So’nggi yangiliklar

19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  0 19:27Илёс Зейтуллаев: "Йигитлар сўнгги учрашувларда асосий ва захира деган тушунчалар йўқлигини тушунишди"  0 19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  12 19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  6 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  27

Odil Ahmedov: “Klub prezidenti tekinga qo'yib yuborishga ham rozi” Yangiliklar

Odil Ahmedov: “Klub prezidenti tekinga qo'yib yuborishga ham rozi”

O'n kun davomida O'zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazdi.
Ushbu yig'in terma jamoamiz uchun Iordaniya va Yangi Zelandiyaga qarshi o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvlariga tayyorgarlik vazifasini o'tab berdi. Yig'inda Osiyo o'yinlariga boradigan tarkibdan tashqari, BAA, Rossiya, Ukraina, Xitoy chempionatida o'ynovchi legionerlarimiz ham ishtirok etishdi. Anchadan beri terma jamoamizni to'liq tarkibda ko'rmayotgan edik. Biz Rossiyaga jo'nab ketishi oldidan Odil Ahmedovdan eksklyuziv intervyu oldik.

- Odil, avvalo siz bilan ko'rishib turganimizdan xursandmiz. Suhbatimiz avvalida Odil Ahmedovning “Krasnodar” klubidagi bir kunlik hayoti qanday o'tayotgani haqida malumot bersangiz.
- O'ynayotgan klubingizga qarab kun tartibi tuzib chiqiladi. Masalan, “Anji” yoki “Paxtakor”da o'ynagan paytlarim hozirgidek kun tartibiga ega emasdim. “Krasnodar”dagi kundalik hayotim avvalgi jamoalardan farq qiladi. Masalan, hozirgi jamoamda mashg'ulotlar ertalab o'tkaziladi. Mashg'ulot yakuniga etganidan so'ng uch soat klub ixtiyorida qolishingiz shart. Avvaldan belgilangan dastur asosida ishlaymiz. SHu bois, u erdagi hayotim asosan futbolga bag'ishlanyapti. Ertalab uydan chiqib ketib, kechqurun qaytaman. So'nggi paytlarda oilam uchun kam vaqt ajratyapman.  



- Mashg'ulot jarayoni ham farq qiladimi?
- Albatta. Bu narsa murabbiyga bog'liq. Har bir murabbiyning o'z ish uslubi bor. SHunga qarab mashg'ulot davomiyligi tuzib chiqiladi.

- Milliy terma jamoamizning mashg'ulotichi?
- Endi anchadan beri hozirgidek to'liq tarkibda yig'ilmagandik. Keyin bu safar murabbiylar tarkibni ikkiga bo'lishdi. Yoshlardan iborat tarkib Iordaniya, qolganlar esa Yangi Zelandiyaga qarshi o'yinga alohida-alohida tayyorgarlik ko'rdi. Raqibga qarab ham mashg'ulotlar turlicha tuziyu chiqiladi.

- Siz "Anji" klubida mashhur mutaxassis Gus Xiddink qo'l ostida o'ynagansiz. Dunyo tan olgan murabbiy. Gollandiyalik ustozingiz haqida nima deya olasiz?
- Haqiqatan ham yaxshi va kuchli mutaxassis. O'zi murabbiy birinchi galda futbolchilarni yaxshi ko'rishi kerak. Nafaqat 11, balki 20 nafar futbolchini o'yinga birdek tayyorlash olishi lozim. Gusda xuddi shu xislatlar bor edi. Bu murabbiy haqida faqat ijobiy fikrlarni bildirishim mumkin.

- U qattiqqo'l murabbiylar sirasiga kirarmidi?
- Qattiqqo'l emasu, lekin talabchan. SHunday desam to'g'riroq bo'lsa kerak. Futbolchilar Xiddinkning darg'azab bo'lishiga yo'l qo'yishmasdi. Vaziyat ungacha etib bormas edi. Aytgan vazifalarini vaqtida bajarardik.   

- Milliy terma jamoadan ilk chaqiruv olgan kunni futbolchi bir umrga eslab qoladi. Bugunga kelib siz har tomonlama etuklik darajasiga etdingiz. Aytingchi, hozir bu jarayonni qanday qabul qilasiz? Odatdagidekmi?
- Haligacha hayajon bilan qabul qilaman. Terma jamoadan chaqiruvni oddiy qarshi olib bo'lmaydi. Har bir futbolchi uchun milliy terma jamoa libosini kiyish orzu hisoblanadi. Har safar chaqiruv olganimda xursand bo'laman. Ayniqsa, uydagi o'yinlarga taklif etilganimda, ikki xissa quvonaman. CHunki har doim ham yurtdoshlarimiz oldida o'ynash nasib etavermaydi. Legioner sifatida horij klubida o'ynaymiz. Toshkentda juda kam bo'lamiz. Muxlislarni sog'inamiz. SHu erda futbol o'ynashni boshlaganmiz. SHu darajaga etishishimizda futbol ishqibozlarining xissasi katta. SHu bois, ulardan bir umr qarzdormiz.



- Ukangiz Azim Ahmedovga ham milliy terma jamoada o'ynash baxti nasib etdi. O'sha Olmaliq shahrida Ummon terma jamoasi bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda bir necha bor ukangizga dakki berganingizga guvoh bo'lgandim...
- Ukam bo'lgani uchun bunday qilishga haqqim bor deb o'ylayman. O'zimning ham boshimdan o'tgan. Qanday o'ynayotganini aytib turishadi. Uzoqda bo'lsamda, har doim unga qo'ng'iroq qilib, kerakli maslahatlarni berib kelaman. Zarur paytda tanqid ham qilaman. Mening tanqidimni doim to'g'ri qabul qiladi. Maslahatlarim unga as qotadi, deb o'ylayman. O'ziga yarasha yutuqlarga ham erishyapti. “Navbahor”ning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Milliy terma jamoadan chaqiruv ola boshladi. SHunday bo'lsada, hali kamchiliklari ko'p. Bu haqda uning o'ziga aytaman. Ularni bartaraf qilib borsa, kelajak faoliyati uchun ham yaxshi bo'ladi.

-  “Krasnodar” jamoasi so'nggi turda o'z uyida “Dinamo”ga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bu mag'lubiyatni Evropa Ligasi doirasidagi o'yinda “Real Sosedad” jamoasiga ko'p kuch sarflab yuborilgani bilan izohlasa bo'ladimi?
- To'g'ri, san-sebastyanliklarga qarshi kechgan javob o'yinida juda ko'p kuch sarflandi. Ilk o'yinda 0:1 hisobida yutqazgan edik. Lekin bu bahona bo'la olmaydi. Xuddi biz kabi “Dinamo” ham o'yin o'tkazgandi. Endi bu futbol. Har doim ham g'alaba qozonishning imkoni yo'q. O'sha kuni “Dinamo” bizga nisbatan yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo'lgani uchun uch ochkoni qo'lga kiritdi. SHunday desam, to'g'riroq bo'ladi. Hali oldinda o'yinlar ko'p. Bu mag'lubiyatni navbatdagi uchrashuvlarda g'alaba qozonib, yuvishga harakat qilamiz.

- Sizlardan yirik hisobda mag'lubiyatga uchragan “Real Sosedad” keyin uyida Madridning “Real”ini savaladi. “Krasnodar” Evropa Ligasning guruh bosqichiga chiqdi. Jamoa muxlislari bunday holatda mag'lubiyatni to'g'ri qabul qilishgandir?
- Albatta. Ular bizga ishonch bildirib dalda bo'lishayotgan ekan, bunga munosib tarzda javob ham qaytarishimiz kerak.

- “Krasnodar”ning muvaffaqiyatli odimi siri nimada?
- Jamoaviy o'yin. Tarkibimizda aytarli yulduz futbolchilar yo'q. Jamoaviy o'yin va kuchli intizom evaziga muvaffaqiyatga erishyapmiz. Mashg'ulot jarayonida ham jiddiy ter to'kiladi.   

- Qura natijasiga ko'ra, “Krasnodar” Evropa Ligasining guruh bosqichida Angliyaning “Everton”, Franciyaning “Lill” hamda Germaniyaning “Volfsburg” klublariga qarshi o'ynaydigan bo'ldi. Ko'pchilik aynan shu guruhga o'lim guruhi nomini beryapti. SHaxsan siz, “Krasnodar”ning guruhdan chiqishiga ishonyapsizmi?
- Futbolda har qanday natija bo'lishi mumkin. Masalan, “Real Sosedad” bilan o'yindan oldin hamma ispan klubiga favorit sifatida qarayotgandi. Amalda esa teskarisi bo'lib chiqdi. Oldimizga keyingi bosqichga chiqish vazifasi qo'yilgan. To'g'ri, kuchli klublarga qarshi o'ynaymiz. Lekin bu ularni mag'lub eta olmaymiz, degan gap emas. O'z o'yinimizni namoyish eta olsak, albatta, guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o'tib olamiz.



- Etiborga molik jihati shundaki, siz sobiq jamoadoshingiz Samuel Eto`Oga qarshi maydonga tushasiz. Kamerunlik tajribali hujumchi yaqinda “Everton” bilan shartnoma imzoladi. Bo'lajak to'qnashuvdan nimalarni kutyapsiz?

- Samuel bilan birga o'ynaganmiz. Maydonda bir-birimizni tushunib harakat qilar edik. Juda tajribali hujumchi. Endi aksincha, bir-birimizga raqib sifatida maydonga tushamiz. Bundan xursandman. Albatta, qiziqarli o'yin bo'lishi turgan gap.   

- Evropa Ligasida o'ynayotgan ekansiz, tabiiyki, ko'zga ko'ringan skautlari diqqat markazida bo'lasiz. Kuzatuvlar asosida kuchli klublardan takliflar tushsa, unga qanday munosabatda bo'lasiz?
- “Krasnodar”ga o'tganimga hali ko'p vaqt bo'lgani yo'q. O'zi biror jamoaga o'tish oldidan maqsad qilinadi. “Krasnodar” bilan yutuqlarga erishishni istayman. Klub rahbarlari, murabbiylar va muxlislar ishonch bildirganidan keyin, unga munosib javob berishingiz ham kerakda! SHu bois, hali boshqa jamoa haqida o'ylayotganim yo'q. Hozirgi klubim g'alabalariga o'z xissamni qo'shmoqchiman. Agar Evropaning ko'zga ko'ringan klublaridan takliflar bo'lsa, jamoa rahbariyati bilan o'zaro maslahatlashgan holda bu masalani ko'rib chiqamiz. Bundan o'zim ham xursand bo'lardim.

- SHartnomangizda kuchliroq klubdan manfaatli taklif bo'lganida, jamoa rahbariyati qarshilik ko'rsatmasdan qo'yib yuborishi haqida band bormi?  
- Klubimiz prezidenti futbolni juda yaxshi tushunadigan inson. Evropa jamoalaridan taklif bo'lsa, xatto tekinga qo'yib yuborishga ham rozi. Bunga qarshilik qilmaydi. Endi hammasi o'zimga bog'liq. Evropa Ligasi o'yinlarida o'zimning ijobiy taraflarimni ko'rsata olsam, kuchli klublar nazariga tushaman. Buning uchun esa harakat qilish kerak.  

-  Joriy mavsumda “Krasnodar” klubi oldiga qanday vazifa qo'yilgan?
- Premer-ligada sovrinli o'rinlardan birini qo'lga kiritishimiz kerak. Mavsumni yomon boshlamadik. Agar “Dinamo”ni mag'lub etganimizda, hozir 3-o'rinni egallab turgan bo'lardik. Tan olish kerak, Rossiya chempionatining saviyasi ko'tarilib, yildan-yilga raqobat kuchayib boryapti. Turnir jadvalida “Zenit” yo'qotishlarsiz peshqadamlik qilayotgan bo'lsada, hali piterliklarni chempionlik bilan tabriklashga juda erta. CHempionat endigina boshlandi. Hali ECHL va Evropa Ligasi guruh bahslari boshlanganidan keyin “Zenit” va CSKA klublari qiyinchilikka duch keladi. Kubokni ham qo'shib hisoblanaganda, uchta musobaqada ishtirok etish qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Etakchi klublar hali ochko yo'qotadi. Bizni oldinda qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi. O'z o'rnida zimmamizga yuklatilgan vazifa sari intilamiz.



- Bir paytlar yaqin do'stingiz Sanjar Tursunov agar “Volga” klubi chempion bo'lsa, katta qozonda osh beraman, degandi. Mabodo, Krasnodar joriy mavsumda chempionlik shohsupasiga ko'tarilsa, siz bu ishni amalga oshira olasizmi?
- “Krasnodar” chempion bo'lmagan taqdirda ham osh qilishga tayyorman. Osh pishirishni yaxshi ko'raman. Xabaringiz bor, “Anji” klubida o'ynab yurgan kezlarim ham bu ishni bir necha marobata amalga oshirib, do'stlarimni mehmonga taklif qilganman. Agar “Krasnodar” klubi kuchli uchlikdan joy olsa, Sanjar aytganidek, katta qozonda osh tayyorlayman.

- Bugungi kunda yurtimizda til o'rganishga juda katta etibor qaratilyapti. Yuqorida aytdik, “Krasnodar” klubi siz uchun so'nggi manzil bo'lib qolmasligi kerak. Sizni yaqin kelajakda Evropaning kuchli beshlik chempionatlarining birida ko'rishdan umidvormiz. Buning uchun esa hech bo'lmaganda ingliz tilini bilish talab etiladi. O'zingiz uchun oson bo'ladi-da! Bu haqda ham o'ylayapsizmi?
- Albatta. Ingliz tilini mukammal o'rganishni maqsad qilganman. Bu borada o'qituvchi yollaganman. Yaqin kunlarda ingliz tili saboqlari boshlanadi. Ingliz tili faqat Evropaning kuchli beshlik chempionatida kerak bo'lmaydi. Hozirgi klubimda ham legionerlar etarli. Ular bilan gaplashganda ham ingliz tili as qotadi.

- Milliy terma jamoa mavzusiga yana qaytsak. Hozirda terma jamoani yoshartirish jarayoni ketmoqda. Mana Ozarbayjon va Iordaniyaga qarshi kechgan uchrashuvlarda Mirjalol Qosimov yosh futbolchilarga imkoniyat berdi. Bu jarayonga munosabatingiz qanday?
- Bu tabiiy holat. O'z vaqtida biz terma jamoaga kirib kelgan paytda ham shunday holat yuz bergandi. Avlodlar almashinuvi hamma jamoada ham ro'y beradi. Bu jarayondan imkon qadar tezroq o'tib olinsa, natijalarga salbiy tasir ko'rsatmaydi. Yoshlar bizning kelajagimiz. Lekin birdaniga tarkibni yoshartirib ham bo'lmaydi. Yoshlar kimdandir o'rganishi kerakku! Endi yoshlar ham o'zlariga taqdim etilayotgan imkoniyatdan foydalanib qolishlari lozim. Terma jamoa libosini kiyish bu oddiy narsa emas. Milliy terma jamoada o'ynash orqali futbolchi yaxshiroq klubga o'tishi mumkin. Terma jamoa keng imkoniyatlar maydoni. Mirjalol aka olib borayotgan ishlarni qo'llab-quvvatlayman. Ikkala o'yinda ham yosh futbolchilar yomon harakat qilishmadi. Ular ko'proq mana shunday xalqaro o'yinlarda toblanishlari kerak. Xalqaro tajribaning kamligi kerakli vaziyatlarda pand berib qo'ydi.

- Bugungi kunda farzandlaringiz ham ulg'ayishyapti. Balki, futbolni tanlashar. Lekin futbolning nonini eyish qiyin ekanligini o'zingiz ham ko'rdingiz. SHundan kelib chiqib, ularning qaysi sohani tanlashlarini istardingiz?
- Qaysi sohani tanlashidan qatiy nazar, ular inson bo'lishsin. Ota sifatida birinchi talabim shu bo'ladi. Qaysi sohaga qiziqishiga qarab, barcha sharoitlarni yaratib beraman. CHunki, o'z vaqtida ota-onam ham menga shunday imkoniyatlarni muhayyo qilishgan. O'g'limga albatta, sen ham men kabi futbolchi bo'lasan, deb maqsad qo'ymayman. O'zini qiziqishiga qarab o'sha sohani mukammal o'rganishiga yordam beraman.

- Hamma futbolchi ham professional faoliyatini yakunlaganidan so'ng murabbiylikni tanlayvermaydi. Ayrimlar boshqa sohani tanlashadi. Tasavvur qilaylik, Odil Ahmedovdan kelajakda qanday murabbiy chiqishi mumkin?

- Murabbiylik juda qiyin soha. Bunga hozir guvoh bo'lyapman. Faoliyatim davomida bir necha murabbiylar qo'l ostida o'ynadim. Ularga qanchalik qiyin bo'layotganini ko'ryapman. SHuni bila turib, murabbiylikni tanlashim noto'g'ri bo'ladi. O'ylashimcha, mendan yaxshi murabbiy chiqmaydi. Hozirgi sharoitda murabbiylik sohasini tanlash niyatim yo'q. Lekin kelajakda nima bo'lishini bilmayman. Balki vaziyatning o'zi shunga to'g'ri kelib qolar. Ayni paytda bor etiborimni futbol maydonidagi faoliyatimga qaratganman. Hali ko'p yillar futbol o'ynamoqchiman.

- Futbolchi bo'lmaganingizda, qaysi kasb orqali oila tebratishingiz mumkin edi?
- Bu haqda o'ylab ko'rmagan ekanman. CHunki, futbolchi bo'lmaslikni tasavvur ham qila olmayman. Bolalikdan futbolga qiziqdim va shu kasb orqali non topishni maqsad qilganman.

- Akangiz Yoqub Ahmedov sanat sohasini tanladi va ayni paytda kinoda turli rollar ijro etyapti. Tasavvur qiling, Odil Ahmedovni kinoga taklif etishdi...
- Bunga rozi bo'lmasdim. Sababi oddiy  kinoda rol ijro etish qo'limdan kelmaydi. Har bir ishni o'zining professionali bajargani maqul.

- Agar sizga taklif etilayotgan rol bevosita futbolchining obrazini talqin etish bo'lsachi?

- Mabodo shunday bo'lgan taqdirda, buni o'ylab ko'rardim. SHu orqali yoshlar futbolga yanada qiziqsa, bundan xursand bo'laman va shu maqsad uchun ham rol ijro etardim.   



- "Krasnodar" ixtiyoriga qachon etib borasiz?
- Yangi Zelandiya bilan o'yinning ertasi kuniyoq Moskvaga uchib ketaman. Reja bo'yicha 13 sentyabr kuni "Ufa" klubiga qarshi maydonga tushishimiz kerak. SHu o'yinga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak.

- Demak, maydonda yana o'zbek futbolchilarini ko'rar ekanmizda.
- Nasib qilsa. Vagiz Galilulin bilan maydonda ko'rishishdan xursand bo'lardim. Uning faoliyatiga omad tilayman. Ancha payt jarohat sabab futbol o'ynay olmadi.

- Suhbatimiz so'nggida tilaklaringiz bo'lsa, o'quvchilarimizga bildirishingiz mumkin.

- Barcha hamyurtlarimizni kuni kecha keng nishonlaganimiz  mustaqilligimizning 23 yillik bayrami bilan tabriklayman. Xonadonlariga tinchlik-hotirjamlik, dasturxonlariga fayzu baraka tilayman. Oldinda terma jamoamizni Osiyo o'yinlari kutib turibdi. Bu musobaqada ishtirok etadigan futbolchilarimizga ham zafar yor bo'lishini istayman. Milliy terma jamoamiz esa yanvar oyida Avstraliyada o'tkaziladigan Osiyo Kubogida qatnashadi. Jahon chempionatidagi omadsizlikni aynan Osiyo Kubogi-2015dagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan to'g'rilashni maqsad qilganmiz. Muxlislardan qarzdormiz. O'ylaymanki, terma jamoamizni taqib etib kelgan omadsizliklar ortda qoldi.  
   
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика