jamoasi tajribali murabbiy Rifat Akramxo'jaev qo'l ostiga o'tdi. Bir necha yillardan beri klub tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassis endi yosh "temiryo'lchilar"ga ustozlik qiladi.
Usmon Asqaraliev va Azam Rajabbaev - "Navbahor"
Usmon Asqaraliev tajribali murabbiy sifatida turli yillarda "Navbahor"ning bosh jamoasida mehnat faoliyatini olib borgan. Joriy yilda 70 yoshni qarshi oladigan Usmon Ahmedovich bir necha yillardan beri yosh "lochinlar"ga o'z tajribalarini o'rgatib kelmoqda. Unga Azam Rajabbaev hamrohlik qilyapti. Azam Rajabbaev "Navbahor"ning yoshlar jamoalarida ko'p yillardan buyon ishlamoqda. Asqaraliev va Rajabbaev tandemi o'tgan mavsumlardagi kabi joriy yilda ham "Navbahor" U-19 dagi ishini davom ettiradi. 2022 yil U-19 chempionatida Azam Rajabbaev ustozlik qilgan jamoa mavsum yakunida oltin medallarga ega chiqqan edi. Bu voqeaga ham 2 yil bo'libdi. Xo'sh, "Navbahor"ning kelajagi bo'lmish yoshlar yana muvaffaqiyatga erisha oladimi?
Talyat Abibullaev - OKMK
Olmaliqning OKMK klubi U-19 jamoasida bu yil 17 yoshli futbolchilar o'ynashi ko'zda tutilgan. Ularga mahalliy mutaxassis Talyat Abibullaev boshchilik qilishi aniq bo'ldi. 60 yoshli tajribali murabbiy futbolchilik davrida "Metallurg", "Kimyogar" (Olmaliq), "Binokor" ("Buxoro") jamoalarining liboslarida to'p tepgan.
Jahongir Isxakov - "Olimpik Mobiuz"
O'tgan yili Los Anjeles-2028 Olimpiadasi yo'lida ochilgan "Olimpik Mobiuz" bu yildan boshlab Pro ligada qatnashmoqda. Klub esa U-19 chempionatiga ham o'z jamoasini qo'ydi. 2007 yil tug'ilgan futbolchilardan iborat jamoaga Jahongir Isxakov boshchilik qilmoqda. futbolchilik faoliyatida "Lokomotiv-BFK", "Obod" jamoalarida o'ynagan, murabbiylik faoliyatini esa 2016 yil "Obod"da boshlagan. 2018 yildan beri Toshkent futbol akademiyasida 2007 yillar bilan ishlab kelmoqda. U-19 jamoasi TFA va "Olimpik Mobiuz" hamkorligida faoliyat olib boradi.
Fikrlar