So’nggi yangiliklar

01:39Расман: Ўткир Юсупов — "Фулад" футболчиси!  5 01:32"Арсенал" Рафиньянинг трансфери бўйича "Барселона"га кўп миллионлик таклиф тайёрлайди  0 01:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1, Ҳимоядаги хато қимматга тушди  6 00:53"Атлетико" ва Испания терма жамоаси собиқ футболчиси фаолиятини якунлади  0 00:15РПЛ. Эсанов ҳаракат қилаётган "Акрон" меҳмонда "Факел"ни ишончли ҳисобда мағлуб этди  15 23:35Тимур Кападзе: "Иккала ўйинда ҳам ютишимиз мумкин эди"  103 23:01Расман: "Атлетико" Испания терма жамоаси футболчиси билан шартнома имзолади  1 22:29"Навбаҳор" назорат учрашувида йирик ҳисобда ғалаба қозонди. Қувватовдан норасмий дебют, Никабадзедан хет-трик  10 21:31"Манчестер Юнайтед" форварди ПСЖга ўтиши мумкин  5 21:05Париж-2024. Ўзбекистон иккинчи турда Мисрга ютқазди ва гуруҳдан чиқиш имкониятини йўқотди  849 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  7 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  5 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3

OCHL - bolalar bog'chasi emas (Mulohaza) Yangiliklar

OCHL - bolalar bog'chasi emas (Mulohaza)

Teglar :  LokomotivNasafOCHL
Osiyo chempionlar ligasida 4-tur uchrashuvlari o'z nihoyasiga etdi. Afsuski, bu tur O'zbekistonning ikki klubi uchun ham omadsiz keldi.

“Lokomotiv” va “Nasaf” Qatar klublari bilan kechgan bahslarda imkoniyatni boy berdi. “Lokomotiv” o'z maydonida Qatarning bu yilgi chempioni “Al Duhayl”dan mag'lub bo'lgan bo'lsa, “Nasaf” safarda “Al Sadd”ga yirik hisobda yutqazib qo'ydi. Natijada guruhdagi vaziyat yanada chigal ko'rinish oldi. Guruh o'yinlari tugashiga hali ikkita tur bor, shunga qaramay bizning jamoalar keyingi bosqichga chiqadimi-yo'qmi, bir narsa deyish qiyin. 

Ikkala jamoa ham 3-o'rinda

OCHLda guruhdan birinchi-ikkinchi o'rinni egallagan klublar chiqadi. Uch-to'rt esa musobaqani tugatadi. Osiyoda UEFAga o'xshab 3-o'rinni qo'lga kiritgan klub OFK Kubogiga yo'llanma olmaydi, xuddi ECHLda uchinchi o'rin vakillari Evropa Ligasida kurashni davom ettirgani kabi. Osiyoda tizim boshqacha. Ikkala musobaqa alohida o'tkaziladi. 

Balki shu masalani ham ko'rib chiqish kerakdir. Balki shundagina OFK Kubogiga bo'lgan etibor kuchayar. O'z vaqtida “Nasaf” va “Neftchi” OFK Kubogida o'ynaganida bizda ham musobaqaga bo'lgan qiziqish ortgandi, lekin oxirgi yillarga kelib ancha tushib ketdi. Bilganimiz shuki, yon qo'shnimiz Tojikistonning eng kuchli klubi “Istiqlol” mazkur musobaqa finalida ketma-ket ikki bor o'ynadi. 

Kim biladi deysiz, agar Osiyo chempionlar ligasida guruhda uchinchi o'rinni egallagan klublar keyinchalik OFK Kubogida o'yinlarni davom ettirsa maqul bo'larmidi. Ammo OFK hozircha buni ko'rib chiqishni maqsad qilayotgani yo'q va har ikkala musobaqa formatidan mamnun. 

4-tur uchrashuvlaridan so'ng “Nasaf” va “Lokomotiv” o'z guruhlarida uchinchi o'rinda bormoqda. Bungacha “Nasaf” 6 ochko jamg'argan bo'lsa, “Lokomotiv” 3 ochko to'pladi. “Lokomotiv”da to'plar nisbati birmuncha yaxshi 8-7, “Nasaf” esa Qatardagi mag'lubiyatdan keyin to'plar nisbati 2-7 ko'rinish oldi. Albatta, to'rtta o'yinda ettita gol o'tkazib yuborish ko'p, buning ustiga barcha gollar safarda qo'yib yuborilsa. 

Qandaydir besh daqiqa hal etgan o'yin

“Lokomotiv” - “Al Duhayl” bahsiga bemalol shunday tarif bersak bo'ladi. Dushanba kuni TTZdagi stadionga borgan muxlislar ko'rdi, “temiryo'lchilar” yomon harakat qilmadi. Sardor Rashidov raqib darvozasiga to'p kiritganidan so'ng maydon egalari uzoq vaqt hisobni saqlab turishdi. Qolaversa, yana gol urish imkoniyat ham bo'ldi. Ammo to'p darvoza to'riga borib tushmasa qiyin. 

Futbol shunday o'yinki, bir ishtaha kelsa raqib darvozasiga beshta gol urishning uddasidan chiqsa bo'ladi. “Lokomotiv” dastlabki turda BAA klubini har tomonlama mag'lub etgandi. Lekin keyingi turdayoq shu o'yinning yo'qolib qolgani hayratlanarli. Aslida-ku, hammasi “Zobahan” bilan bahsdan so'ng boshlandi. 

Jamoa Isfahonga borib o'zining eng xunuk futbolini namoyish etgan holda 0:2 hisobida yutqazib qaytdi. Bunday sovuq o'yinni biz yaqin orada “Lokomotiv” ijrosida ko'rmagandik. Omad kelmadi desak, “Loko” xuddi shu stadionda ikki yil oldin “Sepaxon”ni 2:0 hisobida dog'da qoldirgandi. 

Ob-havo noqulay bo'ldi desak, “Zobahan” bilan o'yin kuni quyosh charaqlab turdi. Ikki yil avval sharros yomg'ir quygandi. Xullas bu uchrashuvda “Loko” zarariga ishlaydigan omillar ko'rinmadi. Ammo tuppa-tuzuk o'ynab turgan jamoaga Eronda nimadir bo'ldi. Mana shu o'yindan keyin omadsizlik boshlandi.

Keyingi turda Qatarga borgan jamoa birinchi taymdayoq uchta to'p o'tkazib yubordi. Harqalay ikkinchi bo'limda “temiryo'lchilar” o'zlariga kelib olib ikkita gol urishdi, ammo hisobning 3:3 bo'lishiga vaqt ham, imkoniyat ham etmadi. Natijada ketma-ket ikkinchi mag'lubiyat. Navbatdagi bahs yana shu jamoaga qarshi kechdi. Endi “Al Duhayl” Toshkentda mehmon bo'ldi. Xo'sh, “Lokomotiv” bu o'yinga qanday tayyorgarlik ko'rdi? Aytish mumkinki, faqat mashg'ulot orqali. CHunki Superliga doirasida kechgan “Metallurg”ga qarshi bahsda
murabbiylar boshqa tarkibni tushirishdi. 

Tarkibi o'zgarib ketgan “Loko” o'z maydonida hatto “Metallurg”ni mag'lub eta olmadi. Jamoa birinchi bo'lib gol urdi, lekin hisobni saqlay olmadi. Odatda jiddiy o'yinlardan oldin aksar klublar eng optimal tarkib bilan o'ynaydi, bazi jamoalar esa o'z etakchilariga dam beradi. “Lokomotiv” murabbiylari ikkinchi yo'lni tanladi. Ular eng kuchli 11 futbolchiga dam berib, asosiy etiborni “Al Duhayl”ga qaratishni maqul ko'rdi. Boshida bu reja to'g'ri ish berganini ko'rdik, ammo o'ng qanot himoyachisi SHuhrat Muhammadievning kutilmaganda jarohat olishi rejalarni o'zgartirib yubordi. 

Jarohat olgan futbolchi o'rniga o'yin oxirlarida Salim Mustafoev tushirildi. Himoyani mustahkamlashi kerak bo'lgan Mustafoev keraksiz vaziyatda raqibga penalti ishlab berdi, keyin esa oxirgi hujumda hujumchini o'tkazib yubordi. Natijada qandaydir besh daqiqa ichida ikkita to'p o'tkazgan “Loko” kutilmaganda mag'lubiyatga uchradi. 

Zaxiradan tushgan futbolchi xato qildi, lekin bor aybni unga to'nkab qo'yish to'g'ri emas. Aslida-ku “Lokomotiv” 60-daqiqadan boshlab himoyani o'ylamasligi kerak edi, chunki qancha erta himoyani o'ylasang, raqibga shuncha ko'p hujum qilish va fikrlash imkonini berasan. “Al Duhayl” bundan unumli foydalandi, qolaversa biz bilamizki, arab jamoalariga o'yin bergan mahal ular yanada “ochilib” boraveradi. 

Dohada "sochilib" ketgan "Nasaf"

Qarshida Xavisiz “Al Sadd” mag'lub etilganida muxlislar qancha xursand bo'lgandi. Ammo quvonchli onlar uzoq davom etmadi. Javob bahsini o'tkazish uchun Qatarga yo'l olgan “Nasaf” raqibning o'ta kuchli qarshiligiga duch keldi. Xavi ham maydonga tushdi va uning qaytishi “Nasaf” uchun qattiq zarba bo'ldi. 

Ro'ziqul Berdiev bir gapni ko'p takrorlab kelyapti: Osiyo chempionlar ligasi biz uchun tajriba maktabi, bu turnirda o'ynab futbolchilarimiz katta tajribaga ega bo'ladi. SHunday ham bo'lyapti, “Nasaf” guruhdan chiqishga emas, balki tajriba orttirishga harakat qilyapti. OCHLdagi o'yinlar futbolchi rivojlanishiga xizmat qilsa, Berdievga mana shu kerak.

Albatta, yutuqni ham o'ylash kerak, axir busiz to'p tepishdan maqsad ne? Ammo vaziyatga real qaraydigan bo'lsak, “Lokomotiv” ham, “Nasaf” ham guruhdan chiqadigan ahvolda emas. “Loko” harakat qilsa bo'lardi, lekin hamma ayb o'zida. “Nasaf” esa faqat uydagi bahslarni yutishi mumkin, xolos. Negaki Qarshida butun stadion olqishlaydi, shunga yarasha futbolchilar ham jon koyitib yuguradi. 

CHetga chiqqanda scenariy butunlay boshqa. Uydagi o'yinlardan farqli o'laroq “Nasaf” safarga borganda g'alaba uchun o'ynamaydi, ular uchun durang ham katta gap, yutqazsa ham yirik hisobda boy bermasa bo'lgani. To'g'ri, Osiyo chempionlar ligasida qatnashayotgan klub o'z oldiga bunday maqsadni qo'ymasligi kerak. Lekin jamoa salohiyatini yaxshi bilgan Berdiev futbolchilar kuchi bundan ortig'iga etmasa nimayam qila olardi. 

Etibor bergan bo'lsangiz, “Al Sadd” o'z maydonida butunlay boshqa jamoaga aylandi-qoldi. Ular Qarshidagi mag'lubiyatdan vahima yasamadi, xotirjam qarashdi, chunki oldinda javob bahsi kutib turgandi. “Al Sadd” o'z uyida istalgan raqibni mag'lub etadigan kuchga ega. Ularga muxlislar ko'magi yordam beradi deb o'ylamaymiz. CHunki Qatarda juda kamchilik odamlar futbolga tushadi. Nari borsa ming-ikki ming muxlis fonogramma musiqani baland qo'yib, xuddi o'zlari qo'shiq kuylaydigandek jamoani qo'llab turishadi. 

Bizda esa hammasi tabiiy. Bizning stadionlarda muxlislar fonogrammadan foydalanmaydi, jamoani olqishlash ham, o'yini yoqmasa bo'ralatib so'kish ham jonli. “Nasaf” Dohada muxlislar bosimiga duch kelmadi, balki kuchli jamoaning qattiq qarshiligiga duch keldi. Va bu qarshilik oldida “Nasaf” tugul boshqa istalgan jamoa o'zini yo'qotib qo'yishi mumkin. “Al Sadd” uch yil oldin “Lokomotiv”ni 6:2 hisobida engandi, ular haliyam “Nasaf”ni ayashdi. 

Bizda haliyam bolalar bog'chasimi?

Xullas “Al Sadd” o'z uyida “Nasaf”ga umuman imkon bermadi. Muxlislar orziqib kutgan Xavi ana bo'lmasa deb gollar shodasini boshlab berdi va qolgan gollar ulanib ketdi. “Nasaf” go'yoki "sochilib" ketgan jamoaga o'xshab qoldi. Qarshidagi quvnoq jamoadan asar ham qolmadi. "Nasaf" safarda “Persepolis” bilan qanday o'yin ko'rsatgan bo'lsa, Qatarda ham shunday harakat qildi. Hartugul ikkinchi taymda o'yini biroz qovushgandek bo'ldi, lekin bu ham uzoq davom etmadi. 

“Nasaf” o'z maydonida zo'r va kuchli, bunga etiroz yo'q, ammo chetga chiqqanda go'yoki bolalar bog'chasiga o'xshab qolyapti. Nahotki uyda o'ynash bilan safarda to'p tepishning farqi shuncha katta bo'lsa deb o'ylanib qolasan kishi. OCHL bekorga uy-mehmon tarzida o'tkazilmaydi, bunda hammaga teng imkoniyat beriladi. "Al Sadd" fonida “Nasaf”ni ko'rdik, aksar futbolchilar hali yosh, xuddi bolalar bog'chasiga o'xshaydi. Raqib esa oliy talim talabalarini eslatib yubordi. 

Mana shu o'yinlar orqali ko'rdikki, bizning futbolchilar atletizm tomonlama ancha “nimjon” ekan. Raqib o'yinchilariga qarang, baquvvat, chayir va bo'ydor. Bizda esa go'yoki kichkina bolalar chopib yurgandek. Bu endi tabiatdanmi yo o'z ustida kam ishlashdanmi bilmadik. 

Futbol bu oddiy yugur-yugur o'yin emas, Evropada allaqachon futbolga fan sifatida qaraladi. Odamlar futbol haqida maruza qiladi, dissertaciya yoqlaydi, nazariy bilimini oshiradi, futbol yildan yilga qanchalik o'zgarib borayotgani katta davralarda keng muhokama qilinadi. 

Lekin biz futbolga o'yin deb qarashga o'rganib qoldik. Go'yoki biz uchun futbol bir o'yin-u g'alaba, durang va mag'lubiyatdan iborat. Yutsa uch ochko beradi, durangga bir, yutqazsa nol - aftidan shuni bilamiz. Afsuski, futbolga fan deb qaralmayapti, biz futbolni odamlar sevib tomosha qiladigan sportning bir turi deb bilamiz.

To'g'ri, futbol - avvalo o'yin va necha yillardan beri shunday bo'lib kelyapti. Ammo endilikda yanada jiddiy qaramasak bo'lmaydi. Arab, koreys, yapon bizdan mana shu tomonlama o'zib ketdi. Puli bor arablar kuchli murabbiylarni va etuk legionerlarni olib kelyapti. Lekin biz bunday qila olmaymiz, chunki klublarimizda katta pul yo'q. Puli bo'lganida “Nasaf” Qatarga charter reys qilmasmidi.


Muhimi, bizda poydevor bor, hukumat tomonidan futbolga etibor bor. Mana shundan foydalanib nimadir o'zgarish qilmas ekanmiz, bundan keyin ham OCHL o'yinlarida bolalar bog'chasiga o'xshab qolaveramiz. Nega bizning o'yinchilar raqib oldida "nimjon" va bo'yi past, nima uchun baland bo'yli kelishgan darvozabonlar kamayib ketdi, nima sababdan arablar bilan yakkama-yakka yugurganda ulardan qolib ketamiz, mana shularni chuqur o'rganishimiz lozim. 

Omad kelmadi, oxirgi daqiqalar pand berdi, hakam yon bosdi, tajriba etishmadi, ob-havoga moslasha olmadik, kuchli shamol bo'ldi, yomg'ir yog'di - kechirasiz, bu gaplar ancha eskirdi, bularning ko'chadagi gapdan nima farqi bor. Ko'chada ixchamgina maydonchada to'p tepayotgan bolalar shunday desa yarashadi, lekin biz soha kishilari sifatida bunday gaplarga chek qo'yib, futbolga fan sifatida yondashishimiz zarur. 

Har holda boshqa yo'l ko'rinmayapti. Toki mag'lubiyat sabablari chuqurroq, aytish mumkinki, ildizigacha o'rganilmas ekan, OCHLda g'olib chiqish haqida umuman o'ylamasak ham bo'laveradi. Qo'l ostimda yigirmata kuchli futbolchi bor, ular bilan bemalol Osiyoni zabt eta olaman degan bilan hech narsani o'qib-o'rganmay yurish oxir-oqibat o'zimizga qattiq zarba bo'lishini unutmaylik.

X.Xoliqov.

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика