So’nggi yangiliklar

16:36Эндрик таништирув маросимида йиғлаб юборди ва "Реал" эмблемасини ўпди  1 15:59МЮ футболчиси ўтирган машинага маст ҳайдовчи урилди  1 15:18Ўзбекистон олимпия терма жамоасида Йўлдошев ўрнига бошқа футболчи қайдномага киритилди  14 14:56"Барселона" энди шортларга ҳам реклама ёпиштиради  1 14:50"Барселона" 19 ёшли ҳужумчиси учун "Ал Ҳилол"дан 40 млн. евро сўраяпти  1 13:55Тен Хаг: "МЮ исталган жамоани ютишга қодир"  3 13:20Мурод Тошматов эркин агентга айланди  2 12:45"Сити" ёзда трансферлар амалга оширадими? Пеп жавоб берди  1 12:25Жароҳати сабабли илк ўйинда қайдномага киритилмаган мисрлик футболчи Ўзбекистонга қарши майдонга тушишга тайёр  2 12:07МЮ стандарт вазиятлар учун мураббий сотиб олди  0 12:01"Металлург" аъзоси Мирғиёс Сулаймонов эркин агентга айланди  3 11:50Ўтган йили Тошкентга келган Миср Олимпия термасининг неча нафар футболчиси Париждаги мусобақада иштирок этмоқда?  12 11:34"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз - 9 ёшли Абдураҳмон Исломов  0 11:30Миср олимпия терма жамоаси ҳақида нималарни билишимиз керак ёхуд "Фараон" юрти вакиллари билан танишамиз  8 11:00«Реал Мадрид» келаси ёзда яна бир юлдуз футболчини текинга сотиб олади  8

Obid Jo'raboev: “Navbahor”dan ketishimga Ravshan Bozorov sababchi” Yangiliklar

Obid Jo'raboev: “Navbahor”dan ketishimga Ravshan Bozorov sababchi”

Avvaliga G'uzorning “SHo'rtan” jamoasida faoliyat olib borgan Obid Jo'raboev o'z vaqtida Toshkentning “Bunyodkor” klubida ham to'p tepgan.

Keyinchalik zaxira futbolchisiga aylanib qolishni istamagan Jo'raboev Namanganning “Navbahor” klubida o'tgan yilgi chempionatning birinchi davrasida faoliyat oglib bordi. Ikkinchi davradan esa “Andijon” klubida harakat qildi. Ayni damda Obid Jo'raboev sobiq jamoasi G'uzorning “SHo'rtan” klubi bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi. Biz Obid Jo'raboev bilan bog'lanib faoliyati to'g'risida suhbatlashdik.

-   O'tgan yilgi chempionatimizning birinchi davrasida “Navbahor” klubida edingiz. Ikkinchi davrada esa “Andijon” klubi sharafini himoya qildingiz. Afsuski “Andijon” oliy ligada jon saqlab qola olmadi. Jamoaning birinchi ligaga tushib ketishi nima bilan bog'liq?
-   Birinchi davrada yo'qotilgan ochkolar ikkinchi davrada tasir qildi. Birinchi davrada men “Navbahor” klubida edim. “Andijon” klubi birinchi davrada Toshkentning “Obod” jamoasiga o'z uyida mag'lubiyatga uchradi. Birinchi davrada jamoa 9 ochko jamg'argan bo'lsa ikkincha davrada 15 ochko ishlab oldik. “Qo'qon-1912” jamoasiga mag'lub bo'lganimiz, “Metallurg” klubi bilan bo'lgan uchrashuvda ochko ololmaganimiz qaysidur manoda oliy ligadan tushib ketishimizga sabab bo'ldi, deb o'ylayman. Bir tomondan omad ham etishmadi. Klubda murabbiylar almashinuvi ham o'z tasirini o'tkazdi. O'tgan yilgi chempionatning so'nggi beshta turida durang o'ynab har bir jamoadan 1 ochkodan ishlab olgandik. CHempionatimizning so'nggi turida Namanganning “Navbahor” klubi bilan bo'lgan o'yinda g'alaba qozondik. Lekin jamoaning oliy ligada qolishi uchun bitta gol bizga etishmadi. Toshkentda “Obod” klubi bilan bo'lgan uchrashuvda ham durang natija qayd etdik. Agarda ushbu bahsda g'alaba qozonganimizda so'nggi tur umuman boshqacha bo'lardi. Umumiy qilib aytganda, o'tgan yili jamoamiz uchun omad etishmadi. O'yinlarda darvozamiz daxlsizligini saqlab qolgan bo'lsakda raqiblar darvozasini ishg'ol qila olmadik. Ikkinchi davrada “Andijon” jamoasida kuchli tarkibga ega edi. Ikkinchi davrada kuchli jamoalardan ochkolar olgan bo'lsakda o'rtamiyona klublarga imkoniyatni boy berib qo'ydik. O'z uyimizda “Qo'qon-1912” jamoasiga mag'lub bo'lganimiz biz uchun tasir qildi. Bilsangiz chempionatimiz ikki davradan iborat. Birinchi davrada jamoa 10 ochkodan ko'proq ochko jamg'ara olganda ikkinchi davrada qiynalmasmidi? Ikkinchi davrada “Andijon” jamoasi safiga qo'shildim, klubga yordam berish uchun qo'limdan kelgan barcha ishni amalga oshirdim. Futbol shunisi bilan qiziq ekan. Kimdur g'alaba qozonadi yana kimdur mag'lub bo'ladi.


-   Murabbiylar almashinuvi jamoaga salbiy tasir o'tkazdimi?
-   To'g'risini aytsam, murabbiylarni unisi yaxshi bunisi yomon demoqchi emasman. Bu masalani raxbarlarning o'zlari xal qiladi. Futbol shunday sport turiki, agarda jamoa yaxshi natija qayd etmasa raxbariyat bosh murabbiyni almashtiradi. Orif Mamatkazin bosh murabbiy bo'lganida kuchli jamoalardan ochko olishni uddasidan chiqdi. Vitaliy Legay bosh murabbiy bo'lganida ham jamoa yomon natija qayd etmadi. Faqat durang ko'proq bo'ldi. Bunday vaziyatda murabbiylarni ayblamagan bo'lardim. Lekin qaysidur tomondan bu raxbariyatning qarori. Murabbiylar almashinuvi futbolchilarga hech qanday tasir o'tkazgani yo'q. Barcha futbolchilar bosh murabbiy ko'rsatmasi ostida maydonda harakat qiladi. CHempionat paytida “Andijon” og'ir ahvolga tushib qolganida jamoa raxbariyati bizdan faqat natija talab qildi. Har bir uchrashuvda g'alaba qozonishimizni istadi.

-   Bilamizki, siz Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi safida to'p tepgansiz. Ushbu klubdan ketishga sizni nima majbur qilgandi?
-   “Bunyodkor” jamoasidan ketishimga o'zim sababchi bo'lganman. Ushbu klubda raqobat kuchli. SHunga qaramasdan OCHL musobaqasida ham o'ynadim. OCHL musobaqasida futbolchi ko'p kuch sarf qilganidan so'ng ichki chempionat bahslarida murabbiy futbolchiga biroz dam beradi. Menda ham shunday bo'ldi. Ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun klub raxbariyati oldiga kirib “meni boshqa jamoaga qo'yib yuborasizmi, ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lmoqchiman” degandim. SHunda klub prezidenti jamoadan ketishimga rozilik bildirgandi. Lekin jamoada qolishimni, men ularga kerak ekanlishimni ham aytishgandi. O'z xohshimga ko'ra “Bunyodkor” jamoasidan ketganman.

-   “Bunyodkor”dan ketganingizga afsuslanganmisiz?
-   Albatta, afsuslanganman. Bunday jamoalar safida to'p tepishni o'zi bo'lmaydi. Meni “Bunyodkor”ga Baxtiyor Melievich bilan bosh murabbiy Sergey Lushan taklif qilgandi.

-   “Bunyodkor” jamoasi safida raqobatga bardosh bera olmadim deb o'ylaysizmi?
-   Yo'q. Har doim raqobat bor joyda o'sish bo'ladi. Men raqobatdan hech qachon qo'rmaganman. Bosh murabbiy menga ishonch bildirib “sen menga keraksan” degandi. Qaror qabul qilishni o'zimga qo'yib berdi. Men “Bunyodkor”dan ketishni xohladim.

-   Lekin “Navbahor”da ham yarim mavsum to'p tepdingiz. Ushbu klubdan ketishingizga nima sabab bo'lgan?
-   “Navbahor” jamoasidan menga ko'p marotaba taklif bo'lgandi. Mana yana o'tgan yili taklif bo'ldi, ushbu taklifni jon deb qabul qildim. Ko'pchilik bilsa kerak, birinchi davraning yarmiga bormasdan jamoada bosh murabbiy almashinuvi yuzaga keldi. Ravshan Bozorov jamoaga kelgach men harakat qiladigan ampluada birinchi ligadan o'zi bilan olib kelgan yosh bolani mendan kuchli deganidan keyin jamoadan ketishga majbur bo'ldim. U erdan o'zimning istagim bilan ketdim. Men “Navbahor”ga yaxshi niyatlar bilan tashrif buyurgandim. Jamoadan ketishni ham istamagandim. Raxbariyat bosh murabbiyni almashtirganidan so'ng Ravshan Bozorov jamoaga kelib mana shu fikrini bildirganidan so'ng klubdan ketishga majbur bo'ldim. “Navbahor” klubi menga ko'tarma pullarimni ham oyliklarim bir qanchasini ham bermadi. Faoliyatim davomida bunday gap eshitaman, deb o'ylamagandim. Qaysi jamoaga borgan bo'lsam hech qaerda yomon bo'lmaganman. Mana yana G'uzorning “SHo'rtan” jamoasi safiga tashrif buyurdim. Bu erda barcha meni bag'rini ochib kutib oldi. O'z yurtimning bosh jamoasidan mana shunday tarzda ketaman deb o'ylamagandim.

-   O'tgan yilgi “Andijon” klubi so'nggi turda “Navbahor” klubini 1:0 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Lekin oliy ligada qolish uchun bitta gol etishmadi. O'sha o'yin haqida nima deya olasiz?
-   So'nggi turdagi o'yin “Andijon” jamoasi uchun ham “Navbahor” jamoasi uchun muhim edi. Ushbu uchrashuv kim oliy ligada qolish yoki qolmasligini aniqlab berardi. Xuddi chempionlik uchun kurash olib borayotganday o'yin bo'lishi kutilgandi. Lekin ob-havo biroz noqulay kelgani qor yog'gani uchun maydonning holati biroz yomonlashgandi. Biz kutgan darajada o'yin ko'rsata olmadik. Lekin ikki jamoa bir xil sharoitda o'yin olib bordi. Bunaday maydonda ikki barobar kuch sarflanadi. Birinchi bo'limda raqiblar darvozasini ishg'ol qilib hisobda oldinga o'tib olgandik. Ikkinchi bo'limda raqiblar darvozasini ishg'ol qilish uchun bir qator qulay vaziyatlar bo'ldi, lekin ulardan samarali foydalana ololmadik. Oliy ligada qolish uchun “Andijon”da so'nggi turgacha imkoniyat bo'ldi. Muxlislar ham so'nggi daqiqagacha tinmay qo'llab-quvvatlashdi. Jamoani oliy ligada olib qolish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgandi. Ikkinchi davrada “Andijon”ning o'yini turdan-turga yaxshilanib bordi. Bir qator imkoniyatlar bo'ldi, afsuski yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalana ololmadik. Bir tarafdan qiziqarli, muxlislarga yoqadigan o'yin bo'ldi. Ushbu bahs barchani etiborida bo'ldi. Vodiy muxlislarini qattiq hurmat qilaman. Haqiqiy futbol shinavandalari vodiyda.

-   Eshitishimcha “Andijon” klubi bilan yana 1 yillik shartnomangiz bor ekan. Lekin hozir “SHo'rtan” klubi bilan kelishuvga erishdingiz. Bunga qanday izoh bera olasiz?
-   Ochig'ini aytsam “Andijon” klubi rahbariyati bilan yarim yillik kelishuvga erishgandim. Lekin klub raxbariyatlari mendan beso'roq shartnomani 1,5 yil qilib belgilab qo'ygan ekan. Kelishuv bo'yicha shartnomam yarim yil bo'lgan. Ayni damda jamoa raxbariga hech qanday etirozim yo'q. ushbu klub sharafini himoya qilib yomon bo'lganim yo'q. ushbu muammoni yaxshi tomonga kelishgan holda ijobiy xal qildim. “Andijon” klubi bilan yana bir yillik shartnomam borligini bilmagandim. Kuni kecha shartnomani ko'zdan kechirib chiqqanimda shunga amin bo'ldim. Klub rahbariyati bilan gaplashganimda “jamoada qolishingizni biz xohlaymiz”, degandi. Baribir oliy ligani talablarini bajarib bera olmaysizlar. Men oliy ligada o'ynashni istayman degandim. Keyinchalik tomonlar masalani ijobiy xal qildi va “Andijon” klubi bilan yaxshi xayrlashdim.

-   SHartnomaga qo'l qo'yishingizdan oldin uni o'qib chiqmaganmidingiz?
-   Men “Andijon” klubidan ko'tarma pullarimni oyliklarimni barchasini olib bo'lgandim. Lekin yarim yilga og'zaki kelishuvga erishgandim. Barchasiga ishonch xosil qilganimdan so'ng shartnomani o'qimasdan unga qo'l qo'ygandim. Keyinchalik bilsam shartnomada 1,5 yillik ekan. Agarda “Andijon” klubi shartnomada kelishilgan maoshimni bersa men bemalol jamoaga qaytib borib yangi mavsumda ushbu jamoada o'ynashim mumkin. “Andijon” klubi menga shunchalik ishonch bildirib o'z jamoasiga taklif qilishgani uchun katta rahmat aytaman.


-   Jamoada moliyaviy tomondan muammolar bo'lganmidi?
-   Ikkinchi davrada klubga qo'shilgan bo'lsam, moliyaviy tomondan hech qanday muammolar bo'lgani yo'q. SHartnomada kelishilgan maoshlarni vaqtida berishdi. Mukofot pullarini ham vaqtida oldim. Klubga hech qanday etirozim yo'q.

-   “SHo'rtan” klubi bilan shartnoma imzoladingizmi?
-   To'g'risini aytsam, “SHo'rtan” klubi bilan bir yillik shartnoma imzoladim. Nasib qilsa ushbu jamoada avvalgi qo'lga kiritgan yutuqlarimga yana erishmoqchiman. Jamoaga kelganimdan “SHo'rtan” raxbariyati va futbolchilar barcha-barchasi xursand.

-   Ayni damda klublarimizda bir qator transferlar amalga oshirildi. Bu yilgi chempionatimiz qay darajada qiziqarli o'tadi deb o'ylaysiz?
-   Har yili chempionatimiz yakuniga etganidan so'ng qishki yig'inda tarkiblarini bir qator kuchli futbolchilar bilan yangilashadi. Kerak bo'lmagan futbolchilarga ruxsat beriladi, kerakli futbolchilar bilan shartnoma imzolaydi. Buning tomoni faqat yaxshilik uchun, hech kim yomon tomonini o'ylab futbolchini jamoaga jalb qilmaydi. Transfer vaqtida klublarimiz tomonidan yangi futbolchilar to'g'ri tanlangan bo'lsa  bu yilgi mavsum ham qiziqarli o'tishiga ishonaman. Menimcha bu yil ham kutilmagan jamoalar kuchli beshtalikka kiradi, deb o'ylayman.

-   “SHo'rtan” jamoasi oldiga qanday vazifa qo'yilgan?
-   Klub oldiga chempionatimizda kuchli oltilikka kirish vazifasi qo'yilgan. Avvallari klub 7-8 pog'onalarda yurardi. Hozir esa oldimizga yuqori o'rinlar uchun kurash olib borish vazifasi qo'yilgan. Klub raxbariyati mana shunday niyatlarni aytib o'tdi.

-   CHempionatimiz boshlanmasidan avval muxlislarga tilaklaringizni bildirsangiz.
-   Avvalam bor kirib kelgan 2017 yil bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Muxlis bor futbol bor. Avvalo  yangi chempionatimizda klublarimiz stadionlari muxlislar bilan to'lib tursin. Qachonki stadion tribunalari muxlislar bilan to'lib tursa futbol ham o'zgacha bo'ladi. Ishqibozlarning o'z sevimli jamoasini qo'llab-quvvatlashlari futbolchilar uchun katta kuch bag'ishlaydi. Barcha jamoalar yangi chempionatimizda yaxshi o'yin ko'rsatib muxlislarini xursand qilishsin. “Andijon” klubi muxlislariga sabr tilayman. Haqiqiy muxlis sevgan jamoasining yaxshi kunida ham yomon kunida ham yonida turadi. Nasib qilsa ushbu klub keyingi yili yana oliy ligaga qaytadi. “Andijon” klubida yarim yil bo'lsa ham faoliyat yuritdim. Ushbu klubdan yomonlik ko'rganim yo'q. muxlislari hurmatga sazovor. Barcha-barcha futbol muxlislariga katta rahmat aytaman.


Jahongir Sotvoldiev suhbatlashdi

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика